Talabalarning o’z-o’zini tekshirishi uchun savollar:
1. Sinf rahbarining o’quv faoliyati jarayonida olib boradigan ishlari haqida to’xtalib o’ting?
2. O’quv mehnati va dam olishni to’g’ri yo’lga qo’yish borasidagi sinf rahbarining ishlari nimalardan iborat?
3. O’quv mehnati madaniyatini oshirish deganda nimani tushunasiz ?
11-MAVZU. MAKTAB O'QUVCHILARI SHAXSINI HAR TOMONLAMA KAMOL TOPSHIRISH
Reja:
1. Shaxs kamolotiga ta’sir etuvchi omillar.
2. Maktab o’quvchisi shaxsini tarbiyalashda tarbiyaning etakchilik roli.
3. O’quvchi shaxsini kamolga etkazishda faoliyatni to’g’ri tashkil etish.
A s o s i y t u sh u n ch a l a r: shaxs, yetakchi, faoliyat…
Bola shaxsining rivojlanishiga irsiyat, muhit va tarbiya kabi omillar ta'sir etadi. Bola shaxsining rivojlanishiga naslning ta'siri deganda, ota-onalarga o'xshashlikni ifodalovchi biologik belgilarning takrorlanishini tushunmoq kerak. Har bir bola ota-onasidan meros shaklida ba'zi biologik sifatlarga (tananing tuzilishi, sochning, ko'zning, terisining rangi, bo'yi basti va boshqalar) ega bo'lgan holda dunyoga keladi. Bular jismoniy xususiyatlardir. Oliy nerv faoliyatining xususiyatlari ham tug'ma o'tadi. Bu fiziologik xususiyat hisoblanadi.
Akademik I.P.Pavlov ta'limotiga ko'ra bola bir qator tug'ma xususiyat va instinktlarga ega holda tug'iladi va bular shartsiz reflekslarga guruhini tashkil etadi. Bular orasida oshqozon refleksi (so'lak ajratish), muhofaza refleksi (issiqdan qo'lni tortish, yorug'likdan ko'zini qisish) kabilar alohida ahamiyat kasb etadi. Ammo bu xususiyatlar insonga ham, hayvonga ham taalluqlidir. Ayni vaqtda insonlarga xos bo'lgan xususiyatlar ham irsiyat yo'li bilan o'tadi.
Masalan, tananing vertikal holdagi harakati, tafakkur va nutq rivojlanishi, mehnat qilish qobiliyati – bular tug'ma imkoniyatlar bo'lib, ularning rivojlanishi uchun inson bolasi odamlar orasida yashab, ular bilan aloqa qilishi darkor. Bu ruhiy imkoniyatlarning chindan ham rivojlanmog'i, ro'yobga chiqmog'i uchun bola faqat o'sibgina qolmay, balki shu o'sish jarayonida insonlar orasida yashamog'i, ulg'aymog'i va ijtimoiy hayotda ishtirok etmog'i kerak. Chunki inson biologik mavjudot sifatida emas, balki ijtimoiy mavjudot sifatida rivojlanadi va kamolga etadi. Bola nutqni egallashi uchun nutq sharoitida, mehnat qilish uchun mehnat sharoitida, aqliy taraqqiy etmog'i uchun aqliy faoliyat sharoitida yashamog'i kerak. Ana o'shanda bolaning nimaga, qanday sohaga layoqati borligi namoyon bo'ladi. Fiziologiya va psixologiya fanining ko'rsatishicha, inson bolasi tayyor qobiliyat bilan emas, balki biror xil qobiliyatning ro'yobga chiqishi va rivojlanishiga ta'sir etadigan potensial imkoniyatlar, ya'ni shaxs xususiyatini ifodalaydigan layoqat bilan tug'iladi. Tug'ma layoqat o'z holicha rivojlana olmaydi, go'yo u “mudroq” holatda bo'lib, uning uyg'onishi, rivojlanishi uchun qulay muhit kerak.
Agar bola o'z layoqatiga mos sharoitda o'sib, zarur faoliyat bilan shug'ullansa, layoqat erta ko'rinib, rivojlanishi, aks holda yo'q bo'lib ketishi mumkin. Shuning uchun pedagogik layoqatning namoyon bo'lishi va qobiliyat sifatida rivojlanishi to'la-to'kis hayot sharoitiga va tarbiyaga bog'liq.
