QISHLOQ JOYLARDA NAMUNAVIY LOYIHALAR BO'YICHA YAKKA TARTIBDAGI UY-JOYLAR QURILISHI DASTURINI SAMARALI AMALGA OSHIRISHNI TA'MINLASHGA DOIR QO'SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2013 y., 18-son, 235-modda)
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013 yil Dasturi to'g'risida» 2013 yil 4 yanvardagi PQ-1902-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini moliyalashtirishni tartibga solish va sifatli qurilish materiallari bilan uzluksiz ta'minlash, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni samarali boshqarishni ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. «O'zsanoatmashimpeks» davlat-aktsiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi va «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining:
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «2012 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish Dasturi to'g'risida» 2012 yil 14 yanvardagi PQ-1687-son qarorini bajarish yuzasidan «O'zsanoatmashimpeks» davlat-aktsiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi tomonidan 12254 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar va 123808 kub metr yog'och-taxta materiallarini (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlarini) etkazib berishga xorijiy etkazib beruvchilar bilan kontraktlar tuzilganligi;
xorijiy etkazib beruvchilar tomonidan 2012 yil 30 dekabrdagi holatiga ko'ra respublikaga amalda 3828 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar va 33860 kub metr yog'och-taxta materiallari etkazib berilganligi to'g'risidagi axboroti ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. «O'zsanoatmashimpeks» davlat-aktsiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda 2012 yilda nazarda tutilgan 89948 kub metr yog'och-taxta materiallari (daraxtlarning ignabargli turlari) va 8426 tonna tomga yopiladigan metall tunukalar 2013 yil 1 sentyabrgacha qo'shimcha ravishda etkazib berilishini ta'minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko'rsin.
3. Belgilab qo'yilsinki, qo'shimcha ravishda etkazib berilgan tomga yopiladigan metall tunukalarning bir qismidan quyidagi maqsadlarda:
1245 tonna – 2012 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturi doirasida yakka tartibdagi uy-joylarni to'liq butlash uchun;
7181 tonna – 2013 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturini ta'minlash uchun foydalaniladi, keyingi yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013 yil Dasturi to'g'risida» 2013 yil 4 yanvardagi PQ-1902-son qarorida nazarda tutilgan tomga yopiladigan metall tunukalar etkazib berish hajmi saqlab qolinadi.
4. Quyidagilarning:
a) O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va tijorat banklari - «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «Ipoteka-bank» aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki (keyingi o'rinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb ataladi)ning:
Osiyo taraqqiyot bankining 20,0 mln AQSh dollari miqdoridagi qarzining birinchi transhi mablag'larining bir qismini 2013 yilda «tayyor holda topshirish» shartlarida qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini moliyalashtirish uchun «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat bankiga ajratish;
tijorat banklarining imtiyozli ipoteka kreditlarini, Osiyo taraqqiyot bankining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi qarzining ikkinchi transhi mablag'larining bir qismini va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maqsadli kredit liniyasini jalb etgan holda 2013 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha «tayyor holda topshirish» nazarda tutilgan yakka tartibdagi uy-joylar sonini ishtirok etuvchi tijorat banklari o'rtasida 1 va 1a-ilovalarga* muvofiq taqsimlash;
*1 va 1a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
b) Moliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi, «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki va uning aktsiyadorlarining «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan sho''ba injiniring kompaniyasini mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasiga (keyingi o'rinlarda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi deb ataladi) aylantirish, keyinchalik «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat bankining ulushlarini nominal qiymati bo'yicha 2-ilovaga* muvofiq sotish-sotib olishni hisobga olgan holda ustav fondini shakllantirish;
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
v) «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat bankining:
qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ulushlarni boshqarish bo'yicha mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida kompaniya (keyingi o'rinlarda – Boshqaruvchi kompaniya deb ataladi) tashkil etish;
3-ilovaga* muvofiq ro'yxat bo'yicha qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ustav fondlaridagi ulushlarni keyinchalik shartnoma bo'yicha Boshqaruvchi kompaniyaga ishonchli boshqaruvga berish;
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
ishonchli boshqaruv to'g'risidagi shartnomaga Boshqaruvchi kompaniya tomonidan ulushlar samarali boshqarilishini ta'minlash hamda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni to'liq quvvat bilan ishlashga o'tkazishga va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar quruvchi pudrat tashkilotlarini sifatli pishiq g'isht bilan uzluksiz ta'minlashga yo'naltirilgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati natijadorligi ustidan nazorat qilish shartlarini kiritish;
g) O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2012 yil Dasturi to'g'risida» 2012 yil 14 yanvardagi PQ-1687-son qarorining 8-bandida berilgan bojxona to'lovlari to'lash bo'yicha imtiyozlarni 2014 yil 1 yanvargacha, istisno tariqasida, qo'llagan holda tomga yopiladigan metall tunukalarning 2012 yilda etkazib berilmagan hajmini chetdan olib kelish;
d) «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining kompaniya huzurida mablag'lari pudrat tashkilotlari tomonidan pudrat shartnomasi shartlari bajarilmasligi oqibatlarini bartaraf etishga, qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini tashkil etish jarayonida ko'zda tutilmagan xarajatlarni qoplashga hamda pudrat tashkilotlari tomonidan to'liq qurilmagan va sifatsiz qurilgan yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini uzluksiz moliyalashtirishni ta'minlashga yo'naltiriladigan zaxira fondi tashkil etish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Belgilab qo'yilsinki, bank hisob raqamlaridagi bo'sh mablag'lar bo'yicha bank depozitlari hisobiga olingan daromadlar, tugallangan ob'ektlarda bajarilgan ishlar hajmini asosli tarzda nazorat tartibida o'lchash natijalari bo'yicha aniqlangan tegishli summalar, markazlashtirilgan tartibda import qilingan berilgan qurilish materiallari narxlari bilan pudrat shartnomalarida ko'rsatilgan narxlar o'rtasida bo'lishi mumkin bo'lgan tafovutdan yuzaga kelgan tejalgan mablag'lar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag'lari «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi huzuridagi zaxira fondini shakllantirish manbalari hisoblanadi.
«Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki va «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, shuningdek ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda zaxira fondi mablag'larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to'g'risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
6. «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki belgilangan tartibda:
Boshqaruvchi kompaniyaning ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
zarur moddiy-texnika bazasi tashkil etilishini nazarda tutgan holda Boshqaruvchi kompaniyaning ustav kapitali shakllantirilishini, shuningdek uning malakali mutaxassislar bilan butlanishini ta'minlasin.
7. «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining 3-ilovaga muvofiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ustav fondidagi ulushini nominal qiymati bo'yicha, uzoq muddatli kreditlar summasini va hisoblangan foizlarni hamda bank tomonidan qo'yilgan boshqa moliyaviy mablag'larni belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirsin va o'z balansiga o'tkazsin.
8. «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasiga 2013 yil Dasturi bo'yicha qishloq joylardagi yakka tartibdagi uy-joylar ob'ektlari uchun markazlashtirilgan tartibda etkazib beriladigan 4-ilovaga* muvofiq asosiy qurilish materiallari va asbob-uskunalarni, keyinchalik ularning qiymatini bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob qilishda ushlab qolgan holda, bosh pudrat tashkilotlariga berishga ruxsat berilsin.
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
«Davarxitektqurilish» qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda buyurtmachilarning xom ashyosidan tayyorlangan qaytarib beriladigan materiallardan foydalangan holda ob'ektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash tartibi va mexanizmini belgilab beruvchi nizomni tasdiqlasin.
9. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat bankini, uning buyurtmanomalariga ko'ra, tegishli hajmlarda yog'och-taxta materiallari va tomga yopiladigan metall tunukalar sotib olish uchun 2013 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish Dasturini qo'shimcha moliyalashtirish uchun 2013 yilgi O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag'lar doirasida aylanma mablag'lar bilan ta'minlasin.
10. «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki bo'lishi mumkin bo'lgan zararlarni qoplash uchun tashkil etiladigan zaxirani shakllantirmasdan yog'och-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari) va tomga yopiladigan metall tunukalarni import qilish uchun 2012 yilda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasiga ajratilgan kreditni qaytarish muddatini 6 oyga uzaytirsin.
11. Belgilansinki:
2013 yilda «Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki yog'och-taxta materiallari (daraxtlarning ignabargli turlari)ni, yog'och-qirindi plitalarni import bo'yicha, shuningdek 4-ilovaga muvofiq ro'yxat bo'yicha tanlov asosida sotib olinadigan va «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan qishloq joylardagi yakka tartibdagi uy-joy ob'ektlari uchun pudratchilarga markazlashtirilgan tartibda etkazib beriladigan asosiy qurilish materiallari va asbob-uskunalarni xarid qilishni birinchi navbatda moliyalashtiradi;
«Qishloq qurilish bank» ochiq aktsiyadorlik tijorat banki kreditidan foydalanganlik uchun foizlar «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining markazlashtirilgan tartibda etkazib beriladigan materiallar va asbob-uskunalarni tashish, saqlash va berish bilan bog'liq bo'lgan boshqa xarajatlari, shuningdek yog'och-taxta materiallari, yog'och-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalar 2012-2013 yillarda qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturlarida qatnashuvchi pudrat tashkilotlariga berilgan taqdirda, ularni import qilish bo'yicha xarajatlar bilan birgalikda joriy xarajatlar tarkibiga kiritiladi.
12. «O'zsanoatmashimpeks» davlat-aktsiyadorlik tashqi savdo kompaniyasiga 2013 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yog'och-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari), yog'och-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalarni import qilishga kontraktlarni, istisno tariqasida, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 22 martdagi 143-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Tender komissiyasi tomonidan o'tkaziladigan tanlovda tanlab olish natijalari bo'yicha tender savdolari o'tkazmasdan tuzishga ruxsat berilsin.
Tender komissiyasi (A.S.Kamalov) ikki hafta muddatda eng yaxshi takliflarni tanlovda tanlab olish asosida yog'och-taxta materiallari (ignabargli daraxtlardan tayyorlangan turlari), yog'och-qirindi plitalar va tomga yopiladigan metall tunukalarni etkazib beruvchilarni aniqlasin.
13. O'zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.
14. Vazirliklar va idoralar ikki hafta muddatda o'z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S.Azimov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
|