2107-sonli farmonga muvofiq sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishning maqsad va vazifalari belgilab berildi.
Islohotlarning maqsadi – quyidagi prinsiplarni amalga oshirish asosida mamlakatda aholi salomatligini saqlash va uni yaxshilashni ta’minlovchi sog’liqni saqlash tizimini tashkil etishdan, sog’lom avlodni tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir. Sog’liqni saqlash tizimining tamoyillari quyidagilar deb belgilandi:
Fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va ijtimoiy himoyaga doir konstitusiyaviy huquqlariga rioya etish;
Ko’rsatilgan tibbiy xizmatlarning turlaridan aholining baravar bahramand bo’lishini ta’minlash;
Aholi salomatligi va uning yashash muhiti holatining davlat tomonidan nazorat qilinishini ta’minlash;
Bozor prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish asosida sog’liqni saqlash tizimini chuqur isloh qilish;
Onalik va bolalikni muhofaza qilishning samarali tizimini yaratish;
Profilaktik sog’liqni saqlashni ustivor rivojlantirish, sog’lom turmush tarzi, to’g’ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishni keng ommalashtirish;
Shoshilinch bepul tibbiy xizmat ko’rsatishni maxsus va umumiy davolash-tibbiyot muassasalarining pulli xizmat ko’rsatishga bosqichma-bosqich o’tishi bilan uyg’un olib borish, tibbiy sug’urta tizimini rivojlantirish;
Xususiy tibbiy davolash amaliyotini rivojlantirish va rag’batlantirish;
Aholi salomatligini muhofaza qilishga yo’naltirilgan byudjet xarajatlari samaradorligini oshirish.
Mazkur davrdan boshlab Sog’liqni saqlash vazirligi Davlat dasturini bajarilishi borasida sog’liqni saqlash tizimida qayta tashkil etish ishlarini olib bordi. Ilgari mavjud bo’lgan besh bosqichli tizim o’rniga qishloq vrachlik punktlari (QVP) va markaziy tuman shifoxonasidan (MTSh) iborat bo’lgan ikki bosqichli birlamchi tibbiy yordam tizimiga o’tish boshlandi.
Sog’liqni saqlashning birlamchi bo’g’ini:
Avvalgi tizim:
Tuman markaziy shifoxonasi
Tuman shifoxonasi
Qishloq uchastka shifoxonasi
Qishloq vrachlik ambulatoriyasi
Qishloq feldsher akusherlik punkti
Yangi tizim:
Tuman markaziy shifoxonasi
Qishloq vrachlik punkti (QVP)
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 18 martdagi 48-son Qaroriga asosan “Qishloq vrachlik punkti to’g’risida”gi Nizomda quyidagilar qoida sifatida kiritildi, ya’ni Ushbu Nizom qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tashkil etishi va moliyalashtirish tartibini belgilashi, Qishloq vrachlik punkti tegishli hududda qishloq aholisiga vrachning dastlabki tibbiy-sanitariya yordami ko’rsatishiga mo’ljallangan davolash-profilaktika muassasasi sifatida faoliyat olib borishi va boshqalar kiritildi. Nizomga binoan QVP lar qishloq joylarda aholining joylashish tizimi, aholi punktlari soni va yiroqda joylashganligi, xizmat ko’rsatish doirasi, yo’l tarmog’i rivojlanganligi, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi va ishlab chiqarishning boshqa turlari xususiyati hisobga olingan holda tashkil etilishi ko’zda tutildi.
