I bob Korxona faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda strategik rejalashtirishning nazariy asoslari




Download 0,59 Mb.
bet3/12
Sana15.05.2024
Hajmi0,59 Mb.
#234849
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
Begzod aka tayyor

I bob Korxona faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda strategik rejalashtirishning nazariy asoslari

    1. Korxona faoliyatini tashkil qilishda rejalashtirishning o‘rni

Iqtisodiyot bo’yicha zamonaviy adabiyotlar va qo’llanmalarda rejalashtirishga mo’ljallangan ish yoki ma’lum bir harakatlarni bajarish muddati, tartibi va ketma-ketligini ko’zda tutuvchi chora-tadbirlar tizimi sifatida izoh berilgan. Har bir inson o’z ish kuni, dam olish kuni, bayramlar, yozgi ta’til, to’y va boshqa tadbirlarni qanday o’tkazishni rejalashtiradi. Aynan rejalashtirish va bashorat qilish yo’li bilan korxonalar nimani, kim uchun, qachon va qancha mahsulot ishlab chiqarish, qaysi hamkorlar yoki sheriklar bilan shartnoma tuzish yoki kooperatsiyani rivojlantirish, zarur bo’lgan moddiy-tovar boyliklari zahirasini yaratish kabi bir qator masalalarni hal qiladi.
Bozor munosabatlariga o’tgandan so’ng rejalashtirish bir oz yoddan ko’tarilib qoldi. Hattoki rejalashtirish xo’jalik yuritishning bozor mexanizmiga to’g’ri kelmaydi yoki bozor rejalashtirishga ziddir, degan fikrlar ham paydo bo’ldi.
Deyarli har bir korxonaga “yuqoridan” direktiva vazifalari, nazorat raqamlari, qat’iy me’yor va limitlarni belgilab beruvchi rejalashtirish, haqiqatan ham bozor mexanizmiga to’g’ri kelmaydi va korxonalarning mustaqilligini yo’qqa chiqaradi. Shu sababli O’zbekiston Respublikasining korxonalar faoliyatiga oid qonunchiligida, korxonalarning iste’molchilar talabi, foyda yoki daromad olish nuqtai nazaridan o’z faoliyatini mustaqil ravishda tanlashi va ishlab chiqarishni rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishi ko’rsatilgan.
Avvalgi xo’jalik yuritish tizimida mavjud bo’lgan, “markaz”dan boshqariluvchi markazlashgan rejalashtirishni inkor qilish bilan rejalashtirishdan umuman voz kechish mumkin emas.
Rejalashtirish tufayligina korxonalar ishlab chiqarishni tashkil etish va texnologiyalarning qulay variantlarini tanlaydi, resurslar bilan o’z vaqtida ta’minlash vazifasini bajaradi, asosiy va aylanma vositalarga ehtiyojni belgilab beradi, mahsulotni sotish kanallari va usullarini aniqlaydi. Bundan tashqari rejalashtirish ishlab chiqarish zaxiralari va raqobatdagi ustunliklardan maksimal darajada foydalanish, iqtisodiyotdagi yangi oqimlarni anglab olish, korxona faoliyatidagi kamchiliklarni yo’qotish va turli xil tavakkalchiliklarni kamaytirishga imkon beradi. Har bir korxonaning tashkil qilinishi va faoliyat yuritishi aynan rejalashtirishdan boshlanadi.
Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni ifodalaydi. Oxirgi holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi mumkin. Bashorat qilishni rejalashtirishning boshlanishi va uzoq muddatli istiqbolga mo’ljallangan davomi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Rejalashtirish va prognozlashtirish o’zaro aloqada bo’lgan ikkita jarayon bo’lib, xo’jalik faoliyatini avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori natijalarga erishish asosida yuritishni ko’zda tutadi.
Rejalashtirish korxona tomonidan bajariluvchi vazifalar muayyanlashtirilgan rejalarda o’z aksini topadi. Bozor iqtisodiyotida reja “yot unsur” yoki “yuqoridan” keluvchi buyruq sifatida qabul qilinishi sababli hozirgi xo’jalik yuritish faoliyatida indikativ reja va prognoz deb nomlanuvchi, lekin mohiyatiga ko’ra rejalashtirishning barcha hollarda ob’yektiv zaruratini tasdiqlovchi tushunchalardan foydalaniladi. Demak, rejalashtirish, jumladan, indikativ reja va prognoz korxonalarning xo’jalik faoliyati uchun mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish uchun barcha omillardan foydalanish va tayyorgarlikning o’z vaqtida bo’lishi bilan bog’liq bo’lgan qulay sharoitlarni yaratishdir.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Rejalashtirish indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni bo’lsa, reja korxonaning ma’lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini o’zida aks ettiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, reja korxonaning maqsadli funktsiyalari va ularni amalga oshirish yo’llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir.
