|
Fuqarolik jamiyatining siyosiy va davlat tuzilishi
|
bet | 2/6 | Sana | 16.02.2024 | Hajmi | 32,57 Kb. | | #157913 |
Bog'liq FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARINI Fuqarolik jamiyatining siyosiy va davlat tuzilishi insonga barcha sohalarda turmush tarzini erkin tanlab olish imkoniyatini kafolatlashi kerak. Jumladan, bu siyosiy sohada quyidagilarni bildiradi: xalq ham bevosita, ham o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etishi lozimligini; hokimiyatlar taqsimlanishi tamoyilini joriy etish asosida demokratiyani chuqurlashtirish va milliy davlatchilikni barpo qilishni; jamiyatning siyosiy tizimini, davlat idoralari tuzilmasini tubdan yangilashni; bir mafkura yakka hokimligidan voz kechish, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini tan olishni; demokratiyaning qonuniy tarkibi sifatida ko‘p partiyaviylikni shakllantirishni; fuqarolarning qonun oldida tenglik va qonun ustuvorligini bildiradi.
Iqtisodiy sohada esa – milliy boylikning o‘sishi asosida farovonlikni ta’minlovchi ko‘p ukladli iqtisodiyotni barpo etishni; ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirishni; mulk huquqi va mulkchilikning barcha shakllarini davlat himoyasida bo‘lishini; davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash va iqtisodiy erkinlikni ta’minlashni anglatadi.
Ijtimoiy va ma’naviy sohada – insonparvarlik g‘oyalariga sodiqlikni, inson, uning hayoti va shaxsi daxlsizligi, erkinligi, qadr-qimmati, yashash joyini tanlash huquqi tan olinishini; milliy ma’naviyatni qayta tiklashni; hurfikrlilik, vijdon va e’tiqod erkinligini qaror toptirishni; ijtimoiy adolat, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash; intellektual mulkni himoyalash va insonlar iste’dodini ro‘yobga chiqarish kabi ustuvor vazifalar belgilanadi.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratik davlat qurilishi va iqtisodiyotni isloh qilish dasturining o‘zagi sifatida quyidagi beshta asosiy tamoyil e’lon qilindi:
1) iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi;
2) o‘tish davrida davlat bosh islohotchi bo‘lishi;
3) qonunlarga rioya etish ustuvorligi;
4) kuchli ijtimoiy siyosat o‘tkazish;
5) bozor iqtisodiyotiga «inqilobiy larzalarsiz, evolyutsion tarzda bosqichma – bosqich o‘tish.
Ushbu muhim qoidalar O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyotiga asos qilib olindi, fuqarolik jamiyati shakllanishi davrining negizi sifatida belgilandi. O‘tgan davr mobaynida bu tamoyillar mamlakatda ijtimoiysiyosiy barqarorlikni ta’minladi.
Mustaqillik yillari hokimiyatni tarmoqlarga ajratish asosida milliy davlatchilik poydevorini barpo etish amalga oshirildi. Davlat hokimiyati va boshqaruvining huquqiy asoslari yaratildi. 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurilishining asosiy tamoyillari, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat taraqqiyotining iqtisodiy asoslari mustahkamlandi.
Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati tuzilmalari, institutlari qaror topishi uchun zamin vujudga keltirildi. Mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy prinsiplariga tayanishi, inson huquqlari ustuvorligi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoyalanishi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, O‘zbekistonda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi, ya’ni ko‘p partiyaviylik qaror topishi e’tirof etildi.
|
| |