Ish davri-ishlab chiqarish vaqtining asosiy tarkibiy qismidir. Bu vaqt davomida mahsulot mehnatning bevosita ta’siri ostida bo‘ladi. Ish davrining uzunligi ishlab chiqariladigan
mahsulot xususiyatiga, qo‘llaniladigan mehnatning miqdori va uning unumdorligi darajasiga bog‘liqdir.
Tanaffuslarni tabiiy jarayonlarning mehnat buyumlariga ta’sir ko‘rsatish zarurligi va tashkiliy tavsifdagi sabablar taqozo etadi. Birinchi holda, mehnat buyumlari u yoki bu darajada uzoq davom etadigan jismoniy, kimyoviy va biologik jarayonlarning ta’siri ostida bo‘ladi. Buning natijasida muayyan foydali samaraga erishiladi yoki iste’mol qiymatlarining shakli o‘zgaradi. Bunda mehnat jarayoni qisman yoki to‘liq to‘xtaydi, ishlab chiqarish jarayoni esa davom etadi. Tashkiliy sabablarga ko‘ra tanaffuslar vaqti korxonalarning
ish rejimi bilan, shuningdek ishlab chiqarishni tashkil kilish xususiyatlari bilan belgilanadi.
Ishlab chiqarish vositalarning zahira va ehtiyotlar sifatida bo‘lish vaqti-bu ularning ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan davrdir.
Texnologik jarayonlarni tezlashtiradigan yangi texnika va texnologiyalarning qo‘llanilishi tanaffus davrining va binobarin ishlab chiqarish vaqtining qisqarishiga olib keladi. Transport shaxobchalarini rivojlantirish, xo‘jalik aloqalarining samarali tizimini belgilash, ishlab chiqarish vositalari
bozorini shakllantirish, ehtiyojlarni puxta hisobga olish, muomala vaqtini qisqartirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Kapitalning aylanish tezligi ulardan foydalanish samaradorligiga jiddiy ta’sir qiladi. Aylanish tezligi muayyan davr ichida (A) qilingan aylanishlar soni (n) yoki bir aylanishning uzun-qisqaligi (a) bilan belgilanadi: n=A/a; a=A/n.
5.Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish va undan foydalanish samaradorligi.
Kapitalning samaradorlik darajasi turli omillarning ta’siri ostida shakllanadi. Ular orasida asosiy kapitalning tarkibi, tarmoq va turlar bo‘yicha tarkibi; asosiy kapitaldan foydalanish va
uni taqsimlash samaradorligi; eskirgan mehnat vositalarini yangilari bilan amashtirish yo‘llari va usullari muhim ahamiyatga ega.
Asosiy kapitalning tarmoq tarkibi ularning ayrim tarmoqlar bo‘yicha taqsimlanishi va kapitalning umumiy qiymatidan har bir tarmoqning hissasi bilan tavsiflanadi. Agar asosiy kapital tarkibida ko‘proq texnika taraqqiyoti va ishlab chiqarish samaradorligini belgilaydigan tarmoqlarning ulushi oshsa, ularning tarmoq tarkibining yaxshilanganligini bildiradi.
Asosiy kapitalning turlari bo‘yicha tarkibi ularning umumiy qiymatida, har bir turlarining hissasi va nisbati bilan tavsiflanadi.
Asosiy kapitalning ayrim turlari ishlab chiqarishda o‘z ishtiroki bo‘yicha bir xil ro‘l o‘ynamaydi. Agar binolar asosan ishlab chiqarish jarayonining bir me’yorda borishini ta’minlab mehnatning umumiy
sharoitini tashkil qilib, ishlab chiqarish samaradorligiga bilvosita tasir ko‘rsatsa, mehnat qurollari ishlab chiqarish jarayonida faol ro‘l o‘ynaydi va ishlab chiqarish samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Asosiy kapitalning mulk shakllari bo‘yicha tarkibi, kapitalning umumiy qiymatida har bir mulk shaklining hissasi bilan tavsiflanadi.
Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish o‘zaro bog‘langan ichki jarayonga: asosiy kapitalning eskirishi, ya’ni amortizatsiya jarayoni va amortizatsiya fondidan mehnat vositalarini jismoniy shaklda tiklash uchun foydalanishga tayanadi.
Mehnat vositalari jismoniy eskirishining ikki shakli mavjud: ulardan foydalanish jarayonida va harakatsiz turish natijasida, tabiiy kuchlarning ta’sirida jismoniy eskirish hisoblanadi.