4) olingan ma’lumotlarni sharhlab berish.
Tayyorgarlik bosqichida har xil vositalar yordamida materiallar
o‘rganiladi va dastlabki ma’lumotlar to‘planadi. Eksperimental bos-
qichda tadqiqotning muayyan metodikasi amal qiladi, o‘z navbatida,
bu bosqich birin-ketin qo‘llaniladigan qator bo‘g‘inlarga – eksperi-
ment seriyalariga bo‘linadi.
Tadqiqotning uchinchi bosqichi tadqiqot ma’lumotlarini sifat ji-
hatdan qayta ishlashda psixologiyaning matematik apparatini – dastlab
ilgari surilgan farazlarning tasdig‘i tarzida olingan xulosalarning haq-
qoniyligi haqida hukm chiqarish imkonini beradigan turli statistik
usullarni va ehtimollik nazariyasi asosiy qoidalarining qo‘llanishini
taqozo etadi.
Tadqiqotning to‘rtinchi bosqichi olingan ma’lumotlarni izohlab
berish, ularni psixologik nazariya asosida talqin qilish, farazning
to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini uzil-kesil aniqlashdan iboratdir.
Shunday xulosa qilish mumkinki, psixologik muammolarning il-
miy jihatdan hal etilishi, zarurat tug‘ilganda, tegishli muayyan psixo-
logik metodikani qo‘llay bilishni talab qiladi (ana shunday bir qator
kategoriyalar, prinsiplar va metodikalar umumiy psixologiya kursi-
ning asosiy bo‘limlarini bayon qilish jarayonida ko‘rib chiqiladi).
Psixologik tadqiqotning obyektiv metodlaridan keng foydalanish, turli
muayyan metodikalarning qo‘llanilishi hozirgi zamon psixologiyasida
tadqiqotlarning yuksak darajada olib borilishini ta’minlaydi.
Psixologiya fanining metodologik va nazariy muammolari haddan
tashqari ko‘p bo‘lib, ularni muvaqqat ilmiy jamoalar tuzish orqali
hamkorlikdagi ilmiy faoliyat negizida hal qilish mumkin. Muayyan
darajada empirik, materiallar to‘plash, ularni psixologik nuqtai nazar-
dan tahlil qilish, ma’lum ilmiy mezon asosida amaliy ma’lumotlarni
tartibga keltirish, aniq xulosalarga kelish fan oldida turgan ulkan
vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarish imkoniyatini yaratadi.