|
Korxona faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda strategik rejalashtirishning muhimligi
|
bet | 5/12 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #234849 |
Bog'liq Begzod aka tayyorKorxona faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda strategik rejalashtirishning muhimligi.
Xo’jalik yuritishning bozor tizimiga xos bo’lgan iqtisodiy munosabatlar rivojlanishning noaniqligi, korxona iqtisodiyoti rivojlanishining mos keluvchi yo’nalishlarini ishlab chiqish zaruratini belgilab beradi. Bu vazifa amalda rejalashtirish va bashorat qilish yordamida amalga oshiriladi.
Bashorat korxona, ob’yekt yoki hodisaning kelajakdagi ahvoli va ularni amalga oshirish variantlari va muddati to’g’risidagi ilmiy jihatdan asoslangan mulohazadir. Bashoratlarni ishlab chiqish jarayoni bashorat qilish, ya’ni kelajakni hozirgi paytdan kelib chiqqan holda oldindan ko’ra bilish deb ataladi.
Korxona hamda butun iqtisodiyot miqyosida bashorat qilishning ob’yektlari sifatida iqtisodiy, ijtimoiy, fan-texnika va boshqa jarayon, hodisalarni ko’rsatish mumkin. Korxonalar faoliyatida iqtisodiy bashoratlar alohida va etakchi o’rin egallaydi. Ularning asosiy vazifalari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: rivojlanish maqsadlarini belgilash, maqbul yo’nalishlar va ularga erishish vositalarini izlab topish, resurslarni va qo’yilgan vazifalarni bajarish muddatlarini belgilash, korxona rivojlanishiga ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan cheklashlarni aniqlash.
Rejalashtirish qaror qabul qilishning uzluksiz bir jarayoni bo’lib, bu jarayon davomida korxona faoliyati va rivojlanishining maqsad va vazifalari atrofda ro’y berayotgan o’zgarishlarni inobatga olgan holda vaqt bo’yicha aniqlanadi va belgilanadi hamda ularni amalga oshirish uchun resurslar aniqlanadi. Mazmuniga ko’ra, rejalashtirish texnik-iqtisodiy va tezkor-ishlab chiqarish turlariga bo’linadi.
Texnik-iqtisodiy rejalashtirish korxona faoliyatining barcha (iqtisodiy, texnik, ijtimoiy va hokazo) jihatlarini qamrab oluvchi rejalashtirish turi bo’lib, asosan, bir yilga mo’ljallangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejasi shaklida amalga oshiriladi. Mazkur rejalashtirish turining soddalashtirilgan ko’rinishi, ko’pincha, korxona faoliyatining yillik rejasi deb ataladi.
Tezkor-ishlab chiqarish rejalashtirish texnik-iqtisodiy rejalashtirishning davomi bo’lib, korxona faoliyati yillik rejasini yanada qisqaroq muddatga - sutka, o’n kunlik, oyga bo’lib muayyanlashtirish bilan tavsiflanadi. Tezkor-ishlab chiqarish rejalashtirish-kalendar rejalashtirish va dispetcherlashdan iborat bo’ladi.
Kalendar rejalashtirishda korxona yillik rejasida va birinchi o’rinda ishlab chiqarish dasturi (mahsulot tayyorlash rejasi)ni o’n kunlik, hafta, kun va smena bo’yicha aniqlashtirish hamda bu ko’rsatkichlarni bajaruvchilarga etkazish ko’zda tutilgan.
Dispetcherlashtirish oylik, o’n kunlik, kunlik sutka-smenalik rejalarni bajarishni tezkor boshqarishda ifodalanadi.
Shuni qayd qilish kerakki, yuqorida ko’rsatib o’tilgan rejalashtirish turlari asosan mashinasozlik, samolyotsozlik, avtomobilsozlik kabi sohalarning yirik va ba’zi hollarda o’rta korxonalari uchun xosdir. Garchi, Strategik rejalashtirishhozirgi kunda “ommaviy” bo’lib yirik va o’rta korxonalarda qo’llansa-da, asosan, ishlab chiqarish hajmi katta bo’lmagan hamda xodimlar soni 100 kishigacha bo’lgan kichik korxona va mikrofirmalar biznes-rejalar asosida faoliyat yuritadi.
Yana bir muhim narsani aytib o’tish lozim. Hozirgi paytda iqtisodiyotga oid bo’lgan adabiyotlarda rejalashtirishga nisbatan strategik, uzoq muddatli, qisqa muddatli va joriy rejalashtirish kabi tushunchalar qo’llanmoqda. Ularning har biri o’z shakli, ko’rsatkichlarni ishlab chiqish va hisoblash usullariga ega.
