“Zarur resurslar bo’lmasa, qidiruv somon ichidan nina qidirish bilan barobar. Hukumat
buyurtmasi asosida ishlayotgan maxsus xizmat bo’lishi mumkin, yoki zimdan ish
yuritayotgan boshqa bir idora. Birovni devorga taqash qiyin”.
Jumboq kaliti, deydi Vikers, jinoyatlarni bir-biriga qiyoslashda.
“Ma’lumotni bir joyga to’plab, tahlil qilib, jinoyatchini izidan axtarib boramiz. Juda
mayda ish, tinimsiz surishtiruv talab qiladi. Bu ishda maqsadni aniqlash juda muhim. Bu
bir guruh faollarmi yo hukumat? Yoki uyidan turib, mohirligini namoyish etayotgan bir
talaba bo’lsachi?”
Prezident Barak Obama nazarida kiber-xavfsizlik XXI asrning eng dolzarb
muammolaridan biri. Yadro va ommaviy qirg’in qurollaridan qolishmaydi.
Amerikadek, odamlar hayotini kompyutersiz tasavvur qila olmaydigan jamiyatda,
internet xavfsizligi ham birinchi o’rinda. Obama ma’muriyati o’tgan yili yangi idora
ochib, bu vazifani unga yuklagan.
“Mustahkam tizim butun jamiyatga foyda, chunki internet texnologiyalar kirib bormagan
soha-sanoatning o’zi yo’q”, - deydi internet xavfsizligi bo’yicha ekspert Larri Klinton.
“Buzg’unchi virus-programmalar bir kompyuterdan ikkinchisiga ko’chib yurishi sir
emas. Demak himoya tizimi barchani qamrab olishi kerak”.
Qo'shma Shtatlar internetdagi jinoyatlarga qarshi kurashga zo'r bermoqda, ammo bir
paytning o'zida global tarmoqda erkinlikni ham targ'ib qilmoqda.