Shu tariqa rejalashtirish bozor va bozor mexanizmiga qarama-qarshi bo’lmasdan, aksincha, ishlab chiqarishning maqbul yo’nalishlarini aniqlash, foydalanilmagan zaxira va imkoniyatlarni qo’llash, korxonaning oqilona baho siyosatini shakllantirish hamda xo’jalik yuritish aloqalarining samarali shakllarini o’rnatishga ko’maklashadi. Rejalashtirish va bashorat qilish yordami bilan ichki va tashqi bozordagi iste’molchilar talabi aniqlanadi, korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati kuchaytiriladi.
Biroq rejalashtirish imkoniyatlarini mobilizatsiya qilish rejalashtirishning o’zidagina ifodalanmaydi. Rejalashtirish odamlar, birinchi o’rinda mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi sababli istalgan reja yoki prognozning hayotga tatbiq etilishi ko’p jihatdan iqtisodchilarning malakasiga, ular rejalashtirishning uslubiy asoslarini yaxshi bilishiga, shuningdek, ishlab chiqarish rejalarining bozor talablarini hamda korxonaning mo’ljallangan daromadga erishishini hisobga olishiga ham bog’liq. Rejani ishlab chiqish qanchalik asoslab berilgan bo’lsa, uning haqiqiyligi va iqtisodiyotdagi ahvol bilan bog’liqligi shunchalik yuqori bo’ladi.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish ham katta rol o’ynaydi. Bashorat qilish xo’jalik faoliyati yurituvchi sub’yektning istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda avvaldan ko’ra bilishini ifodalaydi. U yuzaga kelayotgan yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy holatlarni baholash va tahlil qilish asosida yaratiladi hamda muqobil qarorlarni tanlashga imkon yaratadi.
Avvalgi ma’muriy-buyruqbozlik tizimining xo’jalik yuritish sharoitlarida, ko’p yillar davomida fan-texnika taraqqiyoti va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarining uzoq muddatli istiqboli ishlab chiqilgan. Uning asosida iqtisodiyotning alohida tarmoqlari, shuningdek, respublikalardagi ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish istiqbollari shakllantirilar edi. Biroq bu bashoratlar doim ham ishonchli emas edi va asosiysi, doim ham amaliyotda qo’llanavermas edi. Bu esa boshqa sabablar bilan birga o’tgan asrning 80-yillari oxirida iqtisodiyot inqirozga uchrashiga olib keldi. Boshqacha qilib aytganda, xo’jalik amaliyoti rejalashtirish va bashorat qilishning ustunliklaridan etarlicha foydalana olmadi. Shu sababli iqtisodiy faoliyat bashoratlarini ishlab chiqish va qo’llash bo’yicha jahon tajribasini o’rganish va uning o’ziga xos xususiyatlarini mamlakatimizdagi ishlab chiqarish va yuzaga kelayotgan bozor munosabatlari sharoitlarida qo’llash juda muhimdir.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o’z aksini topadi: ishlab chiqarish va korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish o’rta va uzoq muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish qisqa muddatli bashoratlar asosida ishlab chiqiladi. Bu yo’nalishlarning ikkalasi ham o’zaro uzviy aloqada bo’lib, ishlab chiqarish strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real voqeligi bilan bog’laydi.
Bashoratning maqsadi bozorga ta’sir qiluvchi omillarni, shu bilan birga, xo’jalikning umumiy ahvoli, tuzilmaviy siljishlar, investitsion faollik, fan-texnika taraqqiyotining iste’molchi va ishlab chiqaruvchilarga ta’sir ko’rsatishi, an’anaviy mahsulotlardan tashqari korxonaning barqarorligi va raqobatbardoshligiga olib keluvchi “pioner” (yangi) mahsulot ishlab chiqarish istiqbolida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarini belgilashdadir. Korxonalar uchun talabni prognozlashtirish muhim ahamiyatga ega bo’lib, u ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorining o’zgarishini avvaldan aniqlab beradi. Umuman olganda, prognoz rejalashtirishning ilmiy asosidir.
