Atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘G‘risida




Download 61,67 Kb.
Sana16.05.2024
Hajmi61,67 Kb.
#236994
Bog'liq
254 01.12.2009 (1)




O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” BOShLIG‘INING
BUYRUG‘I
ATSETONNI SAQLASh VA QO‘LLAShDA XAVFSIZLIK QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2009-yil 29-dekabr, 6-15/23-10396/6-son]
O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) muvofiq buyuraman:
1. Atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Inspeksiya boshlig‘i I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 1-dekabr,
254-son
“SANOATKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2009-yil 1-dekabrdagi 254-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) Qonuniga muvofiq atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar atsetonni saqlovchi va qo‘llovchi tashkilotlarga (bundan keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
II. Atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik
1-§. Umumiy talablar
4. Atseton — yengil alangalanuvchi, rangsiz, tiniq suyuqlik. Uning formulasi SN SOSN.
5. Atseton organik moddalar, rezina, saqich, lak va bo‘yoqlarni, atsetat va sellyulozalarni erituvchi, organik sintez uchun xomashyo sifatida, atsetilen ballonlarida atsetilenni absorbsiyalash uchun qo‘llaniladi.
6. Atsetonni saqlash va qo‘llashdagi texnologik jarayonlar GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
7. Atsetonni saqlash va qo‘llashda asboblar, tartibga soluvchilar. signal beruvchilar va masofadan boshqarish vositalaridan iborat texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan qurilmalar majmuasi quyidagilarni ta’minlashi kerak:
a) jarayonlarning xavfsiz nazorati va boshqaruvi;
b) suyuqliklarning ortiqcha quyilishining oldini olish;
v) chegaraviy miqdorlarga erishganda yoki mexanizmning nosoz holatida himoyaviy blokirovkalarning ishlab ketishi;
g) xizmat ko‘rsatuvchi sex xodimlarining ortiqcha harakatlanishining oldini olish maqsadida jarayonni nazorat qilish va boshqarishning markazlashtirilishi.
8. Texnologik jarayonlarni nazorat qilish tizimi, avtomatlashtirilgan va masofadan boshqarish tizimlari, avariyaga qarshi avtomatik himoya tizimi (AQAH tizimi), shuningdek avariya holatlaridan xabar beruvchi va aloqa (aloqa va xabar berish tizimi) tizimlari, shu jumladan asbob-uskunalar bilan komplekt yuborilayotgan tizimlar amaldagi me’yoriy-texnik hujjat, loyiha, reglamentlar talablariga javob berishi va texnologik parametrlarni berilgan aniqlikda ushlab turishni, texnologik jarayonlarni ishonchli va xavfsiz olib borilishini ta’minlashi kerak.
9. Atseton konsentratsiyasi ruxsat etilgan eng ko‘p miqdordan ko‘tarilganda avtomatik gazoanalizatorlar quyidagilarni ta’minlashi lozim:
a) avariyali shamollatishning yoqilishini;
b) texnologik jarayonni xususiyatiga ko‘ra apparatlarni to‘xtatishini;
v) texnologik apparatlarga va kommunikatsiyaga atsetonni qabul qilinishini to‘xtatadigan avariya surilmalarining yopilishini;
g) apparatlar va kommunikatsiyalarga flegmatizatorlarning uzatilishini.
10. Atsetonni berilgan darajasiga qat’iy rioya qilish zarur, chunki undan chetga chiqish portlash xavfi bo‘lgan mahsulotlarni muhitga otilib chiqishini keltirib, portlash xavfi bo‘lgan aralashmalarni paydo bo‘lishini va keyingi portlashni keltirib chiqaradi.
11. Saqlovchi klapanlar soni va ularni o‘tkazish qobiliyati GOST 12.2.085-82 “Bosim ostida ishlaydigan idishlar. Saqlovchi klapanlar. Xavfsizlik talablari”ga muvofiq hisob bo‘yicha tanlab olingan va sozlangan bo‘lishi kerak.
12. Analizatorlarning o‘lchov asboblari, avtomatik gazoanalizatorlar va unga tegishli boshqa asboblar portlash xavfi bo‘lgan xonalarda va ochiq portlash xavfi bo‘lgan qurilmalarda “Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablarini hisobga olgan holda qulflanadigan shkaflarda joylashtirilishi kerak.
13. Gazoanalizatorlarning datchigi eng kam masofada gaz va bug‘larning chiqish ehtimoli ko‘p bo‘lgan joyda o‘rnatilishi, asboblarga xizmat ko‘rsatish va sozlash uchun qulay bo‘lishi kerak.
14. Atseton havodagi kislorod bilan portlashga xavfli aralashmalarni hosil qilgani uchun, atsetonni saqlovchi va qo‘llovchi obyektlar portlash xavfi bo‘yicha V-1a va V-1g sinf toifasi va yong‘in xavfi bo‘yicha A toifasiga tegishli.
15. Atseton yonib ketganida o‘chirish uchun mexanik havo yoki ximik ko‘pik, inert gazlar, suv bug‘i, apparaturani sovutish uchun suv, qum, asbest matosi ishlatiladi.
2-§. Bo‘yash ishlarida atsetondan foydalanish
16. Bo‘yoqlarni tayyorlashda eritgich bug‘larining ajralishi mahsulotlarni bo‘yash jarayoni uchun xarakterli bo‘lgan zararli va xavfli ishlab chiqarish omillaridan biri hisoblanadi.
