|
Mis iste’molchilari. Mis ishlab chiqarishning xom ashyosi
|
Sana | 27.11.2023 | Hajmi | 21,4 Kb. | | #106431 |
Bog'liq og\'ir maruza ismi
Mis iste’molchilari. Mis ishlab chiqarishning xom ashyosi.
Hozirgi kunda texnika taraqqiyoti yuksak darajada shunchalik tez va eng zamonaviy elektron texnikalar bilan jihozlangan holda rivojlanmoqdaki, bu esa o‘z navbatida, mis olish texnologiyasiga ham o‘zining kuchli ta’sirini o‘tkazmoqda. Mis olish, uning xomashyolarini qayta ishlash qadimdan yo‘lga qo‘yilganligi, miloddan oldingi asrlarda ham bizning hududimizda mis rudalari qazib olinganligi oldingi bo‘limlarda ta’kidlab o‘tilgan edi.
Arxeologik qazilmalar va ayrim tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, qadimiy Iloq viloyatining poytaxti Tunkentda, To‘qkentda (Pskent tumani, hozirgi Qirqqiz jamoa xo‘jaligida), Qurama tog‘ tizmalarida misli hamda qo‘rg‘oshinli, oltin va kumushga boy rudalar qo‘l mehnati orqali qazib olinib, ba’zan alohida boyitilib, ba’zan esa boyitilmasdan pechlarda eritilgan. Taxminlarga qaraganda, VI asrgacha mis va oltin boyitilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eritilgan. Mis, oltin izlovchilar tomonidan konlarda yer osti va yer usti usuli bilan ularni rangiga qarab (mis qizg‘ish, oltin sarg‘ish rangda bo‘lgan) o‘tkir bolg‘acha va teshalar bilan ajratib olingan. Ayrim joylarda toshlarni yuqori alangada qizdirib, so‘ng suv sepib, minerallarni darz ketkazish yo‘li bilan parchalab, eritish pechlariga olib keltirilgan. Bu eritish pechlari uchun avvaliga yerni 1–2 metr o‘yib, yon tomonlariga, chekkalariga, mo‘rilariga o‘tga chidamli toshlarni terib, havo berish orqali eritish jarayonini amalga oshirganlar.
VIII – X asrlarga borib nafaqat erkin holdagi mis, balki oksidlangan holdagi mislar ham ishlatiladigan bo‘ldi. Sabab, oksidlangan mis xrizokola, malaxit, kuprit, azurit holatida bo‘lib, ular konning ustki qatlamida joylashadi va boshqa tog‘ jinslariga nisbatan o‘zining rangi orqali ajralib turadi.
Pechlar esa bir oz hajmi kengaytirilib, yer ustida poydevor qurilib, so‘ng o‘tga chidamli g‘ishtlardan terilgan. Ularni hozirgi minorali pechlarga, bir oz bo‘lsa-da, o‘xshatish mumkin.
X–XII asrlarga kelib Shosh, Iloq davlati mis, oltin, kumushni nafaqat metall, balki qotishma holida, tanga, zebu ziynat holida tayyorlash bo‘yicha butun O‘rta Osiyoda yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Tozaligi va sifatliligi jihatidan bu davlat butun Mo‘g‘uliston, Arab mamlakatlari hatto Yevropaga ham aynan shu metallar orqali tanildi.
Mo‘g‘ullar davri va undan keyingi davrlarda metalni eritib olish juda kam amalga oshirilgan. Yozma ma’lumotlarga suyangan holda shuni aniqlash mumkinki, Petr I davrida Rossiyada metallurgiya, ayniqsa, qora metallurgiya nihoyatda rivojlanib, dunyoda birinchilar qatoridan o‘rin egallagan.
1920–1930 yillarga kelib esa metallurgiya asta-sekin qayta tiklanib, rangli, so‘ng nodir va qimmatbaho metallar ajratib olish yo‘lga qo‘yila boshlandi.
Bir vaqtlar 80–90 % mis aynan yallig‘ qaytaruvchi eritish pechida qayta ishlanib, bu usul dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu usul zamonaviy talablarga javob berolmay qoldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, AQSh, Kanada, Finlyandiya va MDH mamlakatlarining ko‘pgina eritish korxonalarida haligacha ishlab turibdi.
Yallig‘ qaytaruvchi eritish pechining qariyb sakson yildirki texnologiyadan chiqib ketmasligining sababi bor, albatta. Ulardan eng asosiysi, har qanday namlikda, ashyoning yirikligi, hatto uning tarkibi, pechning iqtisodiy ko‘rsatkichiga unchalik ta’sir qilmaydi.
