Elastik konstruksiyalarning turlari
Varaqli ressor alohida po‘lat listlar yig‘indisidan tashkil topib, ularda markaziy 2 va yonida qo‘shimcha belbog‘ (xomut) 3 bilan mahkamlangan bo‘lib, ular 5-10 mm qalinlikdagi yonlari teng bo‘lgan to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi konstruksiyadan iborat. Ularning uzunliklari har xil bo‘lib, eng uzun o‘lchamdagi list 1 tayanch list deb ataladi va u qalinroq o‘lchamda tayyorlanadi. Tayanch list orqali ko‘priklar kuzov yoki ramaga mahkamlanadi 3-rasm.
3-rasm. Elastik ressor konstruksiyasi
1-o‘zak; 2-markazlovchi bolt; 3-belbog‘ (xomut); 4-qistirma.
Yengil avtomobillarda ishqalanishni kamaytirish uchun varaqalar orasiga plastmassali (antifriksion) qistirmalar 4 qo‘yiladi.
Ressorning old qismi barmoq orqali tirgakka, ketingi qismi esa tebranish xususiyatiga ega bo‘lgan sirg‘ali tirgakka o‘rnatiladi. Bu konstruksiyaning afzalligi bir vaqtning o‘zida yo‘naltiruvchi va elastik qurilmalarga mansub ishlashidir. (4-rasm.)
Spiralsimon prujina po‘lat simdan tayyorlanib diametri 20 mm gacha bo‘ladi. Bu konstruksiya tik yuklanishlarnigina qabul qilib, ko‘ndalang ta’sir etuvchi kuch va yuklanishlarni deyarli kuzovga uzatmaydi.
4-rasm. Yuk avtomobilining oldingi nomustaqil osmasi
1-old kronshteyn; 2-rama; 3-amortizator kronshteyni; 4-vtulka; 5-amortizator; 6-orqa kronshteyn; 7-belbog‘; 8-varaq; 9-stremarka; 10-planka.
Rezina yostiqchali osmalar (elastik konstruksiya) zamonaviy avtomobillarda keng qo‘llanilib va ular cheklovchi deb ham ataladi. Cheklagichlar siqiluvchi va zarbani tarqatuvchi turlariga bo‘linadi. Siqiluvchi cheklagichlar asosan g‘ildirak yuqoriga pastga silkinish yo‘lini cheklaydi.
Osmadagi pnevmatik yostiqcha undagi havoning siqilishi tufayli elastik xususiyatga ega bo‘ladi. Bunday yostiqchalar old osmaga ikkitagacha va ketingi osmaga to‘rttagacha tik holatda o‘rnatiladi. Havo siqilgan pnevmatik osmaning soddalashtirilgan tasviri 5-rasmda keltirilgan.
|