|
Ijtimoiy falsafaning gumanitar fanlar tizimida tutgan o‘rni
|
bet | 67/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFAIjtimoiy falsafaning gumanitar fanlar tizimida tutgan o‘rni. Falsafiy bilimlarning asrlar osha taraqqiy etib borishi natijasida ularning zamirida bir qator falsafiy fanlar yuzaga keldi. Falsafaning strukturasi bosqichma-bosqich shakllanib uning tarkibida avval ontologiya, o‘zaro aloqadorlik va taraqqiyot konsepsiyasi, gnoseologiya, formal mantiq kabi tarmoqlar, so‘ng beshinchi tarkibiy element sifatida ijtimoiy falsafa falsafiy fanlar tizimidan o‘rin oldi.
Demak, ijtimoiy falsafa fan, ilmiy bilimlar taraqqiyotida amal qiladigan differensiatsiya jarayonining natijasi hisoblanadi. Ilmiy bilimlar taraqqiyotida differensiya ikki xil tarzda kechgan.
Dastlabki davrlarda odamlarning bilimlari falsafa fani doirasida jamlangan keyinchalik uning asosida boshqa fanlar shakllangan.
Ikkinchi yo‘nalish muayyan fan doirasida bilimlarning chuqurlashuvi shu fanning tarmoqlarini keltirib chiqargan. Fan doirasida yangi bilimlarni o‘zida mujassamlashtirgan fanning yangi sohalari paydo bo‘lgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, falsafaning har bir tarkibiy elementining yuzaga kelishi ijtimoiy-tarixiy zarurat taqozosidir. Ijtimoiy falsafaning yuzaga kelishi ham ayni insoniyatning o‘z ijtimoiy mohiyatini, birgalikda hayot kechirish sabablari, o‘zi yashab turgan ijtimoiy borliqning mavjudlik va taraqqiyot qonunlarini, bu ob’ektiv qonunlar mohiyatini tushunib olishi hamda shu orqali ulardan o‘z ideallari, maqsad va mo‘ljallarini ro‘yobga chiqarish yo‘llari va vositalarini aniqlab olishda foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarining hosilasidir. Bu kabi ehtiyojlar inson va jamiyat hayotining u yoki bu jihatlarini o‘rganuvchi barcha fanlar, hususan ijtimoiy fanlarning yuzaga kelishi va ularning bir butun tizim sifatidagi integratsiyasini qaror toptirdi. Shu sababli ham ijtimoiy falsafa o‘z tadqiqot yo‘nalishida mutlaq mustaqil holatda faoliyat yuritmay, balki falsafaning qator tarmoqlari hamda konkret amaliy metodlar bilan qurollangan mustaqil fanlar: ontologiya, gnoseologiya, mantiq, falsafiy antropologiya, axloqshunoslik, nafosatshunoslik, tarix falsafasi, tarix, sotsilogiya, siyosatshunoslik, iqtisod nazariyasi va h.k.lar bilan ilmiy-nazariy hamkorlikda faoliyat yuritadi. Ijtimoiy falsafa boshqa fanlar ilmiy-nazariy integratsiyaga kirishsada, ob’ekti, predmeti, bahs mavzusi, funksiyalari va tamoyillari jihatdan o‘ziga hos xususiyatlarga ega.
