- maxsus asbob-uskunalar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumli va ommaviy ishlab
chiqarish yoki yakka tartibdagi buyurtmani tayyorlash uchun mo‘ljallangan, maqsadli asbob va
moslamalar);
- maxsus va sanitariya kiyimi, maxsus poyabzal;
- ko‘rpa-to‘shaklar;
- yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qo‘yiladigan asboblar va hokazolar);
- oshxona inventari, shuningdek dasturxon va sochiqlar;
- barpo etish xarajatlari qurilish-montaj ishlarining tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (titulsiz)
inshootlar, moslamalar va qurilmalar;
- foydalanish muddati bir yildan oshmaydigan almashtiriladigan uskunalar;
- ovlash qurollari (to‘rlar, matraplar, trallar va hokazo).
Korxona ularning vazifasi va moliya-xo‘jalik faoliyatidagi o‘rniga bog‘liq holda inventar,
asboblar va xo‘jalik anjomlarini hisobga olish uchun hisobvaraqlarni mustaqil ochish huquqiga ega.
Topshirish paytida inventar va xo‘jalik anjomlarining qiymati to‘laligicha ishlab chiqarish yoki davr
xarajatlariga kiritiladi.
Materiallarni buxgalteriya hisobida to‘g‘ri baholash muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Ishlab chiqarish zahiralarini baholash «Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMAga asoslangan
bo‘lishi lozim. Ushbu standartga muvofiq materiallar eng kam bahoda, ya’ni tannarxi bo‘yicha yoki
sof sotish qiymatida hisobga olinishi lozim. Chunki buxgalteriya hisobining ehtiyotkorlik tamoyilini
aks ettirishning biri bo‘lib past baholash qoidasi hisoblanadi: tannarx bo‘yicha yoki sotishning sof
qiymati.
«Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMAga asosan tovar moddiy zahiralarning tannarxi
barcha sotib olish xarajatlarini va tovar-moddiy zahiralarni manzilga yetkazib berish hamda tegishli
holatga keltirish bilan bog‘liq bo‘lgan transport-tayyorlov xarajatlarini o‘z ichiga oladi.
Materiallarni sotib olish xarajatlari sotib olish qiymatini, import bojlari va yig‘imlarni,
mahsulotni sertifikatsiya qilish xarajatlarini, ta’minot, vositachi tashkilotlarga to‘langan komission
to‘lovlarni, soliqlarni (keyinchalik hisob-kitob tarzida), shuningdek transport-tayyorlov xarajatlari,
xizmat va zahiralarni sotib olish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi.
Savdo diskontlari, siylovlari va shunga o‘xshash boshqa chegirmalar materiallarni sotib olish
xarajatlarini belgilashda amalga oshiriladi. Boshqa xarajatlar, agar ular materiallarni manziliga
yetkazish paytida paydo bo‘lgan taqdirdagina tovar-moddiy zahiralarning tannarxiga kiritiladi.
Masalan, ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha xarajatlar yoki muayyan mijozlar
uchun mahsulot ishlab chiqarish sarflarini materiallar qiymati bo‘yicha xarajatlarga kiritish
imkoniyati vujudga kelishi mumkin.
Materiallarning har bir turini tayyorlash, haqiqiy tannarxini hisoblash ko‘p mehnat va vaqt
talab qiladi. Shuning uchun ham ko‘pchilik hollarda moddiy boyliklar joriy hisobda - o‘rtacha sotib
olinish bahosi, reja tannarxi bo‘yicha va boshqa baholarda baholanadi. Materiallarning haqiqiy
tannarxi bilan o‘rtacha sotib olinish bahosi yoki reja tannarxi o‘rtasidagi farq ularning guruhlari
bo‘yicha alohida hisobvaraqlarda hisobga olinadi. Amaliyotda kompyuterlarning keng qo‘llanilishi
material zahiralari har bir turining haqiqiy tannarxini hisoblash imkoniyatini yaratadi.
Ishlab chiqarish xarajatlariga hisobdan chiqariladigan materiallarning haqiqiy tannarxini
aniqlash, ularni baholashning quyidagi usullarini qo‘llash bilan amalga oshirish mumkin:
1. O‘rtacha tannarx bo‘yicha yoki AVECO usuli;
2. O‘rtacha chamalangan baholar bo‘yicha, birinchi tushum-birinchi xarajat, FIFO usuli;
3. O‘rtacha chamalangan baholar bo‘yicha, oxirgi tushum-oxirgi xarajat, LIFO usuli.