Boyitish va metallurgiya texnikasining zamonaviy rivojlanish darajasida,
tarkibidan iqtisodiy samara bilan metallarni tayyor mahsulotga ajratib olishi
imkoniyati bo‘lgan, tarkibida metallarni saqlovchi tog‘ jinslari ruda deb nomlanadi.
Rudalar, boshqa tog‘ jinslari kabi minerallardan (tabiiy kimyoviy birikmalar)
tashkil topgan. Ruda tarkibidagi minerallarni odatda,
qimmatbaho moddani
saqlovchi rudali minerallarga va bo‘sh jins porodaga bo‘lishadi (porodani tashkil
qiluvchi minerallar).
Rudaning tarkibini odatda kimyoviy tahlil bilan aniqlashadi. Ammo amaliy
maqsadlar uchun faqat kimyoviy tarkibning o‘zi etarli emas. Kimyoviy tarkibdan
tashkari, xomashyodagi minerallarning turini (mineralogik tarkib) va qayta
ishlanadigan xomashyoning barcha komponentlarini minerallar bo‘yicha
taqsimlanishini (fazoviy tarkib) bilish kerak. Mineralogik
va fazoviy tarkibni
bilish, xomashyo tarkibidagi barcha komponentlarni metallurgik qayta ishlashda
qanday o‘zgarishlarga duch kelishi to‘g‘risida xulosa chiqarish va buning asosida
tegishli texnologiyani tanlash va metallurgik hisoblashlarni to‘g‘ri olib borishga
imkon beradi. Rudalarni metall saqlovchi tog‘ jinslari sifatida bir qator omillar
bo‘yicha sinflashadi.
Amaliyotda, tarkibidan faqat bitta metall ajratib olinadigan rudalar,
oddiy
yoki monomineral rudalar deb nomlanadi. Bu turdagi rudalarga, temir rudalarning
ayrim navlari misol bo‘lishi mumkin. Rangli metallarning barcha rudalari
polimetallik (yoki kompleks) rudalardir va ular o‘zining tarkibida kamida ikkita
ajratib olinadigan metallarni saqlaydi. Masalan, kimyoviy va mineralogik tarkib
bo‘yicha mis, mis-nikelli, mis-ruxli va mis-qo‘rg‘oshin-ruxli
rudalar juda
murakkabdir, hozirgi kunda ularning tarkibidan 10-15 qimmatbaho moddalar
ajratib olinadi.
Tarkibida metallsaqlovchi minerallarning turiga ko‘ra, rangli metallar
rudalarini quyidagi asosiy guruhlarga bo‘lishadi:
1) sulfidli – tarkibida metallar oltingurug bilan birikkan xolda bo‘ladi
(masalan, mis, mis-ruxli, mis-molibdenli, mis-nikelli va qo‘rg‘oshin-ruhli rudalar);
2) oksidlangan – tarkibida metall turli kislorodsaqlovchi birikmalar
ko‘rinishida bo‘ladi: oksidlar, karbonatlar, gidroksidlar va h. (masalan, alyuminiy
rudalari, oksidlangan nikel rudalari va h.)
3) tug‘ma – tarkibida metall erkin (metallik) holda bo‘ladi. Tabiatda tug‘ma
holatda oltin, kumush, mis, platina, vismut va simob uchraydi.
4) aralash – tarkibida metallar sulfidli, oksidlangan va ayrim hollarda tug‘ma
holatda bo‘ladi (masalan mis rudalari)
5) xloridli – tarkibida metallar xlorvodorodkislotasi ko‘rinishda bo‘ladi. Bu
turdagi rudalarda magniy va bir qator engil va noyob metallar ajratib olinadi.
Ruda xomashyosidan tashqari ko‘p metallarni (alyuminiy, rux, qo‘rg‘oshin,
nodir metallar) ishlab chiqarish uchun ikkilamchi xomashyodan foydalaniladi.
Ikkilamchi xomashyoga metallarga ishlov berish
sanoatining chiqindilari,
brak va ish muddati tugagan metallik detallar va buyumlar, turli ko‘rinishdagi
metallik lom va h. kiradi.
Xozirgi kunda ikkilachi xomashyodan ko‘p miqdorda alyuminiy va asosiy
og‘ir rangli metallar ishlab chiqariladi. Masalan, umumiy ishlab chiqarish
xajmidan ikkilamchi xomashyodan 20 – 25% alyuminiy, 30 – 40% mis, 35 – 50%
qo‘rg‘oshin, 25 – 30% rux va 20 – 25% qalash ishlab chiqariladi.
Metallurgik qayta ishlash jarayoniga ikkilamchi xomashyolarni jalb
qilinishi, tabiiy resurslardan
oqilona foydalanish, metallarni sodda va arzon
metallurgik usullar bilan olish imkonini beradi.