|
Moliya bozori modellari
|
bet | 1/4 | Sana | 22.01.2024 | Hajmi | 37,49 Kb. | | #143456 |
Bog'liq Moliya bozori modellari
Moliya bozori modellari
Moliya bozori modeli - iqtisodiyotni moliyalashtirishning turli usullari va turli moliyaviy vositachilar rolining ahamiyatiga bog‘liq holda bozorni tashkil etish tipidir.
Iqtisodiyotni moliyalashtirishning ikkita asosiy usuli mavjud bo‘lib, ular bank kreditlari yordamida moliyalashtirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozori orqali moliyalashtirishdir.
Bank kreditlari yordamida moliyalashtirish kontinental Yevropada moliyalashtirishning asosiy usuli hisoblanadi. Bunda moliyaviy resurs jalb qilish maqsadida bankka murojaat qilinadi. Bank kompaniya moliyaviy holatini tekshiradi, taqdim etgan loyihasi va uning samaradorligini ijobiy baholaganda boshqa shartlarning ham bajarilishini inobatga olgan holda kredit ajratadi. Tegishli talablar bajarilmagan yoki taqdim etilgan loyihalar ijobiy baholanmagan holatlarda, shuningdek loyihalar yuqori riskli deb topilganda banklar moliyalashtirish bo‘yicha arizaga rad javobini berishi mumkin. Bundan tashqari faoliyatni moliyalashtirish bo‘yicha bir necha kreditlarni moliyalashtirish murakkab jarayon ekanligini ham shu o‘rinda qayd etib o‘tish lozim. Bank stavkalari yuqoriligi, alohida bank tomonidan mustaqil ravishda yirik summada kredit berish imkoniyati pastligi bunday amaliyotning kamchiliklari hisoblanadi. Banklar tomonidan kreditlashning kamchiliklari o‘z navbatida kompaniyalar tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozori orqali mablag‘lar jalb qilishni rivojlantirishga zaruratni yuzaga keltiradi.
Qimmatli qog‘ozlar bozori orqali moliyalashtirish Amerika qo‘shma shtatlarida va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda iqtisodiyotni moliyalashtirishning asosiy usuli hisoblanadi. Bunda kompaniyalar qimmatli qog‘ozlar muomalaga chiqaradi va kapital jalb qilish uchun ularni bozorda sotadi. Qimmatli qog‘ozlar bozoridan mablag‘lar jalb qilish kapital jalb qiluvchi uchun qulay bo‘lsada, loyihalarni moliyalashtirish uchun qimmatli qog‘ozlardan foydalanish har doim ham qulay hisoblanmaydi. Chunki bank kreditini jalb qilish uchun faqatgina bank ishonchini qozonish yetarli bo‘lsa, qimmatli qog‘ozlar orqali kapital jalb qilish ko‘plab investorlar ishonchini qozonishni talab qiladi. Bunda investorlarni loyihaning samaradorligi va eng asosiysi emitentning investorni muntazam ravishda daromad bilan ta’minlashiga ishontira olishi lozim bo‘ladi. Qimmatli qog‘ozlar bozoridan mablag‘lar jalb qilish quyidagilar bilan bevosita bog‘liq:
investorlar uchun ochiq va nufuzli bo‘lishi lozim, uning loyihalari, moliyaviy hisobotlari va ko‘rsatkichlari tanishish uchun qulay bo‘lishi lozim;
jalb qilinadigan kapital kreditga nisbatan arzonga tushishi lozim. Buning uchun odatda qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali katta miqdorda kapital jalb qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yuqoridagilardan ham ko‘rinib turibdiki, turli mamlakatlarda iqtisodiyot va moliya sohasi rivojiga ko‘ra jahonda moliya bozorining bank va qimmatli qog‘ozlar bozoriga asoslangan ikkita asosiy modeli shakllanganligi tilga olinadi. Bu modellar odatda insayderlik va autsayderlik modellari, nemis va ingliz modellari sifatida ham tilga olinadi. Moliyaviy sxemalar va munosabatlardagi yaqqol farqlarning yuzaga kelganligidan kelib chiqqan holda moliya bozorining islom modeli ham keyingi paytlarda alohida qayd etilmoqda.
