|
Sivilizasiyalar tasnifi. SHarq va G‘arb sivilizasiyasi
|
bet | 203/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFASivilizasiyalar tasnifi. SHarq va G‘arb sivilizasiyasi. Sivilizatsiya –- (lot. civilis-fuqaroviy, ijtimoiy) serqirra va murakkab mazmunga ega bo‘lgan ijtimoiy-falsafiy tushuncha.
Sivilizatsiya tushunchasini shotland tarixchisi va faylasufi A.Fergyusson (1723-1816) jahon tarixiy jarayonining ma’lum bir bosqichini ifodalash uchun, fransuz ma’rifatparvarlari aql-idrok va adolatga asoslangan jamiyat degan ma’noda ishlatgan edilar. Undan keyin ham sivilizatsiya tushunchasiga turlicha mazmun berish davom etdi. Ayrim holda uni madaniyatning, ba’zan faqat moddiy madaniyatning sinonimi sifatida ishlatgan bo‘lsalar, nemis faylasufi O.SHpengler esa aksincha uni texnikaviy – mexanik majmua deb hisoblaydi. O.SHpengler fikricha, sivilizatsiya va madaniyat birgalikda halok bo‘lish bosqichi tomon boradilar.Uning fikricha, sivilizatsiya madaniyatning halok bo‘lish jarayoni, bosqichini xarakterlaydi. Ingliz sotsiologi va tarixchisi A.Toynbi esa o‘ziga xos va nisbatan yopiq bo‘lgan jamiyatlarni ifodalash uchun ishlatgan. Sivilizatsiya tushunchasining hajmi va mazmunini belgilashda turfa xillik hozirgi vaqtda ham saqlanib qolmoqda. Umuman olganda sivilizatsiyaning quyidagi tavsif va tasniflarinini keltirish mumkin:
ijtimoiy rivojlanishning yovvoyilik va varvarlikdan keyin keladigan bosqichini;
umuman kishilik jamiyati rivojlanishining ma’lum bir bosqichini (masalan, neolit, nokapitalistik yoki hozirgi zamon sivilizatsiyasi);
ma’lum bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani (masalan, quldorlik sivilizatsiyasi, feodalizm sivilizatsiyasi, kapitalizm sivilizatsiyasi);
geografik jihatdan farqlanuvchi birliklarni (masalan, Yevropa yoki Osiyo sivilizatsiyasi);
diniy mansubligiga ko‘ra ko‘ra farqlanuvchi madaniy birliklarni (masalan, xristian, islom, buddaviylik, konfutsianlik sivilizatsiyasi);
kelib chiqishi va planetar mansubligiga ko‘ra farqlanuvchi birliklarni (masalan, er sivilizatsiyasi, erdan tashqaridagi sivilizatsiyalar);
etnik asosga ko‘ra farqlanuvchi ijtimoiy-madaniy birliklarni (masalan, qadimgi Misr yoki Bobil sivilizatsiyasi) ifodalash uchun qo‘llanib kelmoqda.
Umuman olganda sivilizatsiya madaniyat tushunchasining sinonimi sifatida, jamiyat va madaniyat rivojlanishining darajasini, varvarlikdan keyingi jamiyat rivojlanishidagi bosqich sifatida tushuniladi.
Keng ma’noda sivilizatsiya. jamiyatning shunday rivojlanish bosqichiki, bunda jamiyat yashab qolish, hayot uchun kurashmasdan, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy strukturalar va madaniy qadriyatlarni takomillashtiradi.
Sivilizatsiyaning asosiy belgilari quyidagilardir: murakkab mehnat taqsimoti, davlatning mavjudligi, bozor iqtisodiyoti, rivojlangan madaniyatning mavjudligi.
V.Stepin va boshqa ko‘pchilik mualliflar umuman olganda insoniyat tarixida ikki tip sivilizatsiya – SHarqda shakllangan va saqlanib turgan traditsion (an’anaviy) va G‘arbda shakllangan va endilikda SHarqqa ham kirib kelgan texnogen — sivilizatsiyalarini bir-biridan farqlantiradi. Texnogen, degan tushunchada sivilizatsiyalar taraqqiyotida hamisha, va nafaqat ishlab chiqarish rivojlanishida, balki ijtimoiy boshqaruv va kommunikatsiya ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yishda ham yangi texnologiyalarni qo‘llash hal qiluvchi rol o‘ynashiga asoslanadigan sivilizatsiyalar nazarda tutiladi. Traditsion sivilizatsiyalar Xitoy, Hindiston, Antik davr, O‘rta asrlar Yevropasida yorqin namoyon bo‘lgan o‘ziga xoslikka ega bo‘lgani bilan, texnogen sivilizatsiyalarga nisbatan ham xuddi shuni aytish mumkin bo‘lganligi bilan ularning birlashtiruvchi invariant (umumiy) jihatlar ko‘p.
