|
Shaxsning iqtisodiy xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlar
|
bet | 3/4 | Sana | 16.05.2024 | Hajmi | 28,1 Kb. | | #238864 | Turi | Referat |
Bog'liq sirojev.k (3)Shaxsning iqtisodiy xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlar
Ijtimoiy soha nafaqat iqtisodiy, balki milliy xavfsizlikni ta‘minlashda ham muhim o’rin tutadi, zero, ijtimoiy soha orqali shaxs, oila va shu bilan bir qatorda alohida ijtimoiy guruhlar hamda yaxlit tarzda jamiyatning manfaatlari va ehtiyojlari qondiriladi. Aynan shu joyda shaxs va davlat, shaxs va korxonalar o’rtasidagi turli-tuman ijtimoiy munosabatlarning mustahkamligi va o’zaro hamohangligi jiddiy sinovdan o’tadi. Aholi daromadlari va aholi iste‘molining keskin tabaqalanishi, daromadlari yashash minimumidan past bo’lgan insonlar sonining mutlaq va nisbiy o’sishi natijasida kambag’allikning ortishi mamlakatning barqaror rivojlanishi hamda xavfsizligiga katta salbiy ta‘sir ko’rsatadi. Kam sonli boylar va kam ta‘minlangan fuqarolar sonining ko’pligini ifoda etuvchi jamiyatning mulkiy jihatdan tabaqalanishi ijtimoiy sohada mamlakatning xavfsizligiga katta tahdid tug’diradi. Aholining daromad va mulk jihatdan tabaqalanishi barcha mamlakatlar uchun xos bo’lgan holat hisoblansada, mazkur tabaqalanish darajasi va turli aholi guruhlari daromadlarining o’zgarish amplitudasi haddan ziyod ortib ketmasligi lozim. Dunyo tajribasi shundan dalolat beradiki, agar 10 foiz yuqori daromadga ega bo’lganlar bilan 10 foiz past daromadga ega bo’lganlarning daromadlari o’rtasidagi farq 1:10 (birmuncha taraqqiy etgan Yevropa mamlakatlarida bu ko’rsatkich 1:6-8 ni tashkil etadi)dan oshsa, u holda jamiyat ijtimoiy beqarorlik zonasiga kirib boradi. Rasmiy statistik ma‘lumotlarga ko’ra mazkur nisbat O’zbekistonda 1:8 ni, ayrim shaharlar va hududlar bo’yicha esa bundan ham ko’proqni tashkil etadi. Mamlakatda istiqomat qiluvchi fuqarolarning turmush darajasi va sifatining pastligi bilan bog’liq bo’lgan muammolar jamiyatda ijtimoiy nizolar va zo’riqishlarni keltirib chiqaradi. O’zbekistonda bozor munosabatlari joriy etilishining dastlabki davrlarida aholi daromadlari o’rtasida tabaqalanishning keskin kuchayishi asnosida jamiyatda ijtimoiy nizolar xavfining kelib chiqishi yanada kuchaydi. Shaxs iqtisodiy xavfsizligiga tashqi tahdidlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur‘atlarining jamiyat ehtiyojlari o’sishiga nisbatan orqada qolishi, siklik o’zgarishlar, bozor konyunkturasidagi tebranishlar, iqtisodiy inqirozlar, ishsizlik va inflatsiya darajasining boshqarib bo’lmaydigan darajalarda o’sishi, hududlar rivojlanishidagi nomutanosiblikning kuchayishi, tabiiy yoki inson, kapital resurslarining yetarli emasligi, ijtimoiy sohalar, shu jumladan, ta‘lim va sog’liqni saqlash sohalar rivojlanishining past darajadaligi, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning yomonlashuvi, tabiiy muhitning yomonlashuvi, tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar hamda jahon iqtisodiyotidagi inqirozli vaziyatlar, mamlakat tashqi qarzining haddan tashqari o’sib ketishi sababli ham vujudga kelishi mumkin. Iqtisodiy sohada inson shaxsiga nisbatan tajovuz reketda, tovlamachilik va firibgarlikda o’z ifodasini topadi. Shaxsning xavfsizligiga nisbatan jinoiy mazmunga ega tahdidlar mamlakatda kriminallashuv, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaning kuchayishi orqali vujudga keladi. Shaxsning o’ziga bog’liq bo’lgan tahdidlar ichki tahdidlar hisoblanadi. Bu turdagi tahdidlarga:
shaxsning o’z oldiga noto’g’ri maqsadlar qo’yganligi;
bilim va kasb-malaka darajasining pastligi yoki yo’qligi;
kam haq to’lanadigan ishlarda ishlashi;
raqobat kurashida sinishi, bozori kasod bo’lishi;
daromadi kam bo’la turib bolalari ko’p bo’lishi;
tug’ma nogironlik;
insonning jismoniy va aqliy imkoniyatlarining cheklanganligi;
qariganligi va kasalliklari hamda travmalar sababli mehnat qobiliyatini vaqtinchalik va butunlay yo’qotganligi;
boquvchisidan ayrilib qolishi;
insonning qat‘iyatsizlik, sabrsizlik, jizzakilik, shoshqaloqlik, chidamsizlik, dangasalik, passivlik va boshqa shu kabi shaxsiy xususiyatlari;
insonning yomon xulq va odatlar (axloqsizlik, ichkilikbozlik, qimorbozlik va nosog’lom hayot tarzi)ga moyillik;
omadsizlik kiradi.
