STARTAPLARNING MOLIYALASHTIRISHNING AQSH
TAJRIBASI
Reja:
1. Startap to‘g‘risida umumiy tushuncha va startaplarni moliyalashtirish usullari.
2. Startaplarni moliyalashtirish uchun onlayn-kraudfanding platformalar.
1-savol bayoni. “Startap” termini inglizcha start-up so‘zidan olingan bo‘lib,
uning “jarayonni boshlash”, “ishga tushirish” kabi ma’nolari mavjud. Dastavval
“startap” atamasi 1939 yil AQShda yuqori texnologiyalari sohasidagi ishlanmalarga
ixtisoslashgan Santa-Klara vodiysi (Kaliforniya)da paydo bo‘lgan. O‘sha vaqtda
Stenford universiteti talabalari Devid Pakkard va Uilyam Xyulettlar o‘zlarining kichik
loyihasini yaratadi va u ishni startap deb ataydi. Keyinchalik esa mazkur startap asta-
sekinlik bilan katta va mashhur Xyulett-Pakkard (HP) korxonasiga aylandi.
Mijozlar istiqboli (customer development) metodi asoschilaridan amerikalik
tadbirkor S.Blank o‘zining “Startap egalari uchun qo‘llanma” (“Steve Blank and Bob
Dorf. The Startup Ownerʼs Manual”) kitobida startapni biznes-modelini
kengaytirishni ko‘zlagan vaqtinchalik tuzilma, deb hisoblaydi. Bir guruh olimlari
startaplarni kichik tadbirkorlik sub’ekti va faqat yuqori tavakkalchilik sifatida qabul
qilsa, boshqa guruh olimlari esa startaplar o‘zining biznes modelini kengaytirish
maqsadida investitsiya jalb qilishni maqsad qilgan yuridik shaxslar deb bilishadi.
Demak, startap bu faoliyati yuqori tavakkalchilikka asoslangan va biznes modelini
kengaytirish uchun investitsiyalarni jalb qilish maqsadini ko‘zlaydigan vaqtinchalik
bo‘lgan tuzilmalar.
Bugungi kunga kelib startaplar axborot texnologiyalari (IT), tadbirkorlik
mahsulotlari va xizmatlari (Business Products & Services), sun’iy intellekt (AI),
internet dasturlar va xizmatlar (Internet Software & Services), mobil dasturlar va
xizmatlar (Mobile Software & Services), internet ashyolari (IoT), elektron tijorat (e-
commerce), moliya texnologiya (Fintech), biotexnologiyalar (Biotech), reklama
texnologiya (Adtech), 3 hajmli chop etish (3D Printing), logistik tashishilar (Supply
chain & Logistics) kabi sohalarda dinamik tarzda o‘sishga erishmoqda. Ta’kidlash
lozimki, hozirgi paytga kelib eng mashhur internet startaplar sifatida Facebook,
videoroliklar bazasi – YouTube, fotosuratlarni saqlash xizmati – Flickr, xabarlar
almashinuvi platformasi – Twitter kabilar tan olinadi.
Innmind.com internet saytining ma’lumotiga ko‘ra dunyo bo‘yicha har yili 100
mln startaplar o‘z faoliyatini boshlaydi. Shu raqamlarning ichida 1.35 mln startaplar
aynan texnologik sohaga ixtisoslashgan startaplar hissasiga to‘g‘ri keladi. Har yildagi
startap kompaniyalardan 5.7 mln startaplar muvaffaqiyatli tarzda akselerator
dasturlariga saralab olinadi, ammo shulardan 824 startaplar global bozorga o‘zining
tovar, ish va xizmatlarni taklif etish orqali chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan boshqa startaplar esa odatda to‘g‘ri biznes-model tanlanmaganligi,
samarali startap loyihasining shakllanmaganligi, investitsiyalash manbasiga ega
bo‘lmaganligi kabi qator sabablar tufayli o‘z faoliyatini tugatishiga majbur bo‘ladi.
Startaplar bo‘yicha eng yuqori taraqqiyotga erishgan davlat AQSH sanaladi.
Faoliyatini aynan startap sifatida boshlagan AQShning Facebook, Youtube, Google,
Apple kompaniyalari bugunga kelib katta gigant korporatsiyaga aylanishga
ulgurishdi. Mamlakatda sohani tartibga soluvchi Bey-Doul qonuni, Stivenson-
Uaydler qonuni va “Bizning biznes startaplar to‘g‘risida”gi (JOBS act) qonunlar
orqali startaplarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay mexanizmlar o‘rnatilgan.
Qolaversa, AQSH Kichik biznes administratsiyasi (US Small Business
Administration) tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash yo‘lida Kichik biznes
innovatsion tadqiqot (Small Business Innovation Research (SBIR)), Kichik biznes
texnologiya transferi (Small Business Technology Transfer (STTR)) dasturlari orqali
startaplarga 150 ming AQSH dollaridan 1 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan summada
moliyaviy ko‘mak hamda malakali ekspertlar tomonidan konsalting xizmatlari
ko‘rsatib boriladi.