QVP lar davlat muassasasi shaklida tashkil etildi va mustaqil yuridik shaxs maqomini oldi. Umumiy amaliyot vrachi va oilaviy tibbiy-ijtimoiy xizmat ko’rsatish prinsiplari asosida qishloq aholisiga sifatli dastlabki tibbiy-sanitariya yordami ko’rsatish QVPni tashkil etish va uning faoliyati maqsadi sifatida belgilandi. Quyidagilar esa QVPning asosiy vazifalari turkumiga kiritildi;
-qishloq aholisiga ham alohida mijozlar, ham butun oila darajasida eng ko’p uchraydigan kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash bo’yicha tibbiy xizmatlar ko’rsatish;
-o’z vaqtida tibbiy maslahat berish, kam uchraydigan kasalliklar, yoxud kasallik kechishining og’ir va tipik bo’lmagan variantlari holatida mijozlarni ko’rsatkichlari bo’yicha shifoxonaga yotqizish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yo’llanma berish;
diagnostika va davolash standartlariga muvofiq xizmat ko’rsatilayotgan hudud aholisiga shifoxonaga yotqizilgunga qadar shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish;
xizmat ko’rsatiladigan aholi o’rtasida kasallanish, jarohatlanish, nogironlik hamda o’limning oldini olish va kamaytirish tadbirlarini amalga oshirish va hokazo.
Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlaridan biri tibbiy yordam modelining tashkiliy strukturasi bilan bog’liq bo’lgan jamiyatning bevosita va bilvosita yo’qotishlarini kamaytirish maqsadida sog’liqni saqlash tizimini intensiv rivojlantirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish maqsadida yangi iqtisodiy mexanizmlarni ishlab chiqishdir. Bu esa o’z navbatida tibbiy xizmatni restrukturizasiya qilish va tibbiy xizmat ko’rsatishning yangi usullarini keng tadbiq etishni talab qiladi. Shuning uchun umumamaliyot shifokori tizimiga o’tish yangi turdagi davolash-profilaktika muassasalarini tashkil qilishni talab etdi – qishloq va shahar aholisi yashash joyida malakali tibbiy xizmat olish uchun qishloq va shahar (mahalla) vrachlik punktlari (QVP, ShVP) tashkil qilindi.
Sog’liqni saqlash tizimining birlamchi bo’g’inini mustahkamlash maqsadida 2001 yilga kelib Respublikamizda 1626 ta QVP , shu jumladan 857 tasi yangi qurilish va 769 tasi qayta o’zgartirish hisobiga ishga tushirildi. 2005 yilning yakuniga kelib qishloq vrachlik punktlarining soni 2800 taga yetishi lozim.27 Ta’kidlash lozimki QVP lar tashkil qilish rejasi hamma vaqt ham o’z vaqtida bajarib borilmadi. Masalan, 2001 yilda Davlat Dasturi bo’yicha 371 ta, hokimiyat tomonidan 271 ta qishloq vrachlik punktlari tashkil etilishi ko’zda tutilgan bo’lsa haqiqatda 242 ta qishloq vrachlik punktlari foydalanishga topshirilgan. Bundan shuni ko’rishimiz mumkinki Davlat dasto’rini bajarish borasida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelingan. Jumladan, yangi qurilish hisobiga 110 ta, qayta o’zgartirish hisobiga esa 132 ta QVP ochilgan. Bu esa 2001 yilda yillik rejaning 65,2 foizga bajarilganligini ko’rsatadi. Qishloq vrachlik punktlarining qurilishi bu davrda Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida birmuncha og’ir kechganligini ko’rishimiz mumkin. Ammo hukumatning sa’y harakatlari bilan bunday qiyinchiliklar yengib o’tildi. 2013 yilga kelib Qishloq vrachlik punktlarining soni va ularda ko’rsatilayotgan xizmatlarning soni va salmog’i ortdi. Bugungi kunda eng chekka tumanlardagi xotin-qizlar va bolalarga ham malakali tibbiy yordam ko’rsatilmoqda. Zamonaviy apparatura bilan jihozlangan qariyb 3200 Qishloq vrachlik punkti tashkil etildi28.
Bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyoti qanchalik yuksalganligini birgina birlamchi bo’g’in QVP lar zamonaviy tibbiy markaz sifatida shakllanayotganligi misolida ham ko’rishimiz mumkin, Joylarda besh pog’onadan iborat samarasiz, ko’p xarajat talab qilib, yetarli natija bermaydigan eski tizim o’rniga birlamchi bo’g’inning mutlaqo yangi, ixcham tizimi - 3200 ta QVP, shuningdek, tuman tibbiyot birlashmalari vujudga keldi. Qisqa fursat ichida ana shu QVP lar bioximik analizator, avtolmaskop, avtoklav, fital dopler va EKG apparatlari kabi ko’plab dunyoning eng so’nggi tibbiy asbob-uskunalari bilan to’liq ta’minlandi.
