|
Qadimgi Yunonistondagi iqtisodiy ta'limotlar
|
bet | 2/3 | Sana | 30.07.2024 | Hajmi | 121,01 Kb. | | #268947 |
Bog'liq Qadimgi dunyo iqtisodiy ta\'limotlariQadimgi Yunonistondagi iqtisodiy ta'limotlar
Yuqorida qayd etilganidek, antik dunyo mamlakatlarida quldorlik klassik shaklda rivoj topdi, m.a. II-I ming yilliklar davrida shakllandi. qadimgi Gretsiya (Yunoniston) da ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma jabhalarida quldorlik bevosita ishlab chiqaruvchilarni ekspluatatsiya qilishning asosiy shakliga aylangan edi. Ishlab chiqarish asosan quldorlik munosabatlariga asoslanib olib borildi, qul asosiy ishlab chiqaruvchi kuch hisoblangan (Sharq bilan solishtiring). Dastlabki iqtisodiy g`oyalar Gomerning "Iliada" va "Odisseya" poemalarida aks ettirilgan bo`lib, iqtisodiyotning natural xo`jalik konsepsiyasi ilgari surilgan. Yunon shoiri Gesiod (m.a.VIII-VII asrlar) ning "Mehnat va qonunlar" asarida boylikning kuchi, hokimiyati aks ettirilgan. U dehqonchilikni ulug`laydi, bu sohada qisman qullar mehnati ham ishlatilgan. U davrda oddiy xalq orasida mehnat ancha qadrlangan. qulchilik ofatining bosib kelayotganligidan xavfsiragan shoir go`yoki ilgari hukm surgan "oltin asr", ijtimoiy jabr va og`ir jismoniy mehnatga ehtiyoj bo`lmagan davrni ham yoritgan.
Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda polis (shahar) sistemasi shakllanib bo`lgach, qulchilik keng tus oladi, urug`chilik mulki xususiy mulkchilik tomonidan siqib chiqariladi, savdo, sudxo`rlik tez rivojlanadi. Solon (m.a. 640/635-559 yy.) islohotlari pul xo`jaligining afzalligini ko`rsatib berdi (m.a. 594 y.). Islohot tufayli kulni qarzga berish taqiqlandi. Afinada Perikl (m.a. 444/443-429 yy.) tomonidan olib borilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etdi. qurilish, hunarmandchilik, savdo o`sdi. Shu davrda fuqarolar va fuqaro bo`lmagan aholini bir-biriga qarama-qarshi qo`yadigan qonunlar qabul qilindi. Bu ishlar qullarni hunarmandchilik va savdo sohalarida beayov ekspluatatsiya qilish, savdo va pul xo`jaligini rivojlantirish hisobiga amalga oshirildi.
Qulchilik o`z tabiatiga ko`ra insonga yot, u majburiylikni talab etgan, oqibatda ma'lum davrdan inqirozga uchray boshlagan. Shu davrda iqtisodiy g`oyalar tobora reaksionlashib, davlatni, aristokratiyani himoya qilish, natural xo`jalikni yoqlash yo`lini tanlaydi, ya'ni sinfiy xarakterga ega bo`la boradi. Bu yo`nalish Ksenofont (taxminan m.a. 430-354 yy.), Platon (Aflotun, taxminan m.a. 427-347 yy.), Aristotel (Arastu, m.a. 384-322 yy.) larning iqtisodiy qarashlarida yaqqol namoyon bo`ldi.
"Ekonomiya" so`zi ("oykonomiya": - "oykos" - uy, xo`jalik va "nomos" - qonun, qoida) tom ma'noda uy xo`jaligi to`g`risida qoida mazmuniga ega bo`lib, Ksenofontning maxsus asarining sarlavhasi bo`lgan.
Ksenofont quldorlar mafkurasining himoyachisi hisoblanadi, qulchilikni tabiiy, obyektiv jarayon deb baholaydi, qul mehnatiga asoslangan natural xo`jalikni ulug`laydi. U ayniqsa qishloq xo`jaligi, dehqonchilikni farovonlik manbayi deb bilgan. Dehqonchilik tufayli odamlar o`zlariga hayot uchun kerakli hamma narsani oladilar. Dalada ishlash sog`liq uchun ham foydali (toza havo), ham iqtisodiy naf keltiradi.
