I BOB. Tasavvufning paydo bo‘lishi va shakillanishi




Download 59,67 Kb.
bet3/8
Sana15.05.2024
Hajmi59,67 Kb.
#234364
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Shohruzning kurs ishi 00001

I BOB. Tasavvufning paydo bo‘lishi va shakillanishi
1.1. Tasavvuf tariqatlari va ularni o’ziga xos xusussiyatlari
Musulmon xalqlari hayotida muhim o‘rin egallagan tasavvuf ta’limoti, uning ijtimoiy mohiyati va g‘oyasi to‘g‘risida bildirilgan fikrlar, tasavvufga berilgan ta’riflar deyarli bir-biridan farq qilmaydi. Tadqiqotchilarning e’tirof etishicha, mintaqamizda tasavvuf maslagi tariqatlar tarzida xalq orasiga keng miqyosda kirib borgan. Musulmon olamida o‘ziga xos mavqeiga erishgani sayin tasavvufning badiiy ijoddan o‘rin egallashi ham kuchayib borgan.
Shu bois professor Najmiddin Komilov ta’kidlaganidek, «XI asrdan boshlab sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir va olimlari tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va xalqsevarlik g‘oyalardan ruhlangan». Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz: «Agar tasavvuf nimadir, deb so‘rasalar, aytginki, bu savolga berilgan javoblar bir qancha. Birinchidan, tasavvufni taxlil, ya’ni xoli bo‘lmoq, qalbni bo‘shatmoq va yaxshi, maxtalgan axloqdir, deydilar. Ikkinchidan, tasavvufni tasfiya, ya’ni ruhni ag‘yor – begonadan tozalashdir, deb aytadilar. Uchinchidan, tasavvuf xuzu’, ya’ni nafsni jilovlash, xoksorlik va jonsiporlik namunasini ko‘rsatishdir deydilar. To‘rtinchidan, tasavvuf da’voni tark etish va ma’nolarni xalqdan yashirishdir deguvchilar bor. YA’ni, kishi to da’vodan voz kechmasa, ma’noga yetmas va to o‘z ma’nolarini yashirin tutmasa, tasavvuf bahra topmaydi. Beshinchidan, tasavvufni (yana) ibodat husniga ishorat, deb ta’riflaydilar. Oltinchidan, tasavvuf nafsni xor tutish va amrni aziz tutishdir deydilar. Yettinchidan, tasavvuf barcha adabdir va kimki faqr (darveshlik) odobidan biriga o‘zini vobasta etmasa, tasavvufdan faqat nomgina biladi, xolos deydilar. (Ushbu ta’riflarning barchasi tasavvuf uchun xosdir)».2
«Islom tasavvufi – payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yashagan hayot tarzi va shariatning hayotga tatbiq etilishi, ezgulik sog‘inchi, diniy vazifalarning samimiyat bilan ado etilishi, iymon asoslarining qalbga singdirilishi – islomning asli, ruhi va o‘zagidir; ibodatda ehson maqomi, so‘z emas, amaldagi hol, g‘aflat, johiliyat va xurofot emas, ilmu ma’rifat va hushyorlikdir. Chunki buyuk din olimlarimizning aksari ayni vaqtda ham avliyo, ham tasavvuf rahnamolari edilar. Tasavvuf esa tafsir, hadis, kalom, aqoid va fiqh ilmlari kabi shar’iy bir ilmdir. Qur’on va hadisdan olingan zohiriy fiqhga muqobil botiniy fiqh ilmi, qalb ahvoli ilmi, nafsni poklash ilmidir. Tasavvuf nafsni tarbiyalashdir: sog‘lom iroda, go‘zal xulq, solix amaldir. Tasavvuf yalqovlik, loqaydlik, miskinlik emas, chunki Islom olamida o‘tgan eng buyuk yo‘lboshchilar, faol, g‘ayratli kurashchilar, mujohidlar mutasavviflardan chiqqan».
«Tasavvufning g‘oyasi ham axloqning kamol martabasiga erishmoq uchun har sohada Rasululloh (s.a.v.) ko‘rsatgan yo‘ldan yurib, botiniy va zohiriy yetuklik jihatidan uning haqiqiy vorisi bo‘lmoq yo‘lini ko‘rsatishdir. Tasavvufning g‘oyasi – janobi Haqning roziligiga erishmoq uchun nafsni poklab, go‘zal axloq egasi bo‘lishga intilmoq, ya’ni Alloh va Rasulining xulqi bilan axloqlanishdir».
«Tasavvuf – insonning kamolga, Haqqa yetishishi yo‘llari, usullari majmuasidir. Uning poklanish maktabi ham deyish mumkin».
«Va yana tasavvuf insonni poklikka eltuvchi vasila hisoblanadi. Mutasavvifning qalbi musaffo, oynadek top-toza bo‘ladi. Ha, tasavvuf ta’limoti ana shunday nazoratni yo‘lga qo‘yadi. U soflik, pokizalik, shaffoflik va bu kabi butun go‘zalliklarni o‘zida mujassam etadi, ayni chog‘da u dinimiz chirkin va noxush deb bilgan ma’naviy kasallik va kirlardan xalos bo‘lishga chorlovchi hayotbaxsh manba’dir. Buni hayotga tatbiq etgan kishi esa mutasavvif hisoblanadi. Tasavvuf qoidalariga rioya qilgan, tasavvufiy asoslarga ko‘ra hayotini ma’lum nizomga solgan kimsalarga tasavvuf axli deyiladi».3
Yuqoridagi kabi fikrlarni yanada davom ettirish mumkin. Bu fikrlar biri-birini to‘ldirib, mukammallashtirib, umumiy bir nuqtaga birlashadi. Tasavvuf haqidagi fikrlarni umumlashtirsak, uning bosh maqsadi bandani Alloh roziligiga erishtirish, nafsini jilovlash, shariat qoidalariga amal qilish, Alloh va payg‘ambar (s.a.v.) xulqi bilan axloqlashtirish ekanligi ma’lum bo‘ladi. Insonni ma’naviy komillikka yetaklovchi tasavvuf ta’limotining xalq orasida keng yoyilishi, jamiyat va davlat boshqaruvida yetakchi o‘rin egallashining ham asosiy sababi shundadir.