Shu sababli ham Ijtimoiy falsafaning falsafiy bilimlar va ijtimoiy fanlar tizimidagi o‘rni, roli, yondashuvi hamda bahs mavzusidagi o‘ziga hosligi singari masalalarga aniqlik kiritish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, falsafa va ijtimoiy falsafa, ijtimoiy falsafa va sotsiolgiya, tarix falsafasi va ijtimoiy falsafaning o‘zaro munosabatini aniqlash hayotiy zaruriyatga aylandi. Gap shundaki, uzoq yillar davomida sobiq sovet jamiyatida o‘qitib kelingan tarixiy materializmga ayni bir vaqtda ham ijtimoiy falsafa, ham sotsiologiya sifatida qarab kelindi. Vaholanki, tarixiy materializm o‘z predmeti, tushunchalari, yondashuvi va tamoyillari bilan cheklangan falsafiy ta’limotlardan biri edi holos. Shuningdek, ijtimoiy falsafa sotsiologiya fanidan ham o‘z predmeti, tushunchalari, bilish usullariga ko‘ra tubdan farq qiladi. Ijtimoiy falsafa umumbashariy falsafaning tarkibiy qismi, yaxlit jamiyat to‘g‘risidagi ta’limotdir, sotsiologiya esa empirik tadqiqotlar va ilmiy faktlarga tayanib konkret jamiyat to‘g‘risida aniq bilimlar beradi. Ijtimoiy falsafa sotsiologiya fanining hamda boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning xulosalari, yutuqlariga tayanib, jamiyatning umumiy manzarasi, ijtimoiy borliqning o‘ziga xos taraqqiyot qonunlari to‘g‘risida eng umumiy tasavvurlar hosil qilishga imkon beradi. Ijtimoiy falsafa umuman kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi, jamiyatning mohiyati, insonning ijtimoiy tabiati, uning jamiyatdagi o‘rni va roli to‘g‘risida bahs yuritadi.
Shuningdek, ijtimoiy falsafa falsafa fani bilan uzviy bog‘liq. Ijtimoiy falsafa jamiyat haqidagi falsafiy bilimlar tizimi sifatida falsafa fanidan kelib chiqqan. Agar falsafa olam va odam munosabatlari tahlili bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa jamiyat va inson munosabatlarini tadqiq etadi. Agar falsafa olam, uning mohiyati, qonuniyatlari to‘g‘risidagi fan bo‘lsa, ijtimoiy falsafa olamning tarkibiy qismi bo‘lgan jamiyat haqidagi falsafiy bilimlar tizimi hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa falsafa fani bag‘ridan o‘sib chiqqan. Uni falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida tahlil qilmoq lozim. Ijtimoiy falsafa ontologiya, gnoseologiya, metodologiya, antropologiya ta’limotlari bilan bevosita bog‘liq, u shu ta’limotlarning jamiyatga izchil tatbiq etilishining natijasi va mahsuli bo‘lib hisoblanadi.
Ijtimoiy falsafa borliq falsafasi, ontologiya ta’limoti bilan bevosita bog‘liq ravishda shakllangan. Falsafa borliqni bir butun yaxlit olam sifatida olib o‘rgandi. Ijtimoiy falsafa borliqning o‘ziga xos ko‘rinishi, ijtimoiy borliq, uning mohiyati, qonuniyatlarini aks ettirish bilan shug‘ullanadi.
S.E Krapivenskiy ijtimoiy falsafani yaxlit borliqning ijtimoiy shaklini o‘rganishini nazarda tutib uni “sotsial ontologiya”9 deb atash mumkinligini ta’kidlaganda, borliqning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan barcha jarayonlari, ijtimoiy borliqning yashash va taraqqiy etish qonuniyatlari ijtimoiy falsafaning tadqiqot ob’ekti bo‘lishi mumkinligini nazarda tutadi.
Ijtimoiy falsafa gnoseologiya (bilish) bilan bevosita bog‘liq. Falsafa olamni bilishga dahldor muammolar bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa inson o‘z ongi bilan jamiyatni bilishga qodirmi? degan savolga javob izlaydi. Falsafiy bilimlar ob’ektiv olamning inson ongida aks etish masalalari bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa ijtimoiy hayotning inson ongida aks etish muammolarini o‘rganadi va inson ongi jamiyatga qanday munosabatda? degan savolga javob izlaydi.
Falsafada olamni bilish yo‘llari, usullari ishlab chiqilgan va bu metodologiya (usullar haqidagi) ta’limotida o‘z ifodasini topadi. Falsafada olamni bilish usullari metodologiya ta’limotida o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy falsafa esa inson va jamiyatni o‘rganish metodologiyasi haqida bahs yuritadi.Ko‘rinib turibdiki, falsafa va ijtimoiy falsafa uzviy birlikda dialektik aloqadorlikda hisoblanadi.
Umuman olganda falsafa va ijtimoiy falsafaning o‘‘zaro aloqadorligini quyidagi kategoriyalar nisbatidan ham aniqlab olish mumkin:
|
| |