Strategik rejalashtirish xo’jalik yuritishning bozor tizimidagina vujudga kelib, 10-15 yillik davrni o’z ichiga oladi. U korxona rahbariyatining mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi hamda rivojlanishning ustuvor yo’nalishlarini topish va bozorda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan talabni inobatga olgan holda resurs bilan ta’minlashga qaratilgan.
Strategik rejalashtirish asosida yaqin 3-5 yilga mo’ljallangan uzoq muddatli rejalashtirish amalga oshiriladi. U korxona faoliyatining ishlab chiqarish, sotish, harajatlar, moliya kabi turlarini o’z ichiga oladi hamda o’z mazmuni va maqsadli funktsiyalariga ko’ra strategik rejalashtirishdan farq qilmaydi.
Qisqa muddatli rejalashtirishda korxona faoliyati va rivojlanishi 1-3 yilga mo’ljallab rejalashtiriladi. Uning o’ziga xosligi shundaki, birinchi yil ko’rsatkichlari har chorakda, ikkinchi va uchinchi yil ko’rsatkichlari esa har yarim yil yoki bir yilda aniqlashtiriladi va to’g’rilashlar kiritilib boriladi. Buning maqsadi sifatida esa, reja ko’rsatkichlarining iqtisodiy muhit, bozor va fan-texnika taraqqiyotida yuz berayotgan o’zgarishlarni to’laroq aks ettirishga intilishni ko’rsatish mumkin.
Bozor munosabatlarida raqobatchilikni kuchaytirish hamda xo’jalik yuritish va hayotiy jarayonlar dinamikasi hisobiga joriy rejalashtirish amalga oshirilib, unga choraklarga bo’lingan yillik rejalar asos qilib olinadi. Ushbu rejalar qoidaga ko’ra, o’zgaruvchan bo’lib, joriy yilning birinchi uch oyi uchun qat’iy, hayotiy ko’rsatkichlar belgilanib, keyingi to’qqiz oy davomida ularga to’g’rilashlar (korrektirovka) kiritiladi. Ular qisqa muddatli rejalarga qaraganda, ayniqsa, ishlab chiqarish harakati va moddiy-tovar boyliklari zaxirasi, bahoni shakllantirish qismida yanada aniqroq hisoblanadi. Umuman olganda, korxonaning turli bo’lim va xizmatlari vazifalari bunday rejalarda o’zaro bog’lanadi.
Rejalashtirishning istalgan turi korxona faoliyatining biron-bir jihatini aks ettiruvchi, umumiy va xususiy, sifat va miqdor ko’rsatkichlariga asoslanadi.
Umumiy va umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar korxonada ishlab chiqarish rivojlanishining yo’nalishi va darajasini aks ettiradi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi, mehnat, tannarx va jamg’armalar bo’yicha ko’rsatkichlarni kiritish mumkin.
Xususiy ko’rsatkichlar umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar asosini tashkil qiluvchi alohida elementlarni, masalan, material, yoqilg’i, energiya va shu kabilarning mahsulot tannarxidagi salmog’ini tavsiflaydi. Shuningdek, bu ko’rsatkichlar asosiy ko’rsatkichlar darajasiga ta’sir o’tkazuvchi alohida omillarni ham tavsiflab beradi. Masalan, yordam ko’rsatuvchi ishchilar salmog’ining mehnat, ishlab chiqarish darajasiga ta’siri; asbob-uskunalarni ish bilan ta’minlash koeffitsientining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi va korxona ishlab chiqarish dasturining bajarilishiga ta’siri; xomashyo va materiallardan foydalanish koeffitsientining mahsulot tannarxi pasayishiga ta’siri va hokazolar.
Umumlashtiruvchi hamda xususiy ko’rsatkichlar ikkita kategoriyaga – miqdor (absolyut) va sifat (nisbiy) kategoriyalariga bo’linishi mumkin.
Miqdor ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish va xo’jalik yuritish faoliyatini hajm o’lchamida izohlaydi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar miqdori, ishlayotgan xodimlar soni va mehnatga haq to’lash fondi, mashina va asbob-uskunalar parki, ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan materiallar miqdori, tsex hamda ish joylari soni va hokazolarni kiritish mumkin.
Sifat ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish faoliyatidagi o’zgarishlarni nisbiy kattaliklar: mehnat mahsuldorligining o’sishi, mahsulot tannarxining bazis davrga (yoki reja hisobotiga) nisbatan foizlarda kamayishi, mahsulotning to’liq tannarxiga nisbatan foizlarda daromad hajmi, korxona rentabellik darajasining o’sishi va shu kabilar yordamida tavsiflaydi.
