Leksik (lug‘aviy) sinonimlar. Bular ikki xil bo‘ladi: a) to‘liq sinonimlar har jihatdan teng keladigan, o‘zaro farq qilmaydigan, birining o‘rnida ikkinchisini bemalol qo‘llash mumkin bo‘lgan sinonimlardir (bular yana leksik dubletlardeb ham yuritiladi: kosmos – fazo, respublika – jumhuriyat); b) mav’noviy sinonimlar ayrim ma’no nozikliklari bilan farq qiladigan, birini ikkinchisining o‘rnida har doim ham qo‘llab bo‘lmaydigan sinonimlardir: ovqat, taom, yemish, xo‘rak; kuldi, jilmaydi, tirjaydi, irjaydi, ishshaydi, irshaydi, xoxoladi.
Frazeologik sinonimlar: boshi osmonda – og‘zi qulog‘ida – do‘ppisini osmonga otmoq (o‘ta xursand).
Leksik-frazeologik sinonimlar so‘z va ibora o‘rtasidagi ma’nodoshlikdir: yuvosh – qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan.
Grammatik sinonimlar ikki xil bo‘ladi: a) morfologik sinonimlar: adabiyotchi – adabiyotshunos, keldilar – kelishdi; b) sintaktik sinonimlar erkin so‘z birikmalari yoki gaplar o‘rtasidagi sinonimlikdir: dala ishlari – daladagi ishlar. Kitobni o‘qidi – kitob o‘qildi.
Shartli sinonimlar ma’lum gap yoki matn ichidagina o‘zaro sinonim bo‘lgan so‘zlardir: Nega kerak edi shu chiroy, shu o‘t? Shu yoniq yulduzni ko‘zga yashirmoq? Bu misoldagi chiroy, o‘t va yoniq yulduz so‘zlari o‘zaro shartli sinonimlar hisoblanadi.
Sinonimlar qatori a’zolaridan nutq jarayonida o‘rinli foydalanish so‘zlovchining maqsadini aniq, ravon va ta’sirchan ifodalashda katta ahamiyatga ega.
Omonimlar — umumiy maʼno unsurlariga ega boʻlmagan, tasavvuriy bogʻlanmagan, lekin bir xil yozilib, bir xil aytiladigan soʻzlar; ular orasida semantik aloqa boʻlmaydi. Ana shunday soʻzlarning tilda mavjud boʻlishi va shunga bogʻliq hodisalar omonimiya deyiladi. Omonimlarning lugʻaviy va grammatik koʻrinishlari farqlanadi.
Omonimlarning tilda paydo boʻlish sabablari turlichadir: avvallari har xil aytilib, bir xil eshitiladigan soʻzlar talaffuzining tarixiy jarayonda tovush almashinishi yoki talaffuz oʻzgarishi natijasida bir-biriga mos kelib qolishi; (ot — ism, ot — hayvon; oʻt — olov, oʻt — oʻsimlik) boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlarning talaffuz va yozilish jihatidan ona tilidagi soʻzlarga mos kelib qolishi (turbosqich; tur-xil, nav); tilda mavjud boʻlgan koʻp maʼnoli soʻz maʼnolarining bir-biridan uzoqlashishi (dam — nafas; dam — hordiq; dam — bosqon) va boshqa omonimlar bir yoki bir necha soʻz turkumi doirasida boʻlishi mumkin: bir soʻz turkumi doirasida omonimik uya tashkil etuvchi, yozilishi va talaffuzi aynan bir xil boʻlgan soʻzlar toʻliq yoki mutlaq omonimlar deyiladi (chang — gʻubor, toʻzon; chang — cholgʻu asbobi); faqat ayrim shakllardagina mos keladigan, boshqa-boshqa soʻz turkumlariga mansub soʻzlar notulik omonimlar, boshqacha aytganda, omoshakllar deyiladi: qoʻy (hayvon) — qoʻy (feʼlning buyruq shakli).
Omonimlar bilan bir qatorda tilda ularning alohida turlari sifatida omograflar (bir xil yoziladigan, lekin urgʻu va talaffuz bilan farqlanadigan soʻzlar: olma(meva nomi)—olma("-ma" qoʻshimchasini olgan ish-harakat), tom (uy tomi) — tom (kitob tomi) va boshqalar, hamda, omofonlar (bir xil talaffuz qilinadigan, lekin yozilishida farq qiladigan soʻzlar): yetti (son) — yetdi (feʼl); yot (begona) — yod (xotira) va hokazo. Omonimiyaning mazkur barcha koʻrinishlariga mansub soʻzlar maʼnosi asosan matn orqali bilinadi.
Omonimlar mumtoz adabiyotda tajnis sanʼati va tuyuq janrini yaratishda, askiya payrovlarida esa soʻz oʻyini va qochiriq sifatida ishlatiladi. Soʻz ustalari, ayniqsa, shoirlar (Al-Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Soʻfi Olloyor, Habibiy va boshqalar) poetik taʼsirchanlikni oshirishda omonimlar dan mahorat bilan foydalanganlar. Xorazmiyning: "Buyung sarvu sanubartek", "beling-qil", "Vafo qilgan kishilarga vafo qil" bayti yoki Alisher Navoiyning: Olmani sundi nigorim — ol, —dedi, Olma birla bu koʻngilni ol, — dedi, Soʻrdim ersa olmasining rangini, Ne soʻrarsan? — olma rangi ol, dedi.tuyugʻi buning yorqin isbotidir. Dastlabki baytda qil soʻzi 2 maʼnoda (qilga oʻxshash ingichka; qilmoq feʼlning oʻzagi) ishlatilgan boʻlsa, tuyukda ol soʻzi 3 maʼnoda ishlatilgan (buyruq feʼli; koʻngil ovlamoq; qizil rang , ol rang).
|