Bank modeli - bank tomonidan moliyalashtirishga asoslangan tizim bo‘lib, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va boshqa dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng qo‘llaniladi. O‘zbekistonda ham moliya bozori banklar tomonidan moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat berilgan bo‘lsada, ma’lum bir farqli jihatlar mavjudligini qayd etish lozim. Mazkur modelning asosiy xususiyatlari quyidagilar:
tijorat banklari moliyaviy vositachilar (broker, diler, anderrayter) funksiyalarini bajaradi;
kreditlash mexanizmlari orqali kompaniyalarni uzoq muddatli moliyalashtirish ustunlik qiladi;
mulkchilikning yuqori ulushi guruhlar qo‘lida jamlanadi. Bunda davlat va yirik korporativ tuzilmalar ulushi yuqori hisoblanadi;
qimmatli qog‘ozlarni qo‘shimcha joylashtirish yopiq xarakterga
ega;
aksiyadorlik kapitali tarkibi nazorat paketi va vertikal ishtirok etishga asoslanadi;
bir foizgacha kapitalga egalik qiluvchi mayda aksiyadorlar kamchilikni tashkil qiladi, shuningdek kollektiv investitsiyalash institutlari faoliyati mayda investorlar faoliyatida ahamiyat kasb etadi.
Autsayderlik, anglo-amerika modeli kabi nomlar bilan ham ataluvchi nobank modeli - qimmatli qog‘ozlar bozoriga yo‘naltirilgan va institutsional investorlar (sug‘urta kompaniyalari, investitsiya va pay fondlari) tizimidir. Mazkur modelning asosiy xususiyatlari quyidagilar:
qimmatli qog‘ozlar bozorida moliyaviy vositachilar funksiyalarini nobank moliyaviy institutlar, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha tashkilotlar (birjalar, vositachilik tashkilotlari va hokazolar) bajaradi;
banklar va ularning filiallari yoki vakolatxonalariga qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlar uchun operatsiyalarni amalga oshirishlari ta’qiqlangan;
qimmatli qog‘ozlar asosan ko‘plab mayda mulkdorlar o‘rtasida birja mexanizmlari orqali joylashtiriladi;
aksiyadorlik kapitali tarqoq bo‘lib, mayda xususiy investorlar ulushi aksiyadorlik kapitalining 50 foizidan yuqorini tashkil etadi;
xususiy investorlar o‘rtasida moliyaviy aktivlar savdosi uchun bozor sifatida fond birjalarning rivojlanganligi;
kompaniyalarni moliyalashtirishda qarz majburiyatlariga nisbatan aksiyalar bozorining ustunlikka egaligi.
XX asr oxiri - XXI asr boshiga kelib ko‘plab Yevropa mamla- katlari moliya bozorlari anglo-amerika modeli xususiyatlarini o‘zlash- tira boshladilar. Natijada moliya bozorining anglo-amerika va kontinental modellari o‘zaro yaqinlashuvi yuz berdi.
Moliya bozorining islom modeli asosan moddiy manfaat, iqtisodiy foydadan oldin axloq qadriyatlari ustunligiga asoslanadi. Bu tizim XX asr oxirlarida arab davlatlarida neft eksportidan yuqori daromadga bog‘liq holda shakllangan. Aynan neft eksporti bo‘yicha yuqori daromad tufayli kelib tushgan pul mablag‘larini qanday saqlash masalasi yuzaga kelgan. Bungacha tushumlar miqdori past bo‘lganligi sababli, mablag‘lar an’anaviy banklarda saqlanar edi. Islom modeli- ning asosiy xususiyatlari quyidagilar:
foiz undirishga ta’qiq mavjudligi. Lekin bunday ta’qiq faqat banklar uchun daromadlar kafolatgan holda amal qiladi;
ulush asosida ishtirok etishdan yoki ijaradan daromad olish imkoniyatlari;
obligatsiyalar bozorining mavjud emasligi. Lekin obligatsiyaning maxsus turi loyihani moliyalashtirishdagi ulushi asosida daromad olish imkonini berish orqali amal qiladi;
azart o‘yinlari, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq biznesga investitsiyalar kiritishga ta’qiq qo‘yilganligi;
hosilaviy moliyaviy instrumentlarning mavjud emasligi. Masa- lan, pishib yetilmagan bug‘doy uchun ham hosilaviy instrumentlar qo‘llanilishi mumkin emas;
nochorlarga yordam tamoyillari amal qilishi. Bunda har bir islom banki va uning mijozlari zaxira kapitali va foydasi hisobidan kamba- g‘al musulmonlar foydasiga islom solig‘i ajratish asosida maxsus fond tashkil etadi.
Umumiy holda ta’kidlash mumkinki, moliya bozori modellari ma’lum darajada korporativ madaniyatga ham bevosita bog‘liq.
|
| |