|
Muqobil energiya manbalaridan foydalanish istiqbollari
|
bet | 2/3 | Sana | 21.01.2024 | Hajmi | 1,61 Mb. | | #142447 |
Bog'liq Muqobil energiya manbalaridan foydalanish istiqbollari Quyosh energetikasi.
Bugungi kunda gelioenergetika, yaʼni quyosh energiyasini generatsiya qilish qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning eng istiqbolli yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, chunki mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, butun insoniyatni taʼminlash uchun 0,0125 foiz quyosh nuri, oʻsib borayotgan kelgusi ehtiyojni qondirish uchun esa 0,5 foiz quyosh energiyasi yetarli boʻladi. Mutaxassislar fikriga koʻra, quyosh energiyasi beqiyos salohiyatga ega boʻlib, uning hajmi yerdagi neft, koʻmir, gaz va boshqa resurslar jami zahiralaridan ancha koʻp hisoblanadi. Yer kurramizdagi insolyatsiya darajasini inobatga olgan holda, gelioenergetika muammoli tomonlarining hal qilinishiga toʻgʻri yondoshuv boʻlsa, elektr energiyasini ishlab chiqarishning anʼanaviy manbalaridan butunlay (yoki qisman) voz kechish uchun shart-sharoitlar yuzaga kelishi mumkin, bu bilan esa sayyoramizdagi tabiiy resurslar zahiralarini nafaqat tejash, balki ularni koʻpaytirishga ham imkoniyat yaratiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha xalqaro agentlik (IRENA) maʼlumotlariga koʻra, quyosh stansiyalarining jahon miqyosida oʻrnatilgan quvvatlari geometrik progressiya koʻrinishida muttasil oʻsib bormoqda. Agar ularning umumiy quvvatlari 2000-yilda 1,4 GVt (gigavatt) tashkil etgan boʻlsa, 2005-yilda esa – 5,3 GVt, 2010-yilda – 40,6 GVt, 2013-yilda – 138,9 GVt, 2015-yilda – 192,1 GVt, 2018-yilda – 514 GVt, 2019-yilda – 629 GVt, 2020-yilda – 771 GVt tashkil etdi. Agar 2010-yilda dunyo boʻyicha 34 yirik quyosh elektr stansiyalari loyihalari mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 100 dan ortiq stansiyani tashkil qilmoqda. Bugun dunyoning 40 ortiq mamlakati umumiy quvvatlari bir gigavattdan yuqori boʻlgan fotoelektrik tizimlarga egadir.
Quyosh fotoelektr stansiyalari (QFS) — ekologik toza, xavfsiz va ekonomik tejamkor stansiya hisoblanadi. QFS ning ish prinsipi quyidagicha: Quyosh nurlari quyosh panellari (fotoelektrik oʻzgartirgich) ga tushadi, quyosh nurlari doimiy tok (foydalanish uchun noqulay) koʻrinishiga aylantiriladi va akkumulyator batareyalarida saqlanadi. Invertor yordamida doimiy tok oʻzgaruvchan tokka (biz uchun odatiy 220 V) aylantiriladi va elektr tarmogʻiga uzatiladi.
Quyosh fotoelektr stansiyalari elektr uzatish liniyalaridan uzoqda joylashgan obyektlar uchun toʻliq elektr energiya manbalariga aylanishi mumkin. Quyosh fotoelektr stansiyalarida foydalaniladigan quyosh panellari yuzasi oʻta muhim qismi hisoblanadi. Bu elektrostansiyalar yordamida alohida nasoslarni ishlatishda foydalanish mumkin. Aholi yoki fermer xoʻjaliklari uchun maxsus fotoelektrik stansiya oʻrnatish orqali elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin.
Shu yili Oʻzbekistonda elektr energiyasi 67,5 mlrd kVt/soat ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda, 2030-yilga borib esa bu koʻrsatkich 120 mlrd kVt/soat ga erishishi kutilmoqda. Oʻzbekistonda quyosh elektrostansiyalari qurilishi Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida rejalashtirilgan. Oʻzbekiston energetikasi tabiiy gazga juda bogʻliq boʻlib, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 82 % ini tashkil etadi. Oʻzbekiston 2030-yilga borib mamlakatning umumiy energetika balansidagi quyosh energiyasi ulushini 6 % ga yetkazishni rejalashtirmoqda. 2025-yilda qayta tiklanadigan energiyani umumiy energiya isteʼmoli majmuasida 19,7 % gacha oshirish, shu jumladan quyosh energiyasini 2,3 % ga oshirish rejalashtirilgan[1].
|
| |