Folklor, mif va yozma adabiyot mushtarakligi. Bu uch tushun- cha bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki mifologik qarashlar- dan folklor kelib chiqqani kabi, yozma adabiyot ham, o‘z navbatida, har ikkalasi bulog‘idan hali-hanuz suv ichib keladi. Jahon adabiyotida mif va folklorda aks etgan g‘oyalarga suyanib, ulardan ta’sirlanib yozilgan asarlar ko‘p. Homerning “Iliada” va “Odisseya”si, Esxiln- ing “Zanjirband Prometey”, Safoklning “Shoh Edip”, Evripidning “Medeya”, Dantening “Ilohiy komediya”, Navoiyning “Lison ut- tayr”, Gyotening “Faust”, Tomas Manning “Sehrli tog‘” romani asarlarining negizida mif yotadi. Yoki Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani boshqa ko‘plab ildizlar qatori, o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan oziqlanganligi, yozuvchining o‘z e’tirofidan tashqari, asarning shundoq kompoziyasiyasidan bilinib turadi. Mazkur tam-
11 Адабиётшунослик луғати. – Тошкент: Академнашр, 2010. – Б.175–176.
oyil hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Bugungi o‘zbek adabiyotida ham qadimgi afsonalarga murojaat qilish tez-tez uchrab turibdi. Kengesboy Karimovning “Ulug‘ dasht bo‘rilari”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Sizif” kabi romanlari, Nazar Eshonqulning “Vola” kabi hikoyalarida Sharq va G‘arb afsonalariga yangi, zamo- naviy mazmun yuklashga harakat qilingan. K.Karimovning roman- ida bo‘ri afsonasiga murojaat bor. Ma’lumki, qadimgi turklar, italy- anlar va kavkazliklarda bo‘riga alohida munosabat mavjud bo‘lib, bu kult ming yillar mobaynida shakllangan. Chunonchi, qadimgi turklarning bo‘ri haqidagi turli afsonalaridan biriga ko‘ra, turkiy- larning 92 urug‘i ota bo‘ridan tarqagan ekan. Yoki yana bir boshqa asotir aytadiki, turkiylar ona bo‘ri va dushman tomonidan qirib tash- langan urug‘dan tirik qolgan 10 yoshli o‘g‘il boladan to‘ragan. Ona bo‘ri joni omon qolgan bolani qo‘l-oyoqlari kesib tashlangan holda topib oladi. Uni bo‘ri parvarishlab boqib oladi. Oradan vaqtlar o‘tib esa, ona bo‘ri bolalaydi. Afsona turkiylarning ana shu tarzda paydo bo‘lganligini aytadi. Bo‘ri kultining tug‘ilish sababi shunday izoh- lanadi. K.Karimovning romanida shu asotir keltiriladi va yozuvchi badiiy niyatining ochilishiga xizmat qildiriladi. “Xo‘sh, zamonaviy yozuvchi nima uchun miflarga murojaat qiladi?” degan haqli savol tug‘iladi. Axir, miflar qadim tafakkur shaklining mahsuli bo‘lsa, un- dan keyin bashar ahli diniy va ilmiy tafakkur shakllarini bildi. Hozir- da chaqmoq chaqishi yo shamol turishini hech kim Olimp tog‘idagi ilohlarning kayfiyatiga, kun va tunni esa bahaybat devning qo‘lini ko‘tarib tushirishiga bog‘lamaydi. Bularning hammasiga bugungi insonning aniq ilmiy isbotlari bor. Yani ilmiy tafakkur insoniyatni xurofotning to‘ridan xalos qildi. Lekin nega haligacha miflar yas- hayapti?.. Chunki shunday miflar borki, ularning zimnida bugungi kun muammolariga eng qisqa va eng ishonarli javoblar yashiringan bo‘ladi. Hozirda, yuksak darajada rivoj topgan zamonaviy dunyo- da ham bashariyat qarshisida shunday shafqatsiz (javobsiz) savol- lar paydo bo‘lib turadiki, ularning yechimiga eng ko‘p miflar yaqin kelishi kishini hayratlantiradi. Shuning uchun ham biz miflarga mu-
rojaat qilamiz. Yuqorida keltirilgan “Pandora haqidagi mif”ni yoki Bilgamishning boqiy hayot suvini qidirishidan so‘zlaguvchi afso- nani oling. Yoki ijod tabiatini tushuntirib berishga qaratilgan mif- afsonalar ham G‘arbda, ham Sharqda mavjud. Yunon mifiga ko‘ra, jazoga mustahiq etilgan odam misdan yasalgan ho‘kiz ichiga so- linib, ostidan olov yoqiladi. Mis ho‘kiz qizib, jazolanuvchiga mis- lsiz azob beradi. U dod soladi. Ammo ho‘kizning og‘ziyu burnida shunday maxsus teshkichalar bor bo‘lib, odamning faryodi ulardan chiqarkan, quloqqa yaqadigan hush nolaga aylanadi. Bu yoqda – maydonda esa, ishtiyoqmand xaloyiq yoqimli nolani jon quloqlari bilan eshitib huzurlanadi. Bu mifni mis ho‘kiz ichida faryod chek- ayotgan odam – ijodkor, uning ohu nolasidan rohatlanayotganlar esa o‘quvchi, deya tushunish-tushuntirish ham mumkin. Olmon shoiri Heynening bir she’rini Cho‘lpon quyidagicha tarjima qilgan edi:
Hamma esnab turdi, quloq solmadi Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda. Meni alqamagan kishi qolmadi Dardimni nazmga tergan vaqtimda.