17. Bo‘yash ishlarini o‘tkazganda ishlab chiqarish xonalarida, texnologik uskunalarda yong‘in va portlashni vujudga keltirish sharoitlarini bartaraf qiladigan choralar nazarda tutilishi zarur.
18. Bo‘yoq tayyorlovchi bo‘limlarning barcha uskunalari yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi lozim.
19. Bo‘yoq tayyorlovchi bo‘limlarda ochiq olov ishlatilishi bilan bog‘liq ishlarni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi.
20. Lak va bo‘yoq materiallarni suyultirish bilan bog‘liq barcha ishlarni ventilatsiya tizimi yoqilgan holda o‘tkazish zarur.
21. 40dm3 dan ko‘p bo‘lgan sig‘imli idishdan lak va bo‘yoq materiallarni va eritgichlarni (atseton) ish idishiga uzatish nasoslar yordamida quvurlarda amalga oshirilishi lozim.
22. Lak va bo‘yoq materiallar va eritgichlarning chiqindilarini kanalizatsiyaga to‘kish man etiladi. Ularni maxsus yopiq idishga to‘plab va maxsus ajratilgan joyga olib borish lozim.
23. Ishlatilgandan so‘ng qiyqindilarni va lattalarni po‘lat qopqoq bilan yopiladigan po‘lat qutilarga joylash va smena so‘ngida yong‘in xavfsizligi xizmati ko‘rsatmasi bo‘yicha sexdan ajratilgan maxsus joyga chiqarish lozim.
24. Pollarni, devor va uskunalarni eritgichlar (atseton) bilan yuvish man etiladi.
25. Atseton to‘kilgan maxsus kiyimni darhol tozasiga almashtirish lozim.
26. Polga to‘kilgan atsetonga darhol qum sepilishi va keyin esa chuqurga yog‘och belkurak yoki kurakcha bilan olib tashlanishi kerak.
27. Bo‘yoq tayyorlash bo‘linmalarida ovqat saqlash va ovqatlanish taqiqlanadi.
28. Uzatish tizimi aralashtirgichlarda atseton to‘lib ketishining oldini olish uchun o‘lchagich yoki dozator hisoblagichdan foydalanish kerak.
3-§. Rezinali sanoat tashkilotlarda atsetondan foydalanish
29. Atseton uchun sig‘imlar toshib ketishining oldini oluvchi va atsetonni avariyaviy to‘kishni ta’minlovchi qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
30. Aralashtirgichga ko‘chma idishlarda (chelak va boshqalar) atseton uzatishdan foydalanish taqiqlanadi.
31. Atsetonni aralashtirgichga erkin sharillab tushishi taqiqlanadi.
32. Rotorlarning parrak taroqlari yoki aralashtirgichlarni ichki yuzasi alangalanmaydigan materialdan yasalgan yoki shu materiallardan tayyorlangan qoplamaga ega bo‘lishi kerak.
33. Aralashtirgichning ishchi kamerasi germetik holatda bo‘lishi kerak.
34. Eritma (atseton)ni suvdan ajralish bosqichida, eritmani kanalizatsiyaga tushishining oldini oluvchi vositalar nazarda tutilishi kerak.
4-§. Atsetilen ballonlarda atsetondan foydalanish
35. Atsetilen ballonlarida atseton atsetilen absorbsiyasi uchun qo‘llaniladi.
36. Ballonga atsetilen haydash miqdorini oshirish uchun texnik atsetondan foydalaniladi, ya’ni ballonga 225 — 230g atsetonni g‘ovak massasi bilan 1 litr ballon sig‘imining har bir litriga kiritiladi. G‘ovak massali modda atsetonga nisbatan ham oddiy sharoitlarda ham yuqori harorat va bosimda neytral bo‘lishi kerak.
37. Atsetonni to‘ldirilgan ballondan kamayishi (atsetilen chiqqanda), 40 litrlik ballondan bir litrdan oshsa, maxsus dozalovchi asbob yordamida ballonga etishmaydigan atseton miqdorini qo‘shish zarur.
38. G‘ovak massa sifatiga, g‘ovak massa to‘ldirilishi to‘g‘riligiga va birinchi quyilgan atseton sifatiga ishlab chiqaruvchi tashkilot javobgardir. Ishlatilishda bo‘lgan ballonlardagi to‘g‘ri dozalash va eritma sifatiga atseton bilan to‘ldirish tashkilotlari javobgardir.
39. Atsetilen ballonini tashqi issiqlik manbai bilan qizdirish taqiqlanadi. Chunki harorat 56° S dan yuqoriga ko‘tarilganda, atsetondagi atsetilen eritmalarining erishi tezda kamayadi va eritmali holatdagi atsetilen gazsimon holatga o‘tadi, atseton bug‘lanishi natijasida ballondagi bosim ortadi ya’ni bug‘larining qizishi 11,2 marotabaga o‘sishi mumkin, ya’ni favqulodda xavflidir.
40. Bir ballondan soatiga olinadigan gaz miqdori, 1200 — 1500dm3 dan oshmasligi kerak.
41. Atsetilen ballonlar bilan ishlashda barcha birikmalarning germetikligini puxta tekshirish zarur, aks holda ballon oldida portlash xavfi bor gazli aralashma paydo bo‘lishi mumkin.
42. Atsetilenli ballonlarni vertikal holatda saqlash tavsiya etiladi, ya’ni yotqizilgan ballonda atsetilen bilan ancha miqdorda atseton ham ajraladi, ballonga yomon tiqilgan g‘ovak massadan esa atseton ventil orqali oqishi mumkin.