Manbalarda ta’kidlanishicha, insonning ma’naviy komillikka yetishishi, Alloh roziligiga erishishi uchun ma’lum bir bosqichlarni bosib o‘tishi lozim bo‘ladi. Quyida bu bosqichlarga berilgan ayrim ta’riflar bilan tanishamiz:
«Shariat ochiq, hayot manbaiga eltuvchi to‘g‘ri yo‘l, qonun, zohiriy hukmlar majmuasi kabi manolarni ifodalaydi. Istilohiy jihatdan: Olohning amri, oyat, hadis, ijmoi ummat va qiyosi fiqaho asoslariga tayangan din qoidalari degan manoni anglatadi. Bu so‘z Qur’oni karimda «Shir’atun» tarzida qo‘llangan. «Moida» surasida esa «Sizlardan har bir millat (ya’ni din) uchun (alohida) shariat va yo‘l qilib qo‘ydik» (48-oyat)», deyilgan.
Shariat – din yo‘li, Ollohning daxlsiz qonunlariga amal qilmoqdir: «Olohning yo‘li qonun bo‘lib, ilgari ham o‘tgandir. Ollohning yo‘lini hargiz o‘zgartira olmassiz» ( «Fath» surasi, 23-oyat).
Tasavvuf ahli Ollohga eltuvchi yo‘lni to‘rt bosqichga ajratib, birinchisini – shariat; ikkichisini – tariqat; uchinchisini – ma’rifat; to‘rtinchisini – haqiqat deb atagan. Hoji Bektoshi Valining yozishicha, «Shariat yo‘lida mukammal bo‘lmagan kishiga tariqat, ma’rifat va haqiqiat martabalari ham nasib etmas…» Bejiz emaski, hazrat payg‘ambarimiz ham «Shariat – bir daraxtdur; tariqat – mevalari. Daraxt bo‘lmasa, novda ham, yaproq ham, meva ham bo‘lmaydi, deya ta’lim berganlar. Shuning uchun so‘fiylar shariatni tamal, ya’ni poydevor, tariqat, ma’rifat va haqiqatni shu poydevor ustida yuksalgan uch qavatli bir imorat shaklida tasavvur qilganlar va «Imoratsiz poydevor bo‘lur, ammo poydevorsiz imorat bo‘lmas» degan tushunchada sobit turganlar».
Yuqorida keltirilgan ta’rifda shariatning mohiyati aniq ifodalab berilgan. Ko‘rinadiki, shariat inson hatti-harakati, amallarining zohiriy tomonlarini ma’lum bir tartibga solib, nazorat qilib tursa tasavvuf insonning ko‘ngli, ichki dunyosi, ruhiyati bilan bog‘liq jihatlar to‘g‘risida so‘z yuritadi. Boshqacha aytganda, «Fiqh – inson amalning tashqi qiyofasigagina aloqador. U amalning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bajarilishinigina belgilab bera oladi. Dilning holatiga ahamiyat bermaydi. Dilga aloqador bo‘lgan, uning holatini belgilaydigan omil esa tasavvufdir. Aytaylik, fiqh tahoratning qonunga muvofiq yoki nomuvofiq holda olinganini, nomozning masjidul xarom tarafga yuzlanib yoki yuzlanmasdan o‘qilganini, uning barcha ruknlari bajarilgani yoki bajarilmaganini tekshiradi. Agar nomozning barcha turkumlarini to‘la ado etsangiz, nomozingiz fiqh jihatidan komil bo‘ladi. Tasavvuf dilingizning nomoz paytidagi holatini tekshiradi».
Mashhur tasavvufshunos olim Hoja Bektoshi Valining ko‘rsatishicha shariatning birinchi maqomi – iymon keltirmoq, ikkinchi maqom – bilim egallash, uchinchi maqom – nomoz o‘qimoq, zakot bermoq, ro‘za tutmoq, imkoni bo‘lsa, hajga bormoq, jihod bo‘lsa, dushmanga qarshi chiqmoq va janobatdan poklanmoq, to‘rtinchi maqom-halolga erishmoq va sudxo‘rlikni harom bilmoq, beshinchi maqom – nikoh, oltinchi maqom – hayz va ko‘zi yoriganda jinsiy aloqani harom bilmoq, sakkizinchi maqom- shafqat, to‘qqizinchi maqom- pok yemak va toza kiyinmoq, o‘ninchi maqom- amri bi’l ma’ruf va nayhi ani’l munkar, ya’ni yaxshilikni amr aylab, yaramas ishlardan tiylimoqdir.
Ko‘rinadiki, insonning oila va jamiyat orasida tutgan o‘rni, islom shariati qonun- qoidalariga amal qilishi, hatti- harakati uni jismoniy va ahloqiy poklikka yetaklovchi maqomlar orqali qat’iy tartibda belgilab berilgan.