Rejalashtirish uslubiyati – bu iqtisodiyotni boshqarishning turli bo’g’inlarida, jumladan, korxonalarni boshqarishda rejalarni ishlab chiqish usullari majmuasidir. Avvalgi rejali iqtisodiyot sharoitlarida u, avvalo, reja organlarining, ham sobiq ittifoq miqyosida, ham alohida respublikalar miqyosida amal qilgan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy yo’nalishla-rini ishlab chiqish bo’yicha uslubiy ko’rsatmalarga tayanar edi. Iqtisodiyotning muhim soha va tarmoqlarini joriy va istiqbolli rejalashtirish ushbu ko’rsatmalar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur holatda rejalashtirish uslubiyatiga ko’ra, “yuqoridan pastga” tamoyili asosida nazorat raqamlari, limit va me’yorlar tushirilar, keyin esa “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida, ya’ni korxonalardan yuqori turuvchi organlarga qayta uzatilar edi. “Yuqori” darajada reja ko’rsatkichlari yiriklashgan tavsifli bo’lsa, korxonalar miqyosida esa ishlab chiqarish bilan bog’liq holda muayyan va detalli tavsifga ega bo’ladi. Rejalashtirishda ushbu tizimning kamchiligi shunda ediki, deyarli har bir korxonaning faoliyat rejasi majburiy tarzda “yuqoridan” tasdiqlanishi zarur edi. Busiz reja o’z realligini yo’qotar edi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida korxonalar o’z faoliyatini rejalashtirishni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Biroq bu rejalashtirishning tekshirib ko’rilgan va foydali usullaridan voz kechishni anglatmaydi. Bugungi sharoitlarda ham korxonalar faoliyatini rejalashtirish bo’yicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar, progressiv me’yor va me’yorlar, iqtisodiy tahlil, muqobil variantlarni tanlashga asoslanadi.
Rejalashtirishning eng ko’p tarqalgan usullari qatoriga quyidagilarni: balans, me’yor, iqtisodiy-matematik, statistik, omillar bo’yicha, ko’p variantli hisob-kitob usuli kabilarni kiritish mumkin. Rejalarning asoslanganlik darajasini oshiruvchi va ularni tezda amalga oshirilishiga xizmat qiluvchi, shuningdek, tavakkalchilik va vujudga kelishi mumkin bo’lgan talofatlarni kamaytiruvchi usul eng samarali usul hisoblanadi.
Hozirgi paytda balans usulining ahamiyati oshib bormoqda. Ushbu usulning mohiyati, o’zaro aloqada bo’lgan ko’rsatkichlarni solishtirish bilan ifodalanadi. Balans usuli asosida korxonaning ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi, ishlab chiqarish quvvatiga bo’lgan talablari va ularning manbalari aniqlanadi. Bundan kelib chiqqan holda moddiy balans, ishlab chiqarish quvvatlari balansi, ishchi kuchi balansi, ish vaqti balansi, qiymat balansini ajratib ko’rsatish mumkin. Balanslar, qoidaga ko’ra, ehtiyojlar va ularga mos keluvchi resurslarning mavjudligi yoki manbalarini o’z ichiga oluvchi, o’zaro moslashuvchi jadval shaklida tuziladi.
Balans usuli me’yor usuli bilan birgalikda qo’llanadi. Me’yor usulida resurslarni sarflashning yo’l qo’yish mumkin bo’lgan eng yuqori va eng quyi chegaralari aniqlanadi. Bunda ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etishda me’yor va me’yor kabi tushunchalardan foydalaniladi.
Me’yor (me’yor) belgilangan sifatdagi mahsulot birligi (ish, xizmat) tayyorlash uchun sarflanuvchi xomashyo, material, yoqilg’i, energiya va boshqa resurslardan foydalanishning yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan maksimal yoki minimal chegarasidir. Agar resurslardan foydalanish me’yorlarini kamaytirish mahsulot sifatining pasayishiga yoki belgilangan standartlar talablarining buzilishiga olib keladigan bo’lsa, u holda bu me’yorlarni kamaytirish mumkin emas.
Me’yor nisbiy kattalik bo’lib, asosan, foizlar yoki koeffitsientlar yordamida aks ettiriladi. U mehnat vositalari va predmetlaridan foydalanish darajasini, ularning har bir maydon birligi, og’irlik birligi, hajm birligiga sarflanishini tavsiflab beradi. Masalan, asosiy vositalarning birlik qiymatiga mahsulot ishlab chiqarish (fond qaytimi), sutning moylilik, vinoning spirtlilik darajasi (foizlarda), avtomashinaning bosib o’tgan yo’li, avtomobil shinasining ekspluatatsiyasi va hokazo.
Me’yor va me’yorlar progressiv tavsifga ega bo’lishi, ya’ni ularni ishlab chiqishda zamonaviy fan, texnika va texnologiya rivojlanishining darajasi, mehnat va ishlab chiqarishni tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to’liq foydalanish hamda ilg’or korxonalarning tajribalarini hisobga olish zarur. Shuningdek, ular doimiy ravishda qayta ko’rib chiqilishi, eskirgan me’yor va me’yorlar yangi, xo’jalik hayoti va davr talablariga javob beruvchi me’yor va me’yorlar bilan almashtirilishi lozim.
Me’yor va me’yorlar quyidagi asosiy guruhlar asosida ishlab chiqiladi:

