• 3-mavzu: Sug‘urta faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari va sug’urta kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shakllari
  • 3. Aksiyadorlik shaklidagi sug‘urta tashkilotlari va xususiy mulk huquqiga ega jamiyatlari
  • Shomaj - sug’urta hodisasi ro’y berishi natijasida ishlab chiqarishni to’xtab qolishi bilan bog’liq foyda olmaslik riskini sug’urtasi. Ekstsedent riski




    Download 25,02 Mb.
    bet23/136
    Sana24.09.2024
    Hajmi25,02 Mb.
    #272174
    1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   136
    Bog'liq
    Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «moliya» kafedrasi

    Shomaj - sug’urta hodisasi ro’y berishi natijasida ishlab chiqarishni to’xtab qolishi bilan bog’liq foyda olmaslik riskini sug’urtasi.
    Ekstsedent riski - mazkur toifadagi risk bo’yicha zararni qayta sug’urtalash to’g’risidagi kelishuv.
    Ekstsedent zarari - noproportsionl qayta sug’urtalash shakli. Bunda tsedentga o’z zimmasida ushlab qolingan zarardan oshgan qismi qayta sug’urtalovchi kompaniya tomonidan qoplanadi.

    3-mavzu: Sug‘urta faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari va sug’urta kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shakllari

    REJA:




    1. Sug‘urta munosabatlarini tartibga solishda huquqning ahamiyati, sug‘urta huquqi va uning mazmuni.
    2. Sug‘urta faoliyati klassifikatori uning tarkibiy tuzilishi
    3. Aksiyadorlik shaklidagi sug‘urta tashkilotlari va xususiy mulk huquqiga ega jamiyatlari


    1. Sug‘urta munosabatlarini tartibga solishda huquqning ahamiyati, sug‘urta huquqi va uning mazmuni

    Jamiyatda fuqarolar va ularning jamoasi o‘z faoliyatlari jarayonida bir-birlari bilan tegishli ijtimoiy munosabatda bo‘ladilar. Ushbu munosabatlarni bir qolipga solish uchun ularni tartibga keltirish zarur, ya’ni fuqarolar va tashkilotlarning hatti-harakat qilish doirasini belgilash zarur.


    Bayon etilganlar to‘laligacha sug‘urtaga ham taalluqlidir. Sug‘urta ijtimoiy-iqtisodiy qonuniyat sifatida huquqiy tomondan mustahkamlanishni talab etadi. Sug‘urta fondini tashkil etish va undan foydalanish jarayonida paydo bo‘ladigan munosabatlar huquqiy tartibga solinadi.
    Sug‘urta sohasida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar fuqarolik-huquqiy munosabatlar tarkibiga kiradi. Bunday munosabatlar fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, shartnoma majburiyatlarini, shuningdek mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
    Sug‘urta sohasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlar quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi:

    • fuqarolar va sug‘urta tashkilotlari o‘rtasida shakllanadigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar;

    • sug‘urta tashkilotlari o‘rtasida yuzaga keladigan o‘zaro munosabatlar;

    • fuqarolar va maxsus davlat organlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar;

    • sug‘urta tashkilotlari va maxsus vakolatli davlat organi o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar.

    Fuqarolar va sug‘urta tashkilotlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar tegishli shartnoma qoidalariga asoslanadi. Bunda bir tomondan sug‘urta tashkilotining fuqaro oldida, ikkinchi tomondan fuqaroning sug‘urta tashkiloti oldidagi burch va majburiyatlari paydo bo‘ladi. Ya’ni, tuzilgan shartnomaga ko‘ra, fuqaro o‘z vaqtida sug‘urta mukofotini to‘lashi shart. Sug‘urta hodisasi ro‘y berganda esa, sug‘urta tashkiloti sug‘urta shartnomasida qayd etilgan shart va muddatlarda sug‘urta qoplamasi (summasini) fuqaroga to‘lab berishi lozim. Ko‘rinib turibdiki, shartnoma –fuqarolik-huquqiy hujjat sifatida taraflarning o‘zaro munosabatini huquqiy tartibga solyapti.

