• Tayanch so‘zlar
  • Klasterlar rivojidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari




    Download 327,93 Kb.
    Sana15.05.2024
    Hajmi327,93 Kb.
    #234423
    Bog'liq
    Янги макола ноябрь (2)


    KLASTERLAR RIVOJIDAGI MUAMMOLAR VA ULARNI HAL ETISH YO‘LLARI.
    Maxkamov Ibroyim–i.f.n., dotsent Namangan muhandislik-texnologiya instituti


    Annotatsiya. Maqolada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor kuchaytirilayotgan bugungi kunda mamlakatimizda tashkil etilayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarini ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda davlatning qo‘llab quvvatlash chora-tadbirlari nazariy jihatdan yoritib berilgan. Shu bilan birga xorijiy mamlakatlar tajribasida o‘zining ijobiy natijalarini amalda ko‘rsatgan, iqtisodiyotni barqaror rivojlanishini ta’minlash, innovasion faollikni oshirish orqali raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishda klasterlarni shakllanishida va rivojlanishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan taklif va xulosalar ko‘rsatib berilgan.
    Tayanch so‘zlar: paxta xom-ashyosi ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi korxonalar, tadbirkorlik, davlat-xususiy sherikchiligi, qo‘llab-quvvatlash dasturlari, bandlik, texnopolis, texnopark, integratsiya, eksport, klaster, modernizatsiya, diversifikatsiya, kredit, salohiyat, hudud, raqobatbardoshlik.
    Agrar tarmoqda bozor munosabatlarini qaror topayotganligi ishlab chiqarishni tashkil etishning yangi shakllarini qo‘llashni va agrosanoat integratsiyasining tashkiliy hamda iqtisodiy mexanizmlariga innovasion yondashuvni taqozo etmoqda. Bozor munosabatlariga moslashishning eng maqbul yo‘li agrosanoat integratsiyasiga zamonaviy yondashuvlarning samarali shakllaridan biri-alohida hududlar yoki qishloq joylaridagi agrosanoat klasterlaridir. Shuning uchun agrosanoat birlashmasidagi klasterlarni tashkil etish ko‘pgina mamlakatlar iqtisodiy siyosatining asosini tashkil etmoqda.
    Tashkil etilayotgan agrosanoat klasterlarining asosiy ishtirokchilari ishlab chiqarish korxonalaridan boshlab to tayyor mahsulotlarni sotish (qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish) bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni o‘z ichiga oladi. Klaster ishtirokchilarining tashkiliy tuzilishi va ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatlarni uyg‘unlashuviga asoslanadi. Bunday hamkorlik ixtiyoriylikka asoslanadi va hududlarni raqobatbardoshligini oshirish maqsadida klasterlarni innovasion rivojlantirishni jadallashtirishga asosiy e’tibor qaratiladi. Bu jarayonda klaster doirasida tadbirkorlik sub’yektlarini o‘zaro integratsiyasi vujudga keladi.
    Shu nuqtai nazardan olganda tadbirkorlik sub’yektlarini klasterga majburiy jalb etib bo‘lmaydi. Hamkorlik asosida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni klasterga birlashtirish orqali ularning o‘zaro munosabatlarini kengaytirish va rivojlantirish uchun imkoniyatlarni yaratilishidir. Shuningdek, ishlab chiqarish va texnologik aloqalarni kengaytirish, resurslardan birgalikda foydalanish, kapital mablag‘larini maqsadli birlashtirish asosida xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Buning uchun mazkur tizimni yo‘lga qo‘yishdagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish zaruriyatga aylanadi. Ana shunda ishlab chiqarish, taqsimlash, ayriboshlash va iste’moldagi iqtisodiy birliklar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar yangicha tus oladi.
    Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi korxonalarning o‘zaro manfaatdorligi ta’minlanadi hamda qishloq xo‘jaligi va sanoat integratsiyalashuvi natijasida ilg‘or innovasion g‘oyalar amaliyotga tadbiq etiladi. Bugungi kunda klaster ishtirokchilari bo‘lgan korxonalarning hamkorligi to‘liq bozor tamoyillari asosida tashkil etilmoqda. (1-rasm)

