Korporativ boshqaruv amaliyoti bo'yicha ilg'or xorij tajribalari va ulardan samarali foydalanish istiqbollari
TMI, magistranti Abdurashidov F.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24 aprelda PF-4720 sonli “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, Germaniya, Koreya hamda boshqa rivojlangan davlatlarning muvaffaqiyatli tajribasi o'rganilib, korporativ boshqaruv kodeksi ishlab chiqilib, tasdiqlandi va amaliyotga kiritildi.Ushbu qarorning asosiy maqsadi samarali korporativ boshqaruvni aksiyadorlik jamiyatida tashkil etish, aksionerlarning manfaatlarini ko‘zlagan holda amaldagi qonunchilikda ruxsat etilgan tartiblarga muvofiq korporativ boshqaruv foydasini ko'paytirish, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv amaliyotidan samarali foydalanishdagi mavjud muammolarni o'rgangan holda korxonalar boshqaruvini samarali tashkil etish, unga ichki hamda tashqi investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish, istiqbolli innovatsiya strategiyalarini amalga oshirish va boshqa shu kabi bir qator vazifalarni hal etishdan iboratdir.
O'zbekistonda aksiyadorlik jamiyatlarini yaratish, korxonalar faoliyatiga korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish bilan bog'liq jarayonlarda bozor islohotlarini amalga oshirilishi, korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish muhim ahmyatga ega. Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tamoyillarini qo'llash, korporativ boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirish hamda mulk huquqini taqsimlash borasidagi munosabatlarning yaratilishi natijasida mulkdorlar tomonidan investitsiya qilgan mablag'larning samarali ishlatilishi hamda ulushlari uchun mos ravishda foyda olish imkoniyatlari paydo bo'ladi. Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv samaradorligiga ichki omillardan tashqari bir qator tashqi omillar ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bularga milliy an'analar, iqtisodiy rivojlanishning o'ziga xos xususiyatlari, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi, xususiy mulkchilik munosabatlarning rivojlanganlik darajasi, xususiy mulkning daxlsizligi kabi omillarni ko'rsatish mumkin.
|