|
Reja: Adabiy tur va janrlar haqida tushuncha "Adabiy turlar va janrlar" moduli taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari
|
bet | 3/5 | Sana | 24.11.2023 | Hajmi | 85,5 Kb. | | #104976 |
Bog'liq Adabiy tur va janrlarEPIK TURNING JANRLARI
Voqealarni hikoya qilishdek ustivorlik asosiga qurilgan barcha asarlarning jami- epik turni vujudga keltirgan. Shu sabab epos, doston, ballada, masal, ertak, hikoya, qissa, povest, roman, novella, poema, ocherk, felyeton, pamflet, esse, mif, rivoyat, afsona, sayohatnoma, muhabbatnoma, safarnoma, “xamsa”, hikmatli so’z, cho’pchak, marsiya, madhiya, matal, aforizm kabi janrlar eposning mulki sanaladi. Ularni bir necha guruhlarga ajratish mumkin:
A.Eposning katta janrlari
Epos (yunoncha epos –co’z, nutq, hikoya)ning eng yirik janri epopeya(yunoncha epopoiia-rivoyatlar, qo’shiqlar majmuidir). “Epopeya xalqning faqat go’daklik davrlarida, uning hayoti hali ikki qarshi tomonga – poeziya va prozaga ajratilmagan chog’da, xalqning tarixi faqat afsona bo’lgan zamonda, dunyo haqida uning tushunchalari faqat diniy tasavvurlardan iborat bo’lganda, uning kuch-qudrati va toza faoliyati faqat qahramonlik g’alabalarida ko’ringan zamonlardagina paydo bo’lishi mumkin” (V.Belinskiy, 167-bet).
Eposda xalq, millat, qabila taqdirini hal qiladigan buyuk tarixiy voqyelar tasvirini topgani sabab, uning bosh qahramoni tarix sanaladi. Eposda voqea hukmron bo’ladi va u “tabiatning o’zginasi”tarzida, “taqdirning irodasi” bo’lib namoyon bo’ladi. Uni inson o’zgartira olmaydi, balki u insonni o’zining irodasiga bo’ysindiradi. Homerning “Iliada” va “Odessiya”si, hindlarning “Mahobhorat” va “Ramayana”si, qirg’izlarning “Manas”i, o’zbeklarning “Alpomish”i yuqoridagi mulohazalarning isbotidir.
Folklorshunos Bahodir Sarimsoqov ta’kid etganidek, tarixiy shaxsning bahodirliklari bilan bog’liq voqealar haqida yaratilgan turkum liro-epik qo’shiqlar asoslik vazifasini o’taydi. Keyinchalik shu qo’shiqlar o’zaro birikib, epik jihatdan to’lishib yagona epopeya shakliga ega bo’ladi, ya’ni qo’shiqdagi memorat(xotira) xiralashib, fabulat(epika)ga aylanadi.1
Biz bilgan “Alpomish” klassik epos shaklidadir. U bu shaklga kirguncha tarixiy qo’shiq – arxaik epos—xalqaro ideal(syujet)—klassik epos jarayoni bosqichlarini o’tishi lozim bo’lganligini B.Sarimsoqov isbotlaydi: “Birinchi bosqich-syujetning qadimgi shaklidan iborat bo’lib, biz uni shartli ravishda arxaik (eski) epos deb yuritamiz. Bu bosqichda qahramon urug’ yoki qabila boshlig’i bo’lib, o’z xatti-harakatida urug’ yoki qabila manfaatlarini himoya qiladi, uni dushmanlardan muhofazalaydi. Parchalanib ketshdan saqlaydi. U o’zga yurtlarda bahodirliklar ko’rsatib, o’z yorini olib keladi va oila qurish orqali ijtimoiy tuzumni izchillashtirishga intiladi. Shu bois, arxaik epos syujeti ixcham-bir qismdan iborat bo’ladi. Bunday syujetning esa xalqaro epik normalar miqyosiga ko’tarilishi qiyin. Chunki har bir urug’ yoki qabila o’zining mahalliy tarixiga, qismatiga ega va bu tarix yoki qismat o’zga etnoslar uchun qadrli bo’lmaydi”(135-bet).
