1.1 Kirish, tahliliy kimyo nima? O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 50 moddasida “fuqarolar atrof
tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdir” deb yozilgan. Bu
moddada fuqarolar, jumladan atrof muhitni ham ifloslanishiga yo’l qo’ymasliklari
zarurligi yaqqol ko’rinib turibdi. Konstitutsiyamizning ushbu va 55 moddalariga
tayangan holda, O’zbekiston Respublikasida “Tabiatni muhofaza qilish
tog’risida”gi Qonunning 16, 19, 20 va boshqa moddalarida bayon qilingan tabiiy
resurslardan foydalanish shartlarida ham suv, tuproq, atmosfera va boshqa
muhitlarning ifloslanishiga yo’l qo’ymaslik zarurligi qat’iyan ta’kidlangan.
Shuning uchun ham “O’zbekiston Respublikasida atrof-tabiiy muhitning davlat
monitoringi tog’risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi
737-son qaroriga binoan atrof tabiiy muhitning ifloslanishi darajasini, shuningdek,
antropogen ta’sirlar ostida unda yuz berayotgan jarayonlarni kuzatishni tashkil
etish va yuritish; atrof muhitning ifloslanishi darajasini baholash va prognoz qilish
masalalari atrof tabiiy muhit davlat monitoringining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Yuqoridagi Konstitutsiyamiz va ekologiya sohasidagi boshqa Qonunlar va
Hukumat Qarorlarida ko’zda tutilgan atrof-muhit isloslanishiga qarshi kurash
chora-tadbirlarini o’z vaqtida va samarali amalga oshirish tahlilning kimyoviy
instrumental usullaridan yanada kengroq foydalanishni taqozo etadi.
Ayni vaqtda, tahliliy kimyoning ekologiya fanidagi asosiy nishoni turli
tabiiy ob’ektlarning ifloslantiruvchi moddalar bilan to’yinganligi darajasini
aniqlash hisoblanadi. Har xil tarkibga ega bo’lgan tabiiy va oqova suvlar,
cho’kmalar, atmosferaviy yog’ingarchiliklar, havo, tuproq, biologik ob’ektlar va
hokazolar shular jumlasidandir. Nazorat tizimi zararli aralashmalarni o’z vaqtida
aniqlash va ifloslantiruvchi manbaani tarqalishini to’xtatish imkoniyatini yaratadi.
Aynan shuning uchun, tahliliy kimyoning atrof-muhit muhofazasidagi roli borgan
sayin ko’proq ahamiyat kasb etib bormoqda. Turli kimyoviy fanlarning majmui
ekologik monitoringning muhim qismini tashkil etib, ularning har biri kimyoviy
tahlil natijalariga muhtojlik sezadi, chunki kimyoviy ifloslanish – tabiatga salbiy
antropogen ta’sir ko’rsatuvchi asosiy omil hisoblanadi.