|
Muloqotning kommunikativ, interaktiv va perseptiv tomonlari
|
bet | 3/4 | Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 16,15 Kb. | | #103172 |
Bog'liq Muloqot haqida tushuncha. Muloqot turlari va vazifalari Muloqot-fayllar.orgMuloqotning kommunikativ, interaktiv va perseptiv tomonlari.
Muloqotning kommunikativ tomoni deyilganda, uning shaxslararo axborotlar, bilimlar, g`oyalar, fikrlar almashinuvi jarayoni sifatidagi vazifalari nazarda tutiladi. Bu jarayonning asosiy vositasi bo`lib til xizmat qiladi. Til shaxslar o`rtasida aloqa vositasi bo`lib, uning yordamida kishilar bilgan ma’lumotlari va hokazolarni bir-birlariga yetkazadilar. Ma’lumki, aloqa vositasi sifatida nutqning asosan 2 turi farqlanadi: yozma nutq hamda og`zaki nutq. Og`zaki nutqning o`zi dialogik va monologik turlargabo`linadi.
Dialogik nutqning mazmuni, uning xarakteri, davomiyligi muloqotga kirishgan shaxslarning shaxsiy qarashlariga, qiziqishlariga, bir-birlariga bo`lgan munosabatlariga, maqsadlariga bevosita bog`liq bo`ladi. Shuning uchun ham o`qituvchi bilan o`quvchining, hissiy rahbarlarning, diplomatlarning, ko`chada uchrashib qolgan dugonalarning dialogik suhbatlari bir-biridan farq qiladi.
Monologik nutq esa bir kishining boshqa kishiga yoki kishilar guruhiga nisbatan murojaati bo`lib, uning psixologik tuzilishi, fikrlarning mantiqan tugal bo`lishi, gapirayotgan paytda grammatik qonun-qoidalarga rioya qilish kerakligi kabi shartlari mavjud. Masalan, ma’ruzaga tayyorlanayotgan talaba tayyorgarlik paytidan boshlab, ma’ruza qilib bo`lgunga qadar, qator ichki ruhiy kechinmalarni boshdan kechiradi, unga ko`p kuch va vaqt sarflaydi. Dialogik nutqqa nisbatan bu nutq turi murakkabroq hisoblanadi. Til vositasida olib boriladigan muloqot verbal, ya’ni so`zli deyiladi.
Muloqotning interaktiv tomoni
Muloqotning interaktiv tomonida birgalikdagi faoliyatda bir-birlariga amaliy jihatdan bevosita ta’sir etishlarinn ta’minlaydi. Shu tufayli odamlar hamkorlikda ishlash, bir-birlariga yordam berish, bir-birlaridan o`rganish, harakatlar muvofiqligiga erishish kabi qator qobiliyatlarini namoyon etishlari mumkin. Shu tufayli o`qituvchi bola shaxsiga maqsadga yo`nalgan holda ta’sir ko`rsatishi mumkin. Aslini olganda, har qanday muloqot, agar u bema’ni, maqsadsiz, quruq gaplardan iborat bo`lmasa, doimo muloqotga kirishuvchilarning xulq-atvorlarini, ularning ustanovkalarini o`zgartirish imkoniyatiga ega.