Texnogen sivilizatsiya taxminan XIV- XVI asrlarda Yevropada shakllana boshladi. Uning qadriyatlari tizimining yadrosi (mag‘zi) uyg‘onish, reformatsiya va ma’rifatchilik davrlarida vujudga kelgan edi. U o‘z ichiga inson va uning dunyodagi o‘rnini tushunishni olgan edi. Bu avvalo insonga tabiatga qarshi turadigan, taqdiriga tabiatni o‘zgartirish, uni o‘z irodasiga bo‘ysundirish bitilgan faol mavjudot degan tasavvurning shakllanishi edi. SHunga ko‘ra, inson faoliyati deyilganda uning ob’ektlarni o‘zgartirishi va ularni insonga bo‘ysundirilishi tushunilgan edi. Va ob’ektlarni bunday o‘zgartiruvchanlik qadriyati faqat texnogen sivilizatsiyaga xos bo‘lib, traditsion jamiyatlarda bu yo‘q edi. Bu jamiyatlarda buning aksi, ya’ni, masalan, qadimgi xitoy madaniyatining “u-vey” deb atalgan ta’limotida ifodalangan edi. Ushbu ta’limotga ko‘ra inson olam ritmlari rezonansini his etib yashashi va u bilan hamohang bo‘lish uchun minimal faoliyatda bo‘lish kerak. SHuning uchun traditsionalistik jamiyatlarda insonning tabiat ustidan hukmronlik qilishi maqsadida uni o‘zgartirishi maqsadi qo‘yilmagan edi. Texnogen madaniyatlarda esa buning aksi, bunda, nafaqat tabiat, balki hatto ijtimoiy ob’ektlar ham ijtimoiy texnologiyalarning predmetiga aylanadi.
Bundan tashqari, texnogen madaniyatlarning poydevoriy qadriyatlarini xarakterlashda ularda tabiatga o‘ziga xos, qonuniyatli tartiblangan, inson faoliyatining ashyolar va manbaini tashkil etadigan ob’ektlarning jonsiz olami, deb qarash xos bo‘lganini ko‘rsatish mumkin. Bu manbalar esa cheksiz, inson undan cheklanmagan ravishda foydalanishi mumkin deb tasavvur etilgandi. Traditsionalistik tasavvurlarda esa tabiatga jonli organizm deb, insonga uning kichik bir bo‘lakchasi deb qarash xos bo‘lgan.
Faol, mustaqil shaxs masalasida ham bu sivilizatsiyalar bir biridan farqlanadi. Traditsionalistik madaniyatlarda kishining shaxs bo‘lishi avvalo uning muayyan qat’iy aniq urug‘ aymoqqa, qatlamga (kastaga), tabaqa munosabatlariga kirishi bilan belgilansa, texnogen sivilizatsiyalarda shaxsning o‘z erkin individualligiga, mustaqillik huquqiga ega bo‘lish (shaxs avtonomligi), turli ijtimoiy jamoalarga kira olish va boshqalar bilan teng huquqli bo‘lish ideali afzal qadriyat bo‘ladi. Traditsionalistik jamiyatlarga esa individual erkinlik va inson huquqlari haqidagi bu ideal yot bo‘lgan.
Texnogen sivilizatsiyalarda hayotning ma’nosini tinimsiz yangilanishlar va taraqqiyot tashkil etgan bo‘lsa, traditsionalistik sivilizatsiyalarda unday emas. Aksincha, qadimgi Xitoy maqollaridan birida “Inson uchun eng og‘ir hol o‘zgarishlar jarayonida yashashdir” deyiladi.