    • Sug‘urta tashkilotlarining bir-birlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlari sug‘urta pulini va qayta sug‘urta qilish bilan bog‘liq tuzilgan shartnomalar doirasida shakllanadi. Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, sug‘urta tashkiloti moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, binobarin, sug‘urtalanuvchilar oldida o‘z majburiyatini bajarishini ta’minlash maqsadida sug‘urta pulida ishtirok etishi yoxud boshqa sug‘urta tashkilotlari yoki ixtisoslashgan qayta sug‘urta tashkilotlari bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishi mumkin. o‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 959-moddasida «sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi o‘z zimmasiga olgan sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lash xavfi uning tomonidan to‘liq yoki qisman boshqa sug‘urtalovchida (sug‘urtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin» deb alohida qayd etilgan.

    Qayta sug‘urta qilish shartnomasiga nisbatan, agar qayta sug‘urta qilish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksining tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish borasida qo‘llanishi lozim bo‘lgan qoidalari tatbiq etiladi. Qayta sug‘urta qilish shartnomasini tuzgan sug‘urta shartnomasi (asosiy shartnoma) bo‘yicha sug‘urtalovchi keyingi shartnomada sug‘urta qildiruvchi hisoblanadi.
    Fuqarolar va maxsus davlat organlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar maxsus vakolatli davlat organining sug‘urtalanuvchilar bo‘lgan – fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya etish bilan bog‘liqdir. Amaliyotda shunday holatlar bo‘ladiki, sug‘urta tashkiloti sug‘urtalanuvchiga sug‘urta hodisasi tufayli ko‘rilgan zararni qoplashdan asossiz voz kechishi mumkin. Bunday paytda o‘z manfaatlarini huquqiy himoya etish maqsadida sug‘urtalanuvchi maxsus vakolatli davlat organiga murojaat etishi mumkin.
    Sug‘urta tashkilotlari va maxsus vakolatli davlat organi o‘rtasida paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi. Maxsus vakolatli organning sug‘urta tashkilotlariga nisbatan paydo bo‘ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlari o‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va «Sug‘urta faoliyati» to‘g‘risidagi Qonunda o‘z aksini topgan. Maxsus vakolatli davlat organi qonunda belgilangan tartibda sug‘urta tashkilotlarining faoliyatini nazorat etib boradi. Zaruriyat bo‘lganda esa, sug‘urtalanuvchilarning manfaatini himoya etish maqsadida undan sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish huquqiga ega.
    Sug‘urtani huquqiy tartibga solish davlat tomonidan sug‘urta munosabati qatnashchilarining hatti-harakatini huquqiy normalar vositasida amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini har xil oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan sug‘urtaviy himoya qilish uchun ko‘pchilik shaxslar tomonidan tashkil etiladigan maxsus fond hisobidan amalga oshiriladigan sug‘urta faoliyati jarayonida paydo bo‘ladigan ijtimoiy munosabatlar mavjud. Ushbu munosabatlarni tartibga soladigan normalar yig‘indisiga sug‘urta huquqi deyiladi.
    Sug‘urta bozorini davlat tomonidan tartibga solish turli shakllarda, xususan, maxsus qonunlar qabul qilish, soliq solish, alohida hukumat qarorlari bilan majburiy sug‘urtalashni joriy qilish va vakolatli sug‘urta nazorati xizmatini tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
    Sug‘urta bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga litsenziyalar (ruxsatnomalar) berish sug‘urta nazorati xizmatining eng asosiy vazifalaridan biridir. Litsenziya (ruxsatnoma) berish jarayonida sug‘urta nazorati sug‘urtachining bo‘lajak faoliyatini dastlabki tekshiruvdan o‘tkazadi. Ya’ni, nizom jamg‘armasi va o‘z mablag‘larining holati hamda bu mablag‘larning tashkilot zimmasidagi majburiyatlariga o‘zaro munosabati ko‘rib chiqiladi. Sug‘urta faoliyatiga litsenziya (ruxsatnoma) berishning zaruriyati sug‘urtaning o‘z mohiyatidan kelib chiqishini unutmaslik kerak. Chunki, sug‘urta tashkiloti sug‘urta hodisasi yuz bergan vaqtda sug‘urtalanuvchiga shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lashi lozim. Sug‘urta faoliyatini nazorat qiluvchi organning bu boradagi ishlari nafaqat sug‘urtalanuvchilar manfaatiga mos tushadi, balki butun davlatning manfaatlari yo‘lida ham xizmat qiladi.
