|
Chilangarlik ishlari haqida umumiy ma’lumot ishdan maqsad
|
Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 65,61 Kb. | | #145973 |
CHILANGARLIK ISHLARI HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT
Ishdan maqsad: Bu amaliy ishida talabalarga chilangarlik o‘quv ustaxonasida bajariladigan ishlar va ularni o‘rganishdan ko‘zlangan maqsad. Chilangarlik kasbi. Chilangarlik o‘quv ustaxonasida rioya qilinadigan xavfsizlik texnikasi va sanitariya gigiena qoidalari asoslari tanishtiriladi va bajargan ish yuzasidan xisobot yoziladi.
Kerakli asbob va moslamalar: chilangarlik asbob va moslamalaridan namunalar, texnologik haritalar, o‘lchash vositalari, plakatlar, o‘lchash namunalari.
Kasbiy ta’lim fakultetining o‘quv ustaxonalarida olib boriladigan chilangarlik ishlari kompleks xarakterga ega bo‘lib, ularni o‘rgatishdan ko‘zlangan maqsad:
1) talabalarni barcha turdagi chilangarlik ishlari bilan tanishtirish, ularga asosiy chilangarlik ish usullarini o‘rgatish; ularning rejalash, qirqish, arralash, egovlash, parmalash, parchinlash, rezba qirqish, egish, bukish, to‘g‘irlash, kavsharlash va boshqa operatsiyalarni belgilangan texnikaviy talablarga moslab bajarishlariga erishish;
2) talabalarni turli chilangarlik ishlarini bajarishda ishlatiladigan asbob-uskuna va moslamalarning tuzilishi hamda ishlash prinsiplari bilan tanishtirish, ularni ishga sozlay olishga, metallarga ishlov berishda hozirgi zamon mehnat qurollaridan samarali foydalana olishga o‘rgatish;
3) talabalarni ishlov beriladigan metall materiallarning xossasi va xususiyatlarini bir-biridan farq qilgan holda to‘g‘ri tanlashga o‘rgatish;
4) talabalarni biror-bir detal tayyorlashda, ishning ko‘zini bilgan holda, qo‘l mehnatini yengillashtirishga imkon beradigan moslama, mexanizm, stanoklardan o‘rinli va unumli foydalanishga, ratsional usullarni qo‘llashga o‘rgatish;
5) talabalarga qo‘l va mexanizmlar yordamida bajariladigan ishlardagi asosiy operatsiyalarni bajarish usullarini namoyish qilish bilan birga chilangarlik ishlarini o‘qitish va o‘rgatishda qo‘llaniladigan metodlarni va o‘quvchilarning ijodkorlik ishlariga rahbarlik qilishni o‘rgatish;
6) talabalarda ishlarni texnikaviy hujjatlar asosida bajarish borasida yetarli ko‘nikma va malakalar hosil qilish bilan ularni turli operatsiyalar va ishlarga doir instruksion hamda texnologik haritalar tuzishni, detal va buyumlarning ish chizmalarini chizishga o‘rgatish;
7) talabalarning bajargan ishlarini turli nazorat - o‘lchov asboblardan, kalibrlardan foydalanib tekshirish va baholash bilan ularni o‘quvchilar ishini to‘g‘ri tekshirishga va baholashga o‘rgatish;
8) talabalarga II-III razryadli chilangarga nisbatan qo‘yiladigan talabga javob beradigan kompleks ishlarni mustaqil bajarishga o‘rgatish;
9) talabalarning o‘rta umumta’lim maktablari, o‘quv ishlab chiqarish texnika bilim yurtlari o‘quv ustaxonalarida chilangarlik ishlarini to‘g‘ri tashkil eta oladigan va o‘rgata oladigan malakali o‘qituvchi kadrlar bo‘lib yetishishlarini ta’minlashdan iborat.
