I Bob bo’yicha xulosa
Xulosa qilib aytganda, alohida e'tiborga muhtoj bo'lgan bolalarga asoslangan inklyuziv ta'lim jamiyatga ham foydalidir. Bu esa o'z navbatida jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolani oddiy bog'cha yoki maktabga joylashtirish integratsiya yo'lidagi birinchi qadamdir. Integratsiyalashgan jamiyatda barcha teng huquqqa ega, bu yaxlit jamiyatdir. Inklyuziv ta'lim tufayli jamiyat integratsiyalashgan jamiyatga aylanadi va barcha bolalar uchun foydali bo'lgan samarali pedagogika tamoyillarini targ'ib etadi. Insonlarning turli xilda bo'lishi normal holat, deb qabul qilingan va o'rganish jarayonining tabiati va bosqichlaridan kelib chiqib, bola mazkur jarayon talablariga emas, balki ushbu jarayon bola talablariga moslashtirilishi lozim.
Umumta'lim maktablarga oddiy bolalarning barchasi borsa, alohida e'tiborga muhtoj bolalar ham jalb etilishi kerak. Inklyuziv ta'limning oiladan, maktabgacha ta'lim muassasalaridan boshlab yo'lga qo'yilayotganligi muhim ahamiyatga ega. Bu esa bolalarning keyinchalik atrofdagilar bilan muloqotda bo'lishiga, ijtimoiy muhit talablariga javob bera oladigan va shu bilan birga, kundalik-maishiy ehtiyojini qondirish ko'nikmalarini erta egallashlariga, hayotga moslashib, umumta'lim maktablarida tengdoshlari qatori darslarni o'z vaqtida o'zlashtirishiga, topshiriqlarga mas'uliyat bilan yondashish ko'nikmasini egallashlariga ko'maklashadi. Umumta'lim maktablarda inklyuziv ta'lim - alohida e'tiborga muhtoj bo'lgan bolalar yoki boshqa sabablar tufayli tarbiyasi og'ir, yetim bolalar uchun moslashuvchan, individuallashgan va barcha bolalarga teng huquq va imkoniyatlar tengligini beradigan ta'lim tizimidir. Shuningdek, inklyuziv ta'lim - millati, irqi, tanasining rangi, ijtimoiy kelib chiqishi, moddiy va ma'naviy ahvoli, oilasining jamiyatda tutgan o'rni, jismoniy yoki rivojlanishda kamchiligi bo'lishidan qat'iy nazar barcha bolalarni teng ko'rish, ulardagi har qanday imkoniyatni qo'llab-quvvatlashni nazarda tutadigan ta'lim hisoblanadi.
|