Bu bosqichdagi syujetni ming yil bilan o’lchashdan ko’ra, yana shuncha yillar qo’shganda ham kamlik qilishini alohida ta’kidlash o’rinlidir.
Ikkinchi bosqichda urug’ va qabilaga xos bahodirlik ideallari-el-elat yoki xalq ideali darajasiga ko’tariladi, buni voqye qiladigan yangi syujet qo’shiladi: “Erning o’z xotinining to’yiga notanish qiyofada kelishi va jasoratlar ko’rsatib, oxir oqibatda o’z yoriga, qo’lidan ketgan hokimiyatiga erishishdan iborat syujet esa xalqaro miqyosda tarqalgan syujet hisoblanadi. Masalan, bu syujet Homerga nisbat beriladigan yunon eposlari “Iliada” va “Odessiya”da, o’zbek “Alpomish”ida, rus bilinasi “Dobrinya va Alyosha”da ham uchraydi” (138-bet).
Arxaik syujetga xalqaro miqyosdagi syujetning qo’shilishi va uning yaxlitlashuvi-parchalanib ketgan urug’ (el-elat)ni birlashtirish va xalq idealidagi adolatni qaytadan tiklash g’oyasini yuzaga chiqaradi; uning ta’sirchan ifodasi eposning umumbashariyligini ta’minlaydi; “Alpomish” klassik epos namunasiga aylanadi (mana shu holatga kelganiga ming yil bo’lganini ta’kidlash asoslidir); uning jahoniy mazmunidagi o’zbek milliy ruhining jozibasini barcha anglaydi, uning ulug’vorligi-yu go’zalligidan hamma xalqlar bahra topadi, saboq chiqaradi. Ko’pchilik (“Dushman”, “Ilon kuchi”, “Vafo”, “Chiniqish”, “Qizil Buxoro”, “Mashrab”, “Jannat qushi”, “Oqibat” singari) romanlar nomukammal, voqealar rivoji sust, ular markaziy o’qqa (g’oyaga) birlasha olmaydilar, tarqoqliklaricha qolaveradilar. Qahramonlardagi odamiy tuyg’u, xislatlar tasviri o’rnini siyosiy qarashlar, soxta g’oyalar, yasama oldi – qochdilar egallaydi.
“Olamning yaxlit falsafiy konsepsiyasi” “O’tkan kunlar” (A.Qodiriy), “Sarob” (A. Qahhor), “Qutlug’ qon”, “Navoiy” (Oybek), “Yulduzli tunlar” (P.Qodirov), “Ulug’bek xazinasi” (O. Yoqubov), “Girdob” (O’. Usmonov), “Lolazor” (Murod Muhammad Do’st), “Otamdan qolgan dalalar” (Tog’ay Murod) kabi sanoqli romanlardagina aksini topgan. Darvoqye, “Sharq” nashriyoti “XX asr o’zbek romani” turkumida shularga o’xshash 17 ta romanni eng sara va mukammal asar deb topgan va nashr etishga qaror kilgani ham bejiz emas. Ularda olam butun murakkabligi, ziddiyatlari bilan tasvir etilgan, hayot oqimining ichki qonun – qoidalari, insonning mohiyati, qalb tebranishlari kashf qilingan.
Asl romanlar ichidagi birlamchi o’rin hamon shu maktabning asoschisi bo’lgan Abdulla Qodiriyga, uning “O’tkan kunlar”iga tegishlidir.Tug’ilganidanoq jahonaro umrboqiy romanlar qatoridan o’rin olgan bu asar – o’zbek romanchilik maktabining (farang, rus, ingliz, olmon, hind maktablaridan keyingi oltinchi maktabni A. Qodiriy yaratib berdi, degandi Ye. E. Bertels) takomillashish jarayoniga badiiy nur berib kelmoqda.
