O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni




Download 56,73 Kb.
bet8/10
Sana04.04.2021
Hajmi56,73 Kb.
#14098
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
16.02.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qayd etib o‘tilsinki, mustaqillik yillarida xalqimizning boy madaniy merosini qayta tiklash, yuksak ma’naviyat, milliy o‘ziga xoslik va xalq an’analarining mavjud ko‘p asrlik sarchashmalarini butun choralar bilan rivojlantirish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va har tomonlama barkamol shaxslar jamiyatini barpo etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. 

Aholining madaniy va estetik ehtiyojlarini yanada to‘la qondirishga, teatr, musiqa, tasviriy san’at hamda boshqa san’at turlarini rivojlantirishga, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi. Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha tizimli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nufuzli xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish va yuksak marralarni zabt etishga qodir mahoratli sportchilar tayyorlashning samarali tizimi yaratildi. 

Shu bilan birga, mavjud davlat boshqaruvi tizimi madaniyat va sportni rivojlantirish muammolarini kompleks hal etish, shuningdek, mazkur sohalarda davlat siyosatini samarali amalga oshirishni to‘liq darajada ta’minlash imkonini bermaydi. Zimmasidagi vazifalar ko‘lami kengligi va ahamiyati kattaligiga qaramay, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan faol hamkorlik ta’minlanmayapti, uning faoliyati esa ko‘pincha madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini o‘tkazish bilangina cheklanib qolmoqda. 

Madaniy-ma’rifiy va sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, obyektlari va inshootlarining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari hamon o‘z yechimini topgan emas. Madaniyat va sport sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. 

Madaniyat va sport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, mazkur sohada O‘zbekiston xalqining boy va o‘ziga xos madaniyati, san’ati va ijodiyotini yanada rivojlantirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini tubdan yuksaltirish, aholi keng qatlamlari orasida ma’naviy-axloqiy kamolot va sog‘lom turmush tarziga intilishni kuchaytirish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilsin va uning negizida: 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi; 

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilinsin. 

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilansin: 


madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish; 
aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirish; 
badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish; 
madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, muzeylar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ma’naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish; 
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat idoralari, jamoat tashkilotlari, o‘quv yurtlari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifa hamda yo‘nalishlarini, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini ta’minlashda mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; 
madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida takomillashtirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanish, madaniy-ma’rifiy muassasalar va o‘quv yurtlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash; 
davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, mamlakatimiz ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, jumladan, konferensiyalar va ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar o‘tkazish yo‘li bilan chet ellarda keng targ‘ib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek, madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash. 
3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilansin: 
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi keng qatlamini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning xalqaro sport maydonlaridagi yutuqlarini targ‘ib qilish va uning keng e’tirof etilishiga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish; 
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, keksalar, qishloq aholisi o‘rtasida sport hamda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, shaharlar va tumanlarda ommaviy sport tadbirlari, milliy sport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarini muntazam o‘tkazib borish; 
bolalar, ayniqsa, qizlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etgan holda, bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, jumladan, qishloq va olis tumanlarda bolalar sport obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish, uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari o‘tkazilishini tashkil qilish, buning asosida bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularning jismonan barkamol rivojlanishini ta’minlash; 
Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda iste’dodli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini takomillashtirish, ularning Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash uchun sifatli sport zaxirasi va mamlakat terma jamoalari tarkiblarini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish; 
mamlakatimizda professional sportni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish; 
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obyektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanishni ta’minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashish; 
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali murabbiylar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash; 
sport sohasida davlatlararo va xalqaro sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlar chop etish, video va kino materiallar tayyorlash. 
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida: 
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi negizida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi; 
Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash huzuridagi Estrada san’atini rivojlantirish jamg‘armasi negizida byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilinsin. 
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji ajratmalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari va daromadlaridan ajratmalar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi daromadlarining manbalari etib belgilansin, Jamg‘arma mablag‘lari “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ta’minotiga, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilsin. 
5. Faoliyatni o‘rganib chiqish natijalarini hisobga olib, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Artmadad” maxsus jamg‘armasi va “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi tugatilsin hamda mazkur tashkilotlarning funksiyalari va mol-mulki O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga topshirilsin. 
6. Quyidagilar: 
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasidagi R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi, V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi, bolalar musiqa va san’at maktablari, shuningdek, “Istiqlol” va “Turkiston” san’at saroylari – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimiga; 
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasidagi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro apparati, sport maktablari hamda sport yo‘nalishidagi maktab-internatlar, Bolalar-o‘smirlar sport maktablari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi – O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tizimiga topshirilsin. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2002-yil 24-oktabrdagi PF-3154-sonli farmoni bilan unga taqdim etilgan asosiy vazifalar, huquqlar, imtiyozlar va moliyalashtirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasida saqlab qolinsin. 
7. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin. 
Komissiya (A.N.Aripov) belgilangan tartibda bir oy muddatda: 
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligini qayta tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishga doir barcha masalalar hal etilishini; 
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi markaziy apparatiga malakali mutaxassislar har tomonlama tanlab olinishi va kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin. 
8. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining barcha majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalarning o‘ziga tegishli qismi bo‘yicha uning huquqiy vorislari hisoblanadi. 
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorlarini qabul qilsin. 
10. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-iyuliga qadar madaniyat xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish va uni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini taqdim etsin. 
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin. 
12. Ushbu farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin. 



Download 56,73 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Download 56,73 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Download 56,73 Kb.