|
QATLAM SHAROITIDA GAZ, NEFT VA SUVNING YOTISH HOLATI VA XUSUSIYATLARI
|
bet | 107/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi QATLAM SHAROITIDA GAZ, NEFT VA SUVNING YOTISH HOLATI VA XUSUSIYATLARI
Cho’kindilar hosil bo’lish jarayonida neft va gaz uyumlarini tarkib topishi g’ovakli muhitda neft va gazning regional siljishi (migratsiyasi) natijasida sodir bo’ladi, bunda jins g’ovaklari neft, gaz va suvlarning shimilishidan to’ladi. Keyinroq g’ovakli jins ichida bo’ladigan ikkilamchi siljish jarayonida suyuqliklar va gazlar zichligiga qarab taqsimlanadi: gaz qatlamning yuqori qismini egallaydi, o’rtada neft uyumi, undan quyida suv joylashadi. Ammo, gaz, neft hamda suvning gravitatsion ajralishi oxirigacha sodir bo’lmaydi va suvning bir qismi (bog’liq suv) qatlamning neftli va gazli zonasida qolib ketadi. Bu zonada ular yuza taranglik kuchi orqali subkapillyar g’ovaklarda saqlanib turadi.
Ma’lumki, kimyoviy tarkibiga ko’ra neft va gaz g’oyat murakkab uglevodoroddir. Qatlamda ular yuqori bosim va temperatura ostida bo’ladi, shuning uchun ham uglevodorodlarning qatlam sharoitidagi xususiyatlari yer yuzasidagi xususiyatlaridan farqlanadi.
Uglevodorodlar aralashmasining yer yuzasidagi holati quduqlardan chiqarib olinayotgan uglevodorodlar tarkibiga, o’sha vaqtdagi bosim va temperaturasiga bog’liq. Neft yoki gaz chiqarib olingan sari qatlamning bosimi kamayib boradi, shu sababli qatlamda qolgan uglevodorodlar fizik o’zgarishlarga uchraydi. SHuning uchun ham tabiiy sharoitdagi neft va gazning fizik xususiyatlarini bosim va temperaturaga bog’liq holda o’rganish muhimdir.
Uglevodorodlar xususiyatlari o’zgarishining fizik qonuniyatlarini mukammal tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday qonuniyatlar chiqarib olingan neft va gazning miqdorini to’g’ri hisoblashga imkoniyat beradi. YUqorida qayd etilgan ma’lumotlar orqali yer qa’rida sodir bo’layotgan fizik jarayonlar ma’lum bo’ladi, qatlamdagi neft va gazning sanoat ahamiyatiga molik zaxirasi aniqlanadi va yer qa’ridan neft va gazni eng ko’p chiqarib olish bo’yicha tadbirlar belgilanadi.
Uyumni ishlatishda qatlam sharoitidagi suyuqlik va gazlarning fizik xususiyatlarini o’rganish uchun ularning g’ovakli muhitda harakatlanishi murakkab holatlarda sodir bo’lishini nazarda tutish lozim. Bunday murakkab holatlarning yuzaga kelishi qatlamdagi yuqori temperatura va bosimga hamda g’ovakli muhitdagi suyuqlik va gazlarning fizik-kimyoviy tarkibiga bog’liq. Tabiiy uglevodorodli aralashmalar tarkibining murakkab bo’lishi sababli, asosan laboratoriya tadqiqotlaridan olingan empirik ma’lumotlardan foydalanishga to’g’ri keladi.
Tabiiy suyuqliklar va gazlarning fizik xossalarini o’rganishda birinchi navbatda bir komponentli oddiy sistemalarning holati va xarakterining o’zgarish tafsilotlarini bilish kerak. Ma’lumki, bir komponentli uglevodorodlar tabiatda toza holda uchramaydi, shuning uchun ularni uglevodorodli sistemalarni qayta ishlab olish mumkin. Ammo bir komponentli uglevodorodlarning fizik xossalari va ularning o’zgarish xarakteri bosim va temperaturaga bog’liq bo’lgani uchun sifat jihatidan ular murakkab sistemaga o’xshaydilar. Binobarin, ularni o’rganishda ayrim uglevodorodlarga tegishli fizikaviy kimyoning va termodinamikaning asosiy qonunqoidalaridan foydalanish mumkin.
Uglevodorodli sistemalar boshqa sistemalar singari gomogen (bir jinsli) va geterogen (ko’p jinsli) bo’lishi mumkin. Gomogen sistemada uning hamma qismlarining fizik xususiyatlari bir xil (bir jinsli) bo’ladi. Geterogen sistemada esa, aksincha uglevodorodlarning fizik va kimyoviy xususiyatlari har bir nuqtada turlicha bo’ladi.
Geterogen sistema bir qancha fazalardan iborat. Har bir faza sistemaning ma’lum qismini tashkil etadi. Bu gomogen bo’lib, boshqa fazalardan aniq chegaralar bilan (masalan, geterogen sistema: muz, suv va suv bug’i) ajralib turadi.
Shuningdek, neft-gazli qatlamda geterogen sistema mavjud bo’lib u gaz, neft va suvdan iborat bo’ladi. SHu boisdan uglevodorodlar xossalarini tadqiq qilish bilan birga, suvning xossalarini ham o’rganish zarurdir. Chunki, suv qatlamning bir qismini tashkil etadi, neftni olishni osonlashtiradi hamda neft va gaz bilan birgalikda chiqarib olinadi.
Quyida neft, gaz va suvning faqat yer yuzasidagi va qatlam sharoitlaridagi
xususiyatlariga to’xtalib o’tamiz. Neft va gaz konlarini loyihalashda, ishlatishda va zaxirasini hisoblashda bularni bilish juda zarur.
|
| |