1.1.1-rasm. Markaziy Osiyo davlatlari avtomobil yo‘llari tarmoqlarining zichligi
2008-2018 yillar uchun sohaning qo‘shilgan qiymati ko‘rinishidagi maqsadli ko‘rsatkichi 4 022,9 dan 23 135,4 milliard so‘mgacha yoki 5,8 baravarga o‘sdi. Shu bilan birga, transportning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2018 yilda 2008 yilga nisbatan 11,5 dan 6,4 %gacha, transport sektorining asosiy kapitaliga investitsiyalar ulushi 26,4 dan 6,4 %gacha kamaydi. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlarining nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, transportning (yalpi ichki mahsulotdagi) ulushi va transportga investitsiyalarning pasayish tendensiyasi davom etmoqda.
I, %
Yillar
1.1.2-rasm. Ichki transport infratuzilmasiga investitsiyalar hajmining mintaqalar bo‘yicha tahlili
_________ – G’arbiy Yevropa davlatlari; --------- – Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari; --- · --- – Shimoliy Amerika; – – – – – – Yaponiya; –·· – Rossiya Federatsiyasi; – · – · – Avstraliya.
Dunyoning turli davlatlarida transportning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni, ularga ajratiladigan investitsiyalar hajmi turlicha. 1.1.2-rasmda ichki transport infratuzilmasiga investitsiyalar hajmining mintaqalar bo‘yicha tahlili keltirilgan [23].
1.2. O‘zbekiston yo‘lovchi transporti va uni rivojlantirish masalalari
Birinchi avtobuslar Тoshkentda 1909 yil dekabr oyida paydo bo‘ldi. Nemis va Fransuz sanoatiga tegishli 10 dona 8 o‘rinli avtobuslar “Qo‘yliq – Nikol’sk poselkasi”, “Nikol’sk – Sobornaya (hozirgi Mustaqillik maydoni)”, “Vokzal (hozirgi shimoliy vokzal) – Yakshanba bozori (hozirgi A.Navoiy maydoni yaqini)” yo‘nalishlarida qatnay boshladi.
1924 yilni O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘lovchilar tashishning boshlanish davri deb hisoblash mumkin. Chunki mazkur yilda Тoshkent shahrida birinchi marta 1-sonli avtobaza tashkil etildi. 1-sonli avtobaza Ford, Mersedes, Opel, Studebaker va shunga o‘xshash turli rusumdagi avtomobillardan tashkil topgan edi. 1927 yilda O‘zbekistonda 183 dona yengil avtomobil va 80 dona avtobus mavjud edi.
Davlatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha barcha sohalarni modernizatsiya qilish amalga tadbiq etila boshlandi. Bu esa, aholini yo‘lovchi transporti xizmatiga bo‘lgan ehtiyojining oshishiga olib keldi, o‘z navbatida, sohada yangi muammolar kelib chiqa boshladi. Bulardan eng asosiylariga jismonan va ma’nan eskirgan transport vositalarini zamonaviy talablarga javob bera oladigan yangilari bilan almashtirish, tashish jarayonini tashkil etish va boshqarishda eski, shu davrgacha qo‘llanib kelingan usullardan tubdan farq qiluvchi va bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi usullarni yaratish edi. Хususan, avtotransport sohasida yuqoridagi muammolarni hal qilish borasida hukumat tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirildi va oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida avtotransport sohasida bir qator qonun xujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi (30.08.1996y.), “Shahar yo‘lovchi transporti to‘g‘risida”gi (25.04.1997y.), “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi (29.08.1998y.), “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi (19.08.1999y.), “Faoliyatni ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi (25.05.2000y.), “Тadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi (25.05.2000y.), “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi (29.06.2007y.) va boshqa qonunlar qabul qilindi hamda yangilari ishlab chiqilmoqda. Mavjud qonunlar davr talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirilib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish borasidagi qator qarorlari qabul qilindi. Jumladan, 2017 yil 10 yanvarda PQ-2724-sonli “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar va mikroavtobuslar bilan yangilash, yo‘l qoplamalarini birinchi navbatda qishloq joylarda yaxshilash hisobiga aholining avtomobillarda tashuvlarga bo‘lgan talab-ehtiyojini yanada to‘liq qondirishni ta’minlash, yo‘lkira haqi uchun naqd pulsiz to‘lov tizimini joriy etish, avtomobil transporti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash, yo‘lovchilar tashishni boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va boshqa vazifalar respublikada avtomobil transportida yo‘lovchilar tashishni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019 yil 1 fevraldagi PQ-4143-sonli Qarori bilan barcha transport turlari bo‘yicha boshqaruv organlari faoliyati birlashtirilib O‘zbekiston Respublikasi Тransport vazirligi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Тransport vazirligi markaziy apparati tuzilmasi 1.2.1-rasmda keltirilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz yo‘lovchi transportini rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ham ko‘plab Qarorlari qabul qilindi. Jumladan, 2020 yil 16 martda qabul qilingan 157-sonli “Тoshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida Тoshkent shahrining “Farg‘ona yo‘li” ko‘chasida tezkor avtobus harakati qatnovini tashkil etish maqsadida maxsus qatnov yo‘lagini (BRT) tajriba loyiha tariqasida amalga oshirish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan 20 ta zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash uskunalarini xarid qilish belgilangan.
Yuqorida keltirilgan O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, Prezident Qarorlari va Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari va boshqa boshqaruv organlari tomonidan ishlab chiqilgan qonunosti hujjatlari va amalga oshirilayotgan tadbirlari natijasi o‘laroq so‘nggi yillarda yo‘lovchi transporti tizimi faoliyatida yuqori natijalarga erishildi. 2013 yilda respublikada 4280 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi mavjud bo‘lgan va shundan 3015 ta yo‘nalish qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2019 yil boshida yo‘nalishlar soni 4426 tani, shu jumladan qishloq joylarida 3124 tani tashkil qildi.
Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tarmog‘i o‘z ichiga 1788 ta avtobus yo‘nalishlari va 2638 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarini oladi. Yo‘lovchi transporti tarmog‘ining umumiy uzunligi 95,7 ming km.ni tashkil qiladi.
Shaharlararo va viloyatlararo tashuvlarda 178 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, shundan 123 tasi avtobus yo‘nalishlari va 55 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlaridir.
Yangi yo‘nalishlar asosan shahar atrofi turiga mansub bo‘lib, qishloq joylarini bog‘lash vazifasini bajarmoqda. Shunday qilib, 2016 yilda qishloq joylarida 58 ta, 2017 yilda 100 ta yangi yo‘nalishlar ochildi.
Qo‘shni davlatlar, shuningdek Rossiya Federatsiyasi bilan xalqaro avtobus aloqasini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, xususan, 2018 yilning o‘zida 14 ta yo‘nalish ochildi. 2019 yilda Qozog‘istonga qo‘shimcha 5 ta yo‘nalish ochildi.
Тransport turlari bo‘yicha yo‘lovchi tashish tarkibida avtomobil transporti yetakchilik qilmoqda. Uning jami yo‘lovchi tashish hajmidagi ulushi – 98,3%ni tashkil etadi (1.2.2-rasm).
|