Mustaqilik yillarida birgina “Salomatlik-1” va “Salomatlik-2” loyihalari doirasida 70 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’ qishloq joylaridagi birlamchi tibbiyot muassasalari infratuzilmasini yanada yaxshilashga yo’naltirildi29. Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat Dasturi doirasida Jahon banki investisiyalari jalb qilingan holda, 1998—2011 yillarda ,,Salomatlik-1” va ,,Salomatlik-2” loyihalari doirasida yurtimizdagi 3192 ta QVP umumiy qiymati 76 million dollar bo’lgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari bilan to’la ta’minlandi.30 ,,Salomatlik-2” loyihasi doirasida 570 ta stomatologik asbob-uskuna QVP va ko’p tarmoqli poliklinikalarga yetkazildi. Qishloq aholisini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 811 ta QVP da ijtimoiy dorixonalar tashkil qilindi, 1056 ta QVP ga GSM standartidagi stasionar telefon o’rnatildi va QVP larning aloqa tizimi bilan ta’minoti 97,7 foizga yetdi31.
Manzilli dasturga asosan, 2010 -yilda 345 ta QVP 3,2 milliard so’m homiylar va byudjet mablalari hisobidan ta’mirlandi, 2011 yilda 343 ta QVP da 4,6 milliard so’m mablag’ hisobidan ta’mirlash ishlari olib borildi. Qishloq joylardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini aholi jon boshiga moliyalashtirish mexanizmini tatbiq qilish natijasida QVP larni moliyalashtirish 3 barobar oshdi, natijada 2011 yilda 2009 yilga nisbatan QVP ga aholi qatnovi 1000 kishiga nisbatan 3,9 dan 4,6 ga oshdi.
2012 yilgi Investitsiya dasturiga binoan shu yilning o’zida 20 ta zamonaviy QVP foydalanishga topshirildi. QVP larni tashkil etish, ularning moddiy-texnik negizini mustahkamlash barobarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ana shu sa’y-xarakatlar samarasi ularok, shu davrga kelib QVP larda 8 ming nafardan ziyod umumiy amaliyot shifokorlari samarali faoliyat ko’rsatdi. Tibbiyot xodimlarini sohadagi o’zgarishlardan o’z vaqtida xabardor etish va o’qitish uchun ham sharoitlar yaratildi. Qishloq vrachlik punktlarida aholiga ko’rsatilayotgan malakali tibbiy xizmat, yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish borasida ko’rilayotgan chora-tadbirlar tufayli aholining yuqumli xastaliklar bilan kasallanishi keskin kamaydi.
“Tuman(shahar) tibbiyot birlashmasi to’g’risida” gi Nizom asosida markaziy tuman shifoxonasidan (MTSH) iborat bo’lgan ikkinchi bosqich ham tashkil etildi. Ushbu Nizom tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish tartibini belgilab berdi. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo’nalishlari to’g’risida" 2007 yil 19 sentyabrdagi PF-3923-son Farmoniga muvofiq markaziy tuman (shahar) kasalxonasi, ko’p tarmoqli markaziy tuman poliklinikasi (Toshkent shahrida) negizida tashkil etildi. Birlashma o’z faoliyati davomida tegishli hudud hokimligiga va sog’liqni saqlashni boshqarish hududiy organiga bo’ysundirildi va u davlat muassasasi shaklida tashkil etildi hamda mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo’ldi. Birlashma tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha klinik o’quv bazasi vazifasini ham bajarishi belgilandi.