Romanlarni siyosiy, tarixiy – biografik, ijtimoiy – psixologik, fantastik, tarixiy – sarguzasht, ijtimoiy – maishiy, roman – monolog kabi xillarga bo’lish (S. Mirzayev, 13-14- bet ) o’zini oqlamaydi. Chunki bunda janr tushunchasidan chekiniladi, ya’ni adabiyot qonunlariga tayanmasdan, mavzuiga, undagi pafosning ko’rinishiga qarab sosiologiya nuqtai – nazaridan umumlashtiriladi. Unga asoslansak, roman xillarini istagancha davom ettirish mumkin: O’qituvchilar haqida roman, tadbirkorlar haqida roman, ijtimoiy – kulguli roman kabi.
Holbuki, tarixiy romanning o’ziga xos farqlanuvchi xususiyatlari bor. O’zbek adabiy tanqidida bu sohada (S. Mirvaliyev, U. Normatov, M. Qo’shjonov, N. Xudoyberganov va sh.k.) bahslarini tahlil qilib, professor Akram Kattabekov shunday xulosaga keladi: “Shunday qilib eng yaxshi romanlarga xos xususiyatlar:
Asarning ob’ekti sifatida xalq va jamiyat hayotida eng muhim sanalgan davrlar, voqealar va ko’zga ko’ringan shaxslar hayoti olinishi;
Tasvirlanayotgan davr va undagi voqealar,tarixiy shaxslarga nisbatan yozuvchi ilmiy - estetik konsepsiyasining bo’rtib turishi lozimligi, davr ijtimoiy – siyosiy xarakteristkasini yaratish;
Yozuvchi bilan tasvir ob’ekti o’rtasida jamiyat taraqqiyotining muhim etaplari bilan izohlanuvchi davriy masofani mavjud bo’lishi va nihoyat;
Tasvirlanayotgan voqealar va shaxslar hayotining chuqur badiiy tadqiq etilishi, tarixiy haqiqatning badiiy haqiqatga o’sib chiqishi shart ekanligi kabilar bugungi kun romanlarini baholashda asosiy mezon bo’la olishi mumkin”1.
Bu mulohazalardan ikkita fikr (“yozuvchi bilan tasvir ob’ekti o’rtasidagi jamiyat taraqqiyotining muhim etaplari bilan izohlanuvchi davriy masofaning mavjud bo’lishi” va “tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga o’sib chiqish sharti”) dan boshqasi hamma romanlarga xos xislatdir. Zero “Tarixiy asarning eng muhim alomatlaridan biri shuki, unda o’tmishga yangi bir davr mafkurasi, estetik ideali, axloqiy – ma’naviy talablari nuqtai nazaridan baho berilishi lozim ”. Biz ham shunday fikrdamiz. V. G. Belinskiy asoslaganidek, romanning ikki turi mavjud : tarixiy va zamonaviy roman. Boshqalarini asossiz o’ylab chiqishga, har biriga xos xususiyatni “kashf” etishga hojat bo’lmasa kerak. Romandagi epik xarakterlar tasviri ikki kitobda nihoya topsa-dialogiya (“Tutash olamlar” - Hojiakbar Islomshayx), uch kitobda tugallansa – trilogiya (“Ufq” - “Qirq besh kun”, “Hijron kunlarida”, “Ufq bo’sag’asida”; Said Ahmad), to’rt kitobga sig’sa – tetralogiya (“Qora dengiz to’lqinlari” - “Oqarib ko’rinur yolg’iz bir yelkan”, “Cho’ldagi xutor”, “Qishki shamol”, “Sovetlar hokimiyati uchun”; V.Katayev), besh kitobga yetsa pentalogiya (“Uch mushketyor”, “Yigirma yildan so’ng”, ikki kitobdan iborat “O’n yildan so’ng yoki vikont de Brajelon”, “Temir niqob” - Dartanyan xarakteri tasviri bilan bog’liq Aleksandr Dyuma asari”) deb yuritiladi. “Urush va tinchlik” (Lev Tolstoy), “Tinch Don” (Mixail Sholoxov)lar to’rt kitobdan, “Jan Kristof” (Romen Rollan) o’n jilddan iborat bo’lishiga qaramay, ulardagi ko’lamdorlikning hajmi va sifatiga asoslanib roman – epopeya deb atash amaliyotda uchraydi.