U rahbarlar va ijrochilar mehnatini farqlaydi. Uningcha ijrochilar jismoniy mehnat bilan shug`ullanadilar. Rahbarlar mehnati bilan erkin odamlar, jismoniy mehnat bilan esa qullar band bo`lishlari kerak. Xo`jalik faoliyati davomida foydali buyumlar, ya'ni iste'mol qiymatlari yaratiladi. qadimgi yunon olimlari ichida birinchi bo`lib, mehnat taqsimotining ahamiyatini tushundi, ko`proq, ortiqcha foyda olish, "xo`jalikni boyitish" uchun qullar talabini imkon boricha kamroq qondirishni tavsiya etgan. Mehnat taqsimoti bilan bozor kattaligi, mahsulotning almashuv qiymati orasida uzviy bog`lanish borligiga e'tibor bergan. Pulning muomala vositasidan tashqari, kapital sifatida jamg`arish funksiyasini ham tan olgan (pulning boshqa funksiyalari inkor etiladi).
Platon (Aflotun) "Davlat" va "Qonunlar" asarlarida ideal davlat qanday bo`lishi kerakligini ochib bermoqchi bo`ldi. Uningcha, bu davrda xususiy mulk va erkin xo`jalik tashabbusiga o`rin yo`q. U aholini uch toifaga ajratgan:
1. Faylasuflar - davlatni boshqaruvchilar;
2. Harbiylar - davlatni boshqarish apparatining bir qismi bo`lib, ular biror mulk egasi bo`lish huquqiga ega emas, iste'mol qilish esa ijtimoiy xarakterga ega bo`lishi kerak.
3. "Qora" toifa - dehqon, hunarmand va savdogarlardan bo`lib, ular mulk egasi bo`lishi kerak.
Bu olimning mehnat taqsimoti, tovar, pul va savdogarlarning ajralib chiqishi o`rtasidagi aloqadorlik to`g`risidagi fikrini o`sha davr uchun buyuk kashfiyot deb baholash mumkin. Ammo, Aflotun qulchilikka asoslangan natural xo`jalikni himoya qildi, pul funksiyasini muomala doirasidagina deb bilishga harakat qildi, pulni jamiyatdagi dushmanlikning bosh sababchisi deb bildi; u sudxo`rlik operatsiyalarini inkor etdi va baholarni me'yorda saqlash yo`li bilan savdogarlarning foydasini chegaralashni talab qildi. Aflotun qullarni fuqarolar deb tan olmadi va ularni biror toifaga kiritmadi (demak, ular mulk egasi ham bo`lishi mumkin emas). qullar mayda ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar bilan birga 2-toifa ahlining cheklanmagan talab-ehtiyojlarini to`la-to`kis qondirishlari kerak edi. Shunday qilib, Aflotun o`zining ideal, ya'ni bekamu ko`st davlatini barpo etar ekan, qulchilikni abadiy saqlash tarafdori edi.