2001 yilga kelib davlat tomonidan kafolatlangan shoshilinch tibbiy yordam tizimining yaratilishi o’tkazilgan islohotlarning asosini tashkil qildi. Shoshilinch tez tibbiy yordam tizimi Toshkentdagi bosh muassasa – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning viloyatlardagi filiallari, markaziy tuman shifoxonalari va markaziy shahar shifoxonalarida ochilgan shoshilinch tibbiy yordam bo’limlaridan iborat “Tez yordam” va sanitariya avariya xizmati ushbu markazlar ixtiyoriga topshirildi. 2001 yilga kelib Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyatlardagi filiallari rejadagi quvvat bilan ishlay boshladi. MTSH va MSHSH larda 168 ta shoshilinch tibbiy yordam bo’limlari faoliyat ko’rsatdi. Respublika bo’yicha shoshilinch tibbiy yordam uchun 8000 shifo o’rinlari tashkil etilgan bo’lib, shulardan 3456 tasi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyatlardagi filiallarida joylashgan32. 2000-2001 yillarda 278 ming bemorga stasionar sharoitida, 728 ming bemorga ambulator sharoitida shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatildi, operativ faollik esa 50-60 foizni tashkil etdi. Bu paytga kelib islohotlar natijasida bemorning shifoxonada o’rtacha davolanishi 5,6 – 6,5 kunni tashkil eta boshladi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyatlardagi filiallari, markaziy tuman shifoxonalari yoki markaziy shahar shifoxonalari uchun Sog’liqni saqlash Vazirligi tomonidan davolash diagnostika standartlari ishlab chiqildi va hayotga tadbiq etildi.
2001 yilgi ma’lumotlarga qaraganda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazini jixozlash uchun 9,6 mln yevroga Ispaniya hukumati va 760 mln iyena miqdorida Yaponiya hukumati granti jalb etilgan33. Hukumat tomonidan bunday kreditlar istiqbolli loyihalarga sarflandi. Xususan, tibbiyot tizimida tibbiy jihozlarning tanqisligi sezildi. Bu paytda Ispaniya hukumati krediti hisobiga 5,35 mln yevroga teng tibbiy jihozlar sotib olindi. Yaponiya krediti bo’yicha esa tender o’tkazilib, tuzilgan shartnomalarga asosan tibbiy jihozlarning keltirilishi 2002 yilga mo’ljallandi.
Rivojlangan davlatlar tomonidan muruvvat yordami sifatida keltirilgan jihozlar ham Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyat filiallariga tarqatildi. Xususan, Germaniya, AQSh va Xitoydan keltirilgan 6,2 mln AQSh dollariga teng jihozlar va dori-darmonlar RShTYoIM va uning viloyat filiallariga berildi34. Shoshilinch tez tibbiy yordam tizimining barcha bo’g’inini jihozlash uchun Isroil, AQSh va Germaniyadan kredit hisobiga tibbiy jihozlar keltirish masalalari hal etildi. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimining moddiy-texnik bazasini mutahkamlash tadbirlari keyingi yillarda ham davom ettirildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi uchun Yaponiya hukumatining 743 million yen (7,1 million dollar) miqdoridagi granti va Ispaniya hukumatining 9,38 million dollar miqdoridagi krediti, viloyat filiallari uchun Islom taraqqiyot bankining 33,8 million dollar miqdoridagi krediti va tuman tibbiyot birlashmalari qoshidagi 171 ta shoshilinch tibbiy yordam bo’limlari uchun arab iqtisodiy rivojlanish Quvayt fondining 20,55 million AQSh dollari mikdoridagi krediti jalb etildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 21- maydagi ,,Tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini takomillashtirish haqida”gi PQ- 1114-sonli Qaroriga ko’ra, 2009— 2011 yillarda 698 ta maxsus avtotransport sotib olindi va tizimning avtotransport bilan ta’minoti 94 foizga yetdi. Hududlardagi tez tibbiy yordam mashinalari 127 ta EKG apparati, 35 ta defibrillyator va 30 ta so’rgich bilan qo’shimcha ravishda ta’minlandi.
