|
Romantik munosabatlarga asoslangan munosabatlarning
|
bet | 21/97 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 3,74 Mb. | | #246640 |
Bog'liq Оилавий низолар психолгиясиRomantik munosabatlarga asoslangan munosabatlarning
turlari
Psixologik manbalarda sevgiga asoslangan munosabatlarning bir qator turlari va tipologiyasi keltirilgan. Biz bu o‘rinda J. Lining 6 tipli munosabatlar nazariyasini keltirishni joiz deb bildik. Ularning dastlabkisi – Eros, bu romantizm va xissiy mayllarga asoslangan muhabbat bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad – sevgilisining visoliga erishish va u bilan yaqin, jinsiy munosabatda bo‘lishdir. Mania – bir tomonning ikkinchi tomon mehri va muhabbatiga erishishi uchun hamisha xavotir va intiqlik bilan bog‘liq bo‘lgan talabchan, intiq hissiyotidir. Ludis – o‘ziga qaratilgan, xudbinlarcha muhabbat, bunda sevgiga erishmoqchi bo‘lgan shaxs nima qilib bo‘lsa ham suyuklisining visoliga erishmoqni ko‘zlaydi. Storge – do‘stona, mustahkam va samimiy hisga asoslangan bir-biriga yaqin, anchadan buyon tanish bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi sevgi. Agape – biror obyektga nisbatan intiqlik, sabr-qanoat bilan boshdan kechirilayotgan ilohiy sevgidir. Nihoyat, Pragma faqat shu inson bilan yashagandagina hayotdagi barcha maqsad-muddaolariga erishish mumkinligini anglagan, hayotiy, aniq mo‘ljalli, shaxsiy xudbinlikdan xoli bo‘lgan toza sevgidir (E.Xetfild, 2003).
Shu kabi sevgini tipologiyalarga ajratishga uringan olimlar soni ko‘p (masalan, Maslou, Gozman, Shostrom va boshqalar), lekin barchasida ham aql-idrokka, hayotiy mo‘ljallar xususiyatlariga, o‘zaro hamkorlikka, tayyorlikka tayangan sevgi ancha baquvvat va umriboqiydir.
Rus olimi A.I. Antonovning ta’kidlashicha, eng mustahkam nikohga sabab bo‘lgan munosabatlarda ikkala tomon ham shaxs sifatida tobora takomillashib, sayqal topib, ularda o‘zaro mehrga, bir-biriga yordam berishga ishtiyoq ortib boraveradi. Ko‘plab o‘tkazilgan tadqiqotlar bo‘yicha olimlarning ta’kidlashlaricha, er-xotinlik aloqalari yetuk inson uchun eng ahamiyatli va hayotiy zarur bo‘lgan munosabatlardir.
Olimlarni qiziqtirgan muhim masala – mustahkam, baxtli nikohni tashkil etuvchi vosita nima ekanligini aniqlashdir. Shunisi xarakterliki, har bir inson o‘z oldiga oila qurish, nikohga kirishni maqsad qilib qo‘yar ekan, u avvalo, oila va nikoh borasida xalq orasida shakllangan tasavvurlarga tayanadi. Nikohga kirgan juftlik doimo nikoh tushunchasiga aloqador bo‘lgan qat’iy doiralar va normalar dunyosida yashaydi, lekin har bir juftlikning hayoti o‘zlarigagina aloqador bo‘lgan o‘ziga xos xufiyona, sirli olamdir. Zero, ikki individuallikning birlashuviga sabab bo‘lgan his-tuyg‘ular bir qarashda o‘sha “xufiyonalik” sababli zarar ko‘rayotganga o‘hshaydi, ba’zan er va xotin bir-biriga nafaqat xarakter nuqtai nazaridan, balki tashqi ko‘rinish bo‘yicha ham o‘xshab ketadi, deyishadi. Ikkinchidan, ayni shu birlik, o‘xshashlik, “kirib ketishlik” erni ham ayolni ham jamiyatda o‘ziga xos bir avtonomiyaga, jozibadorlikka erishib borayotganligining namoyon bo‘lishiga turtki bo‘ladi.