Inson kamolotiga ta'sir etadigan omillardan biri tashqi muhitdir. Muhit deganda kishiga tabiiy ta'sir etadigan tashqi voqealar majmui tushuniladi. Bunga tabiiy muhit, ijtimoiy muhit, oila muhiti (mikromuhit) kiradi.
Tabiiy (geografik) muhit (iqlim, tabiiy sharoit) so'zsiz insonning hayot tarziga, xarakteriga va mehnat faoliyatiga ta'sir etadi. Masalan: tropik mintaqada hayot kechirayotgan insonlarning hayot tarzi uzoq shimoldagi insonlar hayot tarzidan farqlanadi, bu ularning hayot tarziga va ularning rivojlanishiga ta'sir etadigan qator omillar bilan isbotlanadi.
Shu bilan birga, inson kamolotida mikromuhit – oila sharoiti ham katta ta'sir kuchiga ega. Chunki bola ko'z ochib ota-onasini, qarindosh-urug'ini ko'radi. Uning intensiv-jismoniy va psixologik rivojlanadigan davri oila ta'sirida shakllanadi. Xalqimizda “Qush uyasida ko'rganini qiladi” degan naql bekorga aytilmagan. Oilaning hayot tarzi, undagi bola tarbiyasiga ijobiy ta'sir etadigan tarbiyaviy muhit uning kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bola kamolotida ijtimoiy muxit ham muhimdir. Chunki ishlab chiqarish munosabatlari va ularni tartibga solib turadigan ijtimoiy qonun-qoidalar kishiga alohida ta'sir qiladi. Ijtimoiy aloqa, ya'ni insonlararo o'zaro munosabat natijasida odam bolasi hayotga va mehnatga tayyorlanadi, kerakli tajriba va bilimlarni egallaydi.
Inson kamolotiga ijtimoiy muhitning ta'siri turli tarixiy davrda (formasiyalarda) turlicha bo'ladi, turli sosial guruhlarga ham turlicha ta'sir etadi. Shunday ekan, hozirgi zamon pedagogika fani muhitga, uning inson rivojlanishidag'i ta'sirining roliga alohida e'tibor beradi. Muhit tushunchasiga kiradigan ijtimoiy hayot voqealarining shaxsga ta'siri g'oyat muhim ekanligini ko'rsatadi va ijtimoiy muhit abadiy emas, o'zgaruvchan deb qaraydi. Shuning uchun muhit inson taqdirini belgilab beradigan omil deb hisoblanmaydi. Ammo uning ta'siri ham rad etilmaydi.
Tarbiya muhit kabi inson kamolotiga ta'sir etuvchi tashqi omillardan hisoblanadi. Tarbiyaning xususiyati shundaki, u aniq maqsadni ko'zlab, insonda ijobiy fazilatlarni tarkib toptirish yo'lida tarbiyachi rahbarligida muntazam amalga oshirib boriladi.
Ammo tarbiya ta'sirining kuchi va uning natijasi irsiyat va muhit kabi omillarning hamkorligi bilan belgilanadi.
Inson kamoloti irsiyat yo'li bilan orttirilgan va tabiiy layoqatlar bilan belgilanib qolmay, balki butun hayoti davrida uni qurshab olgan voqelik ta'sirida orttirgan xususiyat va sifatlar bilan ham belgilanadi.
Shubhasiz tarbiya odamning ko'zi, sochi, terisining rangiga, uning badani tuzilishiga ta'sir eta olmaydi, lekin jismoniy taraqqiyotga ta'sir etishi mumkin. Chunki maxsus tashkil etilgam jismoniy mashqlar orqali bolaning salomatligi mustahkamlanadi va chiniqtiriladi. Insonning tabiiy qobiliyati faqat tarbiya orqali, uni ma'lum bir faoliyat turiga jalb qilish orqali rivojlanishi mumkin.