Olamni birvarakayiga epik ko’lamdorlikda va ehtiroslar tug’yonida tasvirlovchi, g’oyatda mubolag’ador sarguzashtlarga boy, romantik bo’yoqdor yirik hajmdagi asar – doston (forscha-tojikcha so’z, ma’nosi, nazm yoki nasr bilan yozilgan hikoya, poema; epik asar; sarguzasht, kechmish voqealar) deb yuritiladi. U adabiyotimizdagi epos singari qadimiy va go’zal janrdir.
O’zbek xalq og’zaki ijodida birgina doston tasnifining o’ziyoq, epos janrlari va ko’rinishlarining ko’p qirraligini isbotlay oladi:
1. Qahramonlik dostonlari (“Go’ro’g’li”, “Ravshankom”);
2. Jangnomalar (“Yusuf va Ahmad”, “Alibek va Bolibek”);
3. Tarixiy dostonlar (“Shayboniynoma”, “Jizzax qo’zg’oloni”);
4. Ishqiy- romantik dostonlar (“Malikai ayyor”, “Rustamxon”);
5. Kitobiy dostonlar (“Farhod va Shirin”, “Tohir va Zuhra”);
Ko’rinadiki, dostonlarning barcha ko’rinishlari ham eposga mansub, ular xilma – xil bo’lsa-da, baribir epik niyatning yagona konsepsiyasiga bog’lanadilar.
“Go’ro’g’li”, “Kuntug’mish”, “Ravshanxon”, “Go’ro’g’lining tug’ilishi”, “Go’ro’g’lining bolaligi” kabi dostonlar xalq og’zaki ijodi namunalari sanalsa, “Yusuf va Zulayho” (Durbek), “Gul va Navro’z” (Lutfiy), “Lisonut tayr” (A.Navoiy), “Shayboniynoma” (Muhammad Solih), “Muhabbatnoma” (Xorazmiy)lar – yozma adabiyotning kashfiyotlaridir.
Ko’rinadiki, dostonlar asosi (og’zaki va yozma namunalari)da – ertak, afsona, rivoyatlar yotadi, ular har bir san’atkorning salohiyatiga mos tarzda qayta ishlanadi, muayyan davrning aniq ijtimoiy – siyosiy, ma’naviy – ahloqiy muammolarini jonlantiradi. “Bu asarlarda ishtirok etuvchi qahramonlarning soni ko’p va xilma-xildir. Ular, ko’pincha, katta - kuch qudratga ega bo’lgan kishilar, lashkarboshilar, podshohlar, donishmandlar, munajjimlar, oddiy odamlar, qanotli otlar, yalmog’izlar va ajdarlar, sirli qushlar va ilohiy kuchlar qiyofasida ko’rinadilar” (E.Xudoyberdiyev, 197-bet). Dostonlarda alohida kirish qismi (“Hamd”, “na’t”, “munojot”, “madh” va “sababi nazmi kitob” kabi) bo’lib, bularda Alloh va uning payg’ambarlari madhi, shu mavzuda avval boshqa shoirlar tomonidan yozilgan dostonlarning yutuq va kamchiliklarini baholash, ulardagi xatoliklarni rad etish, o’z asarining ulardan farqlari, dostonni yozishga nimalar sabab bo’lgani va hokazolar (masalan, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”ining 1-11 boblarida) ta’riflanganidan so’ng, asar syujeti (12 bobdan) boshlanadi. Dostonlarning xotimasida san’atkor