Shu bois bo‘lsa kerak, ijobiy hislar tufayli tashkil bo‘lgan oilada sevish-sevilishning nafrat-agressiyaga almashinib ketishi ham oson kechadi. Arzimagan narsalar ham ba’zan ikkalasini urishtir qo‘yishi mumkin. Bunday polyar, bir-biriga zid hissiyotlarning namoyon bo‘lishi ayrim davrlarda unisi yoki bunisining kuchayib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Masalan, ayol farzand ko‘rgan vaqtida, ko‘proq chaqaloq bilan ovora bo‘lib, eriga befarq qoladi, o‘z navbatida unda ham ayoliga nisbatan befarqlik (hattoki, rashk, nafrat) hissi uyg‘onishi, aksincha, muayan davrlarda esa ikkalasi Layli-Majnun bo‘lishib, faqat bir-birining ishqida yonib yashashi ham kuzatilgan.
E.Shostrom (1994) er bilan xotin o‘rtasidagi “ishqiy” pozitiv munosabatlarning quyidagi ko‘rinishlarini bayon etadi:
bir-biriga bog‘lanib qolish yoki o‘zaro g‘amxo‘rlik qilish hissi. Bu shu qadar kuchli bo‘lishi mumkinki, er-xotin boshqa bir insonga shunga o‘xshash yaqin munosabatni his etmay qoladi. Natijada ba’zan o‘g‘lini qizg‘angan qaynona kelini bilan turli narsalarni bahona qilib, nizo chiqaraveradi.
do‘stlik – er va xotinning bir-birlarida eng nodir sifatlarni, jumladan, o‘ziga xoslik va individuallikni tan olishni nazarda tutadigan hissiyot;
eros – sevgining romantik ko‘rinishi bo‘lib, er-xotinning bir-biriga nisbatan xissiy-jinsiy mayllarining kuchini belgilaydi;
empatiya esa, erning yoki xotinning o‘z turmush o‘rtog‘iga doimiy g‘amxo‘rligi, uni tushunishi va kerak bo‘lsa, altruistik fidoiyligini baholovchi hisdir;
o‘zligini sevish, qadrlash – bir tomondan er-xotinning har qanday sharoitda o‘zida eng afzal jihatlarni anglay olish va boshqa tomondan, kerak bo‘lsa, yori tufayli o‘z xohish-istaklarini jilovlay olish, fidoiylikni namoyon qilishga imkon beruvchi hissiyot.
E.Shostromning fikricha, “er va xotin vaqti-vaqti bilan bir-birlariga zug‘um qilish, xafa qilishga ma’nan haqlidirlar”, lekin bunday munosabatlarning yakuni yaxshilik bilan tugashi, shu bahona bir-birlarini yanada yaxshi va yaqindan bilishlariga turtki bo‘lishi kerak.
Er va xotin o‘rtasidagi salbiy munosabatlarga asos bo‘luvchi hissiyotlarga olimlar quyidagilarni kiritadilar:
achchiqlanish – oilaviy hayotda ko‘p uchraydi, chunki u o‘zaro g‘amxo‘rlik va bog‘liqlik kamaygan sharoitlarda o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi; F. Perlzning yozishicha, “Vaqti-vaqti bilan bir-biridan achchiqlanib turish – demak, bir-birini sevish va o‘zaro muomalaga bo‘lgan intiqlikdir”.
aybdorlik – o‘zining qilmishi uchun o‘ch olishday gap, ko‘pincha bu hissiyot ataylab namoyon etiladi;
arazlash – turmush o‘rtog‘idan o‘ch olish maqsadida namoyon etiladigan his-tuyg‘u;
nafrat – turmush o‘rtog‘iga go‘yoki dushmaniga qaraganday muomala qilish va bu yo‘lda ba’zan uzoq vaqt gaplashmay qo‘yish yoki ataylab o‘zini yomonday ko‘rsatishdir. Afsuski, bu hissiyot oilaviy hayotda tez-tez bo‘lib turadi. Lekin u odamni ichidan zil ketishiga, ich-etini yeb qo‘yishiga olib keladi;
tanqid qilish – qo‘rqoqlikka o‘xshaydi, aniq munosabatlarning xarakterini namoyon etishga imkon bermaydi, Shostromning fikricha, bu hissiyot achchiqlanishga o‘tgani ma’qul;
turmush o‘rtog‘idan yiroqlashish, ketib qolish – bu ham ma’lum ma’noda bir-birini nazoratda ushlashning bir ko‘rinishi, lekin vaziyatni aniq oydinlashtirib olishga xalaqit beradi;
befarqlik – umuman munosabatlarni yashiruvchi xis bo‘lgani uchun u aloqalarning yomonlashib ketishini tezlashtiradi, hattoki, bunda psixoterapevtik yordam berish ham mushkul bo‘lib qoladi.
