Tarix falsafasining predmeti, tuzilishi va funksiyalari




Download 0,82 Mb.
bet77/139
Sana22.02.2024
Hajmi0,82 Mb.
#160902
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   139
Bog'liq
1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.org

Tarix falsafasining predmeti, tuzilishi va funksiyalari. «Tarix falsafasi» nima va uning predmeti nimadan iborat? Bu savolga javob berar ekanmiz, tarix falsafasi tushunchasiga «Falsafiy qomusiy lug‘at» mualliflari bergan ta'rifni keltirish o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylaymiz: «Tarix falsafasi – falsafaning tarixiy jarayonni va tarixiy bilishni talqin qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘limi»75. Shunday qilib, tarix falsafasi falsafaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Tarix falsafasining predmeti esa tarixiy jarayon va tarixiy bilishni talqin qilish, ularning mazmunini yoritib berishdan iborat. Ammo bu tarix falsafasini tavsiflashga nisbatan birdan-bir yondashuv emas, chunki tarixiy rivojlanish jarayonida tarix falsafasining predmeti va muammolari sezilarli darajada o‘zgargan va hozirgi vaqtda tarix falsafasining turli yo‘nalishlari tomonidan har xil talqin qilinadi.
Masalan, antik davr tarixchilari va faylasuflari (Gerodot, Platon, Fukidid, Aristotel, Plutarx va b.)ning tadqiqotlari o‘tgan va hozirgi zamon kishilarining qilmishlari, tabiat va insonning o‘zaro aloqasi haqida ma'lumotlar yig‘ishdan, ya'ni tarixiy dalillarni ularni nazariy jihatdan anglab yetmasdan va yagona falsafiy-tarixiy tizimga solmasdan tavsiflash va o‘rganishdan iborat bo‘lgan.
O‘rta asrlarda (Avgustin va b.) tarix falsafasining predmeti sifatida avvalo Xudo va insonning o‘zaro aloqasi muammosi, harakatlantiruvchi kuchi ilohiy vahiy sanalgan tarixiy jarayonning mazmunini aniqlash, tarixiy asarlarning mohiyati va vazifasini o‘rganish amal qilgan.
Sharqda tarix falsafasining (A.Beruniy, Ibn Xaldun, A.B.Narxashiy, R.Hamadoniy) predmeti sifatida jahon tarixi, umumiy tarixiy taraqqiyot qoidalari, yo‘nalish va omillarini belgilovchi kishilik jamiyatining o‘ziga xos davriylik nazariyasi alohida o‘rin tutadi. “Odamlar kabi davlat ham o‘zining hayotiy davriga ega”76. Beruniy tarixni o‘rganish tahlil qilish va so‘ng xulosalar chiqarish zaruligini tavsiya qilar ekan, uni davrlarga bo‘lish, har bir davrning o‘ziga xos jihatlarini aniqlash va ana shu usul orqali ijtimoiy hayotga, kishilik jamiyatiga tegishli va asosli baho berish mumkin deb hisoblaydi.
Uyg‘onish davrida va Yangi davrda (Nikkolo Makiavelli, Jambattista Viko, Frensis Bekon, Tomas Gobbs va b.) tarixning maqsadi, yo‘nalishini, shuningdek tarixiy jarayonda insonning, sinflarning rolini aniqlash (Ogyusten Terri, Fransua Gizo, Ogyust Mine) tarix falsafasining predmetiga aylangan. Yangi davrda «tarix falsafasi» atamasi ham paydo bo‘lgan, uni ilk bor 1765 yilda tarixchi tarixiy voqyealarni shunchaki tavsiflabgina qolmasdan, balki tarixiy jarayonni falsafiy jihatdan anglab yetishga harakat qilishi lozim, deb hisoblagan fransuz ma'rifatchisi Volter ishlatgan. Keyinchalik tarixiy jarayonning umumiy qonuniyatlari va dialektikasini aniqlash yo‘lida izlanishlar olib borish Georg Gegel hamda dialektik materializm asoschilari Karl Marks va Fridrix Engels uchun tarix falsafasining asosiy predmetiga aylangan.
XIX asr oxiri – XX asr boshida tarix falsafasining ko‘pgina yangi yo‘nalishlari vujudga kelgan. Ularning har biri o‘z tadqiqot predmetiga ega bo‘lgan. Masalan, tarixning aylanma harakati nazariyasi namoyandalari (Nikolay Danilevskiy, Osvald Shpengler, Arnold Toynbi), o‘z o‘tmishdoshlari kabi, o‘z oldiga tarixiy jarayon qonuniyatlarini aniqlash vazifasini qo‘ygan. Xristian tarix falsafasining ko‘p sonli yo‘nalishlari: neotomizm (Jak Mariten, Eten Anri Jilson va b.), neoavgustizm (Moris Blondel, Gabriel Marsel, Jan Lakrua), teyyardizm (Per Teyyar de Sharden) va qisman ekzistensializm (Karl Yaspers) namoyandalari tarixning mazmuni muammosini bosh muammo deb hisoblaganlar. Tarixiy bilish gnoseologik nazariyasi va tanqidi namoyandalari (Vilgelm Diltey, Benedetto Kroche) esa tarixshunoslik (istoriografiya) doirasi bilangina cheklanib qolmaganlar, balki so‘zning keng ma'nosidagi tarixiy ongni ham tahlil qilganlar. Neokantchilik tarix falsafasi (Vilgelm Vindelband, Genrix Rikkert) va «analitik» tarix falsafasi (Ernest Nagel, Karl Gempel va b.) ham o‘zining alohida predmetiga ega. XX asr tarix falsafasi aksariyat hozirgi yo‘nalishlarining muhim xususiyati shundan iboratki, ularning predmeti sifatida jahon tarixi, hozirgi sivilizatsiyaning global muammolari amal qiladi.
Bu muxtasar sharhdan ko‘rinib turganidek, turli falsafiy-tarixiy maktablarda tadqiqot predmeti muammosiga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Ayni hol avvalo shu bilan bog‘liqki, tarixiy voqyelikning mohiyati turli tadqiqotchilar tomonidan har xil tushunilishi o‘z-o‘zidan tarixiy jarayonning, ya'ni «tarix falsafasi»ning ko‘p sonli falsafiy talqinlarini vujudga keltiradi. Ammo mazkur yondashuvlarni umumlashtirish tarix falsafasi – bu falsafaning tarixiy jarayon mazmuni, uning qonuniyatlari va asosiy yo‘nalishlarini tushuntirish bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek uni bilish metodlarini asoslovchi bo‘limi, degan xulosaga kelish imkonini beradi.
Tarix falsafasi predmetining umumiy tavsifi uning tuzilishi va funksiyalarini o‘rganishga o‘tish imkonini beradi.

Download 0,82 Mb.
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   139




Download 0,82 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Tarix falsafasining predmeti, tuzilishi va funksiyalari

Download 0,82 Mb.