|
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining maqsadi, predmeti va vazifalari
|
bet | 2/5 | Sana | 09.12.2023 | Hajmi | 37,19 Kb. | | #114788 |
Bog'liq Soliq1.“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining maqsadi, predmeti va vazifalari
“Soliqlar va soliqqa tortish” fani soliqlarning iqtisodiy mohiyati, ahamiyati, funksiyalari, soliqlarni hisoblash va byudjetga undirish mexanizmini o‘rganishdagi asosiy fan hisoblanadi. Fanning predmetiga to‘xtalishdan oldin “Soliq” toifasiga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, “Soliq” toifasi – bu muhim iqtisodiy jarayon bo‘lib, uning paydo bo‘lishi va amal qilishi kishilik jamiyatining mavjudligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Soliqlar har bir davlat faoliyatining moddiy jihatlarini ta'minlaydi. Jahon iqtisodiyoti taraqqiyotida soliqlar iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi.
Amaliyotda va umuman iqtisodiy fanda soliqlarning mohiyatiga nisbatan turlicha qarashlar mavjud. Shu sababli ushbu toifa har bir davlat tomonidan o‘ziga xos tarzda foydalaniladi.
Davlat asta-sekin rivojlanib borishi bilan, uning funksiyalari ham muvofiq ravishda kengayib boradi. Bu esa soliqlarga nisbatan qo‘yiladigan talabning kuchayishiga olib keladi. Shu sababli soliq tizimi tobora murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib boradi. Kishilik jamiyati rivojlanishi tarixi shuni ko‘rsatadiki, davlat ma'muriy boshqaruv bilan shug‘ullangan hollarda uning ehtiyojlari ma'lum darajada saqlanib qoladi, davlatning iqtisodiyotni boshqarish majburiyati paydo bo‘lsa, uning xarajatlari va aholidan olinadigan tushumlari ko‘payadi. Bunday holatda soliqlarning shakllari rang-baranglashib boradi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining maqsadi – talabalarni O‘zbekiston Respublikasining soliq va soliqqa tortish tizimi bilan yaqindan tanishtirib, ularning iqtisodiy bilimlarini chuqurlashtirish, amaliy qo‘llay olish ko‘nikmalarini hosil qilishga qaratilgandir.
Hozirgi kunda har bir fanni o‘rganishda uni talabalarga to‘liq yetkazish, talabalarni fikrlashga undash va jalb etish, shu orqali yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadi yotadi. Fanni o‘rganishda hozirgi davrning ilg‘or uslublaridan va o‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalaridan keng foydalaniladi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining predmeti – bu soliq to‘lovchilarning soliqlar va ularga tenglashtirilgan to‘lovlarning iqtisodiy mohiyati, davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishdagi ahamiyati, soliq tizimi va siyosati, soliq turlari bo‘yicha belgilangan imtiyozlar tizimi, soliqlarni hisoblash mexanizmining amaldagi holatini o‘rganishdan iborat. Jumladan, soliq to‘lovchilar va uni o‘zlashtiruvchi, davlat byudjeti, majburiy to‘lovlar, moliyaviy munosabatlar kabi elementlarning o‘zaro iqtisodiy munosabatlarga kirishish jarayonlarining uslubiy jihatlari, qirralari keng ko‘lamda o‘rganiladi.
Har bir fanning shakllanishi fan predmeti shakllanishi bilan birgalikda, uning ilmiy bilish usullari qaror topishi bilan ham bog‘liq. Har qanday fanni o‘rganishdagi usullar umumiy tavsifga ega, lekin har bir fan o‘z predmetidan kelib chiqib, o‘zining ilmiy bilish usullariga ega. Shuning uchun fanni o‘rganishdagi usullar umumiy va alohida usullarga bo‘linadi.
Fanning vazifasi – talabalarni soliq turlarini, soliq obektlari, subektlari, soliqni hisoblash yo‘llarini, uni undirish usullari, imtiyozlari, soliq organlariga hisob-kitoblarni taqdim etish tartibi, hisoblanayotgan soliqlarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini o‘rgatishdan iborat.
Tabiat, jamiyat va tafakkurning rivojlanish qonunlarini o‘rganishning birdan bir to‘g‘ri ilmiy usuli dialektik usuldir. Shuning uchun ham ushbu ilmiy bilish usuli barcha fanlarning, shu jumladan soliq nazariyasi fanining ham nazariy va metodologik asosini tashkil etadi. Dialektik usul shuni ko‘rsatadiki, rivojlanish quyidan yuqoriga qarab sodir bo‘ladi. Bilish esa oddiydan murakkabga tomon rivoj topib boradi. Shuning uchun ushbu usul tadqiqotning induksiya va deduksiya usullarini o‘z ichiga oladi.
Xususiy, yakka dalil olinib, uning asosida umumiy qoida hosil qilinadigan bo‘lsa – induksiya hisoblanadi. Boshdanoq barcha xususiy hollarni o‘z ichiga olgan umumiy qoida hosil qilinsa – deduksiya hisoblanadi.
