O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 20-aprel
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini
yanada rivojlantirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan.
Mustaqillik yillarida iqtisodiyotning, ijtimoiy hayotning real talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, unga o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslik yo‘nalishlarini takomillashtirish borasida katta ishlar qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-oktabrdagi farmoyishi asosida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi mavjud holatni o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, qator oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolmoqda, ta’lim jarayonining o‘quv-metodik va axborot ta’minoti zamonaviy talablarga mos emas, moddiy-texnik baza tizimli ravishda yangilanishga muhtoj. Oliy ta’lim tizimida o‘quv jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish, yetakchi xorijiy turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ishlar talab darajasida olib borilmayapti.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, quyidagilar oliy ta’lim tizimini kelgusida kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilandi:
har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish;
oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni hududlar va sohalar bo‘yicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatdan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan o‘tishini yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida o‘qitish;
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish;
oliy ta’limning ma’naviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol g‘oyasini, xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘usini chuqur singdirish, biz uchun mutlaqo yot va begona bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirish;
oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini ularning o‘quv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish orqali yanada mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan sohalarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, talabalar, o‘qituvchi va yosh tadqiqotchilarning jahondagi ilg‘or ta’lim resurslari, ilmiy adabiyotlar va ma’lumotlar bazasi bo‘yicha elektron kataloglarga kirish imkoniyatini kengaytirish.
Qarorda belgilangan vazifalarning samarali yechimini to‘liq ta’minlash maqsadida oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash maqsadida Oliy ta’lim tizimini 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Dasturga muvofiq, 2017-2021-yillarda 48 ta oliy ta’lim muassasasida jami 180 ta o‘quv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, 53 ta oliy ta’lim muassasasida 400 ta o‘quv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy ta’lim muassasasida barcha oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Qarorning muhim ahamiyatini ko‘rsatadigan yana bir jihat shundan iboratki, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha quyidagi konkret parametr va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan manzilli rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi:
oliy ta’lim tizimida yangi ta’lim ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning, shuningdek, iqtisodiyot sohalari va hududlarni kompleks rivojlantirishning joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va bakalavriat va magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy ko‘rsatkichlarini 2021-yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshirishni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan parametr va ko‘rsatkichlari;
o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, axborot-resurs markazlari va boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hisobidan yangi o‘quv o‘rinlarini tashkil etish, yangi o‘quv-laboratoriya komplekslarini sotib olish, auditoriyalarni komputer texnikasi bilan jihozlash;
professor-o‘qituvchilarning kasb mahoratini, pedagog xodimlarning malakasini oshirish, shuningdek, ularning xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishi, magistratura, doktoranturada ta’lim olishi, hamda respublikamizning tayanch oliy o‘quv yurtlari qoshida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi va malaka oshirishi.
Mazkur dasturda asosan mamlakatimizning har bir oliy ta’lim muassasasi bilan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarning mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘quv jarayoniga jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha amaldagi tizimni jiddiy takomillashtirish va bu borada moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga ehtiyoj sezilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’lim vazirligiga uch oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlari pedagog xodimlariga ularning kasb mahorati, faoliyatidagi yuqori natijadorlik va tarbiyaviy sohadagi samarali ishtirokini inobatga olib, ustama haq to‘lashni belgilash tizimi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda iqtidorli yosh pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida ilmiy-pedagog xodimlarning malaka oshirishi va qayta tayyorgarlikdan o‘tishini, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining PhD dasturi va ularning magistraturada o‘qishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan takliflar kiritish topshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida korxonalarning buyurtmasiga asosan amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini amalga oshiradigan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan, yagona soliq to‘lovidan, maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy to‘lov va qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilindi.
Ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi – ta’lim-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifati hamda mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, ta’lim-tarbiya sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.
Oliy ta’lim tizimini 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan moliyaviy mablag‘lar 1,7 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ulardan 1,2 trillion so‘mi o‘quv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turar-joylarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga, 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ esa o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan ta’minlash, umumiy tartibda foydalanishga mo‘ljallangan, barcha ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, mamlakatimizning izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, barcha hududlar va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy ta’lim tizimi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadamdir.
O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MUASSASALARI FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
|