Janubiy Koreyada esa 2017 yili Kichik, o‘rta biznes va startaplar vazirligi
(Minister of SMEs and Startups) tashkil etildi. Uning asosiy funksiyasi kichik, o‘rta
biznes va startaplarni tashkil etish va rivojlantirish uchun qulay tizim ishlab chiqish
hamda yirik kompaniyalar bilan kichik, o‘rta biznes va startaplar o‘rtasidagi
hamkorlikni ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Startaplar dinamik suratda rivojlangan davlatlardan yana biri Isroil sanaladi.
Mamlakatda Samsung, Yahoo, Microsoft kabi yirik kompaniyalarning ilmiy tadqiqot
markazlari startaplarga akseleratorlik xizmatlarini ko‘rsatadi va istiqbolli startaplarni
saralab olishadi.
Umuman olganda ilgari surilgan g‘oya doimo ham amalga oshmasligi,
g‘oyaligicha qolib ketishi ehtimoli doimo mavjud. Investor topilmasa u o‘z-o‘zidan
chetga suriladi. Lekin g‘oya amalga oshadigan bo‘lsa, u yuqori daromad olib keladi.
U shu sohadagi yagona kichik korxona bo‘lib, monopol mavqeiga ega bo‘ladi. Bular
albatta uning rivojlanishi va kelgusida hatto yirik gigantlarga aylanishi mumkinligini
hayot, tajriba ko‘rsatib turibdi. Masalan, Googl, Hewlett-Packard, Intel, Apple,
Facebook va boshqalar.
Startaplar nihoyatda xilma-xil va turli sohalarga yo‘naltirilgan. Ularni
o‘rganish, tahlil qilish uchun turli jihatdan yondashish mumkin.
1. Yangi mahsulot, xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishga qaratilgan, g‘oyani
tatbiq etish muvaffaqiyatga olib kelish ehtimoli yuqori startaplar. Bularga ko‘proq
iste’mol tovarlari, texnologiyalar yaratishga qaratilgan startaplar.
2. Mahsulot va uni sotish bozorlari xususiyatiga ko‘ra “muvaffaqiyatli nusxa
yaratganlar”, bularga ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha yaratilgan startaplar
kiradi.
3. Bozorning ma’lum bir segmentida avval band bo‘lganlarning o‘rnini o‘z
mahsulotini tannarxini keskin ravishda pasaytirish evaziga egallashga, o‘rin
bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan startaplar.
4. Kelajagi noaniq tavakkalchilikka asoslangan startaplar. Ularda yangi
g‘oyani amalga oshrishda risk katta. Bir tomondan, sarflangan mablag‘lar
qaytmasligi yoki muvaffaqiyatli bo‘lsa, katta foyda olib kelishi mumkin.
Fan sig‘imi nuqtai nazaridan startaplarga yondashadigan bo‘lsak, ularni fan
sig‘imi yuqori texnologiyalarga asoslangan yoki an’anaviy startaplar guruhiga
bo‘lishimiz mumkin:
Fan sig‘imi yuqori startaplar tabiiy yaratadigan mahsuloti harajatlarida
fanning ulushi yuqori. Shuning uchun eng so‘nggi ixtirolarga, fan-texnika
yangiliklariga asoslangan startaplar juda katta foyda keltirishi ehtimoli yuqori, lekin
buning uchun katta mablag‘ talab etiladi.
An’anaviy startaplar alohida yangi g‘oyani talab qilmaydi. Biznesni boshlash uchun
oddiy, osonlikcha amalga oshiriladigan g‘oyalar asosida yaratilgan va katta
muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalar talaygina. Lekin ilmiy maqolalarda faqat
innovatsiyaga asoslangan startaplarnigina startap deyish to‘g‘ri degan fikrlar ham
mavjud.
Ilmiy adabiyotlarda startaplarni kichik bir kompaniyadan yirik kompaniyaga
aylanish tezligi jihatidan startup unicorn va sekin-asta rivojlanuvchi guruhlarga
bo‘lish mavjud. Bunday guruhlashga Eylina Li asos solgan bo‘lib, u o‘zining
maqolalaridan birida 5 yil davomida kapitalizatsiya darajasi 1 mlrd. dollardan ortgan
kompaniyalarni afsonaviy mavjudot -“unicorn”lar deb atagan [13]. Agar 2013 yili
ular 39 bo‘lsa hozirda 310 dan ortiq. Undan tashqari muvaffaqiyatga erishib, 1 mlrd
dollar kapitalizatsiya darajasiga yetish muddati ham qisqarib borayapti. Masalan,
“Whats App” uchun 2 yil, “Uber”ga 2,5 yil, “Tesla”ga 4 yildan sal ko‘proq vaqt
zarur bo‘ldi.