Jamiyat miqyosida oladigan bo`lsak, odamlarning turli sharoitlarda o`zlarini tutishlari, xulq-atvorlarining boshqarilishi ma’lum psixologik qonuniyatlarga bog`liqligini ko`rish mumkin. Bunga sabab jamiyatda qabul qilingan turli normalar, qonun-qoidalardir. Chunki, o`zaro muloqot va o`zaro ta’sir jarayonlarida shunday hatti-harakatlar obrazlari kishilar ongiga singib boradiki, ularni har bir kishi norma sifatida qabul qiladi. Masalan, o`smir bola, umuman yoshlar jamoat joylarida kattalarga o`rin bo`shatib berishlari kerakligi ham xulq-atvorning bir normasi. Shu normaga amal qilish yoki qilmaslik ijtimoiy nazorat tizimi orqali boshqariladi. Ya’ni, yuqoridagi sharoitda agar o`smir bola avtobusda qariyaga joy bo`shatmasa, jamoatchilik o`sha zahoti uni ijtimoiy tartibga chaqiradi. Demak, har bir shaxs turli sharoitlarda turlicha rollarni bajaradi, bu rollarning qanday bajarilayotganligi, odamlarning kutishlariga mos kelishligi ijtimoiy nazorat tizimi orqali kuzatib turiladi. Shuning uchun ham muloqotga kirishgan kishilar doimo o`z xulq-atvorlarini, qolaversa, o`zgalarning xulq-atvorini nazorat qilib, harakatlarda bir-birlariga moslashadilar. Lekin gohida shaxsdagi rollarning ko`p bo`lishi rollarning ziddiyatiga olib kelishi mumkin. Masalan, maktab o`qituvchisining o`zi o`qitayotgan sinfda farzandi bo`lsa, dars paytida shunday ziddiyatni boshdan kechirishi mumkin, ya’ni bir vaqtning o`zida ham ota yoki ona, ham o`qituvchi rolini bajarishga majbur bo`ladi. Yoki xulqi yomon o`quvchining uyiga kelgan o`qituvchi bir vaqtning o`zida ham o`qituvchi, ham mehmon rollari o`rtasida qiynaladi.
Turli rollarni bajarayotgan shaxslarning o`zaro muloqotlari kutishlar tizimi orqali boshqariladi. Masalan, xohlaydimi yoki xohlamaydimi, o`qituvchidan ma’lum harakatlarni kutishadiki, ular o`qituvchi roliga zid bo`lmasligi kerak. O`z rollariga mos harakat qilgan, doimo me’yor mezonida ish tutgan kishining harakatlari odobli harakatlar deb ataladi. Masalan, o`qituvchining odobi, o`z kasbini ustasi ekanligi, bolalar qalbini tushuna olishi, ularning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ish tutishi uning odobga ega ekanligining belgisidir. Odobsiz odam esa buning aksidir.
Demak, o`zaro muloqot jarayonida bir odam ikkinchi odamga psixologik ta’sir ko`rsatadi. Bu ta’sir ikkala tomondan ham anglanishi yoki anglanmasligi mumkin. Ya’ni, ba’zan biz nima uchun bir shaxsning bizga naqadar kuchli ta’sirga ega ekanligini, boshqa biri esa, aksincha, hech qanday ta’sir kuchiga ega emasligini tushunib yetmaymiz. Bu esa pedagogikada muhim muammodir. Har bir pedagogning o`z ta’sir uslublari va ta’sir kuchi bo`ladi. O`qituvchi shaxsining bolalarga ta’siri quyidagi eksperimentda juda yaqqol kuzatilgan. Boshlang`ich sinf o`quvchilariga anchagina o`yinchoqlar berib, shularning ichida faqat bittasiga, qizil yog`och o`yinchoqqa tegmaslik aytilgan. Bolalar yolg`iz qoldirilib, harakatlari pinxona kuzatilgan. Juda ko`p bolalar taqiqlangan o`yinchoqqa baribir tegishgan. Eksperimentning ikkinchi seriyasida esa endi barcha uyinchoqqa tegish mumkin-u, faqat qizil qutichaning qopqog`ini ochish mumkin emas, deb aytilgan. Shu quticha tepasiga esa shu bolalarning o`qituvchisi surati ilib qo`yishgan. Bu seriyada birinchisiga qaraganda “ta’qiqni buzuvchilar" soni keskin kamaygan. Demak, bu narsa o`qituvchi shaxsining bola harakatlariga ta’sirini yaqqol isbotlab turibdi.
Shaxslararo ta’sir haqida gap ketganda, o`qituvchi obro`yining roli haqida ham aytish lozim. Chunki, obro`li odam doimo o`sha obro` qozongan guruhida o`z mavqeiga va ta’siriga ega bo`ladi. Shaxs obro`yi uning boshqa shaxslarga irodaviy va emotsional ta’sir ko`rsata olish qobiliyatidir. Ma’lumki, obro` amal yoki hayotiy tajriba bilangina orttirilmay, uning haqiqiy asosi — shaxsning odamlar bilan to`g`ri munosabati, undagi odamiylik xislatlarining, boshqa ijobiy xislatlarining uyg`unlashuvidadir. Psixologik obro` — ta’sir ko`rsatishning eng muhim mezonidir.
|
| |