Mavjud adabiyotlarda ta’kidlaganidek, insonning ma’naviy komillikni egallashidagi navbatdagi bosqich tariqat hisoblanadi. Tariqat so‘zi ham lug‘aviy jihatdan shariat so‘zi kabi yo‘l ma’nosini anglatadi. Shariat islom dinidagi hamma kishilar uchun birday amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib- qoidalarni o‘zida jamlangan bo‘lsa, tariqat bevosita inson ruhoniyati bilan bog‘liq bo‘lib, uning ham o‘ziga xos talab va qoidalari mavjud bo‘lib, ular shariat tartib- qoidalaridan farqlanib turadi. «olimlarning aniqlashicha, tasavvufda 160 dan ziyod tariqat tarmoqlari bo‘lgan. An’anaga ko‘ra, tariqat uch asosiy tarkibga ajratilgan;
Tariqi axyor- xayrli insonlar yo‘li. Tariqi arbobi muomalat deb ham ta’riflangan ushbu yo‘lning asosini zuqd, taqvo va ibodat tashkil qilgan. Shu bois unga zohidlar va obidlar yo‘li sifatida ham qaralgan. Bu yo‘l- Haqqa yetishining uzundan- uzoq yo‘li. Uni tanlanganlar orasida maqsadga erishganlar nihoyatda kam bo‘lgan.
Tariqi abror- yaxshi insonlar yo‘li bo‘lib, tariqi tasfiya va mujohada deb ham yuritilgan. Bu yo‘l – nafs ila kurashish, riyozat ila qalbni yomonlik va chirkinliklardan poklash, axloqiy komillikka yetishish yo‘li hisoblanadi. Xoh haq bilan bo‘lsin, xoh xalq bilan bo‘lsin munosabat va aloqada ixlos hamda to‘g‘rilikdan cheklanmaslik – ushbu yo‘lning bosh talabidir».
Tariqi shuttor – oshiqlar yo‘li. Uning ikkinchi bir nomi – tariqi soirin. Bu – ishq, muhabbat va jazba bilan maqsadga erishiladigan yo‘l. Unga yuz burgan yoki kirgan kishi ishq va jazba maqomiga yuksalguniga qadar juda ko‘p maqomlardan o‘tmog‘i shart bo‘lgan. Chunki ushbu yo‘lda sayri suluk – asosdir.
Xullas, tariqat – insonlarning maxsus ta’lim-tarbiya bilan go‘zal axloq, pokiza qalb va latif ruh sohibi etadigan, oxir-oqibatda esa Ollohga yaqinlikni ta’minlaydigan o‘ziga xos maslak va mafkura yo‘lidir».
Tariqatda maqom va hol tushunchalari eng asosiy tushunchalar hisoblanadi. Tasavvufshunos olim N. Komilovning ko‘rsatishicha Abu Nasr Sarroj tariqatda tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, xavf, rajo, tavakkul, rizo kabi maqomlar mavjudligini qayd etgan.
Tasavvufda tavba deyilganda insonning o‘z hayot tarzi, dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishi, jismoniy va ma’naviy gunohga yetaklovchi harakatlardan yuz o‘girish, Olloh va sifatlari bilan sifatlanish, payg‘ambar xulqi bilan axloqlanishi tushuniladi. Vara’ maqomida esa inson vujudi a’zolarini (qo‘l, oyoq, ko‘z, til, quloq) va qalbni gunohdan saqlash, zuhdda esa iste’mol qilinadigan narsalarga halol va xarom tushunchalari nuqtai nazaridan munosabatda bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Shuning uchun zuhd vara’ning davomi hisoblanadi.
Lug‘aviy jihatdan qashshoqlik,benavolik ma’nolarini bildiruvchi faqr maqomida esa, so‘fiy bandadan umidvor bo‘lmay, o‘zini tuproq qatori deb his qiladi. Uning har bir qiyinchilik, mashaqqatlarga bardam berishi, asosiy dushmani bo‘lgan nafsni jilovlashi sabr maqomida yanada mustahkamlanadi. U bu maqomidan o‘tgach, shayton vasvasalaridan, nafsning makr va xiylalariga aldanib qolishdan qo‘rqib yuradi. Bu maqom xavf deb yuritiladi. Dildagi qo‘rquvni yengib, Alloh marhamatidan umidvor bo‘lish, so‘fiyning Allohga bo‘lgan sog‘inchi rajo maqomining asosini tashkil etadi. So‘fiy qalbining nurlanish va tozalanishi, har bir ishni Allohdan deb bilib, roziligiga Kirishi tariqatning oxiri maqomi bo‘lgan rizo maqomida aks etadi.4
Yuqorida qayd etib o‘tilgan maqomlarni har bir kishi tinimsiz harakat, o‘z bilimini muntazam ravishda oshirish uchun tirishish va buning uchun pir tomonidan belgilab qo‘yilgan qoidalarga qat’iy amal qilish orqali egallashi mumkin. Lekin tariqatning asosini tashkil qiluvchi xolga erishish, uning qurb, muhabbat shavq, uns, mushohida, mukoshifa kabi maqolarini o‘qib-o‘rganib yoki sa’y-harakat qilish bilan qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. U so‘fiyga Alloh tomonidan beriladigan ilohiy tuhfa, nasiba hisoblanadi. Professor N. Komilov bu maqomlarga shunday ta’rif beradi:5
«Qurb (yaqinlik) – solikning o‘zini tangri taologa yaqinlashganini xis etish holati, Hudoning xuzurini bevosita sezish, Hudo nigohini tushishini ham anglatadi…
Muhabbat maqomi qalbda kuchli tug‘yonning ko‘rsatilishi, betoqat va bezovta bo‘lib, barcha go‘zalliklar manbai, qudratu nusrat, ne’matu rohat egasi Tangri tomon talpinishidir. Shavq- muhabbatning zo‘rayishi, Uns – (do‘stlashuv) esa ko‘nikish, Xudo mehriga, shafqatga odatlanishini anglatadi.
Mujohida – nafsni mahv etishga qat’iy intilish, tanga mashaqqatni ravo ko‘rib, ma’naviyat uchun jihod, ya’ni tangga kirish va g‘alaba qilish, demak, Manna shunday jiddu jahd, shiddatli ruhiy iztiroblarda keyin solik Haq jamolini mushohida eta boshlaydi, mushohida (ko‘rish) esa o‘z navbatida g‘ayb pardalarning ochilib, ilohiy sirlarining kashf etilishiga yo‘l ochadi – mukoshifa martabasi hosil bo‘ladi».