    E’tirof etish lozimki, bugungi kunda mamlakatda sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya (ruxsatnoma) berish tartibi ishlab chiqilgan. Sug‘urta tashkilotiga beriladigan litsenziya (ruxsatnoma) sug‘urtalashning har bir turi yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan sug‘urta turlari guruhlari uchun beriladi. Chunki, ba’zi sug‘urta turlari bo‘yicha operatsiyani amalga oshirish sug‘urtalovchida etarli darajada moliyaviy mablag‘lar bo‘lishini talab etadi. Bundan tashqari, sug‘urta kompaniyasi ishlab chiqqan biznes-rejada sug‘urta tarifi stavkalarini to‘g‘ri hisoblanishiga alohida e’tiborni qaratish zarur. Negaki, noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan tarif, pirovard natijada, sug‘urta tashkilotini moliyaviy barqarorliksizga yoki to‘lov qobiliyatini yomonlashuviga olib keladi. Nazarimizda, faqat sug‘urta kompaniyalarini emas, balki, qayta sug‘urtalashga ixtisoslashgan tashkilotlar va vositachilik idoralarini ham faoliyatini litsenziyalashni kiritilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
    Biz mamlakatimizda sug‘urta bozorini davlat tomonidan tartibga solishni tashkil etish va uni takomillashtirish yo‘llari haqida o‘ylar ekanmiz, yaqin qo‘shni mamlakatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasida bu sohada olib borilayotgan ishlar haqida biroz to‘xtasak, foydadan xoli bo‘lmaydi.
    Bugungi kunda, Rossiya Federatsiyasida 1500 dan ortiq sug‘urta tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda va ularning aksariyati sug‘urta faoliyatini nazorat qiluvchi Federal xizmatning litsenziyalariga ega. Sug‘urta faoliyatini nazorat qiluvchi bu tashkilot 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Rossiya sug‘urta bozorini tartibga keltirish bo‘yicha etarli tajribaga ega bo‘ldi, o‘nlab me’yoriy hujjatlar ishlab chiqdi. Ulardan eng muhimlari “Rossiya xududida faoliyat ko‘rsatuvchi sug‘urta tashkilotlariga litsenziyalar berish tartibi”, “Sug‘urta zahiralarini joylashtirish tartibi” va hokazolardir. Mazkur tashkilot o‘zini qattiqqo‘lligi va boshqa harakatlari tufayli Rossiya ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta nufuzga egadir. Eng asosiysi, sug‘urta nazorati xizmati har yili Rossiya hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta kompaniyalarining etarli darajada kuchlilarini reyting asosida aniqlab, keng xalq ommasiga ma’lum qilib boradi.
    O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, sug‘urta tashkilotlari sug‘urtalanuvchi oldidagi majburiyatini bajara olmay qolganda, davlat sug‘urta nazorati xizmati, mijozlarning manfaatini ko‘zda tutadigan choralar ko‘rishi kerak. Bozorda ko‘plab sug‘urta tashkilotlari faoliyat ko‘rsatadi, tabiiyki, bu holat potensial mijozlarni jalb qilish uchun ular o‘rtasidagi raqobatni ham kuchayishiga olib keladi. Natijada, raqobatga bardosh bermagan ba’zi sug‘urta kompaniyalari “sug‘urta maydonidan” chiqib ketadi. Bunga jahon tajribasidan ham misollar keltirish mumkin.
    Birinchidan hukumat o‘zining tegishli nazorat organi orqali, sug‘urta kompaniyalari tomonidan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini qat’iy bajarilishini, shu jumladan, sug‘urta zahiralarini to‘g‘ri joylanishini nazorat qilib borish muhimdir. Ikkinchidan, endi shakllanayotgan O‘zbekiston sug‘urta bozoriga moliyaviy jihatdan mustahkam xorijiy sug‘urta kompaniyalarining kirib kelishini tartibga solish kerak. Negaki, bu holat mahalliy sug‘urta kompaniyalarining raqobat bardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