Bugungi kunda mamlakatda 12-15 foiz aholi kambag’al hisoblanadi, agar ma‘lumotlarni yanada aniqroq hisob-kitob qilsak, bu ko’rsatkich undan ham yuqori bo’lishi mumkin.
Shaxs manfaatlari, xavfsizligiga tahdidlar ko’p qirrali bo’lib, ular eng umumiy tarzda quyidagi guruhlarga bo’linadi:
shaxsning o’z oldiga noto’g’ri maqsadlarni qo’yishi, uni belgilashda xatoga yo’l qo’yishi;
boshqa, tashqi ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar tahdidi;
ichki ijtimoiy-iqtisodiy tizimda vujudga keladigan tahdidlar;
tabiiy tavsifdagi tahdidlar.
Shaxs iqtisodiy xavfsizligining tarkibiy elementlari (komponentlari) va ularga xavf soluvchi tahdidlarning birmuncha keng qamrovli klassifikatsiyasi O.A.Stepicheva, V.V.Chernova, M.A.Kotelnikovalar tomonidan ishlab chiqilgan. Ular shaxsning iqtisodiy xavfsizligining oziq-ovqat va uy-joy bilan ta'minlanish, aholini takror ishlab chiqarish, huquqbuzarlik, sog’liqni saq’lash, ekologiya, mehnat munosabatlari, madaniyat va ta'lim, axborot bilan ta'minlanish, daromadlar bo’yicha tabaqalanish va moliyaviy xavfsizlik sohalaridagi shakllarini hamda ularning har biriga xavf soluvchi tahdidlarni tavsiflaganlar. Masalan, mualliflarning fikricha, oziq-ovqat ta'minotidagi shaxsning iqtisodiy xavfsizligiga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo’yicha iste'molning haqiqiy holatining me'riy miqdoriga mos kelmasligi hamda ocharchilik, ya'ni oziq-ovqatlarga aholining ko’pchilik qismining iqtisodiy jihatdan ega bo’la olmaslik tahdidlari mavjud. Aholini takror ishlab chiqarish jarayonlaridagi shaxsning iqtisodiy xavfsizligiga aholi umumiy sonining kamayishi, ular sonida boqimandalar, ishlab chiqarishda band bo’lmagan aholi ulushining ko’payishi, ajralishlar va abortlarning hamda alkogolizmga (ichkilikka) huruj qo’ygan aholi sonining ko’payishi tahdidlar hisoblanadi.
Shaxs iqtisodiy xavfsizligiga tashqi tahdidlar:
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur‘atlarining jamiyat ehtiyojlari o’sishiga nisbatan orqada qolishi
bozor konyunkturasidagi tebranishlar,siklik o’zgarishlar, iqtisodiy inqirozlar
Aholining ish bilan bandlik darajasining pastligi, ishsizlik va inflatsiyaning boshqarib bo’lmaydigan darajalarda o’sishi
ijtimoiy sohalar, shu jumladan, ta‘lim va sog’liqni saqlash sohalar rivojlanishining past darajadaligi
mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning yomonlashuvi
tabiiy muhitning yomonlashuvi, tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatla
tabiiy yoki inson, kapital resurslarining yetarli emasligi
mamlakatda kriminallashuv, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaning kuchayishi
mamlakat tashqi qarzlarining haddan tashqari ortib ketishi
jahon iqtisodiyotidagi inqirozli vaziyatlar
turli davlatlar o’rtasida nizo, ziddiyat, qarama-qarshiliklarning kuchayishi.
|
| |