Aristotel qadimgi Gretsiyadagi quldorlarning eng yirik mafkurachisi edi. Uni jahongir Iskandar Zulqarnaynning tarbiyachisi va o`qituvchisi ekanligini alohida ta'kidlab o`tmoqchimiz. Avval Makedoniyada yashagan olim, keyin Afinaga ko`chib o`tgan. Olimning iqtisodiy g`oyalari "Nikomaxov ahloqi" va "Siyosat" kitoblarida mavjud. U "qul tirik qurol, qandaydir tirik mulk", degan edi. Uning fikricha, jamiyatning quldor va qullarga bo`linishi - bu tabiiy va qonuniy ahvol bo`lib, odamlarning tabiatan turli-tumanligidandir. U "haqiqiy boylik" (tabiiy) ni tan olgan, uni is-te'mol qiymatlarining yig`indisi deb bilgan va bu bilan bog`liq faoliyatni iqtisodiyotga tegishli soha deb bilgan. Quldorlik xo`jaligini mustahkamlash uchun o`rtacha ta'minlangan quldorlar sinfini yuksaltirish kerak, buning uchun davlat tomonidan odil almashinuvni ta'minlash zarur. Olim masalani axloqiy ravishda hal etishga urinsa-da, birinchi marta almashuv qiymatini tahlil etdi va qiymatning mehnat nazariyasi kurtaklarini yaratdi. Tovarlarning almashuv qiymati tovar bahosining yaratilish shakli ekanligini tushunib yetdi. K.Marksning formulalarini qo`llaydigan bo`lsak, T-T munosabati T-P-T ga aylanadi va 5 ta "loja" 1 uyga yoki ma'lum miqdordagi pulga tenglashtirilishi mumkin. Platonga nisbatan Aristotel pulning mohiyatini kengroq va chuqurroq anglab yetdi. Ammo, u tovar ishlab chiqarishining rivojlanmaganligi va qiymatni to`la tushunmaganligi tufayli tovarlar pul tufayli bir-biri bilan solishtirilishi mumkin, degan xato xulosaga keldi. Natural xo`jalik tarafdori bo`lgan olim muomalaning T-P-T shaklinigina tan olgan (talabni qondirishga mo`ljallangan holat), savdo va sudxo`rlik tabiatga zid bo`lib, bularni pul qilish san'atiga xos narsa deb bilgan va uni xrematistikaga tegishli, degan.
Aristotel uchun ideal (bekamu ko`st) xo`jalik - bu uncha katta bo`lmagan dehqonchilik xo`jaligi (unda albatta qullar ishlagan) bo`lib, u deyarli kerakli barcha mahsulotni yaratuvchi (natural xo`jalik) bo`lishi shart edi. Ayrim yetishmagan narsalarni esa, qo`shnilardan "odil almashuv" asosida olish kerak.
Bu olimning xizmati shundaki, u birinchilardan iqtisodiyotning ayrim kategoriyalarini berdi va ma'lum darajada ular o`rtasidagi o`zaro bog`lanishni aniqladi. Aristotelning iqtisodiy tizimi bilan A.Smitning "Xalqlar boyligi" asaridagi fikrlar hamohangligini ko`rish, qiymat qonunining hosil bo`lishi mexanizmini tushunish mumkin.
Qiymat (qimmat) iqtisodiyotning asosiy kategoriyasi hisoblanadi. Tarixan uni talqin etishda ikki yo`nalish bor. Birinchi yo`nalishda tovar qiymati obyektiv bo`lib, uning manbayi shu tovarni ishlab chiqarish uchun sarflangan mehnat hisoblanadi. Ikkinchi yo`nalishda qiymat tushunchasi subyektiv narsa bo`lib, odamlar tomonidan tovarning foydaliligi boshqa biron foydalilik bilan solishtirish tufayli yuzaga keladi.
Aristotelning g`oyalarida ikkala yo`nalish kurtaklari mavjud. U qiymat qonuni muammosini qo`yadi, lekin unga to`la javob topa olmaydi. U almashuvda tovar qiymatlari tenglashtirilishini ko`radi. "Nikomaxov ahloqi" asarida u shunday fikr yuritadi: "Jamiyat ikki vrachdan tashkil bo`lmaydi, balki vrach va dehqondan, umuman bir xil va teng bo`lmaganlardan tashkil topadi. Ana shunday odamlarni bir-biriga tenglashtirish zarur. Shuning uchun almashuvga uchraydigan barcha narsalarni tenglashtirish, solishtirish zarur. Xullas, hamma narsa biror narsa bilan o`lchanishi kerak. Etikdo`z mahsulotining dehqon mahsulotiga, dehqon mahsulotining etikdo`z mahsulotiga bo`lgan to`g`ri munosabati, to`g`ri tenglamasi topilishi kerak". Lekin o`sha narsa nima ekanligi aytilmaydi. Savolga javob izlab, u o`z fikrini shunday davom ettiradi: "Biz nima uchun almashamiz, chunki menga sening tovaring, senga esa mening tovarim kerak", degan oddiy xulosaga keladi. Tovarlarning tengligi pul tufayli amalga oshadi, deydi u. Hamma narsa biron narsa bilan o`lchanishi kerak. Bu avvalo ehtiyoj, u barcha narsani bog`lovchi asos. Ehtiyojni almashtirish uchun (odamlar kelishuvi bilan) pul - chaqa paydo bo`ldi. Aristotelning bu fikrida hozirgi zamon marjinalizm g`oyalari yotadi, ya'ni tovarlarning foydaliligi asosiy o`ringa chiqadi.