    Sug‘urta tashkilotlari o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari hajmiga qarab, ma’lum foiz ajratish yo‘li bilan markazlashgan sug‘urta jamg‘armasini tashkil etsalar, maqsadga muvofiqdir. Ushbu jamg‘arma mablag‘lari qiyin holatga tushib qolgan sug‘urta tashkilotlariga beriladigan yoki ular bankrot deb e’lon qilinganda majburiyatlarini bajarishi uchun xizmat qiladi. Bizningcha, bu jamg‘arma tashkil etilajak davlat sug‘urta nazorati xizmati tomonidan, sug‘urtalovchilar uyushmasi vakillarini jalb qilgan holda boshqarilishi lozim.
    O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 15-moddasida sug‘urta faoliyatini litsenziyalash masalalari ko‘rsatib o‘tilgan. Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda maxsus vakolatli davlat organi beradigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
    Litsenziya sug‘urtalovchiga hayotni sug‘urta qilish sohasida yoxud umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun beriladi. Hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas, umumiy sug‘urta sohasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan ayrim turlari (klasslari) bundan mustasnodir. Umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.
    Litsenziyada sug‘urtalovchi amalga oshirishni nazarda tutayotgan sug‘urta turlari (klasslari) ko‘rsatiladi.
    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlanlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan sug‘urta faoliyati klassifikatori tasdiqlangan. Unda hayotni sug‘urta qilish tarmog‘i 4 ta klassdan, umumiy sug‘urta tarmog‘i 17 ta klassdan iborat ekanligi ko‘rsatilgan.
    Sug‘urtalovchining litsenziyasi amal qilishining to‘xtatib turilishi uning yangi sug‘urta shartnomalari tuzishi taqiqlanishiga, shu jumladan amaldagi sug‘urta shartnomalari uzaytirilishining taqiqlanishiga sabab bo‘ladi. Bunda sug‘urtalovchi ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishga majburdir. Litsenziyaning amal qilishi tugatilgan kundan e’tiboran besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organi sug‘urtalovchini tugatish to‘g‘risidagi ariza bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat etishi shart.
    Sug‘urtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlarining vakolatlari to‘xtatib turiladi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tayinlagan sug‘urtalovchining muvaqqat ma’muriyatiga o‘tadi. Muvaqqat ma’muriyat sud qaror chiqargunga qadar bo‘lgan davrda o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Sug‘urtalovchi muvaqqat ma’muriyatining hisoboti maxsus vakolatli davlat organiga hamda sug‘urtalovchini tugatish to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organining arizasi yo‘llangan sudga taqdim etiladi.
    Sug‘urtalovchining muvaqqat ma’muriyati o‘z faoliyati davrida xarajat operatsiyalarini amalga oshirishga haqli emas, sug‘urtalovchining boshqaruv xarajatlari (ma’muriy xarajatlari), sug‘urtalovchiga tushayotgan pullarni hisobga yozish va ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta hodisalari yuz berganda sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash bilan bog‘liq hollar bundan mustasnodir. Sug‘urtalovchi muvaqqat ma’muriyatining ishlash tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi. Ushbu moddaning qoidalari sug‘urtalovchining arizasiga binoan litsenziya bekor qilingan hollarga, shuningdek uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki ta’sis hujjatlarida shunday vakolat berilgan sug‘urtalovchining boshqaruv organi qaroriga binoan qayta tashkil etilishi yoxud tugatilishiga taalluqli emas.
    Sug‘urtalovchi ustav fondining kamida to‘qson foizi muassislarning pul mablag‘laridan shakllantiriladi. Sug‘urtalovchining ustav fondini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sug‘urtalovchining ustav fondi litsenziya olinadigan paytga qadar sug‘urtalovchining muassislari tomonidan to‘langan bo‘lishi kerak.
    Sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini ikki turga bo‘lish mumkin:

    • sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunlar;

    • sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi umumiy qonunlar.

    Sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2002 yilning 5 aprelida qabul qilingan va shu yilning 28 mayida amaliyotga joriy etilgan «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni hamda 2008 yil 21 aprelda qabul qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi Qonuni sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunlar hisoblanadi.
    Shuni alohida ta’kidlash zarurki, sug‘urta munosabatlarida ishtirok etuvchi tomonlarning qonuniy manfaatlarini himoya etish maqsadida 1993 yili Oliy Majlis “Sug‘urta to‘g‘risida” Qonun qabul qilgan edi. O‘tgan yillar mobaynida mazkur qonunga ikki marta qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Tabiiyki, bu qonun o‘sha paytda mavjud bo‘lgan iqtisodiy jarayonlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. Boshqacha so‘z bilan aytganda, ushbu qonun sug‘urta munosabatlari qatnashchilari uchun biroz yumshatilgan holatda amal qildi. Jumladan, unda sug‘urta tashkilotlari tugatilgan taqdirda ularning sug‘urtalanuvchilar oldidagi majburiyatini bajarish tartibi to‘liq yoritilmagan. Shuningdek, bu qonunda qonunchilik talablarini buzganlik uchun tomonlarning javobgarligi o‘z aksini topmagan hamda davlat sug‘urta nazorati organining sug‘urta tashkilotlariga nisbatan ta’sir qilish imkoniyati keskin chegaralangan edi.
    Bayon etilgan holatlar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichi talablarini hisobga olgan holda, amaldagi “Sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonunni yangilash va takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqardi. Shuni e’tiborga olib, 2002 yilning 4-5 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning sakkizinchi sessiyasida “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi yangidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi va qabul qilindi.
    Ma’lumki, sug‘urta sohasini huquqiy tartibga soluvchi 2002 yil aprel oyigacha amalda bo‘lgan qonun “Sug‘urta to‘g‘risida” deb ataladi. holbuki, biz fikr-mulohaza yuritmoqchi bo‘lgan qonunning nomi esa “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida” deyiladi va shubhasiz, bu holat diqqatimizni o‘ziga jalb etdi. Ko‘pchilik muhtaram talabalarimizda haqli savol tug‘ilishi mumkin: sug‘urta va sug‘urta faoliyati tushunchalari o‘rtasida farq bormi? Savolga javoban biz mutaxassislar aytamizki: farq bor. Sug‘urtaning mohiyatini oddiy til bilan ifodalaydigan bo‘lsak, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan har xil hodisalar ro‘y berishi oqibatida yuridik va jismoniy shaxslar ko‘radigan zararlarni sug‘urta tashkiloti tomonidan qoplash bilan bog‘liq munosabat.
    Shuni esdan chiqarmaslik lozimki, sug‘urta tashkiloti o‘z xizmatini mijozlarga tegishli haq - sug‘urta mukofoti to‘lash evaziga ko‘rsatadi. Sug‘urtalovchi mijozlardan kelib tushgan sug‘urta mukofotlari hisobidan maqsadli pul jamg‘armalarini tashkil etadi va bu jamg‘arma mablag‘lari faqat sug‘urta hodisalari tufayli ko‘rilgan zararlarni qoplaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, sug‘urta munosabatlarida ikkita tomon ishtirok etyapdi: sug‘urta tashkiloti (sug‘urtalovchi) va yuridik hamda jismoniy shaxslar (sug‘urtalanuvchilar). Endi, sug‘urta faoliyati tushunchasiga kelsak, qonunda ta’kidlanishicha, u sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining sug‘urtani amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati. Sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari faqatgina sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchidan iborat emas. Unda qayta sug‘urtalovchilar, qayta sug‘urtalanuvchilar, sug‘urta brokerlari va agentlari ham ishtirok etadi.