Uzoq davtlar davomida metallardan turli buyumlar tayyorlash ishi bilan xunarmand-temirchilar shug‘ullanib keldilar. Dastlab bu hunarmandlar turli xil metall buyumlarni qo‘l yordamida tayyorlab kelganlar. Keyinchalik har xil ish moslamalarning paydo bo‘lishi, ishlab chiqarish qurollarining takomillashishi orqasida temirchilik hunari taraqqiy etib, hunarmand-temirchilar o‘rtasida mehnat taqsimoti vujudga keldi. Ba’zi temirchilar yirik va dag‘al ishlarni, masalan, mehnat qurollari, ro‘zg‘or anjomlari va boshqalarni tayyorlasa, boshqalari mayda va nozik ishlarni bajaradigan bo‘ldilar. Bir necha yuz yillar burun ham kishilar metallarni sovuqlayin ishlash, ularni qirqish san’atini yaxshi egallaganlar. O‘sha vaqtlardayoq metallarni qizdirib va sovuqlayin ishlovchi hunarmandlar ajralib chiqa boshlagan. Metallarga qizdirib ishlov beruvchi hunarmandlar temirchilar deb, sovuqlayin ishlov beruvchi hunarmandlar chilangarlar (slesarlar) deb farqlanadigan bo‘ldi. Shunday qilib, chilangarlik mustaqil hunar sifatida temirchilikdan ajralib chiqdi va umumiy texnika taraqqiyoti bilan birgalikda taraqqiy etib kelmoqda.
Ishlab chiqarish tarmog‘i va unda bajariladigan ish turlariga qarab chilangarlik kasbi quyidagi ixtisosliklarga bo‘linadi: sozlovchi chilangarlar, yig‘uvchi chilangarlar, asbobsoz chilangarlar, remontchi chilangarlar, santexnika chilangarlari, andozachi chilangarlar, tunukasoz, misgar, qulfgar, qalaylovchi, kavsharlovchi va boshqa ixtisos chilangarlari.
Talabalarni yuqorida aytib o‘tilgan chilangarlikka oid kasblar bilan tanishtirish, bu haqdagi tushunchalarni kengaytirish, mehnat malakalari bilan qurollantirish va kasblarga tayyorlash ishlari chilangarlik o‘quv-ustaxonalarida, zavodlarda, ta’mirlash ustaxonalarida, turli ishlab chiqarish korxonalarida, shuningdek tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish sexlarida olib boriladi.
Masalan, sozlovchi-chilangar kasbi bilan asbobsozlik, avtomobilsozlik, traktorsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, motorsozlik, stanoksozlik, to‘qimachilik mashinasozligi, avto-ta’mirlash kabi zavodlarda tanishish mumkin.
Chilangarlik ishlarini bilish faqat chilangarlargina emas, balki qishloq xo‘jaligi va qurilish mexanizatorlari, har xil mashinalarni boshqaruvchi kishilar, xaydovchilar, montyorlarga ham foydasi tegadi, chunki keng qamrovli traktorchi-mashinistlar, kombayenchilar bilan birga, bu mashinalarni sozlay olishi, texnikaviy xizmat ko‘rsatishiga oid barcha operatsiyalarni bilishlari ,turli chilangarlik ta’mirlash ishlarini, ta’mirlash ishlarini bajarishlari lozim.
Chilangarlik ishlari metallarni rejalash, qirqish, arralash, egovlash, pardozlash, parmalash, parchinlash, rezba qirqish, kavsharlash, qalay yugurtirish, egish, bukish, to‘g‘irlash va shu kabi ishlarni o‘z ichiga oladi.
Ish o‘rnida ozodalik va tartibga rioya qilish lozim. Ish kuni mobaynida mehnat qilish va hordiq chiqarish rejimiga rioya qilish kerak. Buning uchun har smenada 5-10 minutlik tanaffus qilish va bu tanaffuslardan ishlab chiqarish gimnastikasi uchun foydalanish tavsiya qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilishning tarkibiy elementlaridan biri xavfsizlik texnikasidir. Uning vazifasi mehnat unumdorligini pasaytirmagan holda mehnat xavfsizligi va zararsizligini ta’minlashdan iborat. Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha instruktajdan o‘tmagan talabalarni ishlarni bajarishga qo‘yish mumkin emas. Instruktajning o‘tkazilishi maxsus jurnallar yoki kartochkalarga belgilab qo‘yiladi. Xavfsizlik texnikasiga doir bilimlarni tekshirish natijalari haqida protokollar tuziladi. Chilangarlik ustaxonasi uchun ajratiladigan xonaga barcha ishlovchilarning soniga loyiq dastgohlar va boshqa jihozlar sig‘ishi lozim.