5-§. Atsetonni saqlash
43. Tashkilotlarda atsetonni jo‘natish, undan foydalanish va saqlash bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, texnologik reglamentlar, standartlar va amaldagi boshqa me’yoriy texnik hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
44. Tashkilot rahbari atsetondan foydalanish va saqlashni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha javobgar hisoblanadi.
45. Texnik atsetonni po‘latli, alyumin, ruhlangan idishlarda va shisha butillarda saqlash kerak.
46. Atseton prekursor hisoblanib, uni saqlash va taqsimlash “Narkotik moddalar, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzitlash haqida” gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 31-iyuldagi 293-sonli qarori talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
47. Atseton saqlanadigan sig‘imlar plombalangan bo‘lishi kerak.
48. Ishlab chiqarishda (tashkilotda) foydalaniladigan atseton, omborlarda yoki maxsus cheka binolarda yaxshi saqlanishini ta’minlagan holda saqlanishi kerak.
49. Atsetonni yerto‘la va yarim yerto‘la binolarda saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
50. Ombor binolari eshiklari yopiq holda bo‘lishi kerak. Ish vaqti tugagandan so‘ng eshiklar qulflanishi va muhrlanishi kerak, kalit, muhr va plomba moddiy javobgar shaxsda bo‘lishi kerak. Barcha omborlarda ko‘rinadigan joylarida GOST 12.4.026.-76.ga muvofiq “Signal ranglari va xavfsizlik belgilari”, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqnoma va birinchi yordam ko‘rsatish xavfsizlik belgilari osilgan bo‘lishi kerak.
51. Atseton va boshqa tez alangalanuvchi suyuqliklarni kichik taralarda (bochka, bidon, banka) saqlashda, omborning har bir bo‘lmasida ajratilgan mahsulot turi saqlanishi kerak.
52. Atsetonni taralarda omborda saqlanishi stellaj yoki shtabellarda amalga oshiriladi. Stellajlar yonmaydigan va barqaror bo‘lishi kerak.
53. Yuklash-tushirish mexanizmlaridan o‘tish uchun stellaj va shtabellar o‘rtasidagi masofa 1,5 m. dan, o‘tish joylari — 0,8 m. dan kam bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari har bir omborda bo‘yi — eniga 1,5-2 m. omborni bor bo‘yiga va ko‘ndalangiga eshik teshiklariga qarama-qarshi o‘tish joylari bo‘lishi kerak.
54. Polda, shtabellarda atsetonli bochkalarni qo‘lda taxlashda bochkalarni qatorlar orasida tagligi bilan gorizontal holati bo‘yicha ikki qatordan ortiq bo‘lmasligi va bochkalarni balandligi bo‘yicha vertikal holatida bir qavatdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
55. Polda atsetonli bochkalarni mexanizatsiyalashtirilgan holda taxlashda qatorlar orasidagi taglik bilan qavatlar miqdori uchtadan oshmasligi kerak.
56. Atsetonli bochkalarni taxlash stellajni har bir qavatida balandligi bo‘yicha bir qatordan bajarilishi kerak.
57. Stellaj yoki shtabelni eniga atsetonli ikki bochkadan ortiq taxlash tavsiya etilmaydi.
58. Atsetonli bochkalarni yumalatganda va saqlash joyiga yuklashda, bochkalarga zarb tegishi va uchqun paydo bo‘lishini oldini olib, ehtiyotlikka rioya qilish zarur.
59. Atsetonli bochkalarning tiqinlari yuqoriga qaratilgan holda taxlanishi kerak. Metall bochka-taralarning tiqinlari rezbali va maxsus kalit vositasida ochilishi kerak. Tiqinlarni bolg‘a, zubilo va boshqa asboblar bilan ochishga yo‘l qo‘yilmaydi, yog‘och tiqinlarni qo‘llashga ruxsat etilmaydi.
60. Atsetonlarni butillarda saqlashda ularni yonmaydigan panjaralarda joylashtirish kerak.
61. Isitish asboblari yonida atsetonni saqlashga ruxsat etilmaydi. Stellaj yoki shtabelning isitish elementigacha masofasi 1 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
62. Ombordan atsetonni ochiq usulda tarqatilishiga ruxsat etilmaydi.
63. Atsetondan bo‘shatilgan tara maxsus yopiq maydonchalarda, ishlab chiqarish binolari va omborlaridan 30 metrdan kam bo‘lmagan masofada saqlanishi kerak. Atsetondan tozalash va yuvish uchun beruvchi-so‘ruvchi shamolatgich bilan jihozlangan maxsus joy (bino) mo‘ljallanishi lozim.
64. Atsetonni sexlardagi ombor va omborxona binolarida saqlash me’yorlarini ma’muriyat yong‘in xavfsizligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi va o‘rnatadi. Omborxona binosining hajmi 200 m3 dan oshmasligi kerak.
65. Atseton saqlanadigan sanoat tashkilotlari omborxonalarida atseton miqdori, kelgan sanasi, yetkazib beruvchining nomi, kimga, qachon va qancha miqdorda atseton jo‘natilganligi to‘g‘risida majburiy tartibdagi kartochkalar yuritilishi kerak.