2010 yilda mamlakatimizning 130 ta tumanidagi tez tibbiy yordam bo’limi va shahobchasida 3,1 milliard so’mlik ta’mirlash ishlari bajarildi. 2011 yilda tez tibbiy yordam shahobchalarini ta’mirlash bo’yicha manzilli dastur asosida 1,3 milliard so’m mablag’ rejalashtirildi va 162 ta shahobchada ta’mirlash ishlari bajarildi. 2013 yilga kelib bu soha jadal sur’atlarda rivojlandi. Davlat tomonidan kafolatlangan bepul shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish bo’yicha mutlaqo yangi tizim tashkil etilib, samarali faoliyat ko’rsata boshladi35.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 24-martdagi “Sog’liqni saqlash muassasalarining moddiy texnikasini rivojlantirish chora tadbirlari to’g’risida” gi Qaroriga asosan 2001 yilda Finlyandiyaning “Medko-Medikal” firmasidan 7,2 mln AQSH dollariga teng tibbiy jihozlar sotib olindi va Toshkent shahridagi perinatal markaz, Guliston shahridagi reabilitasiya sog’lomlashtirish markazini hamda Nurota shahridagi tug’ruq kompleksini jihozlashga yo’naltirildi36. Respublika onkologiya ilmiy markazida Markaziy Osiyoda yagona 5,18 mln AQSh dollariga teng radiologik uskuna montaj qilindi.
Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlaridan biri davlat sektoriga raqobatbardosh nodavlat sektorini rivojlantirishdir. Bu sohada maqsadli faoliyat tizimi yo’lga qo’yildi. 2001 yilga kelib Sog’liqni saqlash Vazirligi tomonidan davolash profilaktika muassasalarining inventarizasiyasi o’tkazildi va 2001-2005 yillarga mo’ljallangan xususiylashtirish dasturi tuzildi. Xususiylashtirish hisobiga 2001-yilga kelib 60 mln so’m mablag’ davlat byudjetiga kelib tushdi va shuning natijasida 67 ta obyekt davlat tasarrufidan chiqarildi. 154 ta obyekt 1999-2001-yillarda davlat tasarrufidan chiqarildi va xususiylashtirildi. Bu paytga kelib Sog’liqni saqlash Vazirligi tomonidan 4 mingdan ortiq yakka tartibdagi tibbiy faoliyat uchun va 1700 ta nodavlat tibbiy muassasa hamda firmalarga litsenziyalar berildi. Shu jumladan 2001 yilda 155 ta tibbiy firmalarga va 275 ta yakka tartibdagi faoliyat uchun litsenziyalar berildi37. Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi keyingi yillarda yanada takomillashib bordi. Xususan, O’zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” 2008 yil 3- apreldagi N 61-sonli Qarori bu boradagi ishlarning yanada takomillashuviga xizmat qildi. Ushbu Qarorga muvofiq tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun ilgari berilgan litsenziyalar litsenziatlar mazkur Qarorda belgilangan yangi litsenziya talablari va shartlariga muvofiq bo’lgan taqdirda ushbu qaror chiqqan kundan boshlab 5 yil mobaynida amal qilishi belgilandi. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash Vazirligiga tibbiy faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalar qat’iy ravishda yangi Qarorga muvofiq berilishini ta’minlash, ilgari berilgan litsenziya egalarining ushbu Qarorda belgilangan litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini uch oy muddatda ko’rib chiqish hamda egalari mazkur talablar va shartlarga javob bermaydigan litsenziyalarning amal qilishini belgilangan tartibda to’xtatish vazifalari yuklandi.
Nodavlat tibbiy muassasalarnig faoliyati aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko’rsatish ishlarining yaxshilanishiga xizmat qildi. Ammo shunday bo’lsada ular oldida bir qancha muammolar paydo bo’ldi. Xususan, bu davrga kelib nodavlat tibbiy muassasalarning hammasini ham risoladagidek ishladi deb bo’lmaydi. Ular oldidagi jiddiy muammolardan biri davlat tibbiy muassasalari bilan raqobatlasha olishi muammosi hisoblanadi. Ammo ko’pchilik nodavlat tibbiy muassasalar, kommunal xizmat to’lovlarining yuqoriligi va tibbiy jihozlarning qimmatligi sababli davlat tibbiy muassasalari bilan raqobatlasha olmayapti38.