    1-rasm. Klaster ishtirokchilari bo‘lgan korxonalarning o‘zaro hamkorligi1



    Klaster tarkibidagi korxonalarning o‘zaro iqtisodiy munosabatlari, ular o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida tartibga solib turiladi va bu tegishli me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.
    Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5009-sonli Qarorida “...qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida bir tumanda ikkitagacha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xom-ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fьyuchers shartnomalarini tuzish huquqi beriladi”2 -deb ta’kidlangan.
    Fьyuchers shartnomasi-tovarlarni oldindan belgilangan narx asosida kelgusida sotib olishga kelishuvdir.
    Klasterlar tarkibidagi korxonalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 noyabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, klasterlar bilan shartnoma asosida ishlaydigan fermerlar endi klasterlarni o‘zlari tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Fermer xo‘jaliklariga o‘z viloyatidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasteri bilan paxta xom-ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fьchers sharnomalarini tuzish huquqi beriladi.
    Tuzilgan shartnomaga binoan, irrigatsiya-melioratsiya bo‘yicha belgilangan ishlarni bajarish, fermerlarga urug‘lik yetkazib berish, agrotexnika xizmatlarini ko‘rsatish, yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash, entomolog va agronom mutaxassislari xizmatlarini tashkil etish, tomchilab sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda boshqa tegishli vazifalar klaster tomonidan amalga oshiriladi.
    Shuningdek, klasterlar fermerlardan paxta xom-ashyosini xarid qilibgina qolmay, ularni avanslar bilan ta’minlaydi, moddiy resurslar va konsultativ yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, fermerlarga kreditlar yoki xaridlarni kafolatlaydi.
    Bularning barchasi quyidagi holatni yuzaga keltiradi:
    Birinchidan, klaster ishtirokchilari o‘rtasida bozor mexanizmlari asosida erkin raqobat muhitini yuzaga keltiradi;
    Ikkinchidan, klaster ishtirokchilari o‘z hamkorlarini ixtiyoriy ravishda tanlash imkoniyati paydo bo‘lishi, xodimlarning daromadlarini ortishi orqali qishloq aholisini turmush tarzi yaxshilanib boradi;
    Uchinchidan, paxta-to‘qimachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirining ortishiga (tola, ip, kalava, tikuv-trikotaj, tayyor mahsulot, eksport) qishloq xo‘jaligi, xususan paxta-to‘qimachilik sanoatlashadi;
    To‘rtinchidan, yuqoridagi omillar ta’sirida yangi ish o‘rinlari yaratilib hududlar iqtisodiyotining o‘sishiga, yangi ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarning barpo etilishiga xizmat qiladi.
    Yuqoridagilar klasterlarda sohalarning-ta’lim, fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi bilan birga tarmoqdagi kichik tadbirkorlik korxonalarining o‘zaro manfaatli kooperatsiyasi, sohalararo ichki va tashqi integratsiya elementlarini ham rivojlanishiga imkoniyat yaratadi.
    Biroq tadqiqotlarimiz davomida hamda fermerlar bilan bo‘lgan muloqotlarda, ommaviy axborot vositalaridagi ba’zi ma’lumotlarga qaraganda bu borada ma’lum bir muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, sotib olingan paxta xom-ashyosi uchun o‘z vaqtida haq to‘lamaydigan, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini amaliyotga joriy etishni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamaydigan, yoqilg‘i-moylash vositalarini imtiyozli narxlarda olib, fermerlarga yuqori narxlarda sotadigan, imtiyozli kreditlar olishga amaliy yordam bermaydigan klasterlar ham uchrab turibdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yangilik sifatida qaralgan klasterlarga berilgan imtiyozlardan ular noto‘g‘ri foydalanishi holatlari uchrab turibdi. Bu klasterlar bilan fermerlar o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlarga salbiy ta’sir etadi. Ma’lumki, Qonunchilik bo‘yicha fermer ham klaster tadbirkor. Qonun oldida har ikkisining javobgarligi bir xil bo‘lishi, har ikki tomon ham ishga adolat bilan yondashuvi kerak.