66. Sanoat tashkilotlari sexlarida belgilangan tartibda ish jurnalida — smenalik, sex texnik hisobotlarida — oylik, yil natijalariga ko‘ra choraklik atseton hisobi yuritiladi. Texnik hisoblarda tasdiqlangan me’yor bo‘yicha chiqim va hisobot davridagi atseton chiqimlari aks ettirilishi lozim.
67. Atsetonli taralarni tashqi holatini doimiy (butunligini, germetikligini, tamg‘aning mavjudligini) nazorat qilish kerak.
68. Atsetonni tarada maxsus maydonchalarda guruhlarda har birida 100 donadan ortiq bo‘lmagan, guruhlar orasidagi uzilishlar 1 m dan kam bo‘lmagan holda taxlanishi kerak.
69. Ochiq maydonlarda va ayvon ostida bochkalarni yog‘och taglikda bir qatordan tiqinlarini yuqoriga qilib taxlash lozim.
70. Atsetonni kimyoviy laboratoriyalarda kundalik ehtiyojlardan oshirmagan miqdorda metall yoki mustahkam shisha taralarda mahkam tiqinlangan holda saqlash lozim. Atsetonli sig‘imlar 2/3 dan ortiq to‘ldirilmasligi va ichi asbest yoki shishatola bilan qoplangan metall yashiklarda joylashtirilishi kerak. Yashikni ichkari tomoniga laboratoriya mudiri imzolagan saqlanuvchi moddalar ro‘yxati yopishtirilgan bo‘lishi kerak. Yashik qulf bilan yopilishi kerak.
71. Atsetonni mineral kislotalar, qisilgan va suyultirilgan gazlar, yonuvchi moddalar hamda organik moddalar hamda portlash xavfi bo‘lgan aralashmalar beruvchi noorganik tuzlar bilan birgalikda saqlashga ruxsat etilmaydi.
72. Atseton kimyoviy laboratoriya omborxonalarida nomerlangan, shnurlangan, tashkilot rahbari imzosi va muhri bilan yopishtirilgan maxsus kitobda hisobga olinishi lozim.
73. Har oyning 1 kunida belgilangan tartibda inventirizatsiya o‘tkaziladi va atseton bo‘yicha balans tuziladi.
74. Atsetonni saqlash uchun laboratoriya (xona)da, raqamlari ko‘rsatilgan shkaf va seyflar soni kiritilgan mulklar ro‘yxati bo‘lishi kerak.
75. Metall shkaflar va seyflar yopiq holda saqlanishi kerak. Ish kuni tamom bo‘lganidan so‘ng, metall shkaflar va atseton saqlash uchun xonalar qulflanadi, kalit, muhr va plombir ularni butunligiga javob beruvchi shaxsga topshiriladi.
76. Atsetonni saqlash uchun xonalar, seyflar (metall shkaflar)ni ikki juftdan kaliti bo‘lishi kerak, shundan bir jufti yuridik shaxs buyrug‘i bilan tayinlangan atseton butunligiga javobgar shaxsda, ikkinchisi laboratoriya rahbarida muhrlangan qalamdonda (penal) saqlanishi kerak. Ushbu kalitlarni stol va boshqa joylarda qoldirish man etiladi.
III. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Ish joylari va uskunalarga xavfsizlik talablari
77. Konstruksiya bo‘yicha ishlab chiqarish uskunasi ta’mirlov vaqtida, tashish va saqlashda, foydalanishda, texnologik sxemalar tarkibida yoki alohida ishlatilganda xavfsizlik talablarini ta’minlashi shart.
78. Texnologiya shartlari bo‘yicha atsetonni kam miqdori bilan ishlarni o‘tkazish joylarida quyidagi chora-tadbirlarga rioya qilish zarur:
a) ish joylaridagi atseton miqdorini aniqlash va uning belgilangan me’yorlaridan oshirmaslik;
b) atsetondan ajraladigan bug‘ini tutish uchun joyidagi so‘rg‘ich (otsos) o‘rnatilgan bo‘lishi;
v) ochiq vannalarda va idishlarda tuzatilgan zich yopiladigan qopqoqlar bo‘lishi va ishlamagan vaqtda yopiq holatda bo‘lishi;
g) statsionar vannalardan va idishlardan atsetonni avariyaviy bo‘shatish imkoniyatini ta’minlash;
d) atseton almashuvi bo‘yicha ishlarni kam xavfli va yonmaydigan erituvchilar bilan olib borish.
79. Atsetonni berilgan darajasiga qat’iy rioya qilish zarur, chunki undan chetga chiqish portlash xavfini keltirib chiqarishga sabab bo‘ladi.
80. Idishlardan yoki apparatlardan atsetonni avariyali to‘kish tarmoqlari, surma klapanlar, qurilmalar tuzatilgan bo‘lishi shart hamda tanitadigan belgilariga ega bo‘lishi, ularga ostonalar esa bo‘sh bo‘lishi shart. To‘kish operatsiyalarini ketma-ketligi yo‘riqnoma bilan belgilangan bo‘lishi kerak.
81. Ishlab chiqarish sharoitlarida atseton bug‘lari binolarning havo muhitiga tegishini bartaraf qilish uchun apparatlarni, uskunalarni to‘kish va to‘ldirish jarayonlari zichligi saqlangan bo‘lishi shart.
82. Rezbali birikmalarning zichligiga keraklicha zichlanadigan o‘rash va mastikani ishlatish bilan erishish kerak.
83. Atseton bilan aloqada ishlaydigan texnologik uskunani qo‘zg‘aladigan ulanishni zichlash uchun yon tomonli tur zichlashni ishlatish tavsiya etiladi.