2002 yilga kelib birinchi marotaba yangi tizimlar joriy qilindi:
Toshkent shahri va respublikaning 8 ta viloyatlarida «Ona va bola» skrining markazlari;
Yoshlarni oila qurishlaridan oldin tibbiy ko’rikdan o’tkazish;
Nikohdan o’tuvchi yoshlarni sog’lom oila qurishga tayyorlash bo’yicha doimiy ishlovchi kurslari;
Yosh oilani patronaj qilish;
Qizlar va o’smir qizlar Respublika reproduktiv markazi va viloyatlarda uning filiallari;
Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ilmiy texnik dasturlari;
Kasal bolaga qarash uchun kasalxonaga kelgan onalarni sog’lomlashtirish bo’limlari va o’rinlari;
Homilaning antenatal muhofazasini tashkil etish;
Tizimda olib borilgan islohotlar natijasida salmoqli natijalar qo’lga kiritildi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan ulkan yutuq va marralar haqida so’z yuritilganda, onalik va bolalikni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar istiqlolning dastlabki yillaridan mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish, aholining barcha qatlamiga malakali tibbiy xizmatdan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, bir so’z bilan aytganda xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlashning samarali mexanizmini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi. Respublikadagi “Ona va bola” skrining markazlarida 2001 yilda 274481 ta chaqaloq tug’ma gipoterioz va 213447 ta chaqaloq fenilketonuriyaga tekshirildi. Ularda 6926 chaqaloq xavf guruhiga olinib, tekshirilganlarning 181 tasi tug’ma gepoterioz, 104 tasida fenilketonuriya kasalligi aniqlandi va dispanser nazoratiga olindi hamda davolash muolajalari olib borildi. Shuningdek, 322067 ta homilador ayollar ultratovush tekishruvidan o’tkazilib, ularning 1429 tasida tug’ma nuqsonlar aniqlanib homiladorlik to’xtatildi.
Homilani antenatal himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari ishlab chiqilib Sog’liqni saqlash Vazirligining maxsus buyrug’i bilan viloyatlarda tarqatildi va birlamchi bo’g’inlarda ishlovchi mutaxassislar uchun ushbu buyruqni tatbiq qilish maqsadida seminarlar tashkil etildi. Homilador ayollarning qariyb 88,7 foizi erta muddatda hisobga olinib zarur tekshiruvlardan o’tkazildi.
Sog’lom bola tug’ilishi hamda tug’ilgan bolalarni salomatligini yaxshilashga zamin yaratish maqsadida «Balog’at davri», «Jozibador tabassum», «Sog’ tan - sog’lom bola», «Yosh Onalar maktabi», «Xavfsiz emlash», «Bexatar onalik», «Bolalar kasalliklarini integrirlashgan usulda olib borish» va «Silga qarshi kurashish» hamda boshqa dasturlar bo’yicha ishlar amalga oshirildi.