zamoni va zamondoshlari (masalan, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida “sultonlik shajarasining samarasi shahzoda Abulforis Shohg’arib Bahodir madhida” bir necha so’z bilan nasihat beradi; “Kimki, olimlarga ta’zim qilsa, go’yo u payg’ambarlarga ta’zim qilgandek bo’ladi” tarzida hikmatlar sochadi) haqida mulohazalar yuritadi. O’zi va ijodi haqida, yaratgan asarining bitirish vaqti haqida
Dostonning ana shu xususiyatlariga tayanganda “Alpomish”ni (masalan, N.Shukurov, N.Hotamov, Sh.Xolmatov, M.Mahmudovlar kabi) doston deb yuritish o’zini oqlamaydi. “Alpomish”da qahramonlik eposining barcha xislatlari yaqqol ifodasini topganligi uchun – uni epos deb yuritish asoslidir. Unga Go’ro’g’li, Avazxon, Ravshanbek obrazlarini yuqoridagi olimlar singari Alpomishga tenglashtirish ham o’zini oqlamaydi, ularni doston janrida yaratilgan halq qahramonlari obrazlari tarzida talqin qilish to’g’riroqdir.
Qissa (arabcha, ma’nolari “voqeiy hodisa yoki afsonalar bayon qilingan epik asar; syujetning murakkabligi jihatidan romandan ko’ra soddaroq badiiy asar”) – eng qadimgi janrlardan biri bo’lib, unda, asosan ishqiy mazmun yetakchilik qiladi. Ayniqsa, “muayyan payg’ambar yoki avliyo, dono shaxs yoki tengsiz pahlavonlar obrazlarining ibratomuz xatti-harakatlari misolida butun xalqning tarixini ideallashtirib ko’rsatish” (B.Sarimsoqov) qissalarning mohiyatini tashkil qiladi. Ularning barchasini umuminsoniy yagona ruh birlashtirib turadi. Bahodir Sarimsoqovning ta’kidlashicha, bu - hayotda pokdomon bo’lish, adolat uchun jon fido qilish, el-yurt qayg’usi bilan yashash, sadoqatli muhabbat nuridan bahramand bo’lishdir.
“Ibrohim Adham qissasi”, “Amiri Axtam qissasi”, “Bobo Ravshan qissasi”, “Qissasi Rabg’uziy” (Nosiruddin Burhonuddin Rabg’uziy), “Hazrati Ali haqida o’n to’rt qissa” kabi xalq kitoblari nomi bilan chop qilingan asarlar (Ular ko’pincha to’y-hashamlarda, choyxonalarda, maxsus yig’inlarda – qissaxonlik kechalarida qissaxonlar tomonidan o’qilgan) qissa janrining namunalaridir.
Jumladan, “Hazrati Ali haqidagi o’n to’rt qissa” da ham Hazrati Alining Allohga qo’ygan ishqi va shu ishq yo’lida ko’rsatgan qahramonliklari (masalan, Ajdarning halok etilishi, Maqsura otlig’ kofirning yuz yigirma ming qo’shinini o’ldirilishi va hokazo) mo’jizalari keng hikoya qilinadi. Epik tasvir g’oyatda mubolag’ador tarzda, folklorga xos ohang va sodda til bilan bayon qilinadi, romantik tasvir yetakchilik qiladi.