84. Zichlash yetarli bo‘lmaganda, uskuna mahalliy so‘rg‘ichga ega bo‘lishi kerak. O‘rnatilgan ventilatsion tizimlar texnologik uskunani ishga tushiradigan qurilma bilan ulangan bo‘lishi kerak.
85. Apparatlarni nafas olish va zaharlaydigan tarmoqlarda va atsetonli rezervuarlarda, hamda alanga tarqalishi mumkin bo‘lgan quvurlarda alanga tarqalishidan himoya vositalari o‘rnatilishi shart. Olovto‘siqlar konstruksiyasi ekspluatatsiya qilish hisobi bilan alangani ishonchli bartaraf qilishini ta’minlashi shart.
86. Barcha agregatlarni zichlash qurilmalari tartibli, puxta ko‘rikdan va tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. Zichlik buzilganda nosoz joylar tuzatilishi kerak.
87. Gaz yoki bug‘larning otilib chiqish manbalari vujudga kelgan holatlarda ish nosozliklar bartaraf bo‘lgunicha to‘xtatilishi shart.
88. Uskuna pasport va raqamga ega bo‘lishi kerak. Tayyorlovchi-zavod pasporti bo‘lmaganda u tashkilot egasi tomonidan tuziladi. Uskuna raqami bo‘yicha uskuna hisob va davriy ko‘riklar maxsus daftariga kiritiladi.
89. Barcha texnologik uskunalarga, texnologik sxema raqamiga muvofiq raqam qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
90. Uskunani harakatlanadigan va aylanadigan xavf manbai bo‘lgan qismlarida to‘siqlari bo‘lishi kerak. To‘siqli moslamalar yetarli zich bo‘lishi, ishonchli mustahkamlanishi hamda ishlab chiqarish ishiga va uskunani sozlashga xalaqit bermasligi kerak.
91. Ishlab chiqarish uskunasining joyi va kommunikatsiyasi ularga xizmat qilishni, ta’mirlovining qulayligini va xavfsizligini va avariya holatida yoki yong‘inda insonlarni xavfsiz evakuatsiya qilinishini ta’minlashi lozim.
92. Harorat, bosim kuzatilishini talab qiladigan texnologik jarayonlarni olib borish uchun uskuna-qurilma joyida nazorat asboblari bilan va boshqarish shitida ko‘rsatmalar hamda masofadan boshqarish asboblari bilan ta’minlanishi shart.
93. Har bir ish joylarida uskunadan foydalanish yo‘riqnomasi, texnologik jarayonni olib borish, mehnat xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalar, ushbu texnologik jarayonlarda zaharli moddalar bilan zaharlangan shaxslarga shifokor kelguncha yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
94. Ushbu Yo‘riqnomada mo‘ljallangan muddatlarda va tartibda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan, saqlaydigan qurilmalar va nazorat-o‘lchash asboblarini, armatura harakatini to‘g‘ri tekshirilishiga e’tibor berib, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqnoma talablarini xizmat qiladigan xodim bajarishi shart.
95. Armaturadan foydalanish, tayyorlovchi-zavod foydalanish yo‘riqnomasi va texnik tarifga muvofiq bo‘lishi kerak.
96. Armatura uning foydalanish sharoitlarida, ish parametrlarida, muhit qismida mo‘ljallanishi bilan muvofiqlikda ishlatilishi kerak.
97. Qulflash armaturani tartibga soluvchi sifatida ishlatish man etiladi.
98. Jo‘mrak va zulfinlarni ochish yoki yopish uchun turli dastaklarni ishlatish man etiladi.
99. Qish vaqtida havo mo‘risini tashqi uchi qor va muzdan tozalanishi shart.
100. Ma’muriyat butun ishlab chiqarish uskunalarini xavfsiz ishlatilishini ta’minlashga majburdir.
2-§. Nasoslar
101. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni haydash uchun qo‘llaniladigan nasoslar, GOST 15110-78 “Kimyoviy ishlab chiqarishlar uchun markazdan qochma nasoslar” va GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarishli uskunalar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
102. Nasoslar, uchqun paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan konstruksiyada bo‘lishi shart.
103. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni bir joydan boshqasiga o‘tkazish uchun — markazdan qochma salniksiz ikki chekadan zichlangan yoki boshqa konstruksiyali zichlanadigan nasoslar ishlatish kerak.
104. Salniklar orqali — tez alangalanuvchi suyuqliklarni chiqib ketishi mumkin bo‘lgan nasoslardan foydalanish man etiladi.
105. Qoidaga ko‘ra, so‘rib oladigan yo‘lni minimal masofasini ta’minlash uchun nasoslar texnologik tayinlash chizmasi bo‘yicha guruhlar ko‘rinishida joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
106. Nasoslarning tagliklarida, ularni ishlatish jarayonida suyuqliklarni yig‘ish uchun hamda yuvish va ta’mirlash vaqtida drenaj sig‘imida qiyalik bo‘lishi kerak.
107. Oquvchi-so‘ruvchi ventilatsiya tizimi o‘chirilgan yoki buzilgan vaqtda atsetonni haydash nasos stansiyalaridan foydalanish man etiladi.
108. Nasoslarni ishlash vaqtida — ishqalanadigan sirtini moylanishi, salniklar va podshipniklarni harorati doim kuzatib turilishi kerak.
