Mijoz qadriyatlari va meʼyorlarini hisobga olish
Ushbu tamoyil psixologning jamiyat tomonidan qabul qilingan emas,
balki mijoz tomonidan oʼzlashtirilgan xulq-atvor meʼyorlari, ideallariga,
dunyoqarashi, qadriyatlariga eʼtibor qaratishi zarurligini bildiradi.
Samarali psixologik taʼsir mutaxassisning mijoz qadriyatlarini hisobga
olgan, tushungan vaziyatdagina
amalga oshirilishi mumkin; ularga
nisbatan tanqidiy munosabat qabulga kelgan kishining oʼzini oʼngʼaysiz
sezishiga, “qobigʼi” dan chiqmasligi, ochiq va samimiy boʼlmasligiga,
shu tariqa psixologik maslahat jarayoni natijasining
barbod etilishiga
sabab boʼladi. Qayd etish kerakki, mijoz qadriyatlari kishining risoladagi
shaxs sifatida faoliyat yuritishiga xalal berayotgan paytdagina psixolog
ularga alohida eʼtibor qaratishi va hurmat bilan munosabatda boʼlgan
holda mijozga taʼsir oʼtkazishda foydalanishi mumkin.
Maslahat bermaslik
Mijozlarga (garchi jarayon koʼpincha psixologik maslahat, maslahat
deb atalsa-da) maslahat berish tavsiya etilmaydi. Bunga asos va
sabablarni doimo yetarlicha topish mumkin.
Eng avvalo, psixologning
yoshi va hayotiy tajribasi qay darajada boʼlishidan qatʼi nazar,
birovlarga natijasi kafolatlangan maslahat berishning iloji yoʼq: har bir
insonning hayoti oʼziga xos va uni oldindan bilib boʼlmaydi. Boz ustiga,
maslahat berayotib, psixolog barcha masʼuliyatni oʼz
zimmasiga olgan
boʼlib chiqadi, bu esa mijozning shaxs sifatidagi rivoji va atrofdagi
hamda boʼlib oʼtayotgan voqea-hodisalarga nisbatan adekvat
munosabatda boʼlishiga toʼsqinlik qiladi.
Mazkur vaziyatda psixolog
oʼzini rahnamo sifatida tutadi, bu mijozning oʼz hayotini tahlil qilish va
uni oʼzgartirishga intilishidan koʼra, voqea-hodisalarga sust va yuzaki
munosabatda boʼlishiga olib keladi. Shu bilan birga maslahatga amal
qilingandagi har qanday muvaffaqiyatsizlik
odatda psixolog chekiga
yoziladi, natijada bu mijozning sodir boʼlayotgan voqealardagi oʼz rolini
tushunmasligiga olib keladi.