Suv toshqini vaqtida qanday harakat qilish kerak?
Suv toshqini xavfi yuzaga kelganligi va evakuatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarni olgach, belgilangan tartibda xavfli hududdan xavfsiz xududga yoki tepaliklarga chiqing. O‘zingiz bilan hujjatlar, qimmatbaho buyumlaringiz va uch kecha-kunduzga etadigan oziq-ovqat mahsulotlarini oling. Manzilga etib kelgach ko‘chiriluvchilarni qabul qilish punktida ro‘yxatdan o‘ting.
Uydan chiqishdan oldin elektr, gaz tarmog‘i va isitish pechlaridagi olovni o‘chiring, binodan tashqaridagi suv olib ketishi mumkin bo‘lgan barcha buyumlarni mahkamlang yoki ularni yordamchi binolarga joylashtiring. Vaqtingiz etarli bo‘lsa, qimmatbaho uy jihozlarini yuqori qavatlarga yoki chordoqqa olib chiqing. Deraza va eshiklarni yoping, zarurat bo‘lsa va vaqt imkon bersa, birinchi qavatdagi deraza va eshiklarni tashqi tomondan taxtalar bilan qoqib qo‘ying. Evakuatsiya uyushgan holda o‘tkazilmayotgan bo‘lsa, yordam etib kelgunga va suv sathi pasaygunga qadar yuqori qavatlar va binolar tomidan, daraxtlar va tepaliklardan joy egallang. SHu bilan birga muntazam halokat signalini berib boring (kunduz kuni uzoqdan yaxshi ko‘rinadigan ochiq rangli matoni osib qo‘yish yoki silkitish bilan, tunda - yorug‘lik signali va ovoz bilan). Qutqaruvchilar yaqinlashganda, suzuvchi vositaga o‘ting. Bunda qutqaruvchilarning ko‘rsatmalariga qat’iy amal qiling, suzuvchi vosita ustidagi yukning ko‘payib ketmasligiga e’tibor bering. Harakat vaqtida o‘rningizdan qimirlamang, qayiq chetiga o‘tirmang, ekipaj a’zolarining talablarini bajaring. Suv ostida qolgan zonadan mustaqil ravishda chiqishga, faqatgina jiddiy sabablar (jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, suv sathining ko‘tarilib borishi, yuqori qavatlar va chordoqlarni suv bosish xavfi) paydo bo‘lganda tavsiya etiladi. Ammo ishonchli suzuvchi vosita bo‘lsa, harakat yo‘nalishini bilsangizgina shunday yo‘l tutishingiz mumkin. Mustaqil harakat vaqtida halokat signalini berishni to‘xtatmang.
Suvda qolganlar va cho‘kayotganlarga yordam bering. Odam cho‘kayotgan bo‘lsa, unga suzuvchi vosita tashlang, harakatlarini qo‘llab-quvvatlab turing, boshqalarni yordamga chaqiring. Jabrlanuvchiga yaqinlashar ekansiz, daryo oqimini hisobga oling. Agar cho‘kayotgan odam o‘z harakatlarini nazorat qilolmayotgan bo‘lsa, unga orqa tomondan suzib borib sochidan ushlang va qirg‘oqqa qarab suzing.
Suv toshqinidan so‘ng qanday harakat qilish kerak?
Binoga kirishdan avval, uning holatini tekshirib ko‘ring. Xonalarni shamollating (gaz to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin). Xonalarni to‘la shamollatib bo‘lmaguningizcha va gaz ta’minoti tizimini tekshirib ko‘rmaguncha elektr yoritgichlarni yoqmang, ochiq olovdan foydalanmang, gugurt ishlatmang. Elektr simlari, gaz quvurlari, suv va maishiy chiqindi tarmog‘ining sozligini tekshiring. Mutaxassislar bilan birgalikda ushbu tizimlarning sozligiga ishonch hosil qilmasdan ulardan foydalanmang. Xonalarni quritish uchun barcha eshik va derazalarni ochib tashlang, pol va devorlarni chiqindilardan tozalang, erto‘lalardagi suvni tortib chikaring. Nam tekkan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmang. Quduqlarni tozalab, ulardagi suvni chiqarib tashlang.
Sel oqimlarini uzoq davom etgan kuchli jala, qor yoki muzliklarning jadal erishi, zilzila va vulqon otilishlari keltirib chiqaradi. U to‘satdan yuzaga keladi, katta tezlik (10 m/soniya va undan ortiq) bilan harakatlanadi, odatda o‘n daqiqadan bir necha soatgacha bo‘lgan oraliq bilan bir necha to‘lqinlar shaklida o‘tadi. Sel to‘lqini oldingi qismining balandligi 15 m va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Harakatlanayotgan sel oqimining gulduragan ovozi uzoq masofadan eshitilib turadi. Odamlar (sayyohlar, tog‘ razvedkachilari, chegarachilar, mahalliy aholi), turar joy binolari va yo‘l inshootlari tabiiy ofatning qurboniga aylanishlari mumkin.
Selga qanday tayyorlanish kerak?
Odatda sel oqimlari kelishi mumkin bo‘lgan joylar ma’lum bo‘ladi. Toqqa chiqishdan avval harakatingiz yo‘nalishida mavjud bo‘lgan shunday joylarni o‘rganib chiqing, ularni, ayniqsa kuchli yog‘inlardan so‘ng chetlab o‘ting. Sel oqimiga to‘qnash kelib qolinganda qutulib qolishning iloji juda kamligini doimo yodda tuting.
Evakuatsiya oldindan o‘tkaziladigan bo‘lsa, turar joyni tashlab chiqib ketishdan avval elektr, gaz, suv manbalarini berkiting. Eshik, deraza va shamollatish tizimlarini yaxshilab yoping.
Avvaldan o‘tkaziladigan selning oldini oluvchi chora-tadbirlar: seldan xavfli hududlarda selga qarshi damba va to‘g‘onlar, suv yo‘lini o‘zgartirib yuboruvchi kanallar quriladi, tog‘ ko‘llari sathi pasaytiriladi, yonbag‘irlardagi tuproq qatlami daraxt o‘tkazish yo‘li bilan mustahkamlanadi, kuzatuv ishlari olib boriladi, xabar berish tizimi yaratiladi va evakuatsiya rejalashtiriladi.
|