Shuningdek, suyuq holdagi konverter toshqollariga qayta ishlov berish imkoni ham mavjud.
Quyida yirik rivojlangan mamlakatlarda keng miqyosda qo‘llanilib kelayotgan eritmada boradigan avtogen jarayonlar haqida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz.
Ularning tarkibiga Kanadaning “Noranda Mayns” kompaniyasi ishlab chiqqan “Noranda” eritish pechi, muhandis Uorkraning “Konzink Riotinton” (Avstraliya) firmasi tomonidan 1967 yili ishlab chiqilgan “Uorkra” jarayoni hamda butun dunyoda mashhur bo‘lgan Kanadaning “Timmins” zavodi, Yaponiyaning “Onaxama” va “Naosima” zavodlarida qo‘llanib kelinayotgan “Misubisi” jarayonlari kiradi. Ushbu jarayonning umumiy ko‘rinishi 2.15-rasmda berilgan.
“Naosima” zavodida ushbu jarayon bilan ishlab turgan eritish majmuining unumdorligi ko‘proq eritish pechining ishlashiga, uning tuzilishiga bog‘liqdir. Umumiy diametri 10,2 va 7 metr, balandligi 2 metr, vannasining chuqurligi 800 mm, toshqol vannasining chuqurligi esa 20–30 mm bo‘lgan oval shaklidagi eritish pechi to‘la avtogen holda ishlaydi. Jarayon tarkibida 45 % gacha kislorodi bo‘lgan havo bilan purkash natijasida eng yuqori qavatlardan biriga joylashgan eritish pechida boradi. Shixta qorishmasi 1% gacha yaxshilab quritilgach, tarkibida mis boyitmasi, kvars, ohaktosh, konverter toshqoli bo‘lgan birikma pechga yuklab turiladi. Shixta qorishmasining to‘xtovsiz yuklatilishi natijasida uzluksiz eritmaning 65% misli shteyn hamda 30–35% kremniyli toshqol aralashmasi birgalikda pastki qavatda joylashgan pechga yopiq nov orqali quyilib turadi.
Solishtirma unumdorlik eritish pechida sutkasiga 10t/m2 ni tashkil etsa-da, lekin bu ko‘rsatkichni texnologik havoning tarkibidagi kislorodni ko‘paytirish yo‘li bilan ikki barobarga orttirish mumkin.
Keyingi agregat 25 kv. metr maydonni tashkil etgan elektr pech uchta elektrod bilan ta’minlangan bo‘lib, suyuq toshqol vannasining chuqurligi 600 mm ni tashkil etadi. Toshqol tarkibidagi misni kambag‘allashtirish uchun ba’zan koks qo‘shib turiladi. Bu yerdan olingan shteyn to‘g‘ri suyuq holida yana yopiq nov orqali pastki qavatda joylashgan konverter pechiga quyiladi.
Ikkinchi mahsulot esa tarkibida Cu – 0,5% bo‘lgan va SiO2 – 30–35%dan iborat bo‘lgan toshqol alohida uskuna yordamida qumoqlashtirilib, so‘ng maxsus tashlanma joyga chiqarib tashlanadi.
Konverter ham oval shaklidagi sakkizta furma va yondirgichdan iborat bo‘lib, konverter toshqolining tarkibini yaxshilash uchun ohaktoshli flyus bilan birgalikda pechga havo purkab turiladi. Harorat me’yoridan ortib ketgan taqdirdagina issiqlikni kamaytirish uchun sementli mis yoki ikkilamchi misli ashyo yuklab turiladi.
Toshqolning umumiy chiqishi mis boyitmasiga nisbatan 7–8% dan ortmaydi. Bundan olingan konverter toshqoli quyuqlashtirilib, yana jarayon boshiga, ya’ni eritish pechiga jo‘natiladi.
Yallig‘ qaytaruvchi pechga qaraganda “Misubisi” jarayonining afzalliklari quyidagicha:
1. “Mitsubisi” pechining solishtirma unumdorligi 2–4 marta yuqori.
2. Yonilg‘i sarfining miqdori 2 marta kam.
3. SO2 ga boy gazlar olinadi va tashqi muhitga chiquvchi gazlar kamayadi.
4. Kapital va ekspluatatsiya uchun ketadigan xarajatlarning kamayishi, shuningdek, ishchi kuchiga ketadigan xarajatlarning kamayishi ham uning afzalligidir.
|
| |