Sifat ko’rsatkichlari aksari hollarda pul qiymatida ifodalanishi sababli korxonalarning xo’jalik faoliyatini rejalashtirish va tahlil qilish amaliyotida asosiy va aylanma fondlar, asbob-uskunalar, sarflanayotgan yoqilg’i, energiya va boshqa materiallar kabi qiymat ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Qiymat ko’rsatkichlari korxona faoliyatida qo’llaniluvchi turli xildagi vositalarni statika va dinamikada taqqoslash imkonini beradi. Bundan tashqari soliqlar va turli xil to’lovlar hamda korxona daromadi foizlardan tashqari pul ko’rinishida ham o’lchanadi.
Korxona faoliyatini rejalashtirish korxona va uning bo’linmalari faoliyatini tahlil qilishdan boshlanishini aytib o’tish muhim. Mazkur tahlil davomida rejaning sifat, miqdor va qiymat ko’rsatkichlari bo’yicha bajarilishiga baho beriladi hamda talofat va yo’qotishlar aniqlanib, korxona faoliyatini yaxshilash bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Aynan shu chora-tadbirlar va yangi maqsadlardan kelib chiqqan holda joriy rejalashtirish amalga oshiriladi hamda yangi reja davriga korxona faoliyati rejalari ishlab chiqiladi.
Rejalashtirish korxonani boshqarish jarayoni sifatida o’z texnologiyasiga ega bo’lib, bu texnologiya korxonaning rejalashtirilayotgan davrdagi maqsad va vazifalarini aniqlash, bajaruvchilarga muayyan vazifalarni belgilash, vazifalarni turi, kattaligi va muddatiga ko’ra aniqlashtirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyati natijasi – daromad yoki foyda olishni o’z ichiga oladi. Kichik korxonalarda bu vazifalarni bajarish katta korxonalarga nisbatan engilroq bo’lsa-da, barcha hollarda quyidagi omillarni hisobga olish talab qilinadi:
ishlab chiqarish quvvatining mavjudligi va tuzilmasi;
xodimlar soni, ixtisos tarkibi va malakasi;
moliyaviy resurslar;
aylanma mablag’lar mavjudligi va unga bo’lgan ehtiyojlar, jumladan, moddiy-tovar boyliklari zaxiralari;
ilmiy-texnik tadqiqotlar tuzilmasi va tayyorlik darajasi;
mahsulotni sotish kanallari.
Rejalashtirish, reja loyihasini uning mahsulot ishlab chiqarish va sotish rejasi, moddiy-texnika ta’minoti rejasi, xodimlar va oylik maosh bo’yicha reja, yangi texnika va kapital qo’yilmalar rejasi, moliyaviy reja kabi asosiy qismlari doirasida tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan rejadan avvalgi davrni o’z ichiga oladi. Ularning moddiy va moliyaviy resurslar hamda bajarish muddati bo’yicha to’liq o’zaro bog’liqligi va balanslashganligi rejalashtirish jarayoni va korxona rejasining ishonchliligini ta’minlovchi muhim jihatdir. O’z navbatida, mahsulot ishlab chiqarish ishchi kuchining mavjudligi, shartnomalar bo’yicha mahsulot etkazish rejalari va ishlab chiqarish quvvatlari bilan, tannarx rejalari esa ishlab chiqarish dasturlari va moliyaviy reja bilan bog’liq bo’ladi.
Rejalarni ishlab chiqishda korxonaning barcha tsexlari va funktsional bo’linmalari, jumladan, moliya va reja bo’limi, mehnat va ish haqi bo’limi, marketing xizmati, buxgalteriya, texnik bo’lim, tsex rahbarlari ishtirok etishlari zarur. Korxona rejasi va uning bo’limlari qanchalik sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan bo’lsa, uni bajarish shunchalik engillashadi, resurslar kamroq talab qilinadi hamda ish sifati yuqori darajada bo’ladi. Afsuski, rejaning balanslashtirilmaganligi, unda xatolar mavjudligi, shuningdek, rejani bajaruvchilarning intizomsizligi (amalga oshirishni sust nazorat qilish natijasida) tufayli ko’p vaqt hamda mablag’lar isrof qilinmoqda. Xuddi shu sababli mahsulot sifati pasayib, daromad olish o’rniga harajatlar yuzaga kelmoqda. Bundan kelib chiqqan holda rejalashtirishni korxona jamoasining funktsiyasi deb atashimiz mumkin.
Rejalashtirish tabiatini 1-chizma yordamida aks ettirish mumkin:
Rejalashtirish tizimi quyidagi talablarga javob bergan taqdirdagina samarali va ishonchli hisoblanadi:
1. Rejalashtirishning har bir elementi va bosqichi qat’iy ravishda asoslab berilishi.
2. Rejadagi vazifalarning aniq va o’z vaqtida bajarilishi, ya’ni rejaning manzilligi.
3. Reja bajarilishini doimiy va uzluksiz ravishda hisobga olish, nazorat qilish va unga zarur hollarda o’zgartirishlar kiritish.