Komillikka yetishishning keyingi bosqichi marifat hisoblanadi. Ma’rifat «aqli donish, amaliy bilim, tanish, fahm, tasavvufga xos ilm; hol sirlari va ilohiy haqiqatlarga tegishli ilm – irfon. «Kashf’ul mahjub» muallifining aytishicha, fuqoho singari boshqa kishilar ham, Olloh haqidagi ilmga «Ma’rifat» nomini berganlar. Tariqat shayxlari esa Olloh xususidagi sihatli holni «Ma’rifat» deya ataganlar».
Tasavvuf yo‘liga kirgan, shariat va tariqat maqomlarini bosib o‘tgan solik, ya’ni so‘fiy dastlab o‘zini (o‘z nafsini) taniydi va shu orqali Ollohning zoti va sifatlarini tobora aniq bila boradi, hol sirlari ilohiy haqiqatlar va mohiyati bunga ayon bo‘ladi. Hoji Bektoshi Valiy marifat bosqichining adab, qo‘rquv, parxezkorlik, sabr va qanoat, hayo, jo‘mardlik, ilm, miskinlik, ma’rifat, o‘zni bilmak kabi 10 ta maqomi mavjudligini qayd etib o‘tadi.
Tasavvufning eng so‘nggi bosqichi bu – haqiqat bosqichidir. Tasavvufda unga shunday ta’rif beriladi: «Haqiqat chindan mavjud bo‘lgan narsa, asl mohiyat Ollohni bilish. Borliq olam sirlarini to‘g‘ri va teran idrok aylash. Haqiqat – shariatning botishidir. Shuning uchun haqiqat tasavvuf ma’nosida ham keng qo‘llanilgan».
Hoji Bektoshi Vali bu bosqich maqomlarini quyidagicha tasniflaydi.
«Haqiqatning birinchi maqomi – tuproq bo‘lish, ikkinchi maqomi – yetmish ikki millatni ham ayblamaslik va kamsitmaslik. Uchinchi maqomi – qo‘ldan kelganni ayamaslik. To‘rtinchi maqomi – dunyoda yaratilgan barcha narsalardan emin bo‘lmoqda. Beshinchi maqomi – mulk sohibiga yuz burib, ko‘z yoshi to‘kmoqdir. Chunki vahdat unga xosdir. Oltinchi maqomi – suhbatda haqiqat sirlarini so‘zlash. Yettinchi maqom – sayri suluk. Sakkizinchi maqom – sir. To‘qqizinchi maqom – munojot. O‘ninchi maqomi – haq taologa yetishmoqdir».
Biz yuqorida ko‘rib o‘tgan bosqichlar insonni komillik darajasiga yetishishni ta’minlovchi asosiy yo‘l bo‘lib, mavjud adabiyotlarda ularning maqomlari soni va nomlanishida turfa xilliklar mavjud bo‘lsa-da, ularda bir maqsad – insonni jismoniy va ma’naviy poklikka undash, nafsni jilovlash, islom dini qonun-qoidalari va Qur’on g‘oyalariga amal qilish, Alloh va Muhammad (s.a.v.) xulqi bilan axloqlashtirish hamda shu orqali Alloh rizoligiga erishtirish yotadi.
Biz yuqorida komillik ta’limoti – tasavvufning asosini tashkil etuvchi to‘rt bosqich haqida fikr yuritdik. Inson islom shariati qoidalariga amal qilgan holda ma’naviy jihatdan yuksala boradi. U qanchalik yuksala borgani sari ruxoniyati ham turli xil o‘zgarishlarga uchraydi. Ruxning turli xollarga tushishi tasavvufiy adabiyotlarda hol, maqom, manzil, rabot kabi tushunchalar ostida har xil nomlar bilan ataladi.
Tasavvuf ta’limotining asl mohiyati insonni poklashga qaratilgan bo‘lib, inson o‘zligini anglash orqali Haqni taniydi, nafsini sa’yi-harakat qilish, riyozat chekish orqali jilovlaydi, tabiat bularning hammasiga pir rahanamoligida erishiladi, murid shariat qonun-qoidalariga amal qilish bilan cheklanmay, rahbar tomonidan belgilangan vazifalarni ham bajarib tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichiga ko‘tariladi. Haq yo‘lidagi kishilarning o‘z toat-ibodatlari natijasida ko‘ngillarida hosil bo‘lgan turli xil ruhiy holatlari, zavq va vajdlari to‘g‘risidagi fikrning hosilasi tasavvuf ilmining xalq orasida keng yoyilishi, alohida xalqchil ta’limot sifatida asrlar davomida yashab kelishi va jamiyat boshqaruvida yetkach o‘rinlardan birini egallash uchun asos bo‘ladi.
Tasavvuf ahlining asl yo‘li – fe’l va tark uzra nafsini hisob-kitob qilish va mushohadalar natijasda hosil bo‘lgan zavqu vajd hollari haqida so‘z yuritishdan iborat. Shu holda ularning o‘zlariga xos ba’zi odobu usullari, o‘zaro ishlatiladigan ma’lum istilohlar bor. Chunki lug‘atlardagi kalimalar faqatgina hamma anglamaydigan ma’no paydo bo‘lgach, uni ifodalaydigan ta’bir va istiloh qidirib topilishi tabiiydir. Ana shu tarzda faqatgina mutasavvirlarga xos bo‘lib, oddiy shariat aqli bilmaydigan tasavvuf ilmi yuzaga keladi va sharit ilmiy ham ikki qismga ajraladi: biri faqih va fatvo ahliga xos bo‘lgan fiqh ilmi bo‘lib, barcha musulmonlar bilishi zarur bo‘lgan ibodatlar: islomiy muammolar shular jumlasidandir. Ikkinchisi esa, toat-ibodatlar mushohadasi tufayli paydo bo‘lgan zavqu vajd bo‘lib, bularning biridan ikkinchisiga yuksalishining mohiyati va bularga tegishli istlohlarning izohlanishidan iboratdir.