    Yangi qonunning e’tiborga molik tomonlaridan biri, unda, aniqroq aytadigan bo‘lsak, uning 4-moddasida sug‘urtalovchilarning sug‘urtani amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin emasligi qayd etilgan. Qayd etish joizki, sug‘urta faoliyati ham tadbirkorlikning bir ko‘rinishi. Mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari kechayotgan va tadbirkorlik harakatlariga keng yo‘l ochilayotgan bir paytda, tadbirkorlik tizimining muhim bo‘g‘inlaridan bo‘lgan-sug‘urtalovchilar uchun bunday cheklovning qonun yo‘li bilan belgilanishiga sabab nima? o‘tgan yillar tajribasi shundan dalolat beradiki, ko‘pgina sug‘urta tashkilotlari “sug‘urtalovchi” niqobi ostida turli tijorat operatsiyalarini, xususan, savdo-vositachilik ishlarini amalga oshirdilar. Yuridik va jismoniy shaxslarni sug‘urta qilish hisobiga kelib tushgan sug‘urta mukofotlari, qoidaga ko‘ra, sug‘urta qoplamalarini to‘lashga mo‘ljallangan zahira jamg‘armalarini tashkil etishga sarflanmasdan, balki sug‘urta faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga sarflangan holatlar ham bo‘lgan. Sug‘urtaning eng asosiy prinsiplaridan biri-sug‘urtalovchilarning o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarishni ta’minlaydigan sug‘urta zahiralariga ega bo‘lishidir. Taassufki, ba’zi sug‘urtalovchilarimiz, bunday zahiralarni shakllantirmaganliklari oqibatida murakkab moliyaviy holatni boshidan kechirganligi sir emas. Ayniqsa, bu ko‘p ming sonli sug‘urtalanuvchilar uchun noqulay vaziyatni vujudga keltirishi mumkin.
    «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida» Qonunning diqqatga sazovor joylaridan yana biri, uning 10-moddasida sug‘urta tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini aniq ko‘rsatib qo‘yilganligidir. Ma’lumki, qonun hujjatlariga muvofiq, aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan sug‘urta tashkilotlari o‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olinganlar. Ammo, uzoq vaqt, aniqrog‘i, 1998 yilning birinchi yarmigacha sug‘urta faoliyatini tartibga solish vakolati berilgan davlat sug‘urta nazorati organining tashkil etilmaganligi va ilgari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olingan tashkilotlarning faoliyati hech kim tomonidan nazorat qilinmaganligi oqibatida yangi tashkil etilgan sug‘urta tashkilotlarini davlat ro‘yxatiga olishda muammolar paydo bo‘lgan.
    «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun 29 ta moddadan iborat.
    O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 52-bobi sug‘urtaviy huquqiy munosabatlarga bag‘ishlangan. Unda jami 47 ta modda mavjud. Kodeks sug‘urta tashilotlari bilan sug‘urtalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solsa, «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun sug‘urta tashkilotlari va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.



    Download 25,02 Mb.
    1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   136




    Download 25,02 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Shomaj - sug’urta hodisasi ro’y berishi natijasida ishlab chiqarishni to’xtab qolishi bilan bog’liq foyda olmaslik riskini sug’urtasi. Ekstsedent riski

    Download 25,02 Mb.