Ustaxonadagi jixozlar soz bo‘lishi zarur. Stanina yoki korpusidan tashqaridagi barcha harakatlanadigan qismlarni kojux, to‘siq, to‘r va qopqoqlar bilan to‘sish lozim. Yuklamalar ortib ketganida avariya va sinishlarning oldini olish uchun mashina va mexanizmlar elektr kalitlari, himoya va saqlash qurilmalari bilan jihozlanadi. Yilning issiq paytlarida ustaxonadagi xarorat 19-230 S, sovuq paytlarda 14-170 S, nisbiy namlik 40-60%, uglerod (II) oksid 0,06% dan kam, chang ko‘pi bilan 10 mg|m2 bo‘lishi kerak. Agar xonaning o‘lchami bir kishiga 40 m3 havo to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, xonani oddiy shamollatib turish kifoya, agar xona bundan kichik bo‘lsa, majburiy shamollatish zarur.
Shovqinlarning yo‘l qo‘yiladigan darajasi 75-85 db. Zarbsiz ishlaydigan mashinalar chiqaradigan o‘rtacha shovqinlar uchun yo‘l qo‘yiladigan daraja 85-90 db, sekin ishlaydigan agregatlar chiqaradigan past chastotalar uchun 90-100 db.
Ish boshlashdan oldin yenglarning tugmalarini qadab qo‘yish, kiyimning etaklari yoyilib yotmasligi, sochni bosh kiyimi ostiga yaxshi tiqib ishlash zarur. Dastgoh bikr va mustahkam konstruksiyali bo‘lib,ish paytida qimirlamasligi lozim. Ish paytida qirindi zarralari, asboblarning singan papchalari sachrashi mumkin. Ishchini ulardan muhofazalash uchun ximoya to‘rlari o‘rnatiladi. Ular kamida 0,8 m balandlikda bo‘lishi kerak.
Ish boshlangunga qadar asbobning sozligini tekshirish lozim. Uning zarb beradigan va ish qismlarida pachoqlangan, uchgan, darz ketgan joylar bo‘lmasligi, o‘tkir quyruqli asboblarning dastasi puhta mahkamlangan bo‘lishi, ularda nuqsonlar bo‘lmasligi kerak. Har xil chilangarlik operatsiyalarini bajarish paytida ularga oid xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish lozim. Charxlash dastgohoda texnika xavfsizligi qoidalari jilvirlash doirasining to‘sig‘i bo‘lishi, doira bilan tirak oralig‘i 2-3 mm dan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Asbobni charxlash paytida abraziv zarrachalari ko‘chib, atrofga sachrashi mumkin. Shu sababli ishchini shikastlanishdan saqlash uchun kojuxning old qismiga sinmaydigan shishada ximoya ekrani qo‘yiladi. Agar ekran bo‘lmasa, charxlovchi ximoya ko‘zoynaklarini taqib olishi kerak. Yerga ulash uchun elektr qurilmalarining metall qismlari po‘lat yoki mis sim bilan yerdagi metall buyumlarga ulanadi.
Nazorat savollari.
1.Ishlab chiqarish tarmog‘iga qarab chilangarlik kasbi qanday ixtisosliklarga bo‘linadi?
2.Chilangarlik ish o‘rni qanday tashkil etiladi?
3.Dastgohingizdagi tiskining balandligi qanday rostlanadi?
4.O‘quv ustaxonasida X.T.q ni tashkil qilishni aytib bering.
|
| |