4. Ichki va tashqi muhitdagi o’zgarishlarni ijobiy qabul qilish, shuningdek, korxona faoliyatini ro’y bergan o’zgarishlarga mos ravishda, o’z vaqtida qayta tashkil qilish (rejalashtirishning moslashuvchanligi).
5. Fan-texnika taraqqiyoti va xo’jalik yuritishning ilg’or tajribalariga tayanish.
Rejalashtirish davomida bugungi kundan tashqari kelajakni, ertangi kunni ham inobatga olish zarur. Korxona istiqboli va bozordagi holatining barqarorligi, ko’p jihatdan uning ilg’or texnika va fan yordamida yaratilgan eng yaxshi mahsulotlar namunasini tezlik bilan o’zlashtirib olish qobiliyatiga bog’liq bo’ladi. Shu sababli korxonalarda axborot tizimini yaxshi yo’lga qo’yish hamda reklama faoliyatini rivojlantirish lozim. Reklama iste’molchilarni (haridorlarni) mavjud mahsulot bilan tanishtirishdan tashqari, xuddi xorijdagi kabi, ularni aynan shu mahsulotni sotib olishga undashi kerak.
Rejalashtirishning har bir turi o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, bu xususiyatlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
belgilangan rejalashtirish oralig’ining aniqligi;
integratsiya va differentsiatsiya darajasi, shuningdek, rejalashtirilayotgan ko’rsatkichlar miqdori;
ishlab chiqarish harajatlari va natijalarini hisob-kitob qilish darajasining aniqligi;
rejani tayyorlovchilar va amalga oshiruvchilar o’rtasida majburiyatlarni taqsimlash tartibi.
1- chizma. Korxonada rejalashtirish jarayoni texnologiyasi
Rejalashtirishda “korxona-muhit-holat” munosabatlari asosiy o’ringa egadir. Bunda ishlab chiqarish shunday rejalashtiriladiki, natijada korxonaning bozordagi barqarorligini saqlab qolish, yuzaga keladigan holat va tashqi muhitni hisobga olishdan tashqari mahsulotni tezda sotish va ishlab chiqarish rentabelligining o’sishiga imkon yaratiladi. Buning uchun korxona anchadan beri ishlab chiqarilayotgan an’anaviy mahsulotlardan tashqari yangi mahsulot turlarini, jumladan, o’xshashi bo’lmagan mahsulotlarni ishlab chiqarishi, mahsulotlar turini ko’paytirishi zarur. Barcha xodimlar, ayniqsa, rahbarlar, bugungi kunda kelajakdagi faoliyat uchun qulay istiqbol yaratish nisbatan oson bo’lsa-da, xuddi shu ishni 3-5 yildan so’ng, ya’ni istiqboldagi kunga aylangan paytda bajarish qiyinlashadi yoki bunga umuman imkon bo’lmaydi. Shu sababli rejalashtirish joriy holatdan tashqari iqtisodiyot va fan-texnika taraqqiyoti sohalaridagi ro’y berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlarni qanchalik ko’p hisobga olsa, uning natijalari shunchalik yuqori bo’ladi. Bu erda korxonaning yo’lga qo’yilgan marketing xizmati, xodimlar malakasi hamda mamlakatimizda va xorijda ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar haqidagi ilmiy-texnik ma’lumotlar muhim o’rin egallaydi.
Hozirgi paytda korxonalarning aksari qismi, asosan, joriy rejalar (biznes-rejalar) tayyorlash bilan shug’ullanmoqda. Biznes-rejalarda eng muhim rejalashtirish ko’rsatkichlari quyida keltirilgan:
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (ish, xizmat) nomenklaturasi va hajmi (natural ko’rinishda);
mahsulot sotish hajmi (pul ko’rinishida);
mahsulot birligining tannarxi;
foyda (daromad);
kategoriyalar bo’yicha xodimlar soni;
mehnatga haq to’lash fondi va o’rtacha ish haqi darajasi;
omborlardagi xomashyo va materiallar, tugallanmagan ishlab chiqarish va tayyor mahsulot zaxiralari;
aylanma vositalar hajmi - umumiy va guruhlar bo’yicha;
kapital qo’yilmalar hajmi, jumladan, qo’yilma ob’yektlari va yo’nalishlari bo’yicha;
yangi texnika va texnologiyaga oid chora-tadbirlar;
boshqa ko’rsatkichlar (zarurligi va aniqlanishiga ko’ra).
Umuman olganda, korxonada rejalashtirish tuzilmasi va mazmunini quyidagi model ko’rinishida aks ettirish mumkin.
Rejalashtirish korxonani boshqarish tizimi sifatida Ishlab chiqarishni rejalashtirish turlari:
|
| |