|
O’zbekistonda soliq siyosatini takomillashtirishning ustivor yo’nalishlari
|
bet | 4/8 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 429,29 Kb. | | #255393 |
Bog'liq Mignarova 3. O’zbekistonda soliq siyosatini takomillashtirishning ustivor yo’nalishlari
Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini yaxshilash - soliq siyosatini takomillashtirishning ustivor yo’nalishlari hisoblanadi. Shu bilan birga, mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o’sishga, ishbilarmonlik va investisiyaviy faollikni oshirishga, sog’lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar yig’iluvchanligining zarur darajasini ta’minlashga to’sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ko’rsatdi, xususan:
birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni to’lovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to’laydigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi;
ikkinchidan, qo’shilgan qiymat solig’ini undirishning samarasiz tizimi, soliq to’lovchilarning aylanma mablag’larini jalb qiladigan, shuningdek, iste’mol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes o’rtasidagi kooperasiyaning rivojlanishiga to’sqinlik qiladigan majburiy to’lovlarning mavjudligi;
uchinchidan, soliq to’lovchilar tomonidan xodimlarning Real sonini va mehnatga haq to’lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to’lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;
to’rtinchidan, imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo’yicha ta’sirchan tizimning mavjud emasligi sababli sog’lom raqobatni ta’minlashga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni soliq va bojxona, shu jumladan individual xususiyatga ega bo’lgan imtiyozlar hisobiga qo’llab-quvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi;
beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari o’rtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliq ma’muriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirish shakl va uslublarining takomillashmaganligi;
oltinchidan, o’tkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi va insofli tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga to’sqinlik qiluvchi nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yo’qligi;
ettinchidan, mahalliy soliq va yig’imlarning ma’muriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularning yig’iluvchanlik darajasi etarli emasligi, shuningdek, ko’chmas mulk va er uchastkalarini to’liq hisobga olish va qiymatini ob’ektiv aniqlashning mavjud emasligi.
Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida"gi 2017 yil 07-fevral PF-4947-sonli2 va "2022-2026 yillarga mo’ljallangan yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi to’g’risida"gi 2022 yil 28-yanvar PF-60-sonli3 Farmonilari asosida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib quyidagilar O’zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish asosiy yo’nalishlari etib belgilandi;
iqtisodiyotga soliq yukining darajasini kamaytirish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo’yicha soliqlarni to’laydigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’rtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish;
soliqlarni unifikasiya qilish orqali ularning sonini optimallashtirish, shuningdek, o’xshash soliq solish bazasiga ega bo’lgan soliqlarni birlashtirish, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, operasion xarajatlarni minimallashtirish;
makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligini, O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirishning mustahkamligini ta’minlash;
soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasida normativhuquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish, insofli soliq to’lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish;
soliq solish masalalarini tartibga soladigan havolaki normalar va qonun osti hujjatlarini maksimal darajada cheklagan holda, soliq qonunchiligining barqarorligini hamda O’zbekiston Respublikasi soliq kodeksi normalarining to’g’ridan-to’g’ri amal qilishini ta’minlash, shu jumladan Kodeksda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar stavkalarining miqdorlarini belgilash;
xorijiy investorlar va investisiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash;
soliq nazoratining shakl va mexanizmlarini, shu jumladan soliq solish ob’ektlari hamda soliq to’lovchilarni yanada to’liq qamrab olish va hisobini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfer narxlarni shakllantirish bilan bog’liq operasiyalarga soliq solish tartibini joriy etish, kabi soliq siyosatining eng muhim asosiy yo’nalishlari belgilab olindi.
Dunyo tajribasidan ma’lumki, iqtisodiyotni soliq siyosatini takomillashtirish orqali tartibga solish instrumenti har qanday mamlakatning eng muhim yo’nalishi hisoblangan moliyaviy siyosatning dolzarb masalalardan hisoblanadi. Chunki sof fiskal funktsiyadan tashqari soliq siyosati ijtimoiy ishlab chiqarishga, uning tarkibiy tuzilishiga va dinamikasiga, joylashishiga, ilmiy-innovasiya taraqqiyotini jadallashtirishga iqtisodiy ta’sir ko’rsatuvchi asosiy mexanizm bo’lib ham xizmat qiladi.
Mamlakatimizda keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni izchil da’vom ettirish, milliy iqtisodiyotni rivojlangan zamonaviy bozor iqtisodiyoti darajasiga ko’tarish, eksportga yo’naltirilgan ishlab chiqarish tarmoqlarini vujudga keltirish, jahon iqtisodiyoti integrasiyasiga jadal kirib borishda moliyaviy siyosatning asosiy ustivor yo’nalishi bo’lgan soliq siyosati dolzarb ahamiyat kasb etadi.
|
| |