|
Pedagogika-psixologiya fakulteti pedagogika kafedrasi
|
bet | 10/34 | Sana | 27.01.2024 | Hajmi | 191,92 Kb. | | #147119 |
Bog'liq B. Siddiqov S. Abdullayev sh. Mexmonaliyev-fayllar.orgIkkinchi yondashuv: iste’dod - bu faqat ayrim, tanlanganlarga “yuqoridan” berilgan, degan fikrda ifodalanadi. Agar bunga ishonsak, iste’dodli bolalarni kashf qilish dolzarb muammoga aylanadi, biroq iste’dodni rivojlantirish imkoniyati shubha ostida qoladi. Umuman - iste’dodli bo‘lish mumkinmi? Bir so‘z bilan aytganda, iste’dod va iste’dodli bolalar bo‘yicha psixologiya va pedagogika sohalaridagi barcha ilmiy tadqiqotlar ushbu savollar qo‘yilishining asosiy mohiyati hisoblanadi.
Iste’dodlarni qidirish, namoyon qilish, ta’lim berish, tarbiyalash muammolari butun dunyo olimlari, amaliyotchilari uchun hali - hamon dolzarbligicha qolmoqda. Turli yoshdagi iste’dodli bolalarni o‘rganib chiqishda yetarlicha ko‘p material to‘plangan, bu, u yoki bu yosh xususiyatlari bilan iste’dod uchqunlarining aloqadorligi hamda yosh o‘zgarishlarining kechishi haqidagi masalalar ustida fikr yuritishga undaydi.
Iste’dod tabiati va asosi haqidagi masala ham o‘tkir bahslar mavzusi bo‘lib qolmoqda. Bu sohadagi zamonaviy tadqiqotlar elektro-fiziologik, psixo-genetik va boshqa metodlar yordamida iste’dodning biologik va ijtimoiy tabiatdagi o‘zaro munosabati ochib berilishiga yo‘naltirilgan. Masalan, bu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi olimlar iste’dodli bolalar uchun neyron axborotlarni tez uzatish xosdir, deyishadi, ularning miya ichki tizimi nerv aloqalarining ko‘p miqdori bilan eng sertarmoq hisoblanadi.
Ko‘p sonli nazariyalardan farq qilgan holda, real pedagogik amaliyot iste’dodli bolalarning faqatgina uch turkumini ajratib ko‘rsatadi. Ajratib ko‘rsatilgan birinchi turkum iste’dodlar - umumiy iste’dod darajasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega bolalar. Ikkinchi turkum iste’dodlar - faoliyatning qandaydir sohalarida muvaffaqiyatga erishgan bolalar - yosh musiqachilar, rassomlar, sportchilar.Bu turkumdagi bolalar ko‘pincha talantli, deb ataladi. Uchinchi turkum iste’dodli bolalarga maktabda yaxshi o‘qiydigan bolalarni kiritish mumkin (“akademik iste’dod”).
Turkumlarga ajratishda bir ma’noli tushunchalar bo‘lishi mumkin emas. Faqatgina har bir muallifning fikrini qabul qilish, ularni tahlil qilish va ulardan birining nuqtai nazarini ajratib olib xulosa chiqarish mumkin. Yoki hammasini umumlashtirib, ushbu tushunchani o‘zicha anglash mumkin.
Ammo aksariyat olimlar quyidagi iste’dod turlarini ajratish mumkin, degan fikrga kelishgan: ijodiy, badiiy, umumiy intellektual, akademik va ijtimoiy. Ularning har birining mezonlari, albatta, bir xil emas. Yoki agar siz bolada tashkilotchilik qobiliyatini sezsangiz yoxud u amalda hamma bilan umumiy til topisha olishi bilan ajralib tursa, juda kirishimli bo‘lsa - gap ijtimoiy iste’dod haqida boradi. Agar u matematika, fizika va biologiya fanlarini oson o‘zlashtirib, yuqori natijalar ko‘rsatsa, biroq bundan boshqa fanlardan o‘zlashtirishni muhim deb bilmasa - akademik iste’dod haqida so‘z boradi.
Badiiy iste’dod maxsus maktab, to‘garak, studiyalarda qo‘llab - quvvatlanadi va takomillashtiriladi. U badiiy ijod sohasida va musiqa, rangtasvir, haykaltaroshlik, aktyorlik qobiliyatlarida ijrochilik mahoratidan yuqori muvaffaqiyatlarga erishishni nazarda tutadi. Umumiy intellektual iste’dod uchun shu narsa asosiyki, bunday iste’dodga ega bolalar asos bo‘luvchi tushunchalarni tez o‘zlashtirishadi, oson eslab qolishadi va axborotlarni saqlaydilar. Yuqori rivojlangan axborotlarni qayta ishlash qobiliyati ularga ko‘plab bilim sohalarida yaxshi o‘zlashtirish imkonini beradi.
Ijodiy iste’dod turi atrofida ko‘plab bahs-munozara yuzaga keladi. Turfa fikrlilikning mohiyati aksar holda quyidagilardan iborat. Ba’zi mutaxassislar fikricha, ijodkorlik, kreativlik (inglizcha creation - yaratish) iste’dodning barcha ko‘rinishlarining ajralmas elementi bo‘lib, ijodiy komponentdan alohida olinishi mumkin emas. Ba’zilari shu fikrni ma’qullaydilarki, iste’dodning faqatgina bir turi mavjud - ijodkorlik: agar ijodkorlik bo‘lmasa, iste’dod haqida gapirish ma’nosiz hamda iste’dod yangi g‘oyalarni ilgari surish, har qanday sohada yaratuvchanlik qobiliyatini tug‘diradi.
Dunyodagi aksar olimlar ijod tabiati yagona, shuning uchun ijodkorlik qobiliyati universal, degan fikrda to‘xtalishgan. San’at, texnika sohalari yoki boshqa faoliyat turlarida yaratuvchanlikni o‘rgangan bola ushbu tajribani boshqa har qanday sohaga qiyinchiliksiz o‘tkaza olishi mumkin. Aynan shuning uchun ijodkorlik nisbatan avtonom, mustaqil qobiliyat sifatida qaraladi.
|
| |