  • tirik mehnat harajati me’yorlari (mahsulot biriligiga sarflanuvchi ish vaqti me’yorsi, vaqt birligida ishlab chiqarish me’yorsi, xizmat ko’rsatish me’yorsi, miqdor me’yori);

  • moddiy harajat me’yorlari (xomashyo, material, yoqilg’i, energiya, butlovchi qismlar);

  • ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish me’yorlari (ishlab chiqarish davrining davomiyligi, tugallanmagan ishlab chiqarish hajmi, ishlab chiqarish zaxiralari va hokazo);

  • mehnat vositalaridan foydalanish me’yorlari (mashinalar, asbob-uskunalar, mexanizmlar, qurilmalar);

  • korxona, tsex, asbob-uskunalarning loyiha quvvatiga chiqish vaqti me’yorlari.

Ko’rinib turibdiki, rejalashtirish juda murakkab va mehnat talab qiluvchi jarayon bo’lib, korxona faoliyatining resurslar harajatini me’yorlashtirishdan to mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishgacha barcha ko’rsatkichlarini inobatga oladi. Rejalashtirishning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • maqsadni belgilash;

  • korxona faoliyatining turli xil yo’nalishlari, ayniqsa, iqtisodiyot va aholi uchun zarur bo’lgan masulot ishlab chiqarishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini asoslab berish;

  • zaruriy moddiy-texnika asossini shakllantirish;

  • moliyalashtirish manbalarini aniqlash;

  • yakuniy natijalarning ijobiy bo’lishiga erishish.