Povest (ruscha so’z, ma’nosi hikoya, rivoyat qilish)ning asosiy belgisi, unda “Hayotiy qamrovning romanga nisbatan torligi, hikoyaga nisbatan kengligi; shunga muvofiq syujet va kompozitsiyaning ham romanga nisbatan soddaligi, hikoyaga nisbatan murakkabligi hisoblanadi” (N.Hotamov, B.Sarimsoqov, 235-bet). “Romanda olamning yaxlit falsafiy konsepsiyasi” bo’lishi shart bo’lsa, bu hodisaning bir qismi(parchasi)ni bir-ikki qahramon taqdiri misolida yechilishi povest uchun yetarlidir. Faqatgina hayotiy voqealar tasviridan katta umumlashmalar chiqarish, muayyan davr hayot tarzidan gumanizm falsafasini yorqin e’zozlash pafos darajasiga ko’tarilishi kerak. Shu sabab V.Belinskiy: “Povest ham ayni romanning o’zginasidir, faqat kichik hajmdadir, asarning hajmi mazmunning hajmi va mohiyatiga qarab belgilanadi”, - degan edi “Poeziyaning xil va turlarga bo’linishi” maqolasida.
Povestda syujet ham, konflikt ham, kompozitsiya va boshqa unsurlar ham qissaga nisbatan ixchamroq bo’ladi, tezroq suratda rivojlanadi, realizm yetakchilik qiladi va chuqurroq ifodasini topadi. Asardagi asosiy personajlarning hayotlarida yuz bergan bir qator tipik voqealar siqiq tarzda, ko’pincha, bitta yetakchi syujet yo’nalishiga asoslangan holda yoritiladi. Jumladan, G’.G’ulomning “Yodgor” povestida Jo’ra xarakterining shakllanishi bilan bog’liq voqealar tasvirlanadi, barcha voqealar, Yodgor, Saodat, Mehrixon, Abdug’ani, Obid, Umar aka kabi obrazlar – qahramon Jo’ra xarakterining tipik xususiyatlarini ochishga, asardagi insoniylik g’oyasini bo’rttirib ko’rsatishga bo’ysinadi. G’afur G’ulomning “Shum bola”, S.Ayniyning “Sudxo’rning o’limi”, A.Qahhorning “Sinchalak”, O’.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Ne’mat Aminovning “Bir asr hikoyati” povest janrining yetuk namunalari sanaladi.
Poema (yunoncha poiema – ijod)da hayot va odamlar qalbi epik (voqea) va lirik (kechinma - tuyg’ular) tarzida kashf etiladi. To’g’rirog’i, poemada epika va lirika birlashib, yaxlit liro-epik oqimni vujudga keltirib hayotiy voqea-hodisalarning va qahramon xarakteridagi kuchning ruhi (qalbi)ni ochadi, tahlil qiladi, hayajonli ifodalaydi. “Qisqasi, poema qalb qo’shig’i, undagi lirik element ham, epik element ham poeziya, qo’shiq darajasiga ko’tarilgan bo’lmog’i lozim... poemada voqea, dramatizm asosan qahramon qalbi orqali o’tadi. Poemada kitobxonni voqealarning izchil tasviri emas, balki voqealar tufayli qahramon qalbida tug’ilgan psixik kechinmalar – dramalar, o’ylar, tuyg’ular tasviri qiziqtiradi.”1 Lekin, bu poemada epik tasvir ikkinchi darajali ahamiyat kasb etadi, degani emas. Balki qahramon qalbidagi cheksiz o’ylar, behisob tuyg’ular dramatizmining haqqoniyligini, samimiyligini, boshqacha bo’lishi mumkin emasligini asoslovchi, keltirib chiqaruvchi, rivojlantiruvchi omildir. Ana shu xislati bilan u epik turning “qo’shig’i”dir.
Poema – lirik, epik, liro-epik, dramatik bo’lishidan qat’i nazar, ularning barchasida hayot (davr)ning epik qiyofasi shoir shaxsiyati (to’g’rirog’i, lirik qahramon) qalbi orqali ochiladi; voqea-hukmronlik qiladi, uning hukmiga asosan qalb qo’shig’ini kuylaydi. Lekin bu qo’shiq doston janriga nisbatan ixcham, anchayin kichik, ayni paytda, o’ta real, o’ta lirikdir.