Shu bilan birga barcha iqtisodiy fanlar kabi “Soliq va soliqqa tortish” fanining ham o‘ziga xos ilmiy bilish usullari mavjud. Ulardan biri ilmiy abstraksiya usulidir. Ilmiy abstraksiya usulining mohiyati shundan iboratki, bunda tahlil paytida obektning faqat bir tomoniga, o‘rganilayotgan jarayonning asl mohiyatiga e'tibor qaratiladi va halal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi darajali unsurlarning ta'siri e'tiborga olinmaydi.
Soliqlar va soliqqa tortish fanini o‘rganish insonning ilmiy dunyoqarashini kengaytiradi, uning intellektual rivojlanishini rag‘batlantiradi, tadbirkorlik foaliyati bilan shug‘ullanishga qiziqtiradi.
Soliqlar va soliqqa tortish fanini mukammal o‘rganishning afzalligi yana shu bilan izohlanadiki, to‘g‘ri qaror qabul qilishda insonlar doimo kerakli va ishonchli nazariy bilimga va ma'lumotga ega bo‘lishi zarur. Agar ular o‘z bilimlariga ega bo‘lmasa tajriba va xatolaridan kelib chiqqan, holda o‘ziga qimmatga tushgan usulni qo‘llashi mumkin yoki boshqalarning tajribasi, xatolarini o‘rganishi mumkin, lekin soliq nazariyasidan olgan bilimlariga murojaat qilsa ularning ishi ancha yengillashadi, belgilagan strategiyasi va rejasi aniq bo‘ladi.
Ma'lumki, soliqlar bevosita davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir, ya'ni davlat o‘zining vakolatiga kiruvchi vazifalarni bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi. Soliqlarning amal qilishi bu obektivlikdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi barcha subektlar ham real sektorda, ya'ni ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki faoliyati iqtisodiy samarasiz bo‘lgan sohalar ham mavjudki, bular soliqlarni obektiv amal qilishini talab etadi. Aniqroq qilib aytganda jamiyatni norentabel (mudofaa, meditsina, fan, maorif, madaniyat va boshq.) va rentabel sohaga ajralishi hamda norentabel sohani moliyalashtirishning tabiiy zarurligi soliqlarni obektiv amal qilishini zarur qilib qo‘yadi, vaholanki, norentabel sohaning ijtimoiy xizmatlari asosan davlat tomonidan amalga oshiriladiki, ularni moliyalashtirish usuli sifatida yuzaga chiquvchi soliqlar ham shu tufayli bevosita davlatga tegishli bo‘ladi.
Jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat bo‘lib, ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishliki, bu holat soliqlarni iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanining maqsadi- Soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar to`g`risida ilmiy tasavvur hosil qilish va ularni hisoblab chiqarish, undirish, to`lash jarayonlarini amalga oshirish bo`yicha ko`nikmalar shakllantirish. “Soliqlar va soliqqa tortish” fanining predmeti Soliqlarning nazariy, huquqiy, tashkiliy, uslubiy asoslari, soliq tizimi va soliqqa tortish tizimi, ularning tarkibi va shakllanish, amal qilish, rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganishdir. “Soliqlar va soliqqa tortish” fanining vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
-mamlakatning soliq munosabatlari, soliq tizimi va soliqqa tortish amaliyotini ilmiy tahlil qilish;
-soliqlar va soliqqa tortishning nazariy, huquqiy, tashkiliy, uslubiy asoslari to`g`risida bilim berish;
-mamlakatning soliq siyosati, tizimi, amaliyoti va ularning yutuqlari, muammolari va istiqbollari to`g`risida tasavvur hosil qilish;
-soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblab chiqarish, undurish, to`lash, hisobotlarini tuzish va taqdim etish ko`nikmalarini shakllantirish;
-soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar sohasidagi bilimlar va tajriba, yutuqlar va ilg`or g`oyalarni targ`ibot qilish.
Mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda avvalombor soliq siyosatini yanada takomillashtirish, soliqlarning turlari va ularning amal qilish mexanizmini soddalashtirish muhim masalalardan hisoblanadi. Soliq to‘lovchilarga soliqqa tortish tizimida qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berish, soliqlarni unifikatsiya qilish, soliq yukini yengillashtirish, soliq qonunchiligining barqarorligini ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishda ilg‘or mamlakatlar ijobiy tajribalaridan foydalanish kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “…soliq tizimi uzoq muddat davomida aniq va tushunarli bo‘lishi kerak. Shuning uchun soliq tizimida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan siyosatni amalga oshirish lozim”.
Shu boisdan ham ta’lim tizimida soliq sohasidagi bilimlarni o‘rgatishda Respublikamizda amalga oshirilayotgan soliq sohasidagi islohotlarni talaba-o‘quvchilarga to‘laroq yetkazish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, oliy o‘quv yurtlari ta’lim yo‘nalishlari uchun o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar tayyorlash, soliq sohasida amaliy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ta’lim tizimida tadbiq etishni amalga oshirish xukumatimiz diqqat e’tiborida bo‘lgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.
|
| |