Ilmlar asta-sekin ko‘nglillardan satlarga ko‘chib, fiqh, usuli fiqh, kalom, tafsir va hokazo ilmlarga oid asarlar yozila boshlanganida, tasavvuf yo‘liga mansub kishilar ham o‘z tariqatlariga doir asarlar bita boshladilar. Ularning ba’zilari vara’ taqvo, axz va tarkka ahamiyat berib, nafs haqida kitoblar yozdilar.
Tasavvuf tarixi islom tarixi bilan birga rivojlanib, islom madaniyati va ma’rifatiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Agar dastlabki paytlarda Kufa, Basra va Bag‘dod shaharlarida sanoqli darajada zohid va so‘fiylar yashagan bo‘lsa, bora-bora musulmon olamida shayxu mashoyixlar, so‘fiy-darveshlar, qalandarlarning soni ko‘paydi, yuqorida aytganimizday, bu o‘ziga xos bir harakatga aylandi.
Tasavvuf tarixiga nazar tashlar ekanmiz, islom dinidagi mazhablar, qarashlar xilma xilligi so‘fiylar hayoti va dunyoqarashiga ham inchunun ta’sir etib turganini ko‘ramiz. Xususan, sunniy va shia mazhablari orasidagi kurash sezilarli iz qoldirgan. Eron olimlari, jumladan, «Tasavvuf istilohlari sharhi» (Tehron, 1347 hijriy yili) nomli qomus muallifi Sayyid Sodiq Guharin tasavvufning paydo bo‘lishi va qaror topishida shia mazhabi qarashlarining ta’siri borligini ta’kidlaydi. Boshqa bir qator olimlar yunon falsafasi, qadimgi zardushtiylar, hind falsafiy-asotiriy qarashlarining rolini ko‘rsatadilar.
Tasavvuf amaliyoti va falsafasida bu buloqlarning samarali ta’siri bo‘lishi mumkin. Lekin shuni ta’kidlamoqchimizki, islomiy tasavvuf o‘zi o‘zlashtirgan jamiki narsalarni islom ruhida qayta ishlab, shariatga muvofiqlashtirgan. Yana shuni ham aytmoqchimizki, shia va sunniy mazhablari orasidagi kurash tasavvuf silsilalarining yo‘nalishlarini belgilagan.
Chunonchi, tayfuriya, suhravardiya, hululiya, firdavsiya kabi silsilalar ko‘proq shiachilikka moyil bo‘lsa, yassaviya, naqshbandiya suluklari sunniy mazhabida mustahkam turgan tariqatlar edi. Hazrat Bahouddin Naqshbandning asosiy jiddu jahdi ham tasavvuf va tariqatni sunniy mazhabiga moslashtirish, uni shiachilikka xos jahru samo’lardan tozalashdan iborat bo‘lgan. Natijada, naqshbandiya sunniy mazhabli aholi orasida chuqur yoyilgan.6
Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega ta’limot bo‘lib, islom olamida VIII asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Dastlab u zohidlik harakati ko‘rinishida kurtak yoyadi. Gap shundaki, hazrat Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin musulmonlar jamoasi ichida bo‘linish yuz beradi, ayniqsa, xalifa Usmon raziyallohu anhu zamonida boylikka ruju qo‘yish, qimmatbaho tuhfalar bilan qarindosh-urug‘lar, yaqin do‘st-birodarlarni siylash rasm bo‘ladi.
Umaviya xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, dabdabali bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina to‘plash avj oldi. YA’ni diniy mashg‘ulotlar, Xudo yo‘lidagi toat-ibodat o‘rnini dunyoviy ishlar, dunyo moliga muhabbat egallay boshladi. Bu hol diniy amrlarni ado etishni har qanday dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qo‘ygan e’tiqodli kishilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular orasida hadis to‘plovchi muhaddislar, ilgaridan qashshoq bo‘lib, uy-joy, mol-mulkka e’tibor qilmagan sahobalar ham bor edi. Bularning bir qismi dinni himoya qilib, ochiq kurashga otlangan bo‘lsalar, ikkinchi qismi qanoat va zuhdni («zuhd» so‘zidan «zohid» so‘zi kelib chiqqan) asosiy maqsad qilib olib, saroy ahli va sarvatdorlar, boylar axloqiga qarshi norozilik belgisi sifatida tarkidunyochilik g‘oyasini targ‘ib etib, ijtimoiy faoliyatdan butunlay chetlashganlar, surunkali toat-ibodat bilan shug‘ullanganlar.
Kufa, Bag‘dod, Basra shaharlarida tarkidunyo qilgan zohidlar ko‘p edi, aytish kerakki, ularning obro‘-e’tibori ham xalq orasida katta bo‘lgan. Chunonchi, Uvays Qaraniy, Hasan Basriy kabi yirik so‘fiylar aslida zohid kishilar edilar, shuning uchun bu zotlarning nomi shayxlar va so‘fiylar haqidagi tazkiralarda zohid sifatida tilga olinadi, ba’zi mualliflar esa ularni so‘fiylar qatoriga qo‘shmaganlar ham.
Buning boisi shuki, zohidlar uzlat va taqvoni pesha etgan bo‘lishlariga qaramay, ishq va irfon (ilohiy ma’rifat)dan bexabar kishilar edilar. Ular falsafiy mushohadakorlik, ajzu irodat bilan ma’naviy-axloqiy kamolot sari intilish, valiylik, karomatlar ko‘rsatish kabi xislatlarga ega emasdilar.