Qaysi bir jihatlari bilan xuddi shu mifga o‘xshab ketadigan Sharq afsonasi bor. F. Attorda u “Qaqnus umrining uzunligi va uning ah- voli hikoyasi” deb nomlanib, quyidagicha talqin qilinadi: “Qaqnus Hindistonda yashaydigan turfa ajib bir qushdir-kim, uzun va qat- tiq tumshug‘i bor. Tumshug‘ida xuddi nay kabi bir qancha teshiklar mavjud. Bu teshiklar yuztaga yaqin. Qaqnusning boshqa qushlar kabi jufti yo‘q, u bolalamaydi. Tumshug‘ining har bir teshigidan o‘zgacha ovoz chiqaradi, har bir ovozida o‘zgacha nola, o‘zga bir sir bor. Har bir teshikdan turli-tuman ohangu navolar chiqarib, nola chekkach, barcha qushlar, qushlargina emas, barcha jonivor- lar, hatto suvda baliqlar bundan beqaror bo‘ladilar. Barcha vah- shiy darrandalar jim bo‘lib, bu ovozdan o‘zgacha holatga tushadi- lar. Faylasuflar unga hamroz bo‘lib, ovoziga qarab musiqa ilmini
yaratdilar. U qariyb ming yil umr ko‘radi, ammo o‘limi vaqti yaq- inlashayotganini oldindan sezadi. O‘limi yaqinlashgach, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, atrofiga ko‘p-ko‘p o‘tin yig‘adi.O‘tinlar o‘rtasiga o‘tirib olib, o‘tli nolalar chekadi. Keyin har bir teshikdan, boshqa- boshqa dardli navhalar chiqaradi, yuz teshikdan yuz xil navha-soz chiqaradi. Navha chekayotganda o‘lim alamidan lahza-lahza titrab turadi. Bo‘zlab nola chekishidan hayratlanib, qushlar va hayvonlar uning oldiga yig‘iladilar va hayotdan umidlarini uzgandayin, behol bo‘lib qoladilar. Keyin umrining so‘ngida ajab hol yuz beradi: uning nolasi zo‘ridan tumshug‘idan qon oqa boshlaydi, bir nafas tin olib, so‘ngra qanotlarini bir-biriga ura boshlaydi. Shunda uning qanotid- an o‘t chaqnab chiqadi, keyin butun vujudini o‘t qoplab yona bosh- laydi, olov o‘tinlarga o‘tadi va birga-birga yonib cho‘g‘ga aylana- dilar. Keyin cho‘g‘lar sovib kul bo‘ladilar. Kul ichida bitta kichkina cho‘g‘ qoladi va u kichkina qaqnus bo‘lib dunyoga keladi”.12
Sharqda shoirlar ko‘pincha ana shu qaqnus qushga mengzatiladi. U ohu faryod chekadi, lekin tumshug‘idagi teshiklar bois, uning no- lasi xuddi yoqimli kuydek eshitiladi. Ko‘rinib turganidek, G‘arbu Sharq afsonalarida talay kesishadigan nuqtalar bor bo‘lib, ular ijod va uning tabiatini bir qadar tushunishimizga yordam beradi.
Xullas, dunyoda ming yillar mobaynida bashariyat xotirasida saqlanib kelayotgan mif va afsonalarning o‘rni, ayniqsa, san’atu ad- abiyot uchun beqiyosdir. Dostonnavislar, dramatik va lirik shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, haykaltaroshlar, rejissyorlar o‘z asarlarida ushbu ma’naviy buloqdan qonib-qonib suv ichdilar, hanuz ichmoq- dalar.
|