Axloq alohida insonning o‘zgalarga munosabati sifatida siyosat sohasiga aloqadordir. Agar siyosatni keng ma’noda, har bir insonning o‘zga insonlarga munosabati deb oladigan bo‘lsak, bu soha shartli ravishda ikki qatlamdan iborat: huquq qatlami va axloq qatlami. Huquq qatlami qonunga tayanadi, axloq qatlami esa ma’naviy qadriyatlar asosida quriladi. Aksariyat holatlarda insonlar aro muomalalar axloqiy meyorlar asosida olib boriladi. Qachonki, kimdir yoki kimlardir axloqiy meyorlarni ochiqdan-ochiq va qo‘pol ravishda buzsa, mensimasa, shundagina qonunlar ishga tushadi, axloqni jamoa qabul qilgan meyorlarni tan olmagan inson yoki insonlarni qonuniy asosda ko‘pchilik qabul qilgan qoidalarga bo‘ysunishga kuch ishlatib majbur qiladi. Davlatning paydo bo‘lishi va birinchi navbatdagi vazifasi ham ayni shunga ya’ni ijtimoiy meyorlarni nazoratda tutib, jamiyat osoyishtaligini saqlashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, har bir jamoada insonlar ma’naviyati qancha yuqori bo‘lsa, davlatning kuch ishlatib osoyishtalikni saqlash ehtiyoji ham shuncha kam bo‘ladi. Forobiy nazarda tutgan “fozil shahar aholisi” ayni shu aksar aholisi yuksak ma’naviyat va, demak, yuksak axloq egasi bo‘lgan jamiyat bo‘lib, zamonaviy tilda biz buni “fuqarolar jamiyati” deb atamoqdamiz.
Vatanimiz azaldan bashariyat tafakkur xazinasiga unutilmas hissa qo‘shib kelgan, asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma’naviyat, imon-e’tiqod, adolatparvarlik, ma’rifatsevarlik kabi ezgu fazilatlarni targ’ib etgan ma’naviy-axloqiy masalalarga oid asarlari, ularda ko‘tarilgan chuqur falsafiy-tarbiyaviy g’oyalar bilan haqli ravishda faxrlansa arziydi1.
Ammo o‘tmishimiz qancha buyuk bo‘lmasin, kelajagimizning ulug’vorligi millatning har bir a’zosi, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi ushbu kelajakda Vatan ravnaqi, xalq farovonligi, inson baxti to‘kis ta’minlanishi uchun qay darajada faollik ko‘rsata bilishi va bu faolligining samaralari, unumi bilan belgilanadi. Buning uchun esa imon va ilm, iqtidor va iste’dod, iroda qudrati va maqsad yo‘lida fidoiylik, keng dunyoqarash va erkin fikr kerak. Agar qaysi millat o‘ziga mansub har bir insonnnig barcha ichki imkoniyatlari, iste’dodi ro‘yobga chiqishiga sharoit yaratmas ekan, har bir shaxsning tashabbusi qadr topmas ekan, har bir yosh qalbida bilimga, tafakkurga, faol yaratuvchilikka intilish ishtiyoqi alanga olmas ekan, millat kamoli, mamlakat qudratining yuksalishi haqidagi gaplar og’izda qolib keta beradi.
Xalqimiz bir ming uch yuz yildan beri islom dinida bo‘lgani uchun islom axloqi va ma’naviyati qon-qonimizga singib ketgan. Shu sababli milliy axloq meyorlarimizda islom axloqi markaziy o‘rin egallashi tabiiy. Ammo shu bilan birga islom axloqi va milliy axloq meyorlarimizni juda ham bir narsa deb tushunish unchalik o‘rinli bo‘lmaydi. Ularning o‘zaro farqlanishida ikki asosiy omilni nazarda tutish kerak.
|