Bu olimning iqtisodiyot (ekonomika) ni xrematistikaga qarama-qarshi qo`yishi xarakterlidir. U o`ylab topgan "xrematistika" matni "xrema" so`zidan olingan bo`lib, mulk, egalik mazmuniga ega. Aristotel iqtisodiyot (ekonomika) deganda hayot uchun zarur bo`lgan mahsulotlar (iste'mol qiymatlari)ni ishlab chiqarish bilan bog`liq bo`lgan tabiiy xo`jalik faoliyatini tushunadi (dehqonchilik, hunarmandchilik va mayda savdo). Bu almashuvni ham o`z ichiga oladi, ammo zarur shaxsiy talab-ehtiyojlarni qondirish chegarasidan chiqmasligi kerak. Bu faoliyat chegaralari ham tabiiy soha bo`lib, insonning ongli shaxsiy iste'moli doirasida bo`lishi kerak.
Xrematistika esa (amaliyotda kam qo`llaniladi) "mulk orttirish san'ati", ya'ni ayniqsa pul shaklida foyda orttirish, boylik (pul) to`plashga yo`naltirilgan faoliyatdir. Boshqacha aytganda, xrematistika - bu kapital qo`yish, sudxo`rlik va jamg`arish "san'ati"dir.
Antik davrda hali sanoat kapitali mavjud emas edi, ammo savdo va sudxo`rlik (pul) kapitali sezilarli rolni o`ynagan. Shularni hisobga olib, olim savdo bilan bog`liq bo`lgan mol-mulk orttirish san'atida maqsadga erishish borasida hech qachon chegara bo`lmaydi, chunki cheksiz boylik va pulga egalik asosiy maqsaddir, deydi. Pul oboroti bilan shug`ullanuvchilarning hammasi o`z kapitalini cheksiz o`stirishga intiladilar (notabiiy soha).
Aristotel bularni notabiiy deb hisoblagan, ammo sof "ekonomika" ham bo`lmasligini yetarli tushungan, ming afsuslar bo`lsinki, ekonomikadan doimo xrematistika o`sib chiqadi va bu asta-sekin tabiiy holatga aylangan. Aristotelning bu g`oyasi tarix sinovidan o`tmadi. Olimlar qanchalik urinmasinlar (bu harakat o`rta asrda ham bo`lgan), xrematistikani qanchalik notabiiy deb hisoblamasinlar, kapitalizm munosabatlari rivoji bilan u "tabiiy huquq"qa aylana boshladi. Hatto XVII-XVIII asrlarda iqtisodiy odam yetishib chiqdi, uning barcha xatti-harakatlari faqat boyish bilan bog`liq edi.
"Ekonomiya" so`zi dastlab uy xo`jaligini yuritish san'ati sifatida yuzaga kelgan bo`lsa, keyingi davrda u ko`proq va asosan "ekonomika" ma'nosida qo`llaniladi va odatda harajatlarni qisqartirish, ma'lum resurslarni sarflashda tejamkorlikni anglatadi. Hozirgi davrda bu matn ko`proq quyidagilarni anglatadi:
1. Tuman, hudud, mamlakat, mamlakatlar guruhi yoki jahon xo`-jaligi (masalan, jahon iqtisodiyoti, O`zbekiston iqtisodiyoti va boshqalar);
2. Xalq xo`jaligining, to`la ishlab chiqarishning ayrim shart-sharoitlari va elementlari (aholi, mehnat, boshqarish va boshqalar), ayrim tarmoqlar (sanoat, mashinasozlik, qishloq xo`jaligi, chorvachilik, ta'lim va boshqalar) ni tadqiq etadigan ilmiy soha;
3. Ma'lum iqtisodiy tizimni tashkil etuvchi ishlab chiqarish, taqsimot, almashuv, iste'mol jarayonidan tashkil topuvchi odamlar o`rtasidagi ma'lum tarixiy-iqtisodiy munosabatlar majmuasi.
|
| |