“Zaynab va Omon” (Hamid Olimjon), “Toshkentnoma” (Maqsud Shayxzoda), “Surat” (Mirtemir), “Ruhlar isyoni” (Erkin Vohidov), “Jannatga yo’l” (Abdulla Oripov), “Xalil Sulton” (Usmon Azim)kabi barkamol asarlar poema janrining barcha hislatu fazilatlarini, mumtoz xususiyatlarini o’zida jam etganlar.
Go’zallikning asl mohiyatini tushunmay, uni faqat o’z nafsi, manfaati nuqtai nazaridan o’lchaydigan farosatsiz insonlar Xo’roz obrazi vositasida g’oyatda kuchli piching (kesatiq) orqali fosh qilinmoqdaki, aslning , odamiylikning qadri balandligi, unga yetishish nodonlarning qo’lidan kelmasligi baralla uqdirilmoqda. Nodonlikdan, tentakliklan forig’lik(qutulish)ka chaqirmoqda.
Latifa(arabcha so’z, ma’nosi “nozik, yoqimli, zarif”) xalqning o’tkir mushohadasi asosiga qurilgan yoqimli va nozik kulguli eng kichik va nodir “hikoya” (“zarifa”, “ajiba”) sidir. Unda eng qisqa shakldagi qiziq voqeaning bir epizodi nasriy yo’lda kulguli qilib aytiladi, epizod qiziqarli umumlashmaga, muhim fikrga, yorqin ifodaga boy bo’ladi, bu xususiyati-topqirlik va mahorat bilan yaratilgan bo’lsa, kishi xotirasida uzoq saqlanadi. Ayni paytda, ular og’izdan og’izga tez o’tib, yanada sayqallashadilar.
Latifaning eng muhim xususiyatlaridan yana biri undagi konfliktning ikki (ijobiy va salbiy) qutbligidir, uning yorqin, bo’rtib ko’rinishidir; “boshqacha bo’lishi mumkin”, degan tushunchaga o’rin qoldirmasligidadir.
Latifa hamisha hayot bilan aloqadorlikda tug’iladi. Har bir davrning, qavmning, millatning salbiy illatlari ayovsiz fosh etiladi, poraxo’rlik, lo’ttibozlik, mansabparastlik, maishatbozlik, eskilik, go’llik, laqmalik, kaltafahmlik, farosatsizlik, ziqnalik, xasislik, uquvsizlik, dangasalik kabi kamchilik va nuqsonlar ustidan achchiq kulgu qo’zg’otadi. Uni yaqqol misolini gabrovoliklar (Bo’lg’oriya), shildaliklar (Olmoniya), qazvinliklar (Eron), shirinilar (Buxoro), oltiariqliklar (Farg’ona), xonqaliklar (Xorazm) latifalarida yaqqol ko’rish mumkin.
“Ziqna Shirini ko’k choy ichib, ishkomning soyasida yonboshlab yotgan edi, kimdir radiodan aytib qoldiki, har qaysi atom bombaning qiymati bir necha million so’m turadi!
-E-e xudo!-deb yubordi Shirini falakka ko’z tikkancha. - Axir seni saxovatli deydilar-ku! Agar shunday bo’lsa, chindan bor bo’lsang, bir hikmat qil: shu bombaning aslidan bizning chorboqqayam bittagina tashla, shunda kun ko’rib, odamga o’xshab yashay!”(Oxunjon Safarov. Shirinqishloq latifalari. Buxoro nashriyoti. 1994, 56 -bet).
Latifaning eng kichik ko’rinishi matbuotda “xanda”lar nomi bilan yuritiladi. Xandalar biron-bir epizodning “qaymog’ini” - mohiyatini birdaniga kulminasion cho’qqiga chiqaradi va dialogik nutq vositasida uni kulgili tarzda yechimga olib keladi. Jumladan,
“Folbin mijoziga fol ochayapti.
|
| |