Amaliyotda bu vazifalarni korxona direktori yoki iqtisodiy-rejalash xizmatining o’zi bajarmaydi yoki bajarishi lozim emas. Bunda butun jamoa, ayniqsa, agar bu korxona aktsiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsa, ishtirok etishi zarur. Afsuski, korxona xodimlari ko’pincha “rahbarga ko’proq narsa ko’rinadi” tamoyili asosida ishlaydilar va yaxshiroq natijalarga erishish uchun tashabbuskorlik ko’rsatmaydilar. Tajribalar esa korxona muammolarini hal qilish barcha xodimlar, jumladan, ishchilarga ham bo’lgan holdagina bu korxonalar gullab-yashnashi mumkinligini ko’rsatadi.
Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini rejalashtirish va oqilona boshqarish tizimi hamda maksimal ravishda qulay sharoitlarni yaratmoqda. Bunday sharoitlarda rejalashtirish bozor iqtisodiyoti va bozor munosabatlarining barcha imkoniyatlaridan foydalanishga xizmat qilishi lozim. Korxona faoliyatini umuman emas, balki har bir muayyan holdagi vazifalarni hal qilishga yo’naltirgan holda rejalashtirish zarur. Buning uchun rejalashtirishning ilmiylik, komplekslilik, uzluksizlik, qulaylik, moslashuvchanlik kabi tamoyillariga tayanish zarur.
Korxona, ayniqsa, agar u yirik bo’lsa, asosiy, yordamchi va xizmat ko’rsatuvchi tsexlardan iborat bo’lib, ularning har biri faqat o’ziga xos bo’lgan vazifani bajaradi va shunga mos holda faoliyatni rejalashtirish va tartibga solishning o’ziga xos xususiyatiga ega bo’ladi. Shundan kelib chiqqan holda etakchi bo’g’inni ajratib ko’rsatish rejalashtirishning asosiy tamoyillaridan biri bo’lib xizmat qiladi. Bunda korxonaning asosiy ishlab chiqarish vazifalari bajarilishini ta’minlovchi bo’linmasini rivojlantirishga ko’proq e’tibor qaratiladi. Masalan, bunday bo’g’in sifatida mashinasozlik zavodida yig’uv tsexi, to’qimachilik kombinatida yigiruv va to’quv tsexlari, qandolatchilik fabrikasida tayyor mahsulot tsexini ko’rsatish mumkin.
Etakchi bo’g’inni ajratib ko’rsatish korxonaning barcha bo’linmalarini birgalikda kompleks ravishda rivojlantirishni ko’zda tutadi. Chunki busiz rejalashtirish bir tomonlama bo’lib qolishi hamda ishlab chiqarishni tashkil etishda “tor joylar” va disproportsiyaning vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli korxona faoliyatining iqtisodiy-ishlab chiqarish rejasi ko’rsatkichlari va bo’limlarining o’zaro aloqada bo’lishini hamda kompleks rejalashtirishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu erda ham rejalashtirishning balans usuli katta ahamiyatga ega.
Rejalashtirishning yana bir muhim tamoyili ilmiylik bo’lib, u, avvalo, tayyorlanayotgan rejalar va ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturlariga, shuningdek, fan-texnika taraqqiyoti talablari, raqobatchilik va bozor talablarini hisobga olishga asoslanadi. Rejalashtirishning ilmiyligi, jonli mehnat va mahsulotga aylangan mehnat harajatlarining eng kam miqdorida iloji boricha yuqori natijalarga erishishga, shuningdek, korxona xodimlari manfaatdorligini oshirishga ko’maklashadi.
Komplekslilik tamoyili ishlab chiqarishni, birinchidan, zamon va makonda, ikkinchidan, ishlab chiqarishni boshqarishning gorizontal va vertikalida, uchinchidan, ishlab chiqarishning resurs asoslarini ta’minlashda, to’rtinchidan, ishlab chiqarishdagi “tor joylarni” hisobga olish va ularni yo’qotish chora-tadbirlarida, beshinchidan, xodimlarning o’z mehnatlari natijasidan moddiy va ma’naviy qoniqishida, oltinchidan, korxonaning mo’ljallanayotgan daromad yoki foyda olishini amalga oshirishni ko’zda tutadi.