    O‘z navbatida ba’zi fermer xo‘jaliklarini ham o‘z majburiyatlarini bajarmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Fermerlar paxta xom-ashyosini yetkazib berish uchun avans oladi, biroq majburiyatlarini to‘liq bajarmaydilar. Paxta ekiladigan yer maydonlarining bir qismiga serdaromad ekinlarni ekishga harakat qilishadi va bunday sharoitda kimyoviy o‘g‘itlardan hamda ximikatlardan yuqori darajada foydalanadilar, natijada yerlarning tabiiy strukturasi buzilib, tuproq unumdorligi tobora pasayib bormoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi yer maydonlariga yuqori tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan ekinlarni ekish va olingan hosilni, xususan paxta xom-ashyosini ular tomonidan belgilangan narxlarda sotish kabi holatlar uchrab turibdi. Bu fermerlarni paxta hosildorligini oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini pasayishiga sabab bo‘ladi va dalalarda boshqa daromad keltiradigan ekinlarni yetishtirishga intilishlarini kuchaytiradi. Bunday holat yerlarni almashlab ekishga imkon bermaydi. Bu ham tuproq unumdorligini pasayib borishiga sabab bo‘lmoqda.
    Shuningdek, mahalliy hokimiyat idoralarining fermerlar faoliyatiga aralashuvi, ularni mustaqil faoliyat qilishlariga, ya’ni o‘zlariga biriktirilgan yer maydonlariga qanday ekin ekish, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kimga va qancha narxda sotishni o‘zlari belgilay oladigan mustaqil tadbirkorlik sub’yektlari sifatida faoliyat yuritishlariga sun’iy to‘siqlar qo‘yilmoqda.
    Yuqoridagilarga asoslanib aytish mumkinki bugungi kunda klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan, o‘zaro manfaatdorlik va kelishuvga asoslangan munosabat deb bo‘lmaydi.
    Klasterlar tizimidagi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rivojlantirish va ular o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlarni zamon talablari asosida takomillashtirib borish zarur. Shuningdek, mazkur sohaga to‘liq erkinlik berish va bu borada g‘ov bo‘lib turgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
    Bunda fermerlarga paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarini erkin tasarruf qilish huquqini berilishini ham taqozo qiladi. Bu yer masalasini qonuniy yo‘l bilan hal etilishini imkoniyatini beradi. Yerga egalik qilish huquqini yoki yerni ijaraga berish huquqini qayta sotish bozor iqtisodiyoti talablariga mos ravishda amalga oshirilishiga olib keladi.
    Bunga e’tiborsizlik yangilik sifatida e’tirof etilayotgan-klasterlariga bo‘lgan ishonchni, odamlarni yangilikka bo‘lgan intilishlarini susayishiga olib keladi. Vaholanki, klasterlar tufayli agrar sohani barqaror rivojlanishiga erishilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, aholini turmush farovonligini oshirishga ijobiy ta’sir etmoqda.
    Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev 2023-yilning 18-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlri bilan ochiq muloqotida ta’kidlaganidek “...hamma qarshi bo‘lsa ham klasterlar faoliyatini ishga tushirdik va tizim o‘z samarasini ko‘rsatdi”3. Aytish joizki, klaster tizimiga o‘tilgandan so‘ng, olti yil mobaynida har bir gektar yer maydonidan olinadigan paxta hosili 26 syentnerdan 34 syentnerga ko‘paydi, ba’zi hududlarda, xususan Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 40 syentnergacha hosil olindi. Shuningdek, hozirgi vaqtda paxta-to‘qimachsilik klasterlarida 600 ming aholi doimiy daromad olib mehnat qilayotgani ham e’tiborga loyiqdir.
    Paxta narxini belgilash bo‘yicha munozaralar bo‘lib turgan bir paytda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatini Kun.uz.ga bergan xabariga ko‘ra endi paxta narxi erkin bozor tamoyillariga asosida belgilanadi. Mazkur o‘zgarishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Paxta xom-ashyosini yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos qilib olingan. Xabarda qayd etilishicha paxta xom-ashyosining narxi bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq har bir hududda o‘sha hududdagi yerning holati, paxta yetishtirishga yo‘naltirilgan sarf-xarajatlar, bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, bevosita xaridor va sotuvchi tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida belgilanadi. Bu fermerlarga paxta xom-ashyosini o‘zaro kelishilgan narxda sotish erkinligini berilganligi bilan xarakterlanadi. Shuningdek, fermerlarni manfaatdorligini oshirish maqsadida paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflangan elektr energiyasi xarajatlarning 50 foizgacha qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Bu borada klaster tizimidagi xususiy mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi idoralar, mansabdor shaxslarni tadbirkorlik sub’yektlarining xo‘jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun javobgarlikni kuchaytirish birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi lozim.
    Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, klasterlar tizimi rivojida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Bizningcha, klasterlani barqaror rivojlanishi uchun quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