Shu kabi munosabatlar mohiyatan shaxslararo munosabatlarning ko‘rinishlarini ifoda etadi.
Y.Gozman, K.Xorni va boshqalarning yozishlaricha, faqat emotsional hissiyotlarga tayangan er va xotin munosabatlari tobora vaqt o‘tishi bilan oqilona hamkorlik va do‘stlik, qon-qarindoshlik munosabatlariga aylanib boradi. Y.Dubrovinning (2004) ta’kidlashicha, “Ko‘pchilik nikohlarni baxtli ham baxtsiz ham deb atash mushkul, chunki ularda er-xotinlarning bir-birlarini sekin-asta tarbiyalab borishlari va taqdir taqozosi bilan bora-bora munosabatlar chuqurlashib, tushunish hissi va do‘stona munosabatlar sayqal topib, u hattoki, romantik muhabbat darajasiga ko‘tariladi”.
Nikoh modeli. Oila va nikoh bo‘yicha ko‘plab mutaxassislar Z.Freyd va A.Adlerning g‘oyalarini ma’qullagan holda shuni ta’kidlaydilarki, oila qurayotgan yosh kelin-kuyovlar o‘zlari anglamagan ravishda o‘zlari tarbiya topgan oilalarining modelini yangi oilaga tadbiq eta boshlaydilar.
Ota-ona oilasi Z.Freydning psixoanalitik nazariyasi mos keladi. Unga muvofiq, bola o‘zi katta bo‘lgan oilasidagi o‘z jinsiga mos ota yoki ona obraziga o‘zini identifikatsiya qilib, hayoti mobaynida ko‘rgan-kechirganlarini xatti-harakatlarida takrorlaydi, qarama-qarshi jins vakili bo‘lmish ota-onaning obrazi esa turmush o‘rtog‘ini tanlashni belgilaydi. Agar ushbu obraz ijobiy bo‘lgan bo‘lsa, masalan, qiz bola uchun otasi ideal, namunali tuyulsa, kelajakda shu qiz o‘z turmush o‘rtog‘i bilan kelishib yashashga moyil bo‘ladi. Mobodo obraz salbiy bo‘lsa (ota ichuvchi yoki bevafolik qilib tashlab ketgan), unga o‘xshamagan insonni qidiradiyu, aslida topgan taqdirda ham u bilan kelishib yashashiga o‘zi ham ishonmaydi, ruhiy iztirobda bo‘ladi, ko‘p ikkilanadi. Agar o‘zi o‘sib ulg‘aygan oila kichik bo‘lsa, istiqbolda u ham aynan detotsentrik, kichik oila qurishga intiladi.
Opa-singil, aka-inilik munosabatlariga asoslangan oila modeli A.Adler g‘oyalari ta’sirida ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, er-xotin aloqalari mustahkam va barqaror bo‘lishi uchun ikkasi o‘z munosabatlari jarayonida akalari yoki opa-singillari bilan bo‘ladigan hamkorlik, liderlik, hukmronlik, mas’uliyat, g‘amxo‘rlik, tobelik kabi qator munosabatlarini ro‘yobga chiqarishlari lozim (sibling yondashuv). Bu aloqalarning bir ko‘rinishi shundayki, unda er va xotin bir-biriga akaday, singilday u yoki bu munosabatlardagi kemtikliklarni to‘ldirib borishlari mumkin (komplementar nikoh). Bu bizdagi munosabatlarga ham xos bo‘lib, ko‘pgina o‘zbek oilalarida xotin erini “aka” deb atasa, er birinchi farzand tug‘ilgach, xotiniga to‘ng‘ich farzandning ismini aytib murojaat qiladi. Bu holat ayniqsa, er o‘z oilasida singillarining akasi bo‘lgan bo‘lsa, yoki xotin ham o‘z navbatida ota-onasining uyida akalarning singlisi bo‘lgan bo‘lsa komplementar tarzda uyg‘unlik kashf etadi, ular oilaviy munosabatlarda kim ustun, kim tobe kabi muammolarga duch kelmaydilar. Agar xotin o‘z oilasida biriga singil, biriga opa bo‘lib katta bo‘lgan bo‘lsa, u yoki bu tajriba eri bo‘lgan munosabatlarda qisman komplementar vazifani bajaradi. Nihoyat, agar er o‘z oilasida to‘ng‘ich farzand va xotin ham o‘z oilasida to‘ng‘ich bo‘lgan bo‘lsa, unda er-xotin munosabatlari nokomplementar nikohga to‘g‘ri keladi, ya’ni, ular teng mavqeli bo‘lgani uchun odatda o‘zaro munosabatlarida liderlik va o‘zaro adaptatsiya holatlari muayyan qiyinchiliklar va muammolar bilan kechadi, tez-tez bir-biriga nimalarnidir da’vo qiladigan, o‘z fikrini uqtirish va amalga oshirishga moyillik kuzatiladi. Odatda bunday nikoh ikki ziyoli inson o‘rtasida tuzilgan bo‘lsa, ular baxtli bo‘lishlari mumkin, ayniqsa, hozirgi davrda, lekin o‘zaro til topishib, ko‘nikib ketishlariga anchagina vaqt, sabr-toqat kerak bo‘ladi.
