XULOSALAR
Kasb-hunar kollejlari ta’lim tizimida o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy
tarbiyasini hisobga olmasdn turib, milliy ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, mustaqil, ijodiy fikrlovchi, ma’naviyati mukammal shaxsni shakllantirish mumkin emas. Mazkur mavzuga bag’ishlangan tadqiqotimizning natijasida tarbiya jarayonida o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirishning pedagogik asoslari, mexanizmlari, omillari, qonuniyatlari to’g’risidagi farazlarimiz tasdiqlandi.
Tadqiqot natijalari quyidagicha umumlashgan xulosalar chiqarishga imkon yaratdi.
1. Kasb-hunar kollejlarida bo’lg’usi kasb egalarini ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda innovatsion yondashishning ilmiy-nazariy jihatlari har tomonlama izohlab berildi:
a) kollej o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiya haqidagi tushunchani idrok qilishi, ularni har ikkalasini ayrim va umumlashgan holda amalga oshirilishini tarixiy-ijtimoiy rivojlanish bosqichlari turli tadbirlar orqali o’quvchi-yoshlar ongiga yetkazildi.
b) bo’lg’usi kasb egalarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda innovatsion yondashishning davr talabi ekanligini, ulardan o’rinli foydalana olish tajribalarining nazariy-amaliy ahamiyatini turli uslub, vosita va shakllar asosida o’quvchilar ongiga yetkazish orqali tarbiya jarayonini samaradorlik darajasiga erishish mumkinligi tasdiqlandi.
2. O’quvchi-yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarining ilk bosqichlarini oilada boshlash, maktab, kasb-hunar kollejlari tizimida rivojlantirib, innovatsion yondashish orqali amalga oshirish zarurligi tasdiqlandi.
3. O’qituvchi va o’quvchilar bilan o’tkazilgan savol-javob, suhbat, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning natijalari o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda an’anaviy uslublar negizida, noan’anaviy, innovatsion yondashish, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanishning afzalliklari tasdiqlandi.
4. Kasb-hunar kollejlari o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda, ularning egallaydigan kasbi, ruhiy holati, qiziqishi, intilishlari e’tiborga olindi. Shu bilan birga o’quvchilarda ijobiy fazilatlarni shakllantirish maqsadida, ular bilan yakka tartibda, guruhda, ommaviy tarzda amalga oshiriladigan tarbiyaviy ishlar rejalashtirildi.
5. Kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda innovatsion yondashishning, amaliy va pedagogik asoslari mustahkamlandi va ularga xizmat qiluvchi uslub, vosita va shakllaridan foydalanib, tajriba-sinov ishlarining ilmiy-pedagogik asoslari tasdiqlandi.
6. Kasb-hunar kollejlarining turli yo’nalishlari, turli bosqichlarida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, fanlararo, mavzulararo bog’liqlikni ta’minlovchi uchrashuv va tanlovlarning o’quvchi-yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishdagi o’rni, ahamiyatiga oid ma’lumotlar aniqlanib, tahlillar asosida tadqiqot ishining maqsadi, vazifalari to’g’risidagi farazlar tasdiqlandi.
7. Kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantiruvchi, samaradorligini ta’minlovchi, ularda ma’naviy-axloqiy tarbiyaning tarkib topishiga salbiy ta’sir qiluvchi pedagogik, psixologik, hududiy omillarni hisobga olish ham nazariy, ham amaliy xususiyatga ega bo’lgan materiallarni tiplarga ajratishga imkon tug’dirdi.
8. Tadqiqotda to’plangan ma’lumotlar tahlilining ko’rsatishicha, uzoq tarixga ega bo’lgan o’zbek xalqining ijtimoiy-madaniy muhiti, turmush tarzi, madaniyati, ta’lim-tarbiyasi, milliy ongi va o’z-o’zini anglashi, qadriyati, milliy xarakteri o’ziga xosligini o’rganish ta’lim-tarbiya jarayonida kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishning pedagogik mexanizmlarini aniqlashga negiz hozirladi.
9. Zamonaviy ta’lim va tarbiyaning inson kamolotidagi o’rni, o’quv jarayonini tashkil etish va boshqarish qonuniyatlari, o’qituvchi namunasi, uning psixologik ta’sir o’tkazishiga qo’yiladigan talablar aks etgan manbalar, xalq og’zaki ijodi, mutafakkirlar va ma’rifatparvarlar ta’limoti kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda samarali material manbai sifatida xizmat qiladi.
10. Kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishda qiyinchiliklar uchrashi tabiiy. Bu holatni bartaraf etuvchi asosiy subyektlardan biri o’qituvchi shaxsidir. O’qituvchi o’quvchi shaxsining shakllanishida tashkilotchi va boshqaruvchisidir. Shu bois, u doimo ushbu fuksiyani inobatga olgan holda shaxslararo munosabatlarda ishtirok etishi, uni nazorat qilishi va boshqarishi lozim. O’qituvchi avvalo, muomala psixologiyasining qonuniyatlarini, o’quvchilar psixologiyasiga doir bilimlarni o’zlashtirishi, tajriba orttirishi orqaligina ularda ijobiy ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantiradi.
11. O’quvchilarning ma’naviy-axloqiy sifatlarini tarbiyalashda o’qituvchilarning shaxsiy namunasi, pedagogik jarayondagi har xil muammoli vaziyatlarning vujudga keltirilishi va ularning yechilishi katta rol o’ynaydi.
12. Undan tashqari yana o’quvchilarning mustaqil ishlarini faollashtirish va ularda erishilgan muvaffaqiyatlardan xursandchilik hissini paydo qilish zarur. Chunki, o’quvchidagi mustaqil faoliyat ma’naviy-axloqiy tarbiyaning ijobiy xususiyatlarini rivojlanishiga sabab bo’ladi.
13. O’quvchilarda o’zini boshqarish, o’zidagi kamchiliklarni yengib o’tish kabi odatlarni og’ishmay tarbiyalash lozim. Har bir o’quvchi o’zining har qanday odatlarini boshqara bilishi lozim. Bu esa ijobiy xususiyatlarni rivojlanishiga va salbiy xususiyatlarni to’g’irlashga imkon beradi. Shu asosda bo’lg’usi tarbiyachi, o’qituvchi, shaxs shakllanadi.
14. O’qituvchilar bilan o’quvchilarning shaxslararo ishonchli munosabat, xayrixohlik, samimiylik, hurmat shakllanishida ularga ta’sir ko’rsatish samaralarini, yutuq va kamchiliklarini ajrata olishi lozim. O’qituvchining o’quvchilarda ijobiy sifatlarni shakllantirishda tushunmovchiliklar, ba’zi holatlarda muallimning salbiy ta’sir ko’rsatishi, shogirdiga begonalardek munosabatda bo’lishi, yomon kayfiyati bilim oluvchilarning individual xususiyatlari bilan bog’liq ruhiy to’siqlarga duch kelishini oldindan hisobga olishi zarur. O’qituvchi o’quvchilarda ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirishga to’siq bo’luvchi ruhiy holatlar ustida bosh qotirishi va o’z ustida ishlashi joiz.
15. O’quvchilar ma’naviy-axloqiy tarbiyasida ijobiy sifatlar shakllanishida atrofdagi kishilar bilan bo’ladigan munosabati muhim ahamiyatga ega. O’qituvchilarning pedagogik taktidagi mohirlik, muomaladagi nazokatlilik munosabatlar sharoitida manfaatlardagi fidoiylik o’quvchilarda axloqiy sifatlarni shakllanishiga turtki sifatida xizmat qiladi. Aksincha, o’quvchilarning muammolarini tushuna olmaslik, uning tuyg’ulari bilan hisoblashmaslik o’qituvchiga nisbatan nafratni tug’diradi. Shuning uchun ularda ijobiy sifatlarni shakllantirishda barcha jihatlarni e’tiborga olish maqsadga muvofiq.
16. Kasb-hunar kolleji o’quvchilarining ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishning hozirgi holatini aniqlash uchun tadqiqot metodikalari tanlanganligi va bir necha bosqichda amalga oshirilganligi natijasida: dastlabki bosqichda muammoning pedagogik mohiyatini tahlil qilishga, tashxis etishga shakllanganlik darajasini aniqlashga imkon berdi. Uning ikkinchi bosqichida o’quvchilarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini shakllantirishni optimallashtirish vositalari samaradorligi namoyon bo’ldi; oxirgi bosqichda o’quvchilarda ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirishning o’ziga xosligi, mexanizmlari ishlab chiqildi.
17. Aniqlovchi va shakllantiruvchi eksperiment natijalari bo’yicha qiyosiy tahlil, ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda uchraydigan nuqsonlarni bartaraf etishda o’quvchilarning sabr-bardoshlilik, faollik sifatlarini o’stirishda ham birmuncha ijobiy ko’rsatkichlarga erishildi.
|