Zohidlarning niyati ibodat bilan oxirat mag‘firatini qozonish, Qur’onda va’da qilingan jannatning huzur-halovatiga yetishish edi. So‘fiylar nazarida esa jannat umidida toat-ibodat qilish ham tama’ning bir ko‘rinishidir. Holbuki, so‘fiy uchun na dunyodan va na oxiratdan tama’ bo‘lmasligi kerak. Yagona istak bu — Haq taoloning diydoridir, xolos.
Mashhur so‘fiy ayol Robia Adaviyya (714—801) Tangriga munojotlarida nola qilib aytar ekan: «Ey Parvardigorim, ey Yori aziz, agar jannating tamaida toat qiladigan bo‘lsam, jannatingdan benasib et, agar do‘zaxingdan qo‘rqib ibodat qiladigan bo‘lsam, meni do‘zax o‘tida kuydir — ming-ming roziman! Ammo agar Sening jamolingni deb tunlarni bedor o‘tkazar ekanman, yolvoraman, meni jamolingdan mahrum etma!»
Alloh taologa quruq, ko‘r-ko‘rona mutelikniig hojati yo‘q. Uning g‘azabidan qo‘rqibgina amri ma’rufni bajarish sadoqat belgisi emas, balki riyodir. Shuning uchun so‘fiylar Allohni jon-dildan sevish, Uning zoti va sifatlarini tanish va bilish, ko‘ngilni nafsu hirs g‘uboridan poklab, botiniy musaffo bir holatda Iloh vasliga yetishish va bundan lazzatlanish g‘oyasini keng targ‘ib qildilar. Inson ruhi ilohiydir va, demak, asosiy maqsad — ilohiy olamga borib qo‘shilmoqdir, dedilar.
Shu tariqa, dunyodan ko‘ngil uzgan, ammo zohidlarga o‘xshamaydigan, «bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan» (Hofiz SHeroziy), zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo o‘zga mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toatu ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo bo‘lgan ediki, ularni ruh kishilari deb atardilar.7
Bunday odamlarning fe’l-atvori, yurish-turishi, xoriqulodda (odatdan tashqari) so‘zlari va ishlari atrofdagilarni hayratga solar, ba’zilarining g‘aybdan bashorat beruvchi karomatlari, sirli mo‘jizalari aqllarni lol qoldirardi. Ularni ahlulloh, avliyo, ahli hol, ahli botin, arbobi tariqat, darvesh, qalandar, faqir degan nomlar bilan tilga olardilar. Ammo bu toifaga nisbatan ko‘proq «so‘fiy» nomi qo‘llanilgan, chunki ushbu so‘zning ma’nosi ancha keng bo‘lib, boshqa tushuncha va atamalarni o‘z ichiga sig‘dirardi.
Zohidlik davri so‘fiylari (chunonchi, Ibrohim Adham, Hasan Basriy, Abu Hoshim Ko‘fiy va boshqalar) taqvo va parhezkorlikni bosh maqsad deb bilgan bo‘lsalar, keyingi davr so‘fiylari tafakkuriy-shuuriy rivojlanish — ya’ni dunyoni va Ilohni bilish, tanishni asosiy maqsad - deb hisoblaganlar. Birinchi davrni tasavvufning ibtidoiy davri («avvalgi davr») sifatida tilga oladilar. Oriflik davri deb ataganimiz ikkinchi davr ham (bu IX asr o‘rtalaridan boshlanadi) bir necha bosqichlarga ega. Chunonchi, IX—X asrlar — xonaqohlarning paydo bo‘lishi, tariqat rusumlarining shakllanishi davri. XI—XII asrlar — tasavvuf maktablari, silsilalarning tarkib topishi davri. Bunda Misr, Bag‘dod, Basra, Buxoro, Nishopur, Termiz, Balx shaharlari tasavvuf va tariqat markazlari sifatida muhim rol o‘ynagan. Natijada Misr, Xuroson, Movarounnahr, Iroq va Turkiston maktablari shuhrat topgan.
Umrni do‘stlar xizmatiga bag‘ishlash, faqat yaxshilikni o‘ylab, yaxshilik qilishdan charchamaslik, ezgu xulq-atvorga ega bo‘lish, borini o‘zgalar bilan baham ko‘rib, muhtojlar hojatini chiqarish, piru ustozlar, do‘st-birodarlar nomusi, sharafini himoya etish, zo-hiran va botinan pok yurib, halol-pokiza insonlar suhbatini qozonish. Shunday sifatlarni o‘zida mujassamlashtirgan kishilar bizning tariximizda ko‘p bo‘lgan. Ular jamoa bo‘lib uyushib, o‘z ezgu niyatlarini amalga oshirar edilar. Ularni javonmardlar, axiylar yoxud fatiylar deb atardilar («javonmard» — mard yigit demakdir. «Fatiy» so‘zi ham shu ma’noni bildiradi, «axiy» — birodar, do‘st demak), ularning tariqati—maslagi esa javonmardlik yoki futuvvat deb yuritilgan. Qadimiy Xuroson va Movarounnahr shaharlarida X asrdan boshlab javonmardlik harakati ancha keng yoyilgan edi. Javonmardlar muayyan qoida-talablarga rioya etar, ma’naviy va jismoniy yetuklikka intilar, qayerdaki bo‘lmasinlar va nima ish bilan shug‘ullanmasinlar, mardlik va oliyjanoblik namunasini ko‘rsatar, zulm va haqsizlikka qarshi kurashardilar, xo‘rlanganlar va tahqir etilganlarni himoya qilardilar.