109. Nasoslar tagida moylanadigan materiallar va tez alangalanuvchi suyuqliklarning to‘planishi man etiladi.
110. Nasoslarning normal ish tartibini buzadigan nosozliklar aniqlangach, nasosni to‘xtatish va nosozlikni bartaraf etish zarur. Nasos, agregat va quvurlarning ishini to‘xtatmay, suv bilan yuvmay va inert gaz bilan tozalamay ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi.
111. Nasoslar texnologik qurilmalarning etajerkalarining ostida joylashganda ularni masofadan boshqarish moslamalari orqali to‘xtatilishi inobatga olinishi shart.
112. Nasoslarning poydevorlari, suv yig‘ilish chuqurchalari, nov va pollari doimo tozalikda saqlanishi va to‘kilgan mahsulot va moylardan darhol tozalanishi shart.
113. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni haydash uchun nasosxonalardagi havo muhitini nazorat qilish asboblar bilan jihozlanishi shart. Asboblarni nosozligida nasos stansiyalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
114. Nasosxonalarda tez alangalanuvchi suyuqliklar, alangalanuvchi suyuqliklar va shunga o‘xshash materiallarning saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qopqog‘i zich yopiladigan maxsus metalldan tayyorlangan idishda ehtiyoji bir sutkaliq bo‘lgan moylash materiallar saqlanishi mumkin.
115. Nasos stansiyalarida yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalarining mavjudligi va sozligini doimo nazorat qilish lozim.
116. Markazdan qochuvchi (tsentrobejniy) nasoslar uchun mumkin bo‘lgan chegaralarda tebranma darajasi va uning saqlanishiga quyidagi qo‘shimcha choralar mo‘ljallash tavsiya etiladi:
a) agregat markazini sozlash, rotorning dinamik va statik muvozanatini, oqim pulsatsiyasining (pompaj, kavitatsiya) oldini olish, muftalarni muvozanatlashtirish;
b) ruxsat etilgan tebranma darajasini o‘zgarishida agregatni avtomatik ravishda to‘xtatish.
117. Nasos qismlarining materiallari statistik elektrlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
3-§. Aralashtirgichlar
118. Atsetonni yonadigan mahsulotlar bilan aralashtirish tartibi va usullari, uskunaning va aralashtiradigan qurilmalarni konstruksiyasi, bu mahsulotlarni samarali aralashtirilishini ta’minlashi kerak.
119. Ekzotermik jarayonlar bilan o‘tadigan aralashtirish holatlarida esa, jarayon tezligining kuchayishi, aralashmaning qizishi va lokal zonalarining paydo bo‘lishi mumkinligi bartaraf etilgan bo‘lishi kerak.
120. Aralashtirgichlarga yuboriladigan kommunikatsiyalar teskari klapanlar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
121. Ishlatish jarayonida aralashtirgichlarning ishlashini va reaktorlar vallarining salnikli zichligi germetikligini nazorat qilish zarur.
122. Apparatlar ostiga, apparatdagi suyuqlik hajmiga hisoblangan taglik o‘rnatish zarur.
4-§. Laboratoriyalarda atseton bilan ishlash
123. Laboratoriya xonalarida atseton bilan ishlaganda uch asosiy prinsipga amal qilish kerak:
a) muhitga atseton bug‘larini tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik;
b) yong‘inga xavfli konsentratsiya bug‘lari tasodifan paydo bo‘lganida alangalanish mumkinligini bartaraf qilish;
avariya oqibatlari minimal bo‘lishi uchun, oldindan mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rish.
124. Tortuvchi shkafdan tashqarida atseton bilan ishlarni o‘tkazish man etiladi.
125. Atsetonni isitilishini faqat paydo bo‘ladigan bug‘larni to‘liq kondensatsiyalanishni ta’minlaydigan qurilmalarda va asboblarda o‘tkazish lozim. Atsetonni isitilishi bilan bog‘liq jarayonlarni o‘tkazganda suv muzlatgichlaridan foydalanish kerak.
126. Ochiq alanga va ochiq spiralli elektroplitkalarni isitish asboblari sifatida ishlatish man etiladi.
127. Atsetonni laboratoriyalarda saqlanishi tasdiqlangan me’yorlar talablariga muvofiqligi ta’minlanishi lozim. Zich yopiladigan qopqoq bilan ta’minlangan, 1 dm3 dan ko‘p bo‘lmagan sig‘imli qalin butilkalarda atsetonni saqlashga ruxsat etiladi. Atsetonli butilkalarni issiq manbalardan uzoqda o‘rnatilgan maxsus qutilarga joylashtirish lozim.
128. Atseton chiqindilarini kanalizatsiyaga to‘kish man etiladi.
129. Atseton tasodifan to‘kilganda darhol barcha ochiq olov manbalarini, elektr isitish asboblarini o‘chirish hamda kunduzgi vaqtda umumiy viklyuchatelni o‘chirib, xonani toksizlantirmoq lozim. Atseton to‘kilgan joyni qum sepib, ifloslangan qumni rangli metaldan yasalgan kurakcha bilan olish kerak.
5-§. Quvurlar
130. Moslamaga quvurlarni yotqizish usullariga va joylashtirilishiga talablar amaldagi qoida va me’yorlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
131. Quvurlarga material va ularning detal hamda armaturalarini tanlashda quvurlar klassifikatsiyasidan, ularning shartli o‘tish yo‘llari va ularda haydalanayotgan muhitning chegaralangan parametrlari, ularni agressiv va erozion tarkibini inobatga olish zarur.
