oyligi ruknida:
— boshlang‘ich sinflarda “Alisher va Husayn”, “Bobur bobom” “Kichkina kitobxon”, “Bobur muzeyida
bo‘ldik”, “Alisherning yoshligi”, “Alisher va bulbul” kabi matn va hikoyatlar o‘qitilishi, o‘z darajalarida
muhokama qilinishi, suhbat uyushtirilishi, kichik-kichik sahna ko‘rinishlari tayyorlab, ertaliklarda,
o‘quvchi-o‘qituvchilar, ota-onalar o‘rtasida namoyish etilishi ular qalbida buyuk bobolariga nisbatan mehr
uyg‘otadi;
— V-VII sinflarda “Odob – kishining ziynati”, “Bobur ruboiylarini sevib yodlayman”, “Bobur ruboiylarida
Vatan sog‘inchi” “Saxiylik va baxillik”, “Suhayl – mening sevimli qahramonim”
mavzularida namunali darslar, tarbiyaviy soatlar, kichik sahna ko‘rinishlari; “Biz ham g‘azal yodlaymiz”,
“Ruboiy sehri” mavzularida g‘azalxonlik, ruboiyxonlik musobaqalari;
— VIII-IX sinflarda “Navoiy va Bobur ijodini sevib o‘qiyman”, “Navoiy — daho ijodkor”, “Bobur shoh
va shoir”, “Navoiy — davlat va jamoat arbobi”, “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘il...”, “O‘zbek adabiy tilining
asoschisi”, “Xamsa” – besh muhtasham qasr”, “Boburnoma — memuar asar”, “Alisher Navoiy ijodida
komil inson tarbiyasi” “Asrlarni bo‘ylagan Bobur” mavzularida badiiy kecha, konferensiya, seminar-
kengash, navoiyshunos va boburshunos olimlar bilan uchrashuvlar;
— “G‘azalxon yoshligim”, “Kim ko‘p g‘azalni ifodali yod biladi?”, “Navoiy va Bobur g‘azallarining eng
yaxshi ijrochisi”, “Navoiy dostonlaridan kim ko‘p yod biladi?” mavzularida g‘azalxonlik, ruboiyxonlik,
bahru bayt, dostonxonlik kechalari va musobaqalari;
— “Navoiy va Bobur asarlari bilimdoni”, “Buyuk allomalarni yod etib...”, “O‘yla, izla, top”
mavzularida zakovat intellektual musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar;
— “Ikki buyuk alloma va zamonamiz yoshlari”, “Buyuk xamsanavis”, “Navoiy va Bobur ijodi —
ma’naviyat bulog‘i” va boshqa mavzularda insholar tanlovi, devoriy gazetalar, albomlar ko‘rik-tanlovi;
— “Navoiy va Bobur asarlarini o‘qish bo‘yicha eng kitobxon oila” tadbirlarini tashkil etish maqsadga
muvofiq.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur asarlarini sinfda o‘qib-o‘rganish amalga oshiriladigan ishlarning
asosiylaridan bo‘lib, bu yumushga muallimlar alohida e’tibor va mas’uliyat bilan yondashishlari talab
etiladi.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur ijodi umumta’lim maktablarining V—IX sinflarida o‘rganiladi.
Uzviylashtirilgan “Adabiyot” o‘quv dasturida mutafakkirlar ijodidan namunalar o‘quvchilarning yoshi,
ruhiyati, bilim darajasi, jismoniy imkoniyatlari hisobga olingan holda sinflarga taqsimlangan.
Navoiy va Bobur ijodi bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini tashkil etishda o‘rni bilan zamonaviy interaktiv
metod va usullardan, AKTlardan foydalanish, ko‘proq asar jozibasi, badiiyatiga, so‘z sehri, uning
qudratiga tayanish, badiiy matn bilan ishlashda o‘quvchilarning har biriga o‘z darajasida mustaqil xulosaga
kelish imkoniyatini berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.