O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017-yil 14-mart
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘rta
maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini
yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash, ularning qobiliyat va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsad va vazifalari hayotga izchil joriy etilishi natijasida yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari barpo etildi.
Mamlakatimizdagi 1411 ta kasb-hunar kollejlarida yoshlarimiz bir nechta ixtisoslik bo‘yicha zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab kelmoqda.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari qoshida 144 ta akademik litsey tashkil etilgan bo‘lib, ularda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha, yangi pedagogik va informatsion texnologiyalar asosida zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan kabinetlarda yosh avlodga puxta bilim berilmoqda. Ushbu maskanlarni har yili o‘rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.
Akademik litseylarning faoliyatini ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillarini hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish natijalari nuqtai nazaridan olib borilgan tahlillar bu sohadagi ishlarning qoniqarli emasligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi paytga kelib akademik litseylar sonini optimallashtirish, ulardagi ta’lim sifatini oshirish va mazmunini yangilash, ularni bitirib chiqayotgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo bo‘lmoqda.
Mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror akademik litseylarda o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, bu maskanlarda ta’lim berish uchun umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini saralab olish, yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan orzu-intilishlariga erishmog‘i uchun yanada keng sharoitlar yaratish kabi aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda quyidagi aniq vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
bugungi kunda moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi hamda oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi;
investitsiya dasturi loyihasi va qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirishda akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi o‘quv ustaxonalari qurish uchun mablag‘lar ajratishga alohida e’tibor qaratiladi;
kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqich o‘quvchilari o‘qishni tugatgach, yaqin hududda joylashgan, ta’lim yo‘nalishi o‘xshash bo‘lgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladi;
oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi o‘qituvchilik faoliyatiga soatbay haq to‘lash miqdori oliy ta’lim muassasalarida mehnatga soatbay haq to‘lash miqdoriga tenglashtiriladi;
ta’limning uzluksizlik va uzviylik tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli o‘quvchilar bilan ish olib borish doirasida ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari bilan akademik litseylar o‘rtasida o‘zaro ta’sirchan hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Akademik litseylarda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlarini keng tatbiq qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
o‘quv guruhlari tarkibi 26 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmagan tarzda shakllantiriladi;
chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari guruhlarga bo‘lingan tarzda, ya’ni ikkita kichik guruhda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi;
pedagoglar tarkibi oliy ma’lumotli va kamida 5-yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan malakali o‘qituvchilar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.
Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, akademik litseylar direktorligi uchun nomzodlar akademik litseylar biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.
2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylar o‘quvchilarini umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari respublika maqsadli kitob jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ijara tizimi asosida amalga oshiriladi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan byudjet mablag‘lari hisobidan bepul ta’minlanadi.
Yana bir muhim jihati shundaki, qarorda akademik litseylar bitiruvchilariga aniq mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ta’lim jarayoni yakuniga yetganidan so‘ng ularga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Qarorda ta’lim jarayoni sifatini oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi uchun alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unda:
akademik litsey o‘quvchilarining biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish;
har bir akademik litseyda o‘quvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari, o‘quvchilarning ijodiy va mustaqil izlanishlariga yo‘naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish;
oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish;
oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga baho berishda ular tomonidan ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha akademik litseylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratish nazarda tutilgan. Bu borada seminar-treninglar tashkil etish, ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida doimiy mahorat darslarini o‘tkazish, akademik litsey o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni baholash mezonlarini ishlab chiqish kabi masalalar qamrab olingan.
Bundan tashqari, qarorda akademik litseylar negizida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan kasb-hunar kollejlari uchun zarur ustaxonalarni barpo etish va jihozlash, shuningdek, soatbay asosida akademik litseylarda faoliyat ko‘rsatuvchi professor-o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida akademik litseylarda o‘qitish sifati va samaradorligini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va maqsadli ta’limga yo‘naltirish, farzandlarimizning tanlangan mutaxassisliklarni puxta egallashlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga keng imkoniyatlar ochiladi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BIRINCHI PREZIDENTI ISLOM ABDUG‘ANIYEVICH KARIMOVNING XOTIRASINI ABADIYLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
|