Proportsionallik nafaqat ishlab chiqarishni rejalashtirishda, balki ishlab chiqarishni boshqarishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zarur proportsiyalarga amal qilish ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchining tsexlar va ish joylari bo’yicha hamda ishlab chiqarish bosqichlarida to’g’ri taqsimlanishiga va ulardan to’g’ri foydalanishga ko’maklashadi. Proportsiyalarga amal qilmaslik esa, aksincha, ishlab chiqarishning ba’zi uchastkalarda kuchayib, boshqalarida pasayishiga, ya’ni disproportsiyalarning vujudga kelishiga hamda korxonalar-ning noritmik tarzda faoliyat yuritishiga sabab bo’ladi. Zaruriy proportsionallikni ta’minlashda ishlab chiqarishni tashkil etishni texnik-iqtisodiy me’yorlashtirish katta rol o’ynaydi.
Rejalashtirishning uzluksizligi ishlab chiqarishni va umuman, korxona faoliyatini tashkil etishning muhim tamoyili hisoblanadi. Bu tamoyil amalda joriy rejalarning istiqboldagi rejalar bilan, istiqboldagi rejalarning esa bashoratlar (prognoz) bilan bog’liq bo’lishida o’z aksini topadi. Boshqacha qilib aytganda, rejalashtirish qisqa muddatli tavsifga ega bo’lgan indikativ reja tabiatiga mos kelmovchi, yanvardan martgacha yoki martdan dekabrgacha, ya’ni “...dan” “...gacha” tamoyili asosida amalga oshirilmasligi lozim. Rejalashtirishning “...dan” “...gacha” tamoyilini inkor qilganda, biz, avvalo, vaqt bo’yicha rejalashtirish uzilishining oldini olishni ko’zda tutamiz. Masalan, o’sha indikativ reja o’z davomiga ega bo’lishi, ya’ni korxona o’z faoliyatini yanvar-mart oylariga rejalashtirganda keyingi davrlarda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vazifalarni ham, albatta, bozor kon’yunkturasi, iste’molchilar manfaati va ishlab chiqarish holatlarining o’zgarishini ko’zda tutishi lozim. Bu vazifa asosan yil davomida amalga oshiriluvchi rejalarni aniqlashtirish va muayyanlashtirish yo’li bilan bajariladi.
Qulaylik ham rejalashtirish tamoyillari qatoriga kiradi. Rejalar barcha ishlab chiqarish resurslaridan chiqitlar va yo’ldosh mahsulotlardan keng foydalanishni inobatga olgan holda iloji boricha oqilona va unumli foydalanishni ta’minlashi hamda yuqori natijalarga erishish uchun eng samarali yo’llarni tanlashi kerak.
Rejalashtirishning qulayligiga iqtisodiy-matematik usullar va elektron hisoblash mashinalarini qo’llash, rejalarning bir nechta variantlarini ishlab chiqish yordamida erishiladi. Ko’p variantlilik eng tejamkor reja varianti yoki korxona faoliyati dasturini tanlashga imkon yaratadi.
Moslashuvchanlik rejalashtirishning bozor sharoitlaridagi muhim tamoyili hisoblanadi. U ishlab chiqarish rejalariga o’z vaqtida o’zgartirishlar kiritish, iste’molchilar va haridorlar talablarini hisobga olish, ishlab chiqarishning yuzaga kelishi mumkin bo’lgan pasayishi va inqirozlarning oldini olishga yordam beradi. “Korxonalar to’g’risida”gi qonun ishlab chiqarishni rejalashtirishda ushbu tamoyilni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan sharoitlarni yaratadi.
Biroq hech qanday tamoyil, jumladan, yuqorida sanab o’tilgan tamoyillar ham, o’zidan-o’zi, ya’ni shu tamoyillar uchungina kerak emas. Agar amaliyotda qo’llanmasa, bu tamoyillar faqat qog’ozda qolib ketishi yoki oddiy chaqiriq bo’lib qolishi mumkin. Shu sababli korxona rahbarining rejalashtirish jarayonini, aniqrog’i, rejaning bajarilishi hamda rejalashtirishning belgilangan va boshqa tamoyillari qanday aks ettirilganligini nazorat qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Nazorat kerakli natijalarga erishish, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan disproportsiyalarni aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, zaxiralarni aniqlash va ulardan foydalanish yo’llarini belgilashga imkon berdi.


    1. Download 0,59 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Download 0,59 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



I bob Korxona faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirishda strategik rejalashtirishning nazariy asoslari

Download 0,59 Mb.