Ota-onasining oilasida ko‘rgan-kechirganlari bolaning bo‘lg‘usi oilasi, undagi er-xotin munosabatlari, farzandlar tarbiyasi, qarindosh-urug‘lar bilan bo‘ladigan murakkab o‘zaro aloqalarning qanday kechishini belgilovchi muhim omildir. Ushbu omilning ta’sirini batafsil o‘rgangan olimlardan biri N. Pezeshkian (1993) bo‘lib, u bunday ta’sirchanlikning 3 jihatini alohida ajratadi:
turli stresslarga nisbatan munosabat;
hissiyotlarga beriluvchanlik va uning oqibatlari – ijtimoiy xatti-harakat meyorlari;
oilaviy munosabatlar.
Pezeshkian ota-ona oilasida ko‘rgan-kechirganlari ta’sirida turlicha stresslarga hozirjavoblikning to‘rt xil tipik usullarini, yo‘llarini ajratadi: Avvalo, bu – tana reaksiyalari yoki vujud bilan javob berish bo‘lib, u turli psixosomatik kasalliklar yoki holatlarga nisbatan inson vujudining javobi (masalan, uyqu, kayf bo‘lish, ochlik yoki to‘qlik kabi) sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda masalan, ota-ona oilasida urf bo‘lgan xazil-xuzul, aytishuvlar orqali u yoki bu zarar yetkazuvchi tangliklarning oldini olish tajribasi nazarda tutiladi.
Faoliyat ham stressning oldini olish vositasi sifatida muallif tomonidan ikki yo‘nalishda bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi. Masalan, birinchisi – ishga mukkadan ketish orqali stressni yechish bo‘lsa, ikkinchisi – u yoki bu sohadagi yutuqlar va qo‘lga kiritilgan natijalar orqali o‘zini-o‘zi tinchlantirish, tangliklardan “qochish”ni anglatadi.
Muloqot yoki bevosita muomala shaklida odam ko‘proq turli suhbatdoshlarni topib, ular bilan kirishib ketish orqali yoki aksincha, o‘zini yolg‘izlikka mahkum etish orqali stressni yengillatish usuli bo‘lsa, oxirgi yo‘l – xayolga berilish, ya’ni, real harakatlarni ramziy taassurotdagi obrazlar bilan almashtirish hisobiga tangliklardan uzoqlashishdir.
Hissiyotlarga berilish hamda uni ijtimoiy xatti-harakat normalariga muvofiqlashtirish – bu ko‘rgan-kechirgan hissiyotlar va xulq namunalari to‘g‘risidagi tasavvurlar. Pezeshkian bevosita hissiy-emotsional normalarga sevgi-muhabbatni, ishonch, umid, sabr-qanoat, o‘zgalarga e’tiborli bo‘lish, o‘zgalar bilan yaqin samimiy munosabatlarga kirisha olish, e’tiqodlilik, diniy hissiyotlarni kiritadi. Bunday hissiyotlar odatda ota-onasi, yaqinlari, aka, opalar, uka-singillar bilan o‘zini identifikatsiya qilish, o‘zini ular bilan solishtirish, o‘xshashlikka intilish jarayonida shakllanadi. Aynan shu sababli inson kimgadir ishonishga, samimiy muruvvat ko‘rsatishga o‘rganadi. Oila muhitida boshdan kechirgan hissiyotlar oqibati bo‘lmish xatti-harakatlar normalariga esa bir so‘zlilik, saranjom-sarishtalik, ozodalik, samimiyat, adolatlilik, intiluvchanlik, tejamkorlik, sadoqat, ishonch, xalollik kabilar kiradi. Pezeshkian, ayni emotsional sohalarda er-xotin o‘zaro munosabatlarining o‘xshamasligini er-xotin nizolarida asosiy nizo keltirib chiqaruvchi sabab, deb hisoblaydi. Xatti-harakat normalaridagi kelishmovchiliklar ham muhim, lekin ular psixoterapevtik amaliyotda biroz yumshoqroq hisoblanadi.
