3-masalaning bayoni. Ma’naviyat insonning Borliq haqiqati bilan nisbatiga asos e’tiborini qaratadi. Ma’naviyat insonni fanodan baqoga eltuvchi yagona yo‘ldir. Asli falsafa ham, barcha o‘zga fanlar ham Borliq haqiqatini izlaydi, ammo “Milliy ma’naviyat asoslari” fani o‘z izlanishlarini, birinchidan, milliy ma’naviyatimizning teran tomirlari bilan, ajdodlarimiz bizga qoldirgan bebaho ma’naviy meros bilan bog’laydi, ya’ni muayyan insonlar qo‘lga kiritgan tarixiy tajribaga tayanadi, uning asosida xulosalar qiladi. Ikkinchidan, faqat mantiqiy, ilmiy tafakkurga tayanib qolmay, o‘zga tafakkur yo‘nalishlarga ham keng e’tibor qaratadi.
“Ma’naviyat” keng qamrovli hodisa. Ma’naviyatning moddiy voqelikdagi izlari madaniyat deyiladi. Madaniyat tarkibiga din, ilm-fan, axloq, san’at-adabiyot kabi voqeiy hodisalar kiradi. Shu ma’noda, axloq – madaniyatning tarkibiy qismidir. Shaxs ma’naviyatining asosiy jihatlari – imon, ilm, mas’uliyat, mehr deb ko‘rsatgan edik. Bulardan imon-e’tiqod masalasi ko‘proq din tarkibida ko‘rilsa, ilmga intilish tuyg’usi ilm-fanda, mehr san’at va adabiyotda namoyon bo‘ladi. Mas’uliyat tuyg’usi esa birinchi navbatda axloqqa tegishlidir. Shaxs ma’naviyati faqat imon-e’tiqod, ilmga intilish, mehr tuyg’usi bilan mukammallik kasb etmaydi, unda birinchi navbatda o‘z imoni, ilmi, mehri oldida jiddiy mas’uliyat hissi ham bo‘lishi kerak, busiz oldingilar hammasi bekor bo‘lib qoladi. Ajdodlarimiz ezgu niyat, ezgu so‘z, ezgu amal uyg’unligini ta’kidlashlari ham behuda emas edi. Shu ma’noda axloq shaxs ma’naviyatining amalda namoyon bo‘lishidir. “Axloq –ma’naviyatning o‘zagi” degan iboraning mohiyati ham shunda1.
Ammo imonsiz kishi axloqli bo‘ladimi? Imon ham turlicha bo‘ladi – taqlidiy imon, tahliliy imon. Taqlidiy imon egasining ma’naviyati ham, axloqi ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Tahliliy imon egalari esa, afsuski, hayotda ko‘p uchrayvermaydi. “O‘zligingni anglab et yoxud Axloqshunoslik” (Poznay samogo sebya ili Etika) asarining muallifi, xristian faylasufi va axloqshunosi Per Abelyar (1079-1142) diniy aqidalarni aqlga tayangan holda mantiqan tushunib etib qabul qilishni yoqlab chiqqani uchun katolik cherkovi tomonidan uning ta’limoti qoralangan edi. Ilm va imon birlashmagan joyda aqidaparastlik va fanatizm avj olishi tarixda ko‘p marta isbotlangan. Dilida samimiy mehr tuyg’usi bo‘lmagan odamning ham yuksak axloq egasi deyish juda qiyin. Mehr-shafqat, hilm odamgarchilikning asosiy belgilaridan ekanligi azaldan ma’lum.
“Axloqshunoslik” fani inson xulqining yaxshilanish jarayonlari qanday kechishini tadqiq etadi, ya’ni turli xulqiy xislatlarning o‘zaro nisbati, ularning shaxs ma’naviy kamoloti bilan bog’liq ravishda qanday qilib axloqiy fazilatlarga aylanib borishi, axloqiy qusurlarning kelib chiqishi kabi masalalarni o‘rganadi. Shundan kelib chiqib akademik Erkin Yusupov axloqni: “ijtimoiy munosabatlar zaminida alohida shaxs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatlarda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir” – deb ta’riflagan edi.
|