2001 yilda bolalarni boshqariluvchi infeksiyalarga qarshi emlash masalalari ham hukumatning diqqat markazida turdi. Difteriya, ko’k yo’tal, qoqshol, qizamiq, silga qarshi emlash 98,7-99,8%ga bajarildi. Poliomiyelit kasalligini oldini olish maqsadida Respublikada o’tkir bo’shashgan sholga qarshi epidemiologik nazorat olib borildi va ushbu kasallikka qarshi kurash va uni oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
2001 yil boshidan boshlab tug’ish yoshidagi ayollarning 98,4 foizi tibbiy ko’rikdan o’tkazildi va ularda mavjud bo’lgan kasalliklar aniqlanib sog’lomlashtirish ishlari olib borildi. Ona suti bilan go’daklarni boqishni qo’llab-quvvatlash va targ’ibot qilish bo’yicha Andijon viloyatining Bo’z, Baliqchi, Farg’ona viloyatining Quvasoy, Bog’dod, Navoiy viloyatining Navoiy va Qiziltepa tumanlarida 120 ta tibbiyot xodimlari 18 va 40 soatlik o’quv dasturlari asosida o’qitildi. 2001 yilning iyun-sentyabr oylarida Navoiy, Namangan, Farg’ona, Xorazm, Samarqand, Buxoro viloyatlari tug’ruq komplekslari «Bolaga do’stona munosabatdagi shifoxona» sertifikatini olish uchun 18 va 40 soatlik dasturlar asosida o’quv seminarlari o’tkazilib, 135 ta tibbiy xodimlar o’qitildi hamda xalqaro ekspertlariing xulosasiga ko’ra respublikamizdagi 14 ta tug’ruq komplekslari ushbu sertifikatni olishga muyassar bo’ldilar. Respublikada 1-8 avgust kunlari Xalqaro ko’krak suti bilan emizishni himoya kilish haftaligi o’tkazildi.39
Sog’liqni saqlash Vazirligi tomonidan bolalarda ko’plab uchraydigan va ularni kasallanishi va o’limining asosiy sababchilari bo’lgan URI va diarez bilan kasallanishini kamaytirish uchun avvalo, onalar yangi tug’ilgan chaqaloqlarni parvarish qilishning mohiyatini e’tiborga olib “Yangi tug’ilgan chaqaloqlarni parvarish qilishni yaxshilash» bo’yicha 18-soatlik o’quv dasturi ishlab chiqildi va ushbu dastur asosida Farg’ona (Bog’dod va Quvasoy) va Andijon viloyatining (Bo’z va Baliqchi) tumanlarida jamoa tashkilotlarining (Xotin-qizlar qo’mitalari va mahallalarning faol ayollarini) kichik yoshdagi bolalari bor yosh onalardan 80 tasi o’qitilgan. Shuningdek, ushbu tumanlarda 14 ta trener o’qitib tayyorlanib, 80 ta mutaxasis o’qitilgan.
«Fan va Texnika Davlat qo’mitasi Akusherlik va ginekologiya, Kardiologiya va Pediatriya ITI tomonidan tuzilgan shartnomalar asosida kam qonlik, aritmiya va fertil yoshidagi ayollar ichki organlari boshqa kasalliklarining oldini olish va davolash bo’yicha zamonaviy usullarni ishlab chiqish va o’zlashtirishga qaratilgan innovasiya loyihalari ishlab chiqildi va ilmiy izlanish ishlar boshlandi. Sanoat korxonalarida bo’lg’usi onalarni ish sharoitini yaxshilash va ularni ish sharoitiga me’yoriy talablar kiritish maqsadida San Pin loyihasi hamda maktabgacha bo’lgan bolalarni tarbiyalashning gigienik tavsiyalari sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy tekshirish instituti tomonidan ishlab chiqildi va mutaxasislarga yetkazildi.
Sog’liqni saqlash tizimining dori-darmon ta’minoti tizimini ham isloh qilishga keng o’rin ajratildi. 1997 yil 25 aprelda 415-I-son “[ОКОЗ:
1.14.00.00.00 Соғлиқни сақлаш. Жисмоний тарбия. Спорт. Туризм / 14.01.00.00 Соғлиқни сақлаш / 14.01.04.00 Соғлиқни сақлаш муассасаларини, аҳолини медикаментлар, дори-дармон воситалари ва тиббий буюмлар билан таъминлаш. Дорихона]
[ТСЗ:
1.Ижтимоий-маданий масалалар / Соғлиқни сақлаш. Санитарияга оид қонун ҳужжатлари]
Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to’g’risida” O’zbekistonRespublikasi Qonuni qabul qilindi. Unda aholini dori vositalari bilan ta’minlash sohasidagi davlat kafolatlari belgilab berildi. Unga ko’ra davlat dori vositalarining asosiy turlarini bemalol olishni va ular sifatli bo’lishini kafolatlashi, tibbiy maqsadda qo’llanishga ruxsat etilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ish ko’rishning barcha shakllari taqiqlanishi belgilandi. Tibbiyot amaliyotida qo’llashga ruxsat etilgan dori vositalarining, tibbiy buyumlarning ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash Vazirligi tomonidan belgilab berildi.[ОКОЗ:
|