Reaktorlarni jarayonni tashkil qilish usuli bo'yicha sinflash.
Reagentlarni uskunaga kiritish va mahsulotlarni uskunadan chiqarish usuliga ko'ra,
reaktorlar davriy, uzluksiz va yarim uzluksiz (yoki yarim davriy) rejimida
ishlaydigan uskunalarga bo'linadi.
Davriy ishlaydigan reaktorda barcha bosqichlar turli vaqtlarda ketma-ket
olib boriladi. Barcha reagentlar reaktsiyaning boshlanishidan oldin uskunaga
kiritiladi, jarayon tamom bo'lganidan so'ng, mahsulotlar aralashmasi uskunadan
chiqariladi. Reaktsiya davomiyligini to'g'ridan-to'g'ri o'lchash mumkin, chunki
reaktsiya vaqti reagentlarning reaktsion hajmda bo'lish vaqti bilan bir xildir. Davriy
rejimda ishlaydigan reaktorlardagi texnologik jarayonning ko'rsatgichlari vakt
davomida o'zgarib turadi.
Uzluksiz ishlaydigan reaktorda yuz beradigan kimyoviy jarayonning barcha
bosqichlari (reaktsiyaga uchrashishi ko'zda tutilgan moddalarning uskunaga
berilishi, kimyoviy reaktsiya, tayyor mahsulotning reaktordan chiqarilishi) bir
vaqtda parallel ravishda olib boriladi, demak yuklash va tushirish bosqichlari uchun
sarflanadigan vaqtga ehtiyoj qolmaydi. SHu sababdan uskunalar uchun yuqori
unumdorlik talab qilinadigan zamonaviy neft-gazni qayta ishlash korxonalarida olib
boriladigan jarayonlar uzluksiz rejimda ishlaydigan reaktorlarda olib boriladi.
Yarim uzluksiz (yarim davriy) rejimda ishlaydigan reaktorda reagentlardan
bittasi uskunaga uzluksiz rejimda berib turilsa, ikkinchisi esa davriy ravishda berib
turiladi. Boshqacha variantda ham bo'lishi mumkin: reagentlar uskunaga davriy
berib turiladi, reaktsiya mahsulotlari esa uskunadan uzluksiz ravishda chiqarib
turiladi (yoki teskarisi).