    1. Davlatimiz tomonidan paxta-to‘qimachilik klkasterlarini rivojlantirishga oid qarorlarni, farmonlarni va boshqa me’yoriy hujjatlarni qat’iy bajarilishini ta’minlash, belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul xodimlarni aniqlash va ularni bu boradagi hisobotlarini muntazam eshitish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash;

    2. Klasterlar bilan fermerlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma majburiyatlarni, ya’ni fermerlar paxta xom ashyosini o‘z vaqtida sifatli yetkazib berish, klasterlar esa-fermerlarga urug‘lik, mineral o‘g‘it, ximikatlar, yoqilg‘i moylash materiallari, zamonaviy texnika va xokazolarni o‘z vaqtida ta’minlash, shartnoma shartlarini buzgan tomonlarga intizomiy choralar ko‘rishni qat’iy belgilab qo‘yish;

    3. Tuproq unumdorligi va uning kimyoviy va biologik xususiyatlarini ilmiy asosda o‘rganib, hududlarda ekilgan g‘o‘zani o‘g‘itlash hamda gerbesidlardan foydalanishni samarali tashkil etish, shuningdek, ilmiy asoslangan alamashib ekish tizimini yo‘lga qo‘yish;

    4. Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligini oshirish uchun jahon bozoridagi paxta narxini e’tiborga olgan holda, paxtani xarid narxlarini muvofiqlashtirib borish va hokazolar.

    Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda paxta-to‘qimachilik klasterlarining rivojlanishi jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal etish chora-tadbirlarini belgilash orqali ularni barqaror rivojlanishiga erishiladi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining 2030 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarilishini amaldagi ijrosini ta’minlangan bo‘ladi.
    Adabiyotlar
    1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oliy majlisga Murojaatnomasi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy veb sayti. www.president.uz. 20.12.2022 y
    2. Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy veb sayti. www.president.uz. 18.08.2023 y.

    3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-113 sonli qarori. “Xalq so‘zi” gazetasi. 2023 yil 05 aprel.


    4. Prezident Sh. Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi muharirining savollariga javobi. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-y, 17-avgust.




    1 Rasm ilmiy adabiyotlardan foydalangan holda muallif tomonidan tayyorlandi.

    2 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazassi. Lex.uz.. 2021 y., 26-fevral.

    3 Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy veb sayti. www.president.uz. 18.08.2023 y.



    Download 327,93 Kb.




    Download 327,93 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Klasterlar rivojidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari

    Download 327,93 Kb.