Ma'lumki, bola layoqatini rivojlantirish, uni qobiliyatga aylantirish va hayotga mos holda o'stirish uchun mehnatsevarlik va ishchanlik kerak. Mehnatsevarlik va muttasil o'tirib ishlash kabi fazilatlar faqat tarbiya natijasida orttiriladigan fazilatlardir. Garchand inson kamolotiga ta'sir etadigan omillar bir qancha bo'lsa ham, lekin maxsus tarbiya muassasalarida tarbiyachi rahbarligida amalga oshiriladigan tarbiya jarayoni etakchi hisoblanadi. Chunki, birinchidan, tarbiya ta'sirida turli fazilatlar o'zlashtiriladi va bilim, ma'lumot egallanadi, mehnat va texnik faoliyat bilan bog'liq ko'nikmalar, malakalar ham maxsus uyushtirilgan tarbiya orqali hosil qilinadi.
Ikkinchidan, tarbiya tufayli tug'ma kamchiliklarni ham o'zgartirib, shaxsni kamolga etkazish mumkin. Masalan, ko'rlar, gunglar ham o'qitilib, sog'lom kishilar qatori hayotga tayyorlanadi.
Uchinchidan, tarbiya yordamida muhitning salbiy ta'sirini ham yo'qotish yoki bartaraf qilish mumkin.
To'rtinchidan, tarbiya doimo kelajakka qaratilgan maqsadni belgilaydi. Shu tufayli, u shaxsning kamolga etishini tezlashtiruvchi rol o'ynaydi. Inson kamol topishida maktabning ahamiyati katta. Bblalar maktabga qadam qo'yar ekan, ular o'quv mehnati bilan band bo'ladilar. Bolalar maktabda fan asoslarini egallash bilan birga, ularda sekin-asta ilmiy dunyoqarash shakllanib boradi. O'qituvchi-tarbiyachilarning rahbarligida insonga xos bo'lgan yuksak fazilatlarni egallaydilar. Tarbiyaviy ishlarni reja asosida tashkil etish, bolani tarbiyalashda oilaga har vaqt yordam ko'rsatadi. Tarbiyachi o'z tarbiyalanuvchisining oilaviy sharoitidan xabardor bo'lishi, pedagogik maslahatlarga, yordamga muhtoj bo'lgan oilalarga yordam berishi muhim. Tarbiyachi uchun bola bo'sh vaqtini kimlar bilan va nimalar bilan mashg'ul bo'lib o'tkazayotgani ahamiyatsiz emas. Chunki o'z holiga tashlab qo'yilgan bola ko'chaning salbiy ta'siriga berilib ketishi mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, inson faqat faoliyatda rivojlanadi, undan tashqarida rivojlanish yo'q. Bola juda yoshligidan boshlaboq kattalar yordamida tashqi muhit bilan turli xil aloqada bo'ladi. Maktab yoshida bu aloqalar o'qish va shu bilan bog'liq bo'lgan boshqa faoliyat bilan bog'lanadi va bular rivojlanish uchun manba sanaladi.
Pedagogik jihatdan to'g'ri uyushtirilgan har qanday faoliyat shaxsning aqliy va irodaviy rivojlanishiga ta'sir etadi. Demak, bola ulg'aya borgan sari uning faoliyati ham shakli va mazmuni bilan hamohang o'zgarib boraverar ekan.
Masalan, bog'cha yoshida bolalarning asosiy faoliyat turi o'yin bo'lsa, maktab o'quvchisi uchun o'qib, mehnat qilish asosiy faoliyat bo'lib qoladi. Demak, bola hayotida faoliyat turlarining o'zaro munosabati ham o'zgaradi va buning ta'sirida bola kamoloti ham yangi, yuqoriroq bosqichga ko'tariladi.
Umuman, pedagogik jihatdan to'g'ri uyushtirilgan har qanday faoliyat bola shaxsining aqliy, axloqiy, estetik, jismoniy va irodaviy rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Rahbarlik qilinmagan faoliyat esa bir yoqlama yoki salbiy ta'sir etishi mumkin.
Shunday qilib, inson taraqqiyotining ilmiy konsepsiyasi inson kamolotiga ta'sir etadigan omillarni tahlil etib, inson kamoloti va uning shaxsini shakllantirishni yagona va bir butun jarayon ekanligini ta'kidlaydi. Bu jarayonda insonning faolligiga katta o'rin beriladi. U faolligi bilan o'z shaxsini shakllantira oladi. Tarbiyachi tomonidan qo'yiladigan maqsad aniq bo'lsa va bu maqsadga erishish uchun odam astoydil harakat qilsa, kutilgan natijaga erishiladi.
|