132. Atsetonni haydash uchun quvurlarni konstruktiv rasmiylashtirilishi quyidagilarni ta’minlashi kerak:
a) me’yoriy muddat chegaralarida ularni xavfsiz va ishonchli ishlatishni;
b) loyiha parametrlari bilan muvofiqlikda texnologik jarayonlarni yuritishni;
v) texnologik tugunlar (bloklar)ga qurilma rejasini tuzishda ularning portlash xavfining optimal darajasini, montaj va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish qulayliklarini;
g) ko‘tarma-transport vositalarini belgilangan loyihada foydalanish qulayligi va bevosita texnik holatini kuzatishni;
d) quvurlarni payvand choklarini termik qayta ishlashni va ularning sinovini;
e) quvurlarni nurashdan, takroriy paydo bo‘luvchi chaqmoq va statik elektrdan izolatsiyalash va himoyalashni;
j) quvurlardagi tiqinlarni oldini olishni;
z) quvurlardagi eng qisqa uzunlikni;
i) turg‘un zonalarning paydo bo‘lishi va osilishiga yo‘l qo‘ymaslikni;
k) quvurlarda deformatsiya haroratini o‘z o‘zidan kompensatsiyalanish mumkinligini;
l) ko‘tarma mexanizmlar, moslama va yong‘in o‘chirish vositalarining erkin joylashtirish mumkinligini.
133. Ichki ma’muriy, maishiy, xo‘jalik binolari va elektr taqsimlash moslamali binolarda, elektrqurilmalarda, avtomatizatsiya shitlarida, transformator binolarida, shamolatgich kameralarda, issiqlik punktlarida, xodimlar evakuatsiya yo‘llarida (narvon qafaslari, yo‘lak ) hamda mo‘ljallangan barcha binolarda tranzit orqali atsetonni transportlashda texnologik quvurlar yotqizilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
134. Devor, bostirma va pardevor, A va B toifadagi ajratuvchi qo‘shni binolar orqali atsetonli texnologik quvurlar yotqizilishi, faqat ayrim hollarda, ya’ni texnologik jarayonlarda talab qilinsa ruxsat etiladi. Quvurlarning devordan o‘tish joylari yonmaydigan germetik qurilmaga ega bo‘lishi va quvurlarni yotqizilishiga qulaylikni ta’minlashi kerak.
135. Quvurlarni sexga kiritilgan texnologik tugunlari va qurilmalariga qulfli armatura o‘rnatish kerak.
136. Quvurlarni bo‘yash va tamg‘alash, muhitning harakat yo‘nalishlari ko‘rsatkichlari GOST 14202-69 “Sanoat tashkilotlari quvurlari. Taniqli bo‘yoqlari, ogohlantiruvchi belgilar va markalash shitlari”talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Atseton quvurlarida qizil bo‘yoq bilan ogohlantiruvchi halqa surtilishi kerak.
137. Portlash xavfi bor bo‘lgan texnologik sxemalarda, qoidaga ko‘ra, atsetonni transportlash uchun statsionar quvurlar sifatida egiluvchan shlanglarni qo‘llash taqiqlanadi. Bunday hollarda maxsus metalli egiluvchan shlanglar qo‘llanilishi kerak.
138. Atsetonni, statsionar bo‘lmagan uskunalarga (temir yo‘l sisterna) to‘kish va quyish operatsiyalari uchun hamda yordamchi operatsiyalar bajarish uchun egiluvchan shlang qo‘llanishiga ruxsat etiladi.
139. Yordamchi operatsiyalarni bajarish (quvurlarni havo oqimi bilan tozalash, nasoslarni, puflovchi gaz va bug‘larni qaytarish) uchun egiluvchan shlanglarni ulash, faqat ushbu ishlarni o‘tkazish paytida ruxsat etiladi. Shlanglarni quvur bilan ulashda standart bo‘linmalar yordamida amalga oshiriladi.
140. Shlanglarni tanlash, qo‘llash tartibi, ishlatish muddati, tekshirib chiqish, ta’mirlash, tamg‘alash belgilangan tartibda texnik hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
IV. Atsetonni to‘kish-to‘ldirish ishlarida xavfsizlik qoidalari
141. To‘kish-to‘ldirish ishlarida, qat’iy yong‘inga qarshi tartib o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. To‘kish-to‘ldirish ishlari vaqtida ta’mirlov ishlarini bajarish, chekish, ochiq olovni ishlatish man etiladi.
142. To‘kish-to‘ldirish ishlarini bajarishda, atmosferali va statik elektrdan himoya choralari oldindan ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
143. To‘kish-to‘ldirish ishlarini chaqmoq vaqtida bajarish man etiladi.
144. Tez alangalanuvchi suyuqlikli temir yo‘l sisternalarini bo‘shatish joyida, estakada chegaralaridagi relslar yerga mustahkam ulangan bo‘lishi kerak.
145. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari joylashgan temir yo‘llarda teplovoz va parovozlarning harakati man etiladi.
146. To‘kish-to‘ldirish estakadalari yon tomoni yonmaydigan materialli zinapoyalar bo‘lishi hamda uzunligi bo‘yicha bir-biridan 100m. dan ko‘p bo‘lmagan masofada bo‘lishi kerak. Vagon-sisternalarini ajratish, ulash va tartiblanishi to‘kish-to‘ldirish punktlaridan tashqarida amalga oshirilishi lozim.
147. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni to‘kish va to‘ldirish uchun transport vositalarini uzatish, faqat maydonchani va temir yo‘lni oldindan to‘kilgan suyuqliklardan tozalangandan keyin ruxsat etiladi.
148. Tez alangalanuvchi suyuqliklarni to‘kish va to‘ldirish uchun temir yo‘l sisternalarini uzatish va ularni chiqarish, sekin, siltanishsiz va silkinishsiz amalga oshirilishi lozim.
149. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari hududida temir yo‘l sisternalarini metalli boshmoq bilan to‘xtatish mumkin emas. To‘xtatish uchun, to‘xtash vaqtida uchqun bermaydigan material ishlatilishi shart.
150. Vagon-sisternalarni to‘kish-to‘ldirish joyiga dumalatish va joyidan qo‘zg‘atish uchun dastak sifatida po‘latli buyumlarni ishlatish man etiladi.
151. Agar vagon-sisternalarni to‘kish-to‘ldirishga uzatish va chiqarish parovozlar bilan amalga oshirilsa, ikki qo‘sh o‘qli g‘ovakdan qoplamalar yoki yonmaydigan yuk bilan yuklangan vagonlar (platformalar) bo‘lishi kerak. Agar sisternalarni uzatilishi teplovozlar bilan amalga oshirilsa, qoplamalar talab qilinmaydi.
152. To‘kish-to‘ldirish qurilmalari hududida parovoz mashinistlarining sifonlash, o‘t qalashni ochish va jadallashtirish, o‘txona teshigini ochiq tutish, mash’al yoki olovni boshqa turlaridan foydalanish man etiladi.
153. To‘kish-to‘ldirish vaqtida estakadada manyovr ishlarini yoki bo‘sh yo‘lga ayrim temiryo‘l sisternalarini uzatish man etiladi.
154. To‘kish-to‘ldirish ishlari vaqtida sisternani me’yordan ortiq to‘ldirib yuborish man etiladi. Sisternani me’yordan ortiq to‘ldirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun, to‘kib-to‘ldirish punktlari ishonchli avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
155. Amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob beradigan va temir yo‘lda yuklarni tashish qoidalariga muvofiq, tez alangalanuvchi suyuqliklar uchun sisternalar armatura, nazorat vositalari, to‘kib-to‘ldirish, himoyalovchi va boshqa qurilmalar bilan jihozlanishi shart.
156. Texnik ko‘rikda belgisiz, sizish alomatlari va boshqa nosozliklari mavjudligida vagon-sisternalarni to‘ldirishga qabul qilinishi man etiladi. To‘kib-to‘ldirish ishlarini boshlashdan oldin, to‘kib-to‘ldirish qurilmalarini sozligini, qo‘shuvchi ventillarni, yerga ulanish tizimlarini, surilmalarni, shlanglarning zichligini va teleskopik quvurlarning tuzatilganligini tekshirish zarur. Nosozliklar aniqlanganda ularni tezda bartaraf etish kerak.
157. Temiryo‘l sisternalarini tez alangalanuvchi suyuqliklarni to‘kish va to‘ldirishga o‘rnatish tartibi, ushbu ishlarni xavfsiz bajarilishini ta’minlashi kerak.
158. Statsionar, ombor (chiqimli) sig‘imi sifatida temir yo‘llarda bo‘lgan temir yo‘l sisternalaridan foydalanish man etiladi.
159. To‘kib-to‘ldiradigan punktlarda vosita va usullar oldindan ko‘rilishi shart, shu bilan birga shikastlangan sisternalarni avariyaviy bo‘shatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun maxsus jihozlangan joylar oldindan ko‘rilishi kerak. Ushbu ishlarni bajarishdagi xavfsizlik choralari tashkilotni bosh muhandisi bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada ifoda etiladi.
160. To‘kib-to‘ldirish tizimi sisternalari, saqlagichlari, quvurlari va boshqa moslamalari ishlatilishda mustahkam, oddiy va qulay bo‘lishi lozim.
161. Atsetonni juda kichik idishlarga (butil, flakon) qadoqlash jarayonlari xavfli va zararli omillari ya’ni ish zonasi havosida efir bug‘larini chegaraviy ruxsat etilgan konsentratsiyasi (ChRK) yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan shartlarda o‘tkazilishi lozim .
162. Atsetonni quyish liniyalari idishdan (butl, flakon) suyuqlikni qaytaradigan vakuum so‘rg‘ich qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
163. Atsetonni qadoqlash chiqim moslamalari, zaxira qaytarma to‘plamlari germetik bo‘lishi kerak.
164. Atsetonni shisha idishlarga (butil, butilka, flakon) qadoqlash, ishga tushirishi konveyer liniyasining ishga tushirilishi blokirovkalangan, amaldagi mahalliy so‘ruvchi shamollatgichda o‘tkazilishi lozim .
165. Avtomat va transportlovchi qurilmalar, mexanizatsiyalangan yordamchi liniyalar ishlash jarayonida paydo bo‘ladigan shisha siniqlari moslamalar (plastmass kurakcha, chyotka, ilgak) yordamida maxsus idishlarga tozalanishi va to‘planishiga qarab yo‘qotilishi lozim.
V. Yakuniy qoida
166. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.XODJAYEV
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
“O‘zkimyosanoat” DAK Boshqaruv raisi G. IBRAGIMOV

Download 61,67 Kb.




Download 61,67 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Atsetonni saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘G‘risida

Download 61,67 Kb.