Yirik korxonalar, ishlab chiqarishni fondlar bilan ta’minlashda va fan-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan keng foydalanishda kichik va o‘rta korxonalarga qaraganda ko‘proq imkoniyatga ega. Biroq kichik korxonalar harakatchanroq, ularning boshqaruvi moslashuvchanroq bo‘lib, natijada ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta qurollantirish osonroq kechadi.
«Korxona iqtisodiyoti»ga ekspluatatsiya qilinayotgan asosiy fondlarning yoshi, birinchi o‘rinda mashina va asbob-uskunalarning yoshi katta ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi paytda mashina va sanoat uskunalarini yosh bo‘yicha guruhlashda taxminan quyidagi muddatlardan kelib chiqiladi: 5 yilgacha, 5 yildan 10 yilgacha, 10 yildan 15 yilgacha, 15 yildan 20 yilgacha, 20 yildan 25 yilgacha va hokazo. Mashina va uskunalarning ekspluatatsiya muddati qanchalik yuqori bo‘lsa, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari shunchalik past bo‘ladi, mahsulotlar sifati pasayadi, bekor turib qolish va talofatlar ko‘payadi hamda aksincha. Bundan tashqari, korxona asbob-uskunalaridan uzoq vaqt mobaynida foydalanilganida ta’mirlash uchun ham ko‘p xarajatlar sarflanadi.
3.2. Asosiy fondlarni baholash
Xo‘jalik amaliyotida asosiy fondlar natural va qiymat ko‘rinishida hisobga olinadi. Agar asosiy fondlarni natural baholash-ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta qurollantirish va zamonaviylashtirish masalalarini hal qilish, asbob-uskunalarni ta’mirlash uchun ularning guruh va turlari bo‘yicha grafiklar tuzish, shuningdek, ta’mirlash vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash imkonini bersa, qiymat bo‘yicha baholash esa, asosiy fondlarni qayta ishlab chiqarishni rejalashtirish, ularning mavjud hajmini aniqlash, amortizatsiya hajmini belgilash, asosiy fondlar va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini tahlil qilish va hokazolarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy fondlarni baholashning quyidagi usullari mavjud: boshlang‘ich qiymat bo‘yicha - asosiy vositalarni yaratish yoki sotib olish uchun sarflangan xarajatlar majmuidan iborat bo‘lib, asosiy fondlar yoki ularning alohida qismlarini foydalanishga topshirish uchun yaroqli holga keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan-ularni keltirish, o‘rnatish kabi xarajatlarni hisobga olgan holda yuzaga keluvchi qiymat.
Masalan, bitta mashina yoki uskunaning boshlang‘ich qiymati – bu, korxonaning mazkur mashina yoki uskunani ma’lum bir sanada sotib olgan va bu haqda buxgalteriya hujjatlarida qayd qilingan sotib olish narxidir.
|