Hozirda startap yaratuvchilarning ham, investorlar, biznesmenlarning ham
startapga nisbatan qiziqishlari ortib borayapti. Vaholanki, real hayotda 10% atrofida
startaplar rivojlanib, qo‘ygan maqsadlariga erishadilar. Shu bilan birga jahon
tajribasi kichik korxonalar katta korxonalarga qaraganda 4 barobar ko‘p innovatsiya,
g‘oyalar yaratishi yoki ilmiy tadqiqotga sarflangan har bir dollarga kichik
innovatsion korxonalar katta korxonalarga qaraganda 2,5 barobar ko‘p mahsulot
yaratishini ko‘rsatmoqda.
Jahon tajribasi startaplar mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotida naqadar katta rol
o‘ynashini AQSH, Yevropa, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa
mamlakatlarning qator kompaniyalari misolida ko‘rish mumkin.
Ma’lumki, Amerikalik olim Raymond Vernon tomonidan mahsulotning
hayotiy sikli modeli ishlab chiqilgan. Startap tadqiqotchilari ham uni mahsulotning
hayotiy sikliga o‘xshash vujudga kelib rivojlanish jarayonini 5 bosqichga bo‘lishadi.
1. Startapning vujudga kelish Pre-Seed stage – bosqichi.
Bu bosqichda qidirib topilgan g‘oya, aniq maqsad va vazifaga aylantiriladi. Bozorni
o‘rganish, yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilish, g‘oyani amalga oshirishning texnik
usullarini ishlab chiqish, biznes-reja tuzish kabilar amalga oshiriladi. Mahsulotning
namunaviy nusxasi yaratiladi va sinovdan o‘tkaziladi. Unga talab o‘rganiladi va
moliyalatirish manbai qidiriladi. Investor topilmasa u loyihaligicha qoladi. Afsus
aksari startaplarda ana shu hodisa yuz beradi.
2. Startapni ishga tushirish Startup Stage – bosqichi. Investor topilgach,
mahsulotni bozor uchun chiqarishni boshlash mumkin. Bunda eng muhimi – analog
mahsulotlar orasida u boshqalardan ustunligini namoyish etishi kerak.
Raqobatchilarni yengish oson emas. Aynan mana shu bosqichda komanda – startap
ishtirokchilari qat’iyat, ijodkorlik, ishbilarmonliklarini namoyish etishlari kerak.
Chunki, aynan mana shu bosqichda risk eng yuqori bo‘lib, uning natijasiga ko‘ra
startap ish faoliyatini davom ettirishi yoki aksincha, to‘xtatishi mumkin.
3. O‘sish Growth Stage – bosqichi. Ikkinchi bosqichni muvaffaqiyatli bosib
o‘tgan startaplar uchinchi bosqichga o‘tadi. Mahsulotga talab bor. Loyiha
ishtirokchilari bozorning boshqalar egallamagan qismini egallashdi. Mahsulotni
ishlab chiqarish miqdori ortib, harajatlarni qoplash nuqtasini bosib o‘tiladi va u
ma’lum darajada foyda keltirishni boshlaydi.
4. Kengayish Expansion Stage – bosqichi. Nihoyat biznes-rejadagi
maqsadlarga erishildi. Uning egallagan pozitsiyalariga hech nima tahdid qilmaydi.
U taniqli, uning mahsulotiga barqaror talab bor. Daromadi o‘sib bormoqda. Bu bilan
loyihani yaratgan kompaniya o‘z ishini to‘xtatmaydi. U yangi bozorlarni zabt etish
uchun o‘z harakatini davom ettiradi.
5. Chiqish Exit Stage – bosqichi.
Kompaniya rivojlanishining eng yuqori darajasiga yetganda loyihani
moliyalashtirgan investorlar o‘z ulushlaridan voz kechib, uni yirik o‘yinchilarga
sotadilar. Bu ularga yaxshigina daromad keltiradi. Aytish mumkinki, aynan ana shu
maqsadga erishish uchun istiqbolli ishni boshlanishida pul tikishgan. Ammo ayrim
investorlar o‘z ulushini saqlab qolib, undan doimiy daromad manbai sifatida
foydalanadilar.
Bu jarayonni mana bu misolda ko‘rish mumkin. “Tetris” elektron o‘yinini
Rossiya fanlar akademiyasi Hisoblash markazining dasturchisi Pajitnov yaratgan.
Bu unga shaxsan 15 ming dollar olib kelgan. Hisoblash markazi o‘yinni tarqatish,
foydalanish huquqini "Nimtanda"ga 4 mln. dollarga sotgan. Buni orqasidan firma 1
mlrd. dollardan ortiq pul ishlagan Shunday qilib, startap deganda, bizningcha,
|