Javonmardlar oddiy xalq ichidan chiqqan hunar-mandlar, sipohiylar, ko‘chalarda tomosha ko‘rsatuvchi xalq teatri vakillari, pahlavonlar, qiziqchilar, dar-bozlar va boshqa toifalardan tashkil topgan. Ular­ning har birining piri, o‘z jamoasi, ta’lim beruvchi ustozlari, yig‘iladigan joylari bo‘lgan. Ruhoniy pirga qo‘l berib, ustoz huzurida ahdu paymon qilib, mardlik belbog‘ini beliga bog‘lagan javonmard bir umr o‘z ahdiga sodiq qolishga intilgan, o‘z shaxsiy hayo-tini jamoa hayoti uchun, birodarlari uchun fido etgan.
Javonmardlar jamoasiga qabul qilingan yosh yigit «farzand» deb, uning beliga ahd belbog‘ini bog‘lagan ustoz «ota» deb yuritilgan. Javonmardlar shu zaylda bir-birlarining aka-ukalari, birodarlari hisoblan-ganlar va birodar birodari uchun mol-jonini bag‘ish-lashga tayyor turgan. Yana bir arab olimi Ibn Xavkal Movarounnahr javonmardlari haqida bunday hikoya qiladi: «Movarounnahr xalqining javonmardligi shu darajadaki, go‘yo barchasi, bir xonadonda yashayotganday-dirlar. Birortasi boshqasining uyiga borsa, o‘z uyiga kirganday bo‘ladi. Juda mehmondo‘stdirlar va kechasi keladigan mehmondan xijil bo‘lmaydilar, musofirni tanimasalar ham hech bir muzd-mukofot kutmay, mehri-bonlik ko‘rsatadilar».
Tasavvuf va futuvvat bir-birini to‘ldirgan va bir-biriga madad bergan. Yirik shayxlarning o‘zlari qahramonlik va mardlik namunalarini ko‘rsatganini bilamiz. Abu Ja’far Haddod Misrda o‘n yetti yil te-mirchilik qildi, deb yozadi Abdurahmon Jomiy «Na-fahotul uns» asarida, har kun bir dinaru o‘n diram pul ishlardi. Ammo bu pullarni o‘zi uchun ishlatmasdi, balki darveshlar, muhtojlarga bag‘ishlardi. O‘zi esa Junayd Bag‘dodiy uyiga borib, qotgan-qutgan nonlarni tanovul qilib yurgan, yotadigan joyi esa masjid bo‘lgan. («Nafahotul-uns», 156-bet).
Shayx Najmiddin Kubro faqirlikni odat qilgan, barcha molu mulki, bisotini kambag‘allarga bo‘lib berib, o‘zi «kuffor ahli», ya’ni mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi jangga otlangan edi. Ulug‘ vatandoshimiz qah-ramonliklar ko‘rsatib, mo‘g‘ul o‘qidan shahid bo‘ldi.
XIII asrga kelib futuvvat va tariqat bir-biri bilan qo‘shilib ketgan. Shu davrlarda yashagan Xuroson, Eron va Movarounnahr shayxlari o‘z muridlarini mardlik va fidoyilik, saxovat va qanoat ruhida tarbiyalash, javonmardlikni tariqat shioriga aylantirishga intilganlar. Chunonchi, Shayx Abulhasan bin Husayn Saraxsiy, Shayx Abulhasan Xaraqoniy, Shayx Abulabbos Qassob, Shayx Abuali Siyoh, Shayx Abuali Daqqrq, Shayx Abulqosim Bushr, Shayx Luqmon Saraxsiy, Shayx Abusaid Abul-xayr, Shayx Abuja’far Haddod va boshqalarning nasihat da’vatlari va faoliyatlarida bu narsa yaqqol namoyondir. Ularning nazarida so‘fiyning asosiy fazilati elga naf’ keltirish, ma’rifat mash’ali bu ko‘plab shaharlarda aziz-avliyolar qabri ustiga maqbaralar qurdirdi, o‘nlab binolar tiklab, ularni ma’-rifat va ma’naviyat maskani, ilmu fan, ta’lim va tahsil o‘choqlariga aylantirdi.
Ana shunday ulug‘ shoir va mutafakkir, mutasavvif Navoiy saxiy qalbli, makorimul axloq bir zot ediki, uning ishlari javonmardlik tariqatining amaliy tadbiqidir. Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori vali, Navoiy va Jomiylarning faoliyati bilan tariqat va futuvvatning o‘zaro birlashuvi tezlashadi. Sharqda keng rivojlangan bu ikki sohaning qo‘shilishi katta ijtimoiy hodisa bo‘lib, odamiylik sifatlarining ko‘proq qaror topishi va axloqiy kamolot uchun qudratli kuchga aylandi.
Futuvvat bilan tasavvuf g‘oyalari aksar bir-biriga muvofiq keladi. Futuvvat ham, tasavvuf ham inson axloqini poklash, mehru shafqat, himmat ehtiyojiga sarflardilar, shundan shodu xurram edilar. Umarshayx Mirzo Toshkentning bir yillik xirojini talab qilib, lashkar tortib kelganda, shahar aholisi qashshoqlikdan bu mablag‘ni (250 ming dinor) to‘lolmadi. Shunda Xoja Ahrori vali bu mablag‘ni Umarshayxga berib, shahar aholisini tashvishdan xalos etdi.
Inson shuning uchun ham insonki, u hamisha yuksakka intilmog‘i, hamisha o‘zini poklab bormog‘i lozim. Nafsni yengmoq—manmanlik, hirsu havasni, tor manfaatparastlikni yengmoqdir. Nafs vasvasasi o‘zim bo‘lay, o‘zim yaxshi yashay, boshqalar nima bo‘lsa bo‘lar, degan xavfli va qabih maylni keltirib chiqaradi. Kishi beparvo, berahm va mehrsiz bo‘lib qoladi, hat-to o‘z farzandlaridan ham boyligi, mol-dunyosini ayay-digan bo‘ladi.