Ijtimoiy va oilaviy munosabatlar. Bola tajribasining asoslaridan biri undagi ota-ona oilasi ta’sirida shakllanadigan ijtimoiy fe’l-atvordir. YA’ni, o‘zaro ishonch, o‘zini-o‘zi baholash, Men-konsepsiyasi ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari ta’sirida bola ongida shakllanadigan hislatlardir. Bola ota-onasining o‘zaro muloqotlariga qarab, umri mobaynida kuzatib, bilib-bilmay ularga taqlid qilib, tinchlik – xotirjamlikda, o‘zaro hamjihatlikda yashashga o‘rgansa, aka-uka, opa-singillariga qarab, jamiyatdagi murakkab o‘zaro muomala holatlarida o‘zini qanday tutishga o‘rganadi, hayotning ma’nosini tushunib boradi, dunyoqarashi, dunyoviy hamda diniy e’tiqodlarining shakllanishi ham ayni shu munosabatlar ta’sirida ro‘y beradi.
Er-xotin munosabatlari avvalo adaptatsiya, ya’ni bir-biriga asta-sekin ko‘nikib, moslashib borish jarayonidan boshlanadi, zero, ularning har biri yangi muhitga, yangi ro‘zg‘orga o‘z oilasida orttirgan shaxsiy tajribasi, oila to‘g‘risidagi ijtimoiy tasavvurlari bilan kirib keladi. Natijada ota-onasi oilasida olgan tajribaning bir qismidan voz kechgani holda, yangi munosabatlar uchun yangi fazilatlarni o‘zida tarbiyalay boshlaydi.
1-filtr bir insonning boshqa bir insonni bevosita o‘ziga qaratishi bilan bog‘liq jarayon bo‘lib, bunda yangi tanishning tashqi jozibasi, bir qarashda ko‘zga tashlanadigan sifatlari (masalan, qiz bolaning sochi uzun, ko‘zi moviy, yigitning bo‘yi uzun, alp qomat kabi) asosiy rol o‘ynaydi. Bunday munosabatlar ko‘pchilikka xos, ya’ni aksariyat odamlar turli vaziyatlarda boshqa bir odamni yoqtirib qolaveradi. Agar bir-birini o‘zaro yoki bir tomonlama yoqtirish mobaynida sherikning ijtimoiy-demografik xususiyatlari ham kutishlarga mos, ma’qul kelib qolsa, munosabatlar 2-filtrga o‘tadi. Agar yangi tanishlarning ijtimoiy-psixologik, shaxsiy xususiyatlari va hayotiy maqsadlari ham bir-birlariga ma’qul kelsa, uyg‘un munosabatlar 3-filtrga ham o‘tadi.
Har bir filtrdan o‘tishda sheriklar bir-birlari uchun o‘zlarining yangidan yangi qirralarini ochaveradilar. YA’ni, yangidan topishgan, bir-birini yoqtirib qolgan odamlar uchun muhim bo‘lgan asosiy narsa o‘xshashlikni qidirish va ularni inobatga olgan holda o‘z munosabatini bildirishga intilishdir. Boshqa bir yo‘nalish – bu sherigida o‘zida yetishmayotgan, o‘zida mavjud bo‘lmagan sifatni topish va uni o‘zidagi sifat bilan uyg‘unlantirishga intilish. Masalan, o‘zi o‘ta tortinchoq bo‘lgan qizga dadil, gapga chechan yigitning yoqib qolishi ko‘p kuzatilgan.
Uchinchi yo‘nalish ikkinchiga yaqin, ya’ni, yangi tanishda o‘zidagi mavjud sifatlarning qarama-qarshisini izlash, masalan, yigit kamgap bo‘lsa, shaddot, sergap qizni yoqtirib qoladi. Bu kabi kemtiklarni sherigi orqali to‘ldirishga intilish, ularga kelajakdagi munosabatlarda anchagina egiluvchan bo‘lish va har biridagi yaxshi sifatlarni qadrlashni o‘rgatadi.
|
| |