Texnogen madaniyatda inson va ijtimoiy taraqqiyotni ijobiy yutuqlarga olib keladigan o‘zgartiruvchanlik faoliyatining muvaffaqiyati ob’ektlarni o‘zgarish qonunlarini bilishdan kelib chiqadi deb qaraladi. Bu qarash ushbu qonunlarni bilish bilan shug‘ullanuvchi fanni afzal o‘ringa qo‘yishga olib keladi. Ilmiy oqilonalik (ratsionallik) ushbu madaniyat tipida inson bilimlari tizimida eng ustun o‘ringa qo‘yiladi, u boshqa barcha shakllarga faol ta’sir ko‘rsatadi.
Nihoyat, texnogen madaniyatning afzal qadriyatlari sifatida hukmronlik va kuchni tushunishdagi o‘ziga xoslikni ko‘rsatish mumkin. Hukmronlik qilish deganda bu erda nafaqat insonning inson ustidan hukmron bo‘lishi (bu traditsion jamiyatlarda ham bor), balki avvalo ob’ektlar ustidan, hukmronlik qilish maqsadida kuch yo‘naltirilgan ob’ektlar, shuningdek, nafaqat tabiiy, balki ijtimoiy ob’ektlar ustidan ham hukmronlik qilish, ular bilan turli texnologik manipulyasiyalar qilish (o‘yin olib borish) nazarda tutiladi. Ushbu qadriyatlar tizimidan texnogen sivilizatsiyaning boshqa ko‘p o‘ziga xosliklari kelib chiqadi va ular bu sivilizatsiya mavjudligini va taraqqiyotini ta’minlaydigan o‘ziga xos genomlari bo‘ladi.
Kelib chiqqan davridan boshlaboq texnogen sivilizatsiyalar traditsion sivilizatsiyalarga ta’sir etib, ularni o‘zgarishga majbur qila boshlagan. Bu jarayon ba’zan harbiy istilolar, koloniyalashtirish, keyinchalik esa ko‘proq texnogen sivilizatsiyalar bosimi ostida ularni quvib etish uchun modernizatsiyani amalga oshirish natijasi o‘laroq (masalan, YAponiyada) amalga osha bordi. G‘arb tajribalarini o‘ziga ko‘chirarkan, Rossiya ham ko‘p marta modernizatsiyalanish jarayonini boshdan kechirgan edi (Pyotr-I va Aleksandr II-larning reformalari shular orasida eng yiriklari bo‘lgan). Oktyabr inqilobidan keyin ham u G‘arb mamlakatlariga etib olish uchun modernizatsiyalashtirish jarayonini boshdan kechirdi, industriallashdi.
Sovet sotsializmi bilan G‘arb kapitalizmi yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida texnogen sivilizatsiyalarining ikki xil varianti, taraqqiyotning ikki strategiyasi sifatida raqobat qilib keldilar. Postindustrial taraqqiyot fazasiga o‘tgach, texnogen taraqqiyot tipi planetaning turli mamlakat va mintaqalarini ekspansiya qilishning yangi siklini boshlab yubordi. Texnogen taraqqiyot ijtimoiy hayotni traditsionalistik taraqqiyotga nisbatan ancha yuqori darajada bir xillashtiradi. Fan, ta’lim, texnologik taraqqiyot va kengayib boruvchi bozor traditsionalistik madaniyatlarni o‘zgartirib, u erda yangicha tafakkur va hayot tarzini vujudga keltiradi. Va bugungi kunda biz globallashuv deb atayotgan jarayon ham aynan texnogen sivilizatsiyaning mahsulidir. U dunyoning turli mintaqalariga avvalo texnik va texnologik jarayonlar vositasida kirib bordi va traditsion sivilizatsiyalarni modernlashtirish, ularni texnogen taraqqiyot relslariga o‘tishning butun bir davrini hosil qildi. Endilikda bu modernlashuv hozirgi globallashuv jarayonlariga aylandi.
“Texnogen sivilizatsiya insoniyatga juda ko‘p yutuqlar keltirganday bo‘lgan edi..., — deydi V.S.Stepanov.- Ko‘pchilik odamlar yaxshi kelajakka bo‘lgan o‘z orzu umidlarini shu sivilizatsiya taraqqiyoti bilan bog‘lagan edilar. Atigi yarim asr oldin aynan texnogen sivilizatsiya insoniyatni o‘zini o‘zi halok etadigan jar yoqasiga olib kelib qo‘yadigan global krizisga duchor etishini hech kim hayoliga keltirmagan edi.”369
SHularni nazarda tutib texnogen sivilizatsiyaga I.A.Karimovning SHarq sivilizatsiyasining afzaliyati haqida bildirgan fikrlarini qarama-qarshi qo‘yish mumkin va zarur. “SHarq olamida, jumladan, o‘zimizning O‘rta Osiyo sharoitida, — deb ta’kidlaydi u, — jamoa bo‘lib yashash tuyg‘usi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi va odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishga, bir-birini qo‘llab-quvvatlab hayot kechirishga zamin tug‘diradi. SHu ma’noda, xalqimizning turmush va tafakkur tarziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, boshqalarga hech o‘xshamaydigan, ming yillar davomida shakllangan, nafaqat o‘zaro muomala, balki hayotimizning uzviy bir qismi sifatida namoyon bo‘ladigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘ramiz.”370 SHuningdek, “Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy voqelikka mana shunday qarash, jamuljam bo‘lib yashash tuyg‘usi biz uchun hayot falsafasiga, yana ham aniqrog‘i, hayot qoidasiga aylanib ketgan. Zamonaviy tilda aytadigan bo‘lsak, bu milliy mentalitetimizning asosini tashkil etadigan, bizni boshqalardan ajratib turadigan shunday bir xususiyatki, uni sezmaslik, anglamaslik, ko‘rmaslik umuman mumkin emas.
G‘arb olamida esa odamlarning hayot tarzida jamoaviyliqdan ko‘ra individualizm, shaxsiy manfaat tamoyillari ustunlik qilishini kuzatish mumkin. Bu ham muayyan, ob’ektiv ijtimoiy-tarixiy omillar tufayli shakllangan voqelik bo‘lib, uni ham inkor etib bo‘lmaydi.
Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan chet eldagi ba’zi siyosatchi va arboblar nafaqat siyosat yoki iqtisodiyot, balki ma’naviyat bobida ham bizga aql o‘rgatishga, azaliy hayot tarzimiz, ruhiy dunyomizga yot bo‘lgan qarashlarni majburan joriy etishga urinmoqda.”371
SHu o‘rinda SHarq madaniyati va sivilizitsiyasini tanqid ostiga olinishi, unga mensimay qarash faqat hozir va faqat bizga nisbatan emas, balki kolonializm mafkurasi shakllanganidan buyon turli shakllarda hamisha mavjud bo‘lib kelganini va unga qarshi hozirgiday munosib javoblar ham o‘z vaqtida mavjud bo‘lganini eslatib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Buning yorqin misoli sifatida A.Gxoshning 1916 yildan to 1921 yilga qadar Hindistonning “Arya” jurnalida nashr etilgan qator maqolalarini keltirishimiz mumkin. Ushbu maqolalarida u G‘arb tanqidchilari tomonidan Hind madaniyati va sivilizatsiyasini tanqid qilinishiga qarshi javob g‘oyalarini oldinga surgan edi. “Yevropaning butun e’tibori, –deydi u, — faqatgina hozirgi vaqtini o‘ylab yashashga, dunyoviy hayotda to‘liq yashab olishga – dunyoda yashashga va dunyo uchun yashashgagina qaratilgan. SHaxsning hayoti uning jismoniy hayotining davomi xolos… G‘arb, hattoki dinning maqsad va vazifalarini ham, o‘zining dunyoviy utilitar ehtiyojlarini qondirishga bo‘ysundirilishini talab qiladi.” 372
SHuning bilan birga Aurobindo Gxosh mazkur asarida “sivilizatsiya” tushunchasining sharqona talqinini oldinga surgan edi. Aurobindo Gxoshning uqtirishicha, “Jamiyat har bir a’zosi o‘z fikr va tajribalarida mutlaqo erkin bo‘la oladigan, evolyusiya kuchli va barqaror kechishini ta’minlaydigan ijtimoiy strukturalari tashkil topadigan ijtimoiy muhitni”373chin ma’nodagi sivilizatsiya deb atash mumkin. Albatta, bu erda shakllanishi ideal hisoblangan ijtimoiy tuzilma nazarda tutiladi. SHu jihati bilan bu ta’rif Forobiyning “Fozil odamlar shahri” yoki Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridagi semurg‘ ne mashaqqatlar bilan etib borgan ettinchi vodiy haqidagi g‘oyalar bilan mohiyatan uyg‘un. Farq Gxosh tushunchalarining zamonaviyligida, ya’ni shaklida xolos.
|
| |