Bora-bora bu yirtqichlikka, vahshiy zulmkorlikka olib keladi. Natijada axloqdan pu-tur ketib, kishi xiyonat va razolatga berilishdan ha-yiqmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham so‘fiylar nafsni butun falokatlarning boshi deb ko‘rsatib, muridlar oldiga avval ana shu shaytoniy nafs («naf-si ammora»)ni mahv etish vazifa qilib qo‘yilgan edi. Uz nafsini yengolgan kishi o‘zgalar g‘amini yeyishi mumkin. Javonmard — Allohning nomini tilidan qo‘ymaydigan, hamisha toat-ibodat bi­lan shug‘ullanuvchi kishi bo‘lishi kerakligi Husayn Voiz Qoshifiyning «Futuvvatnomai sultoniy» nomli kntobida bir necha bor ta’kidlangan. Xullas, tasavvuf futuvyatda yuksak g‘oyalarning amaliy-ijtimoiy tadbiqini ko‘rgan bo‘lsa, futuvvat tasavvufda nazariy-e’tiqodiy tag-zaminini topgan edi. Tariqag ahli Xudo oshig‘i bo‘lib, foniylik, ma’naviy poklik uchun kurashardilar.8
Futuvvat ko‘ngil ko‘zini ravshan etadi, jon bog‘ini safo oftobi bilan parvarish qiladi. Futuvvat ahdga vafo qilishni, barchani o‘zidan afzal bilish va o‘zini hech kimdan yuqori qo‘ymaslikka o‘rgatadi. Futuvvat takallufni tark etmoq va uyda nima bo‘lsa, mehmon uchun hozir qilmoqdir.
O‘zi yonib, o‘zgalar kulbasini yoritish, miskinlar bazmini obod qilish... Qanday sharafli va oliyjanob insoniy xislat! Bizning ulug‘ insonparvar donishmandlarimiz o‘zim bo‘larchilik falsafasini rad etib, ana shunday ezgu g‘oyalarni olg‘a surganlar, insoniylikni ilohiylik darajasiga ko‘targanlar. Jomiyning fik-riga ko‘ra, javonmard xuddi bahor bulutiday hammaga birday saxovat yomg‘irini yog‘dirmog‘i, xuddi ko‘z gavhari kabi o‘zgalarni ko‘rib, , o‘zini ko‘rmasligi lozim. Bu komil insonning sifati ham, chunki ko‘z komil inson timsolidir. Komil inson hech qachon o‘zini o‘ylamaydi, u hamisha boshqalar g‘amida yuradi.
Futuvvat haqida arab va fors tillarida yozilgan kitoblar ancha, bundan tashqari, mashhur pandnomalar («Qobusnoma», «Guliston» kabi), tasavvuf haqidagi risolalarda ham javonmardlarning rasmu rusumi, odobu qoidalari xususida fikrlar keltiriladi. XV asrda Hirotda yashagan atoqli olim va yozuvchi Husayn Voiz Koshifiy «Futuvvatnomai sultoniy» nomli asarida futuvvat tariqatning bir qismi sifatida olib qaraladi va shuning uchun javonmardlik udumlari, ilmu amali barobarida muallif tasavvuf haqida ham ko‘p fikrlarni bayon etadi.
Koshifiyning fikricha, tasavvuf singari futuvvat ham ruh ilmidir. «Futuvvat ilmining o‘z mavzui bor, bu mavzu—inson ruhi hisoblanadi. Zero insonning ruhini tarbiyalash, parvarish etish orqali uni go‘zal va hamida (yoqimli) xulq-atvorli, fazilatli qilib yetishtirish mumkin». Koshifiyning tasnifiga ko‘ra, futuvvatning uch martabasi bor. Bular saxo (saxovat), ya’ni bor narsani hech kimdan qizg‘anmaslik; safo, ya’ni qalbni kibru havo, gina-qudrat, qasd-g‘azabdan xoli va pok tutish; vafo, ya’ni hamma vaqt xalq xizmatida bo‘lish.
Salmoni Forsiy (Muhammad alayhissalomning sahobalaridan) degan ekan: «Futuvvat — barchaga insof-muruvvat ko‘rsatish va evaziga hech narsa talab qilmaslik, ya’ni bor kamchiliklar, ayblarni o‘ziga nisbat berish, ammo vujudga kelgan voqealardan o‘zini xorijda hisoblashdir».
Kerakli joyda haq gapni aytib, haqiqatni barqaror etish, nohaqlik va fitna-fasod, zulmni fosh etish ham futuvvatga kiradi. Futuvvat ahlining odobi ham o‘ziga xos. Har bir kasb zgasining maxsus odobi bor. Chunonchi, bolalarda tomosha ko‘rsatuvchilar odobi, g‘azalxonlar odobi, devor uruvchilar odobi va hokazo. Bundan tashqari, hamma amal qilishi lozim bo‘lgan umumiy qoidalar ham ishlab chiqilgan. Masalan, javonmard safarga chiqqanda nopok odamlar bilan yurmasligi, nojo‘ya ishlar bo‘la-digan joylarga bormasligi kerak. Bundan tashqari kasal ko‘rishga borish odobi, mehmondorchilik odobi, ko‘chalarda yurish odobi, salom berish odobi va hokazolar mavjud. Xullas, futuvvat—mardlik tariqati, o‘zaro yordam, muruvvat va mehribonlik ko‘rsatish, fidoyilik va fidokorlik ilmidir. Javonmard odamning so‘zi ham, ishi ham, niyati va fikrlari ham pok bo‘lgan. Ular xalqimiz axloqini tarbiyalashda katta xizmat qildilar. Javonmardlar axloqi bizning milliy axloqimizga aylanishi kerak, chunki futuvvatning ko‘p jihatlari odamlarimiz orasida to hanuz yashab kelmoqda.

Download 59,67 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 59,67 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



I BOB. Tasavvufning